21.05.2025 | 09:51
336
SHIYPON SUHBATLARI SOG‘INCHI
Said Shermuhamedov 1930-yil 12-mayda Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida tug‘ilgan. 1948–1953-yillarda Samarqand davlat universitetida ta’lim olgan. O‘qishni tugatib, ushbu universitet aspiranturasida tahsilni davom ettirgan.
Falsafa fanining dolzarb masalalari bo‘yicha 1960-yilda nomzodlik, 1974-yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 1994-yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining a’zosi etib saylangan.
Said Shermuhamedov o‘zining 60 yildan ortiq mehnat faoliyati davomida O‘zbekiston Fanlar akademiyasining falsafa va huquq instituti ilmiy xodimi, ilmiy kotibi, direktor o‘rinbosari, respublika maorif vaziri, Pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti direktori, O‘zbekiston Milliy universitetining kafedra mudiri kabi mas’uliyatli lavozimlarda samarali xizmat qilgan va yurtimizda falsafa faniga doir masalalarni ilmiy tadqiq etish, ijtimoiy-gumanitar fanlar yo‘nalishida yuqori malakali kadrlar tayyorlash ishida faollik ko‘rsatgan. Said Shermuhamedovning rahbarligida o‘nlab fan doktorlari va fan nomzodlari tayyorlangan.

Yozuvchi Anton Chexovga doir xotiralarda aytilishicha, kasbi vrach bo‘lgan iqtidorli bu ijodkor muxlislar, adabiyotshunos olimlarning: “Siz hikoyalaringizdagi ajabtovur personajlarni qayerdan topasiz?” degan savoliga hamisha: “Men ularni uyimga chaqirgan tanish-notanish mehmonlarim, bemor mijozlarim, ko‘chalarda sanqib yuradigan bekorchi so‘taklar, ichkilik desa, o‘zini tomdan tashlaydigan mazaxo‘raklar, qimorbozlar, yaqinlaridan qarz olib, qochib yuradigan valakisalanglar, davralarda qo‘r tashlab o‘tiradigan satang xonimlar orasidan qidiraman va, albatta, topaman”, der ekan. Ha, bu dunyoda kim nimani qidirsa, shuni topadi, kimni izlasa, unga ertami-kechmi, albatta, duch keladi.
Shahar adog‘ida joylashgan bu shifoxonada davolanayotgan taniqli yozuvchi, rassom, san’atkor, mashhur olim, qahramon yurtdoshlarimiz bilan ko‘p bor suhbatda bo‘lganman. Hovlidagi shinam shiyponda bo‘ladigan samimiy suhbatlar shaharda bir necha kun tayyorgarlik ko‘rib o‘tkaziladigan ijodiy tadbirlardan aslo qolishmaydi.
Yuz yoshlik umri arafasida olamdan o‘tgan Rahmonqul Qurbonovdan eshitganlarimning o‘zi katta bir kitob bo‘ladi. Bugun davolanishga borib, shu shiypon yonidan o‘tayotganimda uning o‘ymali ustunlari hozirgacha ustoz Said Ahmadning latifalari bois ko‘tarilgan qahqahadan titrab turganday tuyuladi. Erkin Vohidovdan eshitgan va yozib olganlarimning ko‘pini hali yuzaga chiqarganim yo‘q. O‘zi davolanayotgan, ammo uni ko‘rgani keladigan do‘stlarini o‘ylab, xonaga hamisha to‘y dasturxoni tuzab qo‘yadigan Murtazo Sultonovning hangomalari ham vaqti-soati bilan qog‘ozga tushishi kerak…
Taniqli faylasuf olim Said Shermuhamedov bilan birinchi marta shu shifoxonada uchrashganman. Qat’iyatli, fikri tiniq, mushohadalari bosiq-vazmin olim. Falsafa yo‘nalishida o‘sha yillar talabidan kelib chiqib, ko‘p olimlarga ustozlik qilgan. Ular orasida sadoqatlilari va bu masalada sal mundayroqlari ham bor. Domla bilan muolaja xonalarida uchrashib qolsak, yonlaridan odob bilan, salom berib o‘tamiz, navbat beramiz. Bir kuni Said aka yo‘lakda bu yerga tashqaridan taklif qilingan taniqli shifokorni kutib o‘tirgan ekanlar, men ham shu maqsadda edim, salomlashib, yonlariga cho‘kdim. Biroz gaplashganimizdan keyin u kishi: “Menga qara, yigitcha, sen televizorda olamda nima gapligini gapiradigan jurnalistmisan?” deb so‘rab qoldi. Bu gap qulog‘imga yoqimli eshitildi, “Ha” dedim. “O‘zimizdan ham sharhlovchilar chiqishi kerak-da, yaxshi, diksiyang durust”, dedi va darhol savolga tutdi: “Qayerliksan?..”
Shu suhbat bahona muolajalar navbatida gaplashib turadigan bo‘ldik. Oradan yillar o‘tdi. Said aka ulug‘ yoshga yetib, bu dunyoning ne-ne mansablari tashvishidan qutulib, shifoxonaning nafaqadagi faol mijozlaridan biriga aylandi, shundan keyin suhbatlarimiz shifoxona yo‘laklaridan hovlidagi bugun ham gavjum shiyponga ko‘chdi.
Bir shiyponiy suhbatimizda Said aka mening gazetada chiqqan maqolamga ko‘z tashlagan ekan, “Siz Chingiz Aytmatov bilan tanish ekansiz-da?” deb so‘rab qoldi. “Siz…” deganlaridan o‘ng‘aysizlanmadim. Chunki o‘shanda men bugungi oqsoqol Said Shermuhamedov bir vaqtlar yoshlik shiddati va shijoati bilan ishlagan, katta siyosat yo‘nalishlarini har jihatdan belgilab beradigan markazqo‘mga ishga o‘tgandim. Lavozim har qanday kamtarin kishiga ham ma’lum dadillik baxsh etadi. Savolga dadil javob berdim, Chingiz og‘a bilan qanday tanishganimni, qirg‘iz tilida ham gaplasha olishimni, adib publitsistikasi mavzusida ilmiy ish yozmoqchiligimni aytdim. Domlaning quyidagi so‘zlari hali-hanuz yodimdan chiqmaydi: “Bu yozuvchi uzoqqa boradi. Falsafasi chuqur, O‘zbekistonga mehri boshqacha. Dadilligiga qoyilman. Ilmiy ishni tezlashtiring, uka…”
Shundan keyin har yili bir marta, ba’zan ikki marta shu qadrdon shiyponda bo‘ladigan uchrashuvlarimizda bahs mavzusi ancha jiddiylashdi. Chingiz og‘a haqida ko‘p gaplashdik. Faylasuf olim Omonilla Fayzullayevning Chingiz Aytmatov bilan samolyotdagi suhbatini adabiyot gazetasida e’lon qilgan edik, Said aka o‘qigan ekanlar, bu suhbatni shiyponda o‘zimizcha davom ettirdik. Bir gal Said aka: “Ukajon, ilmiy ish nima bo‘ldi?” deb so‘radilar. Men beto‘xtov: “Yozyapman” dedim. Boshqa bir gal: “Chingiz Aytmatov publitsistikasi yaxshi mavzu, ammo uning falsafiy qarashlarini tanlaganingizda xo‘b ish bo‘lardi-da”, deb qoldilar. Shu taklif bahona suhbatlarimiz yanada jiddiylashdi. Men domlaga avvalgi e’tirofini eslatib, adibning xalqimizga alohida hurmati haqida batafsil so‘zlab berdim. Chindan ham, Chingiz Aytmatov O‘zbekiston haqida, xalqimizning yuksak aql-zakovati, tarixi, buyuk ajdodlardan qolgan boy ma’naviy-ilmiy merosi va kelajagi to‘g‘risida ko‘plab maqolalar yozdi, qadim o‘zbek madaniyatining O‘rta Osiyoga ko‘rsatgan ta’sirini ko‘hna Vizantiyaning qadim Rusga ko‘rsatgan ta’siri bilan qiyosladi.
Boshqa bir misol. 1990-yili O‘sh va O‘zganda qonli qirg‘in sodir bo‘lganida Chingiz Aytmatov ayrim adiblar singari o‘zini chetga olmadi. Mojarodan jafo chekkan har ikki tomonning dardiga darddosh bo‘lib, ular yonida turdi. Ikki turkiy qavmni to‘qnashtirish aslida kimlarga kerak bo‘lib qolganini kuyunib, ichki bir iztirob bilan tushuntirdi, radio va televideniyeda, chiqishlar qildi, matbuot sahifalarida maqolalar yozdi. “Biz tarixni qanchalar o‘zimizga ma’qul tomonga burishga urinmaylik, u hech qachon aslidagidan boshqacha bo‘lib qolmaydi, – deb yozgan edi u “Известия” gazetasida e’lon qilingan “Jahannam uzra qarg‘alar faryodi” maqolasida. – Milliy nizolar shunisi bilan qo‘rqinchliki, har bir taraf odamlar boshdan kechirayotgan azob-uqubatlarni faqat milliy belgiga ko‘ra, o‘z yo‘qotishlari va da’volariga ko‘ra qabul qiladi. Oqibatda, ko‘r-ko‘rona o‘ch olish istagi jo‘sh uradi, bu benihoya dahshatli bir yuqumli kasallik – nafrat vabosini urchitadi. Nafrat vabo kabi urchigandan so‘ng, xuddi tog‘dan tushgan sel oqimi yanglig‘, bir zumda asrlar davomida shakllangan aql-idrokni bosib-yanchib, surib ketadi. Xalqning fojiasi bu. Shunda qasos olishga intilgan taraflar o‘rtasiga tushgan har kim ular uchun ham, bular uchun ham dushmanga aylanadi. Bu endi yarashtiruvchining fojiasi”.
Said domla jo‘shib ketdilar, qo‘ldagi hassani yerga qattiq nuqib, “Ahmadjon, mana turkiy dunyo o‘g‘lonining falsafasi, mana, gap qayerda, e, otasiga ming rahmat, zo‘r gaplarni aytgan ekan…” dedilar.
Bu suhbat 2015-yilning kuzida – sihatgoh hovlisidagi daraxtlar sarg‘aygan barglarini birin-ketin to‘ka boshlagan, olmaxonlar qishga yegulik g‘amlashni boshlab yuborgan paytda bo‘lib o‘tgandi. Afsus, bu mening domla bilan so‘nggi suhbatim ekan. Keyingi yilning bahori o‘rtalarida ustoz olamdan o‘tdilar. Bu sovuq xabarni Said otani yaqindan bilgan uch-to‘rt kishi o‘sha qadrdon shiyponda eshitdik va qo‘limizni duoga ochdik.
Oxiratlari obod bo‘lsin.
Ahmadjon MELIBOYEV
“Jadid” gazetasining 2025-yil 16-maydagi 20-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



