Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


19.08.2024 | 16:12

img385

YURTGA QAYTGAN LOCHINLAR

Iyulning zerikarli tunlari ruhimni ezgan, jazirama, havosiz kunlari tanimni bosgan pallada dengizi sokin, tog‘lari purviqor Ozarbayjon meni chorladi. Qaydasan, ey Fuzuliy yurti, qaydasan, ey Nizomiy diyori deya Ozarbayjon diasporasi tomonidan tashkil etilgan yoshlarning an’anaviy xalqaro yozgi forumiga yo‘l oldim. Turkman cho‘llarining adog‘ida yarqirab Kaspiy ko‘rindi. Bokuga qo‘ndik, bismillo!

Birinchi kun. O‘tganlar yodi. Erta tongda 60 davlatdan kelgan 115 nafar yosh ishtirokchi, tadbir avvalida Haydar Aliyev saroyida jam bo‘ldi. U yerdan olimlar, yozuv­chi-shoirlar, millatparvar siyosatchilar, yetuk san’atkorlarga yodgorliklar o‘rnatilgan “Faxriy xiyobon”ga yo‘naldik. Ozarbayjon xalqining umummilliy rahnamosi Haydar Aliyev qabrini, so‘ngra birinchi va ikkinchi “Shahidlar xiyoboni”ni ziyorat qilib, mamlakat mus­taqilligi va hududiy yaxlitligi uchun jon fido etgan qahramonlar xotirasiga hurmat bajo keltirildi.

Ikkinchi kun. Saharlab yo‘lga tushdik. Lochinga! Samolyot Fuzuliy nomidagi Xalqaro aeroportga qo‘narkan, yuragimni bir istak chulg‘adi: qaniydi biz ham aeroport, avtovokzallarimizni shunday nomlasak. Masalan, “Cho‘lpon nomidagi xalqaro aeroport”, “Avloniy nomidagi avtovokzal!” Juda go‘zal ish bo‘lardi!

O‘z maromida ketayotgan avtobusda birdan tantana­vor qo‘shiq jarangladi: “Lochinim, Lochinim – Vatanim mani!” Haydovchi faxr bilan e’lon qildi: “Lochin vi­loyatiga xush keldingiz!” Qarsaklar… Cho‘chigan kaptarlar os­monga sapchidi go‘yo!

Hali hech nimadan hech nima yo‘q, yo‘ldoshlarim orasida yig‘lashga tushganlari ham bo‘ldi. Shu yerda to‘xtasag-u, tiz cho‘kib, tuproqni o‘pgudek bo‘lib turganlari ham bor. Vaholanki, ularning hech biri Lochinda tug‘ilmagan. Ota-onasi, yor-u birodarining kindik qoni shu yerda to‘kilgan bo‘lsa bordir.

Bizni milliy navolar jo‘rligida kutib olishdi. Qisqagina salom-alikdan keyin hamma oromgohga joylashdi. Bir hafta mobaynida yanada yaqinroq tanishdik. Deyarli barchasi boshqa davlat fuqarolari. Lekin ota-­onasi, otasi yoki onasi ozarbayjonlik. Forumga saralab taklif etilgan. O‘z sohasida muvaffaqiyatga erishgan, nufuzli joylarda tahsil olayotgan, deyarli har biri kamida uch tilda erkin so‘zlashadigan yoshlar jamlangandi.

Uchinchi kun. Forumning ochilish marosimida Ozarbayjon Respublikasi Prezidentining Lochin viloyati bo‘yicha maxsus vakili Masim Mammadov, Prezident devonining Gumanitar siyosat, diaspora, multikultura­lizm va diniy masalalar bo‘limi mudiri Farah Aliyeva ishtirok etdi. Ozarbayjon Respublikasi Diaspora bilan ishlash davlat qo‘mitasi raisi Fuad Muradov, Haydar Aliyev jamg‘armasi vakili Elvin Aslanov, Madaniyat vaziri o‘rinbosari Farid Jafarov so‘zga chiqdi. Ular diaspora bilan ishlash tarixi, buguni va ertasi haqida gapirib, yoshlarni birdamlikka, yurt rivoji uchun munosib hissa qo‘shishga chaqirdi. Tadbir kuy va qo‘shiqlarga ulanib ketdi.

To‘rtinchi kun. Tushdan so‘ng borar manzilimiz Lochin shahridagi 2-sonli maktab bo‘ldi. Shahar ozod etilgach, undagi binolar va yo‘llar qatori maktab ham qayta qurilgan. Bu galgi tadbirning nomi – “Lochinliklar Lochinda”. Ushbu qadimiy maskandan ko‘pgina olimlar, ziyolilar, san’at namoyandalari yetishib chiqqan.

Keyingi manzilimiz – “Islimi” gilamdo‘zlik korxonasi va “Gilabi Ceramics” markazi. Lochinda ishlangan hunarmandchilik mahsulotlari qadimdan mashhur bo‘lgan. Hududdagi aholini ish bilan ta’minlash va tarixiy an’analarni davom ettirish uchun bir qator ezgu ishlar amalga oshi­rilayotganiga guvoh bo‘ldik. Har bir sopoldagi naqsh, har bir gilamdagi jimjima menga yurtimni eslatib turdi. Axir tarixiy ildizimiz bir-da.

Qorabog‘ning noyob ijodiy loyihasi bo‘lgan “Xochazfilm” kinostudiyasi Lochin shahridagi ikkita ma’muriy bino va suratga olish pavilonidan iborat. Studiya nomi viloyatning asosiy timsollaridan sanalgan Xochaz qoyalari nomidan olingan.

Har kech oromgohga qaytgach, bo‘sh turish yo‘q. Ozarbayjon tili darslari, raqs mashg‘ulotlari tashkil etildi. Siz ulardan istalganini tanlashingiz yoki yolg‘iz qolib, tungi tog‘lar havosidan bahramand bo‘lishingiz mumkin.

Beshinchi kun. Shushaga safar. Avvalo, Askeron qal’asiga bordik. XVIII asrda Qorabog‘ xonlari farmoniga ko‘ra qurilgan qal’a bilan tanishgach, ulovimizni Xo‘jayli tomon burdik. Undan Xonkendiga o‘tdik. Aytish­laricha, bu hududda xonning yaqin qarindoshlari yashagan va hudud nomi ham shundan olingan. Aslida Xonkendi Qora­bog‘ xonlari uchun dam olish maskani sifatida qurilgan. Shuning­dek, bu shahar ko‘plab tarixiy, madaniy obida­larga boyligi hamda ozarbayjon millatining faxri bo‘lgan insonlar tug‘ilgan go‘sha sifatida alohida ajralib turadi.

Nihoyat, Shushaga yetdik. Uch tomondan tog‘lar bilan o‘ralgan, qadimiy binolar va shahar devori qad rostlagan moʻjaz shaharcha. Shusha Ozarbayjon musiqa va she’riyatining beshigi hisoblanadi. 2021-yil yanvar oyida “Ozarbayjonning madaniy poytaxti”, deb e’lon qilingan. Qal’a ichiga kirgach, san’atkorlarga qo‘yilgan haykallarga duch keldik.

Oltinchi kun. Koinotdan Lochinga.

Kunning birinchi yarmida “Ozarbayjon mustaqillik ta­rixi” nomli seminarda bo‘ldik. Ma’lumotlar qiziqarli va foydali ekanligi uchun uch soat qanday o‘tib ketganini sezmay qolibmiz. Ozarbayjon jadidlarining hayoti va faoliyati ham ibratli voqealarga boyligini his etdim.

Tushdan so‘ng, Turkiyaning koinotga uchgan ikki kosmonavtidan biri – Tuva Jihangir Atasever forum mehmoni bo‘ldi. Onasi ozarbayjon, otasi turk. Tuva Jihangir Atasever forum ishtirokchilariga koinotga parvoz va u yerda olib borilgan ilmiy izlanishlar haqida batafsil ma’lumot berib, yoshlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.

Yettinchi kun. Gʻarbiy Ozarbayjon tarixi. Bu galgi tadbirda “Gʻarbiy Ozarbayjonga yaqindan nazar” nomli hujjatli film namoyish etildi. Gʻarbiy Ozarbayjon tarixi, madaniyatini xalqaro hamjamiyatga yetkazishda ozarbayjon diasporasining o‘rni haqida so‘z yuritildi.

Sakkizinchi kun. Yopilish marosimi. Avval, V yozgi forumning qisqacha mazmuni aks etgan videorolik namoyish etildi. Bir hafta davom etgan tadbirlar, seminar­lar, davra suhbatlaridan lavhalar ko‘rsatildi. So‘ngra Diaspora ishlari bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbo­sari Elshad Aliyev so‘zga chiqib, yig‘ilganlarga minnatdorlik bildirdi.

U an’anaga aylangan yozgi forumlar xorijda istiqomat qilayotgan ozarbayjonlik yoshlarning ona Vatani bilan aloqalarini mustahkamlash, ularning o‘z ildizlari va madaniyatiga bo‘lgan munosabatini asrashga qaratilganligini aytib, yoshlarni diaspora faoliyatida faol bo‘lishga chaqirdi. So‘ngra forum ishtirokchilariga sertifikat va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Forum xorijda tahsil olayotgan va ishlayotgan yetuk yoshlarni Ozarbayjondagi universitetlarda dars berishga, dunyoning turli burchaklarida millat va yurt manfaatlarini himoyalashga chorlash maqsadida tashkil etilgan. Jang­larda ishtirok etgan qahramonlar, qurbon bo‘lgan o‘g‘lonlarning oila a’zolari hamda urush o‘chog‘iga ko‘ngilli ra­vishda, ixtiyoriy jo‘nagan shifokorlar bilan bo‘lgan suhbatlar forum ishtirokchilarini chuqur o‘yga toldirdi. Mazkur uchrashuvlar sabab otasi yo onasi ozarbayjonlik bo‘lgan yoshlarning qalbida yurt va uning taqdiriga taqdirdoshlik hissi uyg‘onganini ularning ko‘zidagi o‘tdan, so‘zidagi shavqdan anglash mumkin edi. Forum davomida yoshlar tez-tez bir shiorni takrorladi: “Shahidlar o‘lmas, Vatan bo‘linmas!”

Shahriyor SHAVKAT


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600