17.05.2024 | 09:44
370
YURTIMIZ QUDRATI TIMSOLI

Biz bir avlod Vatan haqida otashin she’rlar yozdik, jo‘shqin qo‘shiqlar kuyladik. Ona yurtga muhabbatimizni shunday izhor etdik. Bugun esa Vatan ishqi bilan yashashning mutlaqo boshqacha, yangi bir davri boshlandi. Ertangi kunning egalari bo‘lgan yoshlarimiz biz madh etgan sadoqat va burch tushunchalarini amaliy tarzda namoyon etmoqdalar, go‘yo. Ular butunjahon taraqqiyoti rivojidan ortda qolmay, har jabhada yangiliklar yaratib, mamlakatimizning zamon bilan hamqadamligiga o‘z hissalarini qo‘shmoqdalar. Jumladan, xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini ta’min etuvchi mudofaa tizimida ham.
Dunyo bo‘ylab kechayotgan global jarayonlar, ayrim o‘lkalarda lovullayotgan urush olovi xavfsizlikni ta’minlashda sobitqadam bo‘lishni, ogohlik va hushyorlikni oshirish barobarida jangovar shaylikni mustahkamlash zarurligini ko‘rsatmoqda.
Shu bois ham milliy armiyamizni eng zamonaviy qurol-aslahalar hamda harbiy texnika bilan ta’minlash va mudofaa sanoatini yanada takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilyapti.
Joriy yilning 2-yanvar kuni mudofaa qurilishi va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda davlatimiz rahbari tomonidan ushbu soha faoliyatini yanada takomillashtirish va mamlakatimizning mudofaa qobiliyatini yuksaltirish bo‘yicha qator topshiriqlar berilgan edi. Shunga asosan 2-4-may kunlari poytaxtimizdagi “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasida mudofaa sohasida innovatsion texnologiyalar festivali hamda “Texnofest–2024” mudofaa sanoati amaliy ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur festivalda yigirmaga yaqin yirik ishlab chiqarish korxonalari, 50 ta tashkilot vakillari hamda 30 dan ortiq ixtirochilar metallurgiya, kimyo sanoati, to‘qimachilik sohasiga oid mahsulotlari va modellari bilan ishtirok etdi. Shuningdek, robototexnika, kibersport, dronreysing, 3D modellashtirish, dronlarni loyihalashtirish va dasturlash kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ham ko‘plab loyihalar namoyish qilishdi.
– Bugungi kunda hurmatli Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning talabi va e’tibori tufayli armiya tizimida juda katta o‘zgarishlar yuz beryapti, – dedi iste’fodagi general-polkovnik Rustam Ahmedov. – Men ayniqsa, armiyamiz uchun zarur bo‘lgan bir qator zamonaviy qurol-aslahalar o‘zimizda ishlab chiqarilayotganini ko‘rib juda xursand bo‘ldim. Ko‘rgazmada har xil turdagi avtomatlar, robot-askarlar, 30 kilometr balandlikkacha ko‘tarila oladigan uchuvchisiz uchish qurilmalari namoyish etildi. Shubhasiz, har bir davlatning muhofaza quvvati armiyasining kuch-qudrati bilan o‘lchanadi. Shu ma’noda, mudofaa sohasiga e’tiborni doimiy ravishda kuchaytirib borish zamon talabidir.
Mudofaa vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va boshqa bir qancha tashkilotlar hamkorligida uyushtirilgan ko‘rgazma va festivalda milliy armiyamizning mudofaa salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladigan istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha ishlanmalar, yangi loyihalar keng namoyish qilindi. Uch kun davom etgan tadbirlarda aloqa, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, o‘quv-texnik vositalar, dasturiy ta’minot, aviatsiya modellari, dronlar, robototexnika qurilmalari, trenajyor komplekslari, himoya vositalari, kimyo texnologiyalari va boshqa bir qancha harbiy texnologik mahsulotlar harbiylar e’tiboriga havola etildi.
Mudofaa vazirligi Faxriylar ishlari bo‘yicha markaziy kengash raisi, iste’fodagi polkovnik Abubakr Navro‘zov shunday deydi:
– Bunday loyihalar mudofaa sohasiga yangi texnologiyalarni joriy qilishga qodir bo‘lgan iqtidorli yoshlarni kashf etish hamda turli tashkilotlar va yirik ishlab chiqarish korxonalarini mudofaa sanoatiga keng jalb etishga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir.
Darhaqiqat, ayni paytda mamlakatda iqtisodiyotning to‘laqonli mudofaa sektorini shakllantirishning ahamiyati katta. Zero, ko‘zlagan ezgu maqsadlarimizga faqatgina tinchlik-osoyishtalik orqali erishishimiz mumkin. Vatan himoyasini jismoniy tayyorgarliklar bilan bir qatorda, ilm-fan yutuqlari orqali ham mustahkamlash zarurligini anglash qiyin emas. Shu jihatdan davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Qurolli Kuchlar tizimini har tomonlama modernizatsiya qilish orqali Yangi O‘zbekistonning suvereniteti, xalqimizning xavfsizligi va osoyishtaligini kafolatli ta’minlashga qodir bo‘lgan zamonaviy armiyaga aylantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar o‘zining amaliy natijalarini bermoqda. Yurtimizda favqulodda vaziyatlarda qo‘llanuvchi ko‘p funksiyali robotlar, tog‘li hududlarga oid ma’lumotlarni tahlil qilishda qo‘llaniladigan mobil dronlar, yarador askarlar va boshqa yuklarni tashishga mo‘ljallangan elektromobillar, turli maqsadlarga xizmat qiladigan uchuvchisiz uchish qurilmalarining ishlab chiqarilayotgani, yangi-yangi harbiy loyihalarning taqdim etilayotgani bu boradagi ishlar ko‘lamining kengayayotganidan dalolat beradi. Ayniqsa, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi qoshidagi Yoshlar akademiyasi vakillari ham aynan shu sohaga yo‘naltirilgan ilmiy-texnikaviy ishlanmalarga jiddiy e’tibor qaratishmoqda.
– Ko‘rgazmada Yoshlar akademiyasi tomonidan 13 ta, umumiy tizim bo‘yicha esa 30 dan oshiq loyihalar namoyish etildi, – deydi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Otabek Mahkamov. – O‘tgan yili ushbu sohaga to‘rtta grant ajratilib, 1 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi. Ayni paytda ham bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda. Albatta, bu kabi tadbirlar navqiron olimlarimizda Vatanimizning mudofaa qudratini mustahkamlashga o‘z hissasini qo‘shish istagini kuchaytirishga xizmat qiladi. Shu bois biz Mudofaa vazirligi bilan ushbu yo‘nalishda muntazam hamkorlik qilishga kelishib oldik.
Harbiy sanoat sohasini rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar nafaqat milliy armiyamizni zamonaviy qurol-yaroq va texnika vositalari bilan ta’minlashga, balki yaqin istiqbolda minglab qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish hamda mamlakatimiz iqtisodiyotini diversifikatsiya qilishga ham ko‘mak beradi.
“Texnofest–2024” mudofaa sanoati amaliy ko‘rgazmasi yakunida malakali ekspertlar tomonidan yosh mualliflarning ishlanmalari orasidan eng yaxshilari aniqlanib, munosib rag‘batlantirildi. Shuningdek, ularning kelgusida mudofaa sanoatiga qarashli korxona va zavodlarda ishga joylashishiga ko‘maklashish choralari belgilandi.
Albatta, yurtimiz yildan-yilga obod bo‘lib, hayotimiz kun sayin farovonlashib borayotgani quvonarli hol. Ammo dunyoda chegara bilmas xavf-xatarlar bor ekan, xotirjamlikka berilishga aslo haqqimiz yo‘q. Dunyoda yuz berayotgan turli voqea-hodisalar, tahdidlarni birgina o‘sha davlat yoki mintaqa hayotiga daxldor deb bo‘lmaydi. Mana shunday sharoitda Vatanni ko‘z qorachig‘idek asrash, tinchlik va barqarorlikni himoya qilish har birimizning oliy burchimizga aylanmog‘i shart. Zero, xavfsizligimizning kafolati mudofaa qudratiga bog‘liq.
Muhayyo PIRNAFASOVA
“Jadid” gazetasi 2024-yil 10-may 20-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



