19.09.2024 | 18:07
659
QILKO‘PRIKDAN OMON O‘TGANLAR
Qariyb bir asrlik tarixga ega bo‘lgan onaxon nashrimiz – “Saodat” jurnali adabiyotga qanchadan-qancha iste’dodli ijodkorlarni, el sevgan shoir-shoiralarni yetishtirib bermagan deysiz? Zulfiyaxonim, Halima Xudoyberdiyeva, Oydin Hojiyeva, Tursunoy Sodiqova, Xosiyat Bobomurodova, Sharifa Salimova, Qutlibeka Rahimboyeva…
“Saodat” kashf etgan qalam ahlining nigor so‘zlari yillar davomida millionlab qalblardan joy olgani, jurnal esa ming-minglab o‘zbek ayolining ko‘ngildoshiga aylangani rost. Biroq dastlab “Yangi yo‘l”, “Yorqin turmush” deb atalgan sevimli jurnalimizda xizmat qilgan insonlarning hammasi ham saodatli hayot kechira olgan emas. Biz achchiq taqdiri haqida hikoya qilmoqchi bo‘lgan Saodat Shamsiyeva ana shunday ulug‘ mavqega ega jurnalning tashabbuskori va ilk muharrirlaridan biri edi…
Saodat Shamsiyeva 1908-yilda To‘rtko‘l shahrida, nonvoy Polvonjon Allaqulov oilasida tug‘ilgan. Asli Xorazmning Xiva shahri yaqinidagi Qiyot qishlog‘idan ish qidirib, To‘rtko‘l tomonlarga borib qolgan Polvonjon shu yerlik Roziya bibi bilan turmush quradi. U o‘zi savodli bo‘lmasa-da, ilmli kishilarni juda hurmat qilgan. Farzandlarining ham ma’rifatli inson bo‘lib yetishishini istab, yangi maktablarga o‘qishga bergan. Ularning xonadoni rus millatiga mansub oilalar yashaydigan mahallaning qoq o‘rtasida joylashgan edi. Shu bois Saodat bolaligidanoq turli millat vakillari bilan do‘stlashadi.
Polvonjonning vafotidan keyin katta oilaning bor og‘irligi uning xotini va katta o‘g‘lining gardaniga tushadi. Qismat qilichining har sermashidan omon o‘tish girdida yoshgina Saodat ham bolalar kiyim-kechaklari uchun ip yigirar, onasi bilan birga sut sotar edi.
Shu tariqa voyaga yetgan Saodat qo‘qonlik Zokirjon Shamsiyev bilan turmush qurib, matbuotchilar oilasiga kelin bo‘lib tushadi. Yangi zamon ziyolilari qurshovida o‘zi yetti uxlab tushiga kirmagan baxtiyor kunlarga yetishgan kelinchakka o‘zicha she’rlar mashq qilib yuruvchi qaynukasi badiiy kitoblar keltirib berib turadi. Shamsiyevlar oilasi kelinning savodxon ekanligidan juda xursand edi. Oilada ajib bir adabiy muhit paydo bo‘ladi. Ana shu muhit hamda ma’rifiy suhbatlar ta’sirida Saodat ham she’rlar mashq qila boshlaydi, turli mavzularda maqolalar yozadi.
Poligrafiya maktabini tugatgan umr yo‘ldoshining Toshkentdagi Eski Juva mahallasida qurilgan birinchi bosmaxonaga direktor etib tayinlanishi ortidan yosh oila Toshkentga ko‘chib keladi. Adabiyot va she’riyatni sevgan Zokirjon Botu, Cho‘lpon, Elbek, Gʻayratiy, Ziyo Said, Yunus Gʻozi kabi qalamkashlarni tez-tez uyiga mehmonga chaqirar, mushoiralar subhi sodiqqa qadar davom etardi.
Keyinroq Zokirjonning qistovi ostida xotin-qizlar bilim yurtini tugatgan Saodat Narkompross topshirig‘i bilan Xiva xotin-qizlar bilim yurtiga direktor lavozimiga tayinlanadi. Qo‘lida bir yashar bolasi bilan ayolini Xivaga jo‘natgan
…Zokirjon Toshkentda sog‘inch va firoq azobida yashaydi. Zokirjonning bevaqt vafoti shundog‘am hijron azobini chekayotgan ikki yoshni bir-biridan abadiyga judo etadi. Chuqur qayg‘uda qolgan Saodat ilmga beriladi.
U Samarqand pedagogika institutining tashkilotchilik fakultetida o‘qiydi va Samarqand eski shahar komsomol komitetining kotibi etib tayinlanadi. Bir yil o‘tib-o‘tmay O‘zbekiston komsomol komitetining Maorif ministrligidagi vakili bo‘ladi. Bu joyda bilimga chanqoq yoshlar ilm olish uchun turli mamlakatlar va respublikalarga yuborilar edi. O‘sha paytlarda Fayzulla Xo‘jayev tashabbusi bilan yetmishga yaqin o‘zbek yigit-qizlari o‘qituvchi, harf teruvchi, tarbiyachi, suv xo‘jaligi muhandisi kabi turli kasblarni o‘rganish uchun Germaniyaga yuboriladi. Shular qatorida Saodat ham 1930-yilda Moskva shahridagi “Pravda” nomli Butunittifoq jurnalistika institutiga yo‘llanma asosida o‘qishga qabul qilinadi. Markaziy Komitetning siyosiy bo‘limi yo‘llanmasi bilan Andijon rayonidagi “Mo‘l hosil uchun” gazetasida bosh muharrir sifatida ishlay boshlaydi.
Saodat Andijonda uch yil ishlaydi. Sholipoyalarda suv kechib yurib, bezgak kasaliga yo‘liqadi va Toshkentga qaytishga izn so‘raydi. Yosh ayolning salomatligi hisobga olinib, iltimosi qondiriladi.
Shundan so‘ng u “Qizil O‘zbekiston” gazetasining madaniyat bo‘limida ish boshlaydi. Kunlardan birida gazeta tahririyatiga tashrif buyurgan Akmal Ikromov Saodatni O‘zbekiston Markaziy Komitetining bosmaxona ishlari bo‘limiga ishga taklif qiladi. O‘sha paytlarda “Saodat” jurnali “Yangi yo‘l” nomi bilan nashr etilar edi. Saodat bir vaqtning o‘zida ham bo‘limda ishlab, ham mazkur jurnalga muharrirlik qiladi. Shu orada jurnalning nomini o‘zgartirishga qaror qilinadi va juda ko‘p takliflar o‘rtaga tashlanadi. Fayzulla Xo‘jayev jurnalga “Saodat” nomini berishni taklif qiladi. Lekin o‘ta kamtarin va zukko odam bo‘lgan Akmal Ikromov: “Muharriri Saodat bo‘lsa, jurnalning nomini ham uning ismi bilan atasak, odamlar noto‘g‘ri tushunishi mumkin”, deb bu taklifga rozi bo‘lmaydi. A’zam Ayub taklifi ko‘pchilikka ma’qul kelib, jurnalni “Yorqin turmush” deb nomlashga kelishiladi.
Saodat Shamsiyeva Fayzulla Xo‘jayev va Akmal Ikromovni nafaqat o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, gaplashgan, balki shunday ulug‘ arboblarning nazariga tushgan, ularning hurmat-e’tiborini qozongan. Afsuski, o‘zbek ziyolilari boshiga kelgan qora kunlar Saodat Shamsiyevani ham chetlab o‘tmadi. O‘zbekiston KP(b) Markaziy Komitetining 1937-yildagi plenumlaridan birida uni “ayg‘oqchi va josus akasi” Madaminga ma’lumotlar yetkazib turishda ayblashadi.
Yaxshi do‘st yomon kuningda bilinadi. Saodatga sadoqatli do‘stlar biroz muddat yashirinishni maslahat berishadi. U bolalarini olib, singlisi bilan hech kim tanimaydigan Orjonikidze rayonidagi ovloq bir qishloqqa borib yashaydi. Qishning qattiq kelganiga qaramay, singlisi bilan yarim beligacha loyga botib ishlab, dalaga mahalliy o‘g‘it chiqaradi. Bir buxanka non topish uchun qorli, qirovli kunlarda ham mehnatdan bosh ko‘tarmaydi. Og‘ir turmush sharoiti tufayli eski bezgak kasali qaytalangach, yana Toshkentga ko‘chib kelishga majbur bo‘ladi. Biroz salomatligi yaxshilangach, “Tashkentprom” korxonasida shisha idishlarga siyoh quyuvchi, non zavodida yuk tashuvchi bo‘lib ishlaydi. Urush yillarini og‘ir mehnatda o‘tkazadi.
Urush tugagach, arab tili bo‘yicha bilimga ega bo‘lgan Saodat Sharqshunoslik institutiga ish so‘rab boradi. Lekin u yerda har kuni kishi boshiga beriladigan 300 gramm nonni ikki bolasi, singlisi va o‘ziga yetkizolmay qiynaladi. Keyinchalik Saodat Shamsiyeva O‘zbekiston radiosi, Parkent rayoni gazetasi, Angren ko‘mir koni gazetalarida faoliyat olib boradi. Bir joyda uzoq vaqt jonini berib ishlashgani uchun amnistiya berilgan bo‘lsa-da, biroq uning to‘liq oqlanishi haqida gap bo‘lishi mumkin emas edi. 1955-yilda Saodat haqiqat izlab Moskvaga boradi. O‘shanda u qatag‘on qilinganlar ro‘yxatini ko‘radi. 1937-yilda partiya safidan o‘chirilib, o‘zining otuvga hukm qilinganini o‘qib dahshatga tushadi. Uning shunday ayovsiz qatag‘on tig‘idan qutulishi ajdaho komidan omon chiqish bilan barobar edi.
Nihoyat, 1956-yilda ko‘plab qatag‘on qurbonlari qatori Saodat Shamsiyeva ham to‘liq oqlanadi va qadrdon jurnalida muharrir o‘rinbosari lavozimida ish boshlaydi. O‘sha kunlar haqida u shunday yozadi:
“1956-yili Toshkentga kelib, O‘zbekiston xotin-qizlari jurnalida uch-to‘rt yil ishlab pensiyaga chiqdim. Sog‘ligim zaif bo‘lsa ham endi jamoat ishlarida qatnashib yurdim. “Respublikada xizmat ko‘rsatgan jurnalist” degan unvonim bor edi. Endi yoshim ellikka yaqinlashib qoldi. Uyalaman. O‘n yetti yillik repressiya tufayli hayotimdan biron durustroq narsa qoldirolmadim. Yozish uchun yaxshi kayfiyat, ilhom, toza havo, tengdosh qalamkashlar bo‘lishi kerak ekan. Yoshligimning o‘n yetti yili yig‘lab o‘tdi. “Xalq dushmani” degan so‘z yurak-bag‘rimdan o‘tardi, yuzim qaro edi”.
U nafaqaga chiqqanidan keyin ham ijodini davom ettiradi. Tarjima bilan shug‘ullanadi, televideniye va radio uchun materiallar tayyorlash, respublika gazetalariga maqolalar yozish bilan mashg‘ul bo‘ladi. O‘zbek matbuotiga xizmat qilishdan to‘xtamaydi.
“Saodat”ning Saodat ayasi 91 yil umr ko‘rdi. U mash’um qatag‘onning qahrini o‘zining qat’iy irodasi va matonati bilan yengib o‘tishga muvaffaq bo‘ldi.
Muhayyo RUSTAM qizi
“Jadid” gazetasining 2024-yil 6-sentyabrdagi 37-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
88
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



