09.01.2026 | 12:45
1164
QALAMNING QUDRATI
Mohir jamoat arbobi, tarixchi, atoqli pedagog va tarjimon Said Rizo Alizoda serqirra faoliyati, ma’rifatparvarlik ruhi va o‘tkir qalami orqali Samarqand jadid matbuoti rivojiga, xalq ongi va tafakkuri uyg‘onishiga salmoqli hissa qo‘shgan ziyoli sifatida tarixda o‘chmas iz qoldirdi.

Said Rizo Alizoda 1887-yil 15-fevralda Samarqandda tug‘ilgan. Otasi hoji Mirmaxsum eronlik mansabdor shaxs bo‘lib, 1882-yilda Xurosondan Buxoro orqali Samarqandga ko‘chib kelgan. Onasi Hadichabegim esa mashhur ozarbayjon bastakori Uzeyir Hojibekovning qarindoshi hisoblanadi.
U ilk ta’limni avval Samarqanddagi madrasada, keyin ozarbayjon olimi Shayx Abulqosim tomonidan tashkil etilgan yangi usul maktabida olgan. Qisqa muddatda maktabni yuqori baholarda tamomlaganidan so‘ng, shu yerda muallimlikka olib qolingan. Ish jarayonida maktab kutubxonasidagi Ozarbayjon, Eron va Hindistonda nashr etilgan gazeta va kitoblarni muntazam o‘rganib, bilim doirasini kengaytirib borgan. 1906-yildan Demurov nomli bosmaxonada harf teruvchi sifatida faoliyat yuritgan, keyinroq rus tilida chiqadigan “Samarqand” gazetasida musahhihlik qilgan. Bu unga tilni chuqur o‘rganish va rus tilidagi adabiyotlar bilan yaqindan tanishish imkonini bergan. U oliy ta’limni olti yil davomida Mashhad madrasasida olgan.
Said Rizo Alizoda jadidlar sarkori Mahmudxo‘ja Behbudiy bilan hamkorlikda o‘zbek tilida chop etiladigan “Samarqand” gazetasini tashkil etgan, 1913-yildan boshlab “Oyina” jurnalida faoliyat yuritgan. Ushbu nashrlarda Turkiston maktablari va madrasalaridagi eski ta’lim tizimi tanqid qilingan hamda islohotlar o‘tkazishga qaratilgan maqolalar muntazam e’lon qilib borilgan. Yuqoridagi nashrlarda “Telegraf xabarlari” sahifalari berilishida ham uning hissasi katta bo‘lgan.
Said Rizo Alizodaning 1917-yilda “Buxoro, uyg‘on!” nomli maqolasi “Buxoroyi sharif” gazetasida e’lon qilinganidan so‘ng, Fayzulla Xo‘jayev uni Buxoroga taklif qilgan. Shu yili u “Sharq”da muharrir, “Hurriyat”da esa tarjimon va muxbir sifatida faoliyat yuritgan.
1922-yildan boshlab Said Rizo Alizoda “Zarafshon” gazetasida bo‘lim mudiri sifatida mehnat qilgan. Shu bilan birga, “Turkiston xabarlari”, “Kambag‘allar o‘qi”, “Hurriyat”, “Mehnatkashlar tovushi”, “Buxoroyi sharif”, “Turon”, “Samarqand ovozi” gazetalari hamda “Mashrab”, “Mulla Mushfiqiy” jurnallarida muntazam ravishda maqola va feletonlari bilan qatnashib turgan. U o‘z asarlarida Bahlul, Zambur, Ranjbar, Bog‘ishamoliy, Shapaloq, S.A. kabi taxalluslardan foydalangan. Matbuotdagi faoliyati bolshevik hokimiyatini qattiq tashvishga solgan, buning yaqqol misoli sifatida “Men suddan qo‘rqmayman” maqolasidagi qat’iy va ochiq pozitsiyasini keltirish mumkin. Ushbu maqolada u jasorat bilan quyidagi jumlalarni yozadi: “Hibsda yotishni o‘zim uchun faxr va e’tibor deb sanayman. Chiqing maydonga, men suddan qo‘rqmayman!”
Said Rizo Alizoda mahalliy boylarni yangi usul maktablariga mablag‘ ajratishga ko‘p marta targ‘ib qilgan. Ta’lim sohasidagi faoliyati 1907-yilda “Hayot” va 1909-yilda “Maktabi islomiya” maktablarini ochish bilan boshlangan, bu maktablar asosan kambag‘al oilalar farzandlariga ta’lim berishga mo‘ljallangan edi.
Uning o‘quvchilar uchun tayyorlagan darsliklari qatorida “Sarfi arab”, “Turkiy alifbo”, “Tarix”, “Jug‘rofiya”, “Riyoziyot”, “Handasa”, “Tabiat”, “Din vojiblari”, “Nizomnoma”, “Badan tarbiyasi”, “Ilmi fazo” kabi kitoblarini sanab o‘tish mumkin. Boshlang‘ich sinflar uchun mo‘ljallangan bu darsliklar o‘quvchilarni savod chiqarishga, aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarga egalik qilishga yo‘naltirilgan.
Shuningdek, u o‘zbek maktablari uchun “Birinchi yil” alifbosini yaratib, yangi usul maktablariga bepul tarqatgan. Maktabdorlik faoliyatidan tashqari, u shahardagi ruslar uchun kechki kurslar tashkil qilib, ularga o‘zbek va tojik tillarini o‘rgatgan.
1916–1922-yillarda teatr san’atida ham faol ishtirok etgan Said Rizo Alizoda Behbudiyning “Padarkush”, Molerning “Zo‘raki tabib”, Uzeyir Hojibekovning “Arshin mol olan”, “Layli va Majnun”, “Asli va Karam” va Husayn Jovidning “Shaydo”, “Shayx San’on” asarlarini sahnaga qo‘yishda ishtirok etgan va ayrim rollarni ijro etgan.
Poliglot, qomusiy bilim va jasorat sohibi Said Rizo Alizoda faoliyati xorijdagi ilm-fan, davlat va jamoat arboblari tomonidan ham e’tirof etilgan. Jumladan, nabirasi Farhod Alizodaning ma’lum qilishicha, Afg‘oniston hukmdori Omonullaxon farmoni bilan Said Rizo Alizoda fors tilida “Asri saodat”, “Odobi ikrom”, “Tarixi islom”, “Tarixi Turkiston”, “Madaniyati islom”, “Fan dar borayi koinot” va boshqa asarlarni yozgan va ular 1923–1933-yillarda Pokistonning Lohur shahrida nashr qilingan.
Ma’rifatparvar mutafakkir lug‘atshunoslik sohasida ham faoliyat yuritgan. 1933-1934-yillarda 61 ming so‘zdan iborat ikki jildlik ruscha-tojikcha lug‘atni nashr ettirgan. Shuningdek, tarjimonlik bilan faol shug‘ullanib, Aleksandr Pushkinning “Yevgeniy Onegin”, “Dubrovskiy”, “Kapitan qizi”, Fyodor Gladkovning “Sement”, Nikolay Ostrovskiyning “Po‘lat qanday toblandi”, Sinkler Eptning “Yuz foiz”, Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon” asarlarini tojik tiliga tarjima qilgan. Shuningdek, u afg‘on taraqqiyparvari Mahmud Tarziy bilan hamkorlikda Jyul Vernning “Yer yuzi bo‘ylab 80 kunlik sayohat” asarini fors tiliga o‘girgan.
Said Rizo Alizoda 1933–1937-yillarda Samarqanddagi universitetda arab va fors tillaridan dars berdi va umrini millat ravnaqi, ma’rifat va yangi qarashga ega avlod tarbiyasiga bag‘ishladi.
Afsuski, uni 1938-yil 3-fevralda dars berib turgan xonaning o‘zida NKVD xodimlari qamoqqa oladi. Oldiniga Samarqand, so‘ng Toshkentda, keyinroq Tobolsk va Vladimirda 8 yil qiynoqlar ostida tutqunlik azobini tortgan Said Rizo Alizoda 1945-yil 24-dekabrda qamoqxonada sil kasalidan vafot etadi. Ammo qatag‘on mashinasi oila boshlig‘ini yo‘q qilish bilan tinchimaydi. Mustabid tuzum jallodlari Alizodaning o‘g‘li Said Tog‘izodani ham 10 yilga Sibirning sovuq o‘rmonlariga surgun qiladi. Oilaning boshqa a’zolariga ham bir necha yillar mobaynida tayziqlar o‘tkazib kelinadi. Said Rizo Alizodaning nomi 1958-yil 16-yanvarda O‘zSSR Oliy sudi yopiq majlisida ko‘rilib, reablitatsiya qilingan esa-da, ammo bu to‘laqonli oqlanish emasdi.
Qadimgi Rim huquqshunosi Ulpian “Adolat hammaning haqini o‘z egasiga qaytarib berishdir”, deb yozgan edi. Said Rizo Alizodaning haq-huquqlari, pok nomi aynan mustaqillik yillarida elimizga qaytarildi, barcha jadid ziyolilari qatori uning porloq xotirasiga munosib ehtirom ko‘rsatildi. Xususan, u yashagan uy 1998-yil noyabrda muzeyga aylantirildi va hayot yo‘lini ochib beruvchi ko‘rgazmalar hamda ilmiy merosi bilan boyitildi. Samarqand shahri ko‘chalaridan biriga, shahardagi 14-maktab va o‘zi yashagan mahallaga Said Rizo Alizoda nomi berildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Toshkent shahridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi kutubxonasiga Said Rizo Alizoda nomi berildi. Uning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan hujjatli film tayyorlandi. Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi tomonidan 2017-yilda tayyorlangan risolaga Said Rizo Alizodaning hayoti va taqdiri, qoldirgan boy ilmiy merosi hamda uy muzeyi haqida ma’lumotlar kiritildi.
Bu ezgu tashabbuslarning hayotga tatbiq etilishi, shubhasiz, muhtaram Prezidentimiz tomonidan jadidlar merosini har tomonlama o‘rganishga qaratilgan izchil e’tibor va mazkur yo‘nalishda qabul qilingan muhim qarorlar bilan uzviy bog‘liqdir. Ana shu siyosiy iroda va ma’naviy tayanch natijasida jadid harakatining ma’rifiy-tarixiy ahamiyatini yanada teran anglab yetmoqdamiz.
Baxtiyor HASANOV,
Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori, tarix fanlari doktori, professor
“Jadid” gazetasining 2025-yil 26-dekabrdagi 52-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596

