Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 13°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


10.01.2025 | 17:40

img541

ZAMON TEGIRMONIDAN OMON CHIQQAN ZAMONBOYEV

1918-yilning fevralida Turkiston Muxtoriyati Qo‘qonda qizil qo‘shin va arman dashnoqlari qo‘li bilan qonga botirilgach, jadidlik harakatida bo‘linish yuz beradi. Muxtoriyat rahbarlari qatag‘onga uchrab, bir qismi xorijga chiqib ketadi. Va o‘sha yerdan turib siyosiy kurashni davom ettirishga urinadi. Bir qismi esa jadidlikning g‘oyaviy asosi bo‘lgan ma’rifat tarqatish ishlari bilan cheklanadi. Yangi maktablar ochib, unda ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash, matbuot vositasida elning fikrini ochish ishlarini davom ettiradi.

Shuningdek, jadidlar, xususan, ularning kenja avlodi ichida vaziyatdan har qanday yo‘l bilan bo‘lsin foydalanishni, el-yurtda adolat barqaror bo‘lishi, mehnatkash xalqning bo‘ynidagi istibdod zanjirini ozgina bo‘lsin bo‘shatishni niyat qilganlar ham bor edi. Ular bosh g‘oya – istiqlol orzusi boy berilgan bo‘lsa ham, millatni asrab qolish zarur, degan fikrda bo‘lishgan. Buning uchun sharoit imkon bergan barcha vositalardan foydalanishga uringan. Jumladan, sho‘ro tuzumi bergan imkoniyatlardan ham.

Jadidlarning shunday yosh avlodi vakillaridan biri Muhammad Rasul Zamonboyev edi.

U 1896-yil hozirgi Qozog‘istonning Turkiston viloyati, Iqon qishlog‘ida dunyoga kelgan. Otasi savdo bilan shug‘ullanib, farzandi Muhammad Rasulning ilm olishiga alohida e’tibor beradi. U, dastlab, Iqonda savod chiqardi, rus-tuzem maktabida o‘qidi. Keyin tahsilni Turkistonda, ilg‘or fikrli sanoatchi boy Saidnosir Mirjalilov ochgan jadid maktabida davom ettirdi.

Saidnosirboy o‘quvchilar orasidagi fikri tiyrak, ko‘ngli beg‘ubor, ilmga tirishqoq, eng muhimi, maqsadidan chekinmaydigan yosh yigitchaning kengroq davraga chiqishini xohlaydi va uni Toshkentga, Munavvar qori Abdurashidxonovning “Namuna” maktabiga yuboradi. Muhammad Rasul Toshkentga kelganida shahar alg‘ov-dalg‘ov ichida edi. Rusiyada boshlangan 1917-yil – fevral inqilobi mazlumlar fikratida to‘ntarish yasagan, hamma yerda “Hurriyat, hurriyat!” degan gap-so‘z eshitilardi. Yosh yigitcha o‘qish qolib, shahardagi siyosiy kurashlarga sho‘ng‘ib ketadi. U jadid ustozlari qoshida kamarbasta bo‘lib turadi.

Millat fidoyilari qo‘lida ta’lim olgan Muhammad Rasul hamfikrlari kabi istiqlol orzusi bilan yashar edi. Turkiston Muxtoriyati e’lon qilingach, u Qo‘qon shahriga borib, Saidnosir Mirjalilov yonida Muxtoriyat hukumati xizmatida bo‘ladi. 1918-yil fevralida qizil armiya va arman dashnoqlar tomonidan Muxtoriyat qonga botirilgach, mislsiz qirg‘inlardan omon chiqqan Muhammad Rasul o‘zi tug‘ilib o‘sgan Turkiston shahriga qaytishga majbur bo‘ladi. Lekin bu yerda ham siyosiy kurashlardan uzoqlashmaydi. Qozog‘iston mustaqilligi uchun kurash boshlagan “Alash O‘rda” partiyasiga xayrixohlik qilib, bir muddat uning saflarida ham bo‘ladi. Biroq istiqlol orzusi qozoq zaminida ham qonga botiriladi.

“Alash o‘rda” partiyasi a’zolari

Shunda u kurashni yangicha davom ettirish kerak, degan fikrga keladi va 1919-yili kompartiya safiga kiradi. Bu paytlar u o‘qituvchilik qilayotgan edi. Shahar ahlining ijtimoiy hayotida faol qatnashardi. Partiyaga o‘tgach, Muhammad Rasul 1922-yil yanvar oyidan Turkiston shahar sudiga kotib bo‘lib ishga o‘tadi. Shu yilning iyul oyida Turkiston ASSR MIK raisi o‘rinbosari Sultonbek Xo‘janov aralashuvi bilan sudya lavozimiga saylanadi.

Bu vaqtda Turkistondan bir guruh yoshlar Toshkentga kelib, qozoq erlar maorif instituti, o‘zbek erlar maorif instituti, turli ishchi fakultetlarida ilm olayotgan edi. Toshkentda ularga Saidnosir Mirjalilovning “Turkiston” savdo shirkati homiylik qilardi. Muhammad Rasul Zamonboyev ham shu shirkatda ishlab, yoshlarning “Ko‘mak” uyushmasi tadbirlarida Botu, To‘lagan Mo‘min va Nosir Saidlar rahbarligida faol ishtirok etadi.

Muhammad Rasul Zamonboyev 1924–27-yillar davomida Chimkent shahar xalq sudi, 1927–28-yillar Turkiston shahrida sudya vazifasida ishlagan. 1928-29-yillarda Toshkent yuridik texnikumida o‘qiydi. 1929-30-yillar yana Turkiston shahri xalq sudida faoliyat yuritdi. Biroq 1929-yildan e’tiboran unga nisbatan turli fitna-fasod avj ola boshlaydi. Bu ishda sovet matbuoti, ayniqsa, jonbozlik ko‘rsatadi. Jumladan, “Yosh leninchi” gazetasining 1929-yil 4-apreldagi 26-sonida “Qurbon” degan kimsaning “Yuzlardagi pardani ochish kerak” xabari bosiladi.

Unda Chimkent sudyasi Zamonboyevni kollektivlashtirishga xalaqit berish va iqonlik quloqlarni himoya qilishda ayblaydi. Bu bilan cheklanmasdan, uning 1919-20-yillarda Saidnosir Mirjalilovning “dumi” bo‘lgani, O‘rta Osiyo yuridik texnikumida o‘qib yurgan payti partiyadan haydalgani kabi holatlarga sha’ma qilib o‘tadi. Oradan ko‘p o‘tmay, Muhammad Rasul Zamonboyev yana bir bo‘hton – poraxo‘rlik aybi bilan GPU tomonidan hibsga olinib, 9 oy mobaynida qamoqda saqlanadi. Hartugul, o‘zining aybsizligini isbotlashga muvaffaq bo‘lib, ozodlikka chiqadi.

Lekin ta’qib va tahdidlarning oxiri ko‘rinmasdi. Oqibatda, ishini tashlab, Toshkentga ko‘chib kelishga majbur bo‘ladi. Biroq g‘animlar uni bu yerda ham tinch qo‘ymagach, Andijonga ketib, dushmanlari nigohidan chetroqda, turli idoralarda halol va shijoat bilan mehnat qiladi.

Oradagi salkam to‘qson yillik vaqt masofasi Muhammad Rasul Zamonboyev qaysi ayblari uchun bunday qattol dushman orttirdi ekan, degan savolga javob topishga imkon bermaydi. Ammo el ko‘zidan chetda, kichik idoralarda mehnat qilib yurgan Muhammad Rasul ustidan chaquvlar, ig‘volar davom etgani, “Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1934-yil 15-oktyabr sonida “Fisq-fujurga sodiq” sarlavhali maqolada yana asosiy nishonga aylangani ma’lum.

Mazkur maqola chop etilganidan so‘ng, oradan yarim yil ham o‘tmay, 1935-yil aprelda Muhammad Rasul Zamonboyevning aybsizligi to‘liq isbot topib, Andijondan chaqirtirib olinadi va O‘zbekiston Bosh prokurorining yordamchisi etib tayinlanadi. Aks holda o‘sha davrning taomiliga ko‘ra, gazetada “urilgan” odam qamalib yo‘q bo‘lib ketishi kerak edi.

U 1935–1937-yillar davomida mazkur lavozimda adolatni ta’minlash, qonuniylik va huquqiy madaniyatni yuksaltirish yo‘lida samarali ish olib bordi. Afsuski, razolat va zulmga asoslangan jamiyatda uning bu ezgu harakati yana qadr topmadi. Aksincha, 1937-yil 29-iyulda mamlakatning markaziy nashri bo‘lgan “Qizil O‘zbekiston” gazetasining 166-sonida maxfiy “N.Sh.” imzosi bilan “Oliy suddagi saxiylar” nomli xabar bosildi. Unda yozilishicha, go‘yoki Toshkentdagi 21-do‘kon mudiri Xalikovning faoliyati tekshirilgan va natijada 4416 so‘mlik kamomad aniqlangan. Aybdor 2650 so‘mni to‘lagan holda Oliy sudga shikoyat yozgan. Oliy sudda Muhammedov, Abdurahmonov, Zamonboyev ishni o‘rganib, uni oqlab chiqqani keskin tanqid qilinadi. Vaholanki, sudda Xalikovning g‘arazli maqsadda nohaq ayblangani o‘z isbotini topgan edi.

1937-yil 17-sentyabrda bo‘lgan boshlang‘ich partiya tashkiloti majlisiga chaqirilgan Muhammad Rasul Zamonboyev NKVD tomonidan qamoqqa olingan Sultonbek Xo‘janov va Karim Abdullayevlar bilan tanish bo‘lgan, deb partiyadan haydaladi. 1937-yil 10-oktyabrda Toshkent shahar, Kirov tumani partiya qo‘mitasida yana Zamonboyev masalasi ko‘tariladi va uning o‘tmishi, Saidnosir Mirjalilov oilasiga kuyov bo‘lgani aksilinqilobiy faoliyat sifatida baholanib, Dalayan tomonidan hujjatlashtiriladi. Shundan so‘ng NKVD xufyalari yana ham faollashib, uning aksilfaoliyati haqida chaquvlar yetkaza boshlaydi.

1938-yil 17-yanvar kuni tergovchi Berezikov Muhammad Rasul Zamonboyevni sobiq “Alash o‘rda” a’zosi, 1931–34-yillar aksilinqilobiy tashkilotga a’zo bo‘lgan, deb O‘zSSR JKning 60-, 67-moddalarini qo‘llab, qamoqqa olish to‘g‘risidagi qarorni imzolaydi. 1938-yil 18-yanvar kuni bitilgan order asosida Toshkent shahri, Xoroshin ko‘chasi 19-uyda tintuv o‘tkazilib, hibsga olinadi. Shu kuni to‘ldirilgan shaxsiy anketasida uning oila a’zolari sifatida turmush o‘rtog‘i Zuhra Aymetova (30 yosh), farzandlari Oyisha (13 yosh), Adolat (11 yosh), Erkin (9 yosh) va Po‘lot (2 yosh)larning nomlari qayd etilgan.

1938-yil 28-fevral kuni so‘roqda Zamonboyev qo‘yilayotgan ayblovlarning barchasi tuhmat, hech qanday aksilinqilobiy tashkilot mavjud emas, deydi. Biroq uzoq davom etgan jismoniy qiynoqlar va ruhiy tahqirlashlar ortidan 1938-yil 17–19-mart sanasi bilan yozuv mashinkasida bitilgan bir necha varaqdan iborat so‘roq bayonnomalarini imzolashga majbur bo‘ladi. Unda 1922-yil o‘zi bilan Toshkentga kelib o‘qigan yigitlarning barchasi quloq qilingan boy va qozilarning bolalari bo‘lgani, “Turkiston” savdo shirkati boshliqlari Saidnosir Mirjalilov, Mirzarahim va Abduvahhob Otaboyevlar asosan “bosmachilar”ni kiyim-kechak, ozuqa, otlarini yem bilan ta’minlashga harakat qilgani, sovetlarga qarshi aksilinqilobiy tashkilotga O‘zbekistondan Akmal Ikromov, Fayzulla Xo‘jayev, Qozog‘istondan Qulumbetov, Qirg‘izistondan O‘rozbekov, Turkmanistondan Aytakov, Tojikistondan Abdulla Rahimboyev kabi birinchi rahbarlar a’zo bo‘lganini, o‘zining 1935–37-yillarda prokuror yordamchiligi vaqtida amalga oshirgan aksilinqilobiy faoliyatini “tan oladi”. (Albatta, keyingi so‘roqlarda yuqoridagi ko‘rsatmalarini rad etadi.)

Muhammad Rasul Zamonboyevning bo‘ynidagi sirtmoq mahkam tortilgan, uning qaysi kuni otilishini belgilashgina qolgan edi.

Biroq uning baxtiga shu vaqtlarda istibdod markazi bo‘lmish Moskvada vaziyat o‘zgarib qoladi. NKVD komissari Yejov ishdan olinadi. Hali oxiriga yetkazilmagan ko‘pgina siyosiy ayblovlar bo‘yicha jinoiy ishlar to‘xtatib qo‘yiladi.

1939-yil 11-iyulda vaziyat o‘zgarganini anglagan Zamonboyev O‘zSSR IIXK nomiga ariza yozib, o‘zining 1938-yil yanvardan hibsda bo‘lib, 1939-yil 19-mayda ish yakunlanganiga qaramay, qismatining hamon noma’lumligini, tergov noqonuniy o‘tkazilganidan norozi ekanini yozadi. Shundan so‘ng uning ishi qaytadan o‘rganishga topshiriladi.

1939-yil 23-avgustda O‘zSSR IIXK o‘rinbosari Boyko imzosi bilan tayyorlangan qarorda Zamonboyev ishi o‘rganilgani, ayblovlar isbotini topmagani, berilgan ko‘rsatmalar dalillanmagani uchun O‘zSSR JKning 60-, 67-moddalari bekor qilinib, jinoiy ish tugatiladi. Shu kunning o‘zida Rasul Zamonboyev Toshkent turmasidan ozod qilinadi.

Darhaqiqat, 1922-yil Toshkentga kelib, “Ko‘mak”da ilm olgan turkistonlik yoshlar orasidan keyinchalik yirik olimlar, taniqli rahbarlar yetishib chiqdi. Jumladan, Karim Abdullayev O‘zSSR Sog‘liqni saqlash xalq komissari, Safo Saidmurodov, Beglar Jo‘nayevlar SAGUda dars berdi. Biroq birortasi o‘z oldiga qo‘ygan ezgu maqsadlariga erisha olmadi. Yana ham aniqrog‘i, qattol tuzum bunga imkon bermadi. Aksar qismini eng kuchga to‘lgan vaqtida, hali 40 yoshga kirar-kirmas, 1937-38-yillardagi “Katta qirg‘in” o‘z domiga tortib ketdi. Tirik qolganlari esa Muhammad Rasul Zamonboyev kabi o‘zining soyasidan ham qo‘rqib, umrini xastalik bilan kurashib o‘tkazishga majbur bo‘ldi.

Bahrom IRZAYEV,
Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi bosh ilmiy xodimi

“Jadid” gazetasining 2025-yil 1-yanvardagi 1-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img61

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img586

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img583