20.05.2025 | 12:38
954
DEVORNING YORIG‘IDAN SIZIB CHIQQAN QIZG‘ALDOQ
Iroda UMAROVA – 1987-yil 3-martda Jizzax viloyati Forish tumani, Garasha qishlog‘ida tug‘ilgan. Hozirda Toshkent viloyatida istiqomat qiladi. 2006-2010-yillarda Nizomiy nomidagi TDPUda tahsil olgan.
2009-2021-yillarda “Bekajon” gazetasida mutaxassis, 2022-2023-yillar “Akademnashr” nashriyotida muharrir bo‘lib ishlagan.

HAYKALTAROSHGA
U dag‘al toshlarni yechib oladi
nafis badanlardan,
gulday boshlardan,
harir liboslarning ustidan yechar,
changlarni sidirar sizg‘in yoshlardan.
Uning qo‘llari… o, uning qo‘llari
jarroh qo‘llariday sezgir va tingchi.
Toshlardan odamni olar ajratib,
olar tabassumni, g‘amni, sevinchni.
Ehtimol, bu haykal rostakam odam,
“Yoriltosh”ga singib ketgandir badar?
Yo‘qsa, nima uchun og‘ir juda ham
iztiroblar qadar, armonlar qadar?
Yo‘qsa, nima uchun bunda haqiqiy
yurak bor – tosh qotgan,
toshdan-ku bu bosh?
Tosh qotgan diydalar,
toshdir bag‘ir ham,
toshdir ko‘zlaridan sizib chiqqan yosh…
…Odam yasar odam,
qadoq barmoqlar
sovuq chehralarga purkaydi tuyg‘u.
Zotan,
odamdan odam
yasab bo‘lmasligini
anglab yetgan u…
BAHOR KELDI, QARANG, AZIZIM,
Bahor keldi naqadar ma’sum.
Qushlar taqib barmoqlariga
Daraxtlar qilar tabassum.
Kaftlarimga artinar gullar,
Kaftlarimda baxt ifori bor.
Talpinaman sizga, azizim,
Har odamning o‘z bahori bor.
NIHOLLAR EKASIZ HAR ERTABAHOR,
Chechaklar, ko‘katlar… bari badastir.
Javdirab ko‘z ochgan nishonalarni
Kuzatmoq va suymoq kunlik havasdir.
Eslab qo‘ying shunday paytlar gohida,
Vijdonni tozalab nafs qumidan:
Xabar olmaysizmi axir qachondir
Kimningdir ko‘ngliga ekkan umiddan?
GARASHAM, CHIROYLIGIM,
Tashlab ketgan boyligim…
Ifori gurkirab turgan yo‘ng‘ichqa
Jo‘yagida epkin chayqagan oyni –
Osmonda chayqalar oltin o‘riklar…
Siyraklashib qolgan, tortgan ingichka,
Bir o‘rim kokilin Garashasoyning
Sohilga qistirgan yakkacho‘p ko‘priklar…
Sog‘indim sizni!
Sog‘indim,
Uzo-o-oq uxlaganidan
A’zoyi badanini maysa qoplagan devlar –
Qirlarning yelkalaridan pastlikka tomon
Shamol bilan zu-u-uv-vlashganimni.
Sog‘indim,
Pushti ko‘ylakda atirgul yaprog‘iday
Qalqib yurganimda bog‘larda,
Kapalaklar meni quvlashganini…
Gullari bo‘yimdan baland bahorlar…
Yoz bo‘yi mevadan bezorlar…
Qor qo‘yniga o‘yilgan g‘orlar…
Sog‘indim!
Otajon qishlog‘im, onam qishlog‘im,
Sening sinig‘ingman, neki ko‘rsam
Shunday aksing bor nigohlarim xotirasida.
Go‘yo yashayapman bir vaqtda seni va o‘zimni.
Iloho, hamisha butun bo‘l!
Qiyomat qadar bersin to‘zimni.
Do‘llaring, sellaring, yo‘llaring, gullaring –
Betakror, o‘zingga ham betakror…
Menimcha, uzilganman qon tomiring yaqinidan –
Qonab to‘xtamayotgan yoding bor…
Garasham, chiroyligim…
Qachondir bo‘ladi so‘nggi tashrifim,
Ehtimol bag‘ringga qaytmaydi jismim.
Lekin ishonaman, hechqursa sening
Yodingda abadiy yashaydi ismim.
Garasham, chiroyligim…
MAKTUBINGNI OLDIM, DILOZOR,
Boshdan oyoq muhabbat, uzr.
Ko‘nglim… ko‘nglim qonadi takror,
Yirtib o‘tga otdim: “Jin urgur!”
Bir lahzada hazm qildi olov
U olovli xitoblaringni.
Tatimadi lekin qasosim,
Ko‘paytirib azoblarimni.
Oh, azizim…
Qaydan bilarding,
Asrab yursam ginamdan tonib?
Nigohlaring, so‘zing, iforing,
Barmoqlaring tugadi yonib…
Burda-burda kulga termilgan
Ko‘zlarimda o‘zga qayg‘u bor.
Oh, azizim,
Meni kechirgin,
Yonmaydigan maktublar yubor.
“KETING!
SIZNI YOMON KO‘RAMAN”, –
Gʻazablanar yuzi, qo‘llari.
Ovoziga cho‘chiydi epkin,
Yo‘lga sochib parda gullarin…
“Ketdi”, –
Boqar izidan loqayd,
Aql-u ko‘ngil aro harb bilan.
Ko‘zlarini ohista yumdi
Va eshikni yopdi zarb bilan.
Oqshom so‘nggi tugmasin yechdi,
Tiniq-tiniq ko‘rinar tuman.
Yurakdan tosh ko‘chdi (kechikdi):
“Ketmang…
Sizni yaxshi ko‘raman…”
ONAM
Ko‘zlari yo‘limda o‘tdi va oxir
Shu yo‘ldan ko‘zlarin yumib o‘tdi u…
Qo‘l cho‘zsam yetardi,
Oyoq cho‘zmadim
Sabab bo‘lmaguncha hajrbaxsh qayg‘u.
Bolaligi bordir onasi borning…
Bildim hayot pandga to‘laligini.
O‘sha kun kuzatdim onam ortidan
O‘ttiz yoshdan oshgan bolaligimni.
Ko‘zlarin yo‘limda qoldirganimning
Qoldirmadim biron ma’rakalarin!
Baqoga hech nesiz ketish… yolg‘ondir,
Qani uyning fayz-u barakalari?
Bormasam qo‘ymaydi endi bu ko‘ngil,
Borsam yozlarda ham kutar o‘sha qish.
Bu uy endi onam yodiga manzil,
Bu – onam ko‘ylagin kiyvolgan bolish…
Bu ko‘rpa – onamning paxta choponi…
Onam ro‘molidan chimmat darchada…
Nimchasi kuydirmay tutar qumg‘onni…
Tikkan dasturxoni mahtal tanchada…
Oftoba betobday, o‘choq xirata’b,
Silab-suvashlarin eslayotgandir
Yelkasin chokiga qoqigul qadab
Burchakda mung‘ayib o‘tirgan tandir.
Loysuvoq devorlar, aziz devorlar
Kiftiga suykalib, olgan islarin.
Huv toshlarga toshday cho‘kib,
Sog‘ingan
olislarga tushgan toshlar – qizlarin.
Endi u sog‘inchlar bizga omonat,
Bo‘lishsak ham vazni vaznimdan ko‘proq.
Bir burda onam-a, polvon onam-a,
Qadriga yetdikmi yetganda tuproq?
Qadriga yetdimmi tirikligida,
Ko‘nglining toshiga o‘zimni bosdim.
Maktublar, qutlovlar yozmay yurib, so‘ng
Qabrining toshiga yodnoma yozdim…
Xizmatida ko‘proq bo‘lay deb bajo,
Osilgan dorlarim ekan balandda.
O‘limni hamma ham kutadi, ammo
U kelarkan doim kutilmaganda.
Selning changaliga tushgan xasdayman,
Onlarim duosiz, g‘ash-xavotirda.
Yorug‘ tushlarimga solib asrayman
Onamli kunlarim yig‘ib xotirda.
Endi ko‘p boraman armon ko‘yida,
Haliyam kutguvchi bir bahonam bor:
Termilib o‘tgani – yo‘lning bo‘yida
Tuproqni yopinib yotgan onam bor.
U GUNOH QILDI,
Men… kechirdim uni,
O‘zim ham gunohkor bir banda dedim.
Kim bo‘libman, bundan battarlarini
Xudoyim kechirib turganda dedim.
Va bir kuni qaytar dunyo ro‘y berdi,
Lek yakunni aynan ko‘chirmadi u.
Azoblardan ko‘proq hayrat bo‘y berdi:
Xato qildim, meni kechirmadi u.
DEVORNING YORIG‘IDAN
SIZIB CHIQQAN QIZG‘ALDOQ,
Odamzod o‘lchovlarin buzib chiqqan qizg‘aldoq…
Bu devorga kimlar bosh urib, yorib ketmagan?
Bu devorning ortini kimlar ko‘rib ketmagan?
U boshlar hamon omon, unutilgan chorig‘i,
Paydo bo‘lgani qolmish devorlarning yorig‘i.
U boshlar yonginangdan ensa qilib o‘tadi,
Ehtimol seni ezib, yulib-yulib o‘tadi.
Sening umring bir mavsum, odamzod ne mavsumlik,
Mavsum almashgan sayin yitar ekan ma’sumlik.
U olis mavsumlarning sog‘inchisan, qizg‘aldoq,
Shabnam-shabnam yoshlarga yopinchiqsan, qizg‘aldoq.
Bu xarsang poydevorlar bir “Yoriltosh” ertagi,
Sen ehtimol kimningdir ko‘ylagining etagi?
Haqiqatlar yashirin, xil-xil ertak qoladi,
Bizda(n) qolsa oxiri senday chechak qoladi.
Devorning yarasidan sizib chiqqan qizg‘aldoq,
Kechmishlari dunyoni kezib chiqqan qizg‘aldoq…
“Jadid” gazetasining 2025-yil 16-maydagi 20-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



