27.05.2025 | 16:45
400
FIDOYILIK MEZONI
Dahbediylar
XVI asrda Samarqand yaqinidagi Dahbed qishlog‘i bu yerga Namanganning Kosonidan kelib, o‘rnashgan Maxdum A’zam Kosoniy – Dahbediy sharofatidan naqshbandiyaning yirik markaziga aylangan edi.

Urgutiylar
XIX asr oxirlari – XX asr boshlarida Dahbediy pirlarning muridi bo‘lgan bir avlod sharofati bilan Urgut tariqatning muhim manzillaridan biri sifatida nom qozondi. Urgutiy pirlar orasidan shunday bir sulola yetishib chiqdiki, bu oila a’zolari tariqatni otadan o‘g‘ilga o‘tkaza borib, o‘ziga xos bir zanjir hosil qildi. Zanjirning boshida Xoja Valixon Urgutiy turgan edi. Bu zot o‘z davrida “qutb uz-zamon” deya yuksak nom bilan sharaflangan. Tariqatga rahnamolik qilish Eshoni Valixondan o‘g‘li Eshoni Muhiddinxonga o‘tdi. Eshoni Muhiddinxon, ko‘p muridlari qatori, o‘g‘li Eshon Qutbiddinxonni tarbiyaladi.
Muslihiddin Muhiddinov – ana shu Qutbiddinxon eshonning o‘g‘li.
Urgutning Chorchinor mavzesida urgutiy pirlar tashabbusi va mablag‘iga avval cho‘bin, ya’ni sinchli, 1914-yili esa g‘ishtin madrasa ham qurildi. Hatto 1920-yili Buxoroda bolsheviklar bosqini yuz berib, u yerdagi barcha madrasalar faoliyati to‘xtatilganidan keyin shahri sharifning ayrim nufuzli mudarrislari shu madrasaga kelib, ta’lim berishni davom ettirgan.
Eshoni Valixon va uning nevarasi Eshoni Qutbiddinxon ana shu Chorchinor mavzesiga dafn etilgan. 2019-yili taniqli shoir, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Abduvali Qutbiddin ham ulug‘ bobolari yonidan abadiy qo‘nim topdi. Eshoni Muhiddinxon esa sho‘ro zamonida hajga ketish bahonasida yurtdan chiqib, o‘sha muqaddas zaminda vafot etgan.
Sharaf topgan shariflik
Mustaqillik yillarida bu ulug‘ oilaviy sulola a’zolari merosiga munosabat tubdan o‘zgardi. Tasavvuf vakillari, jumladan, urgutlik shayxlar merosini o‘rganish imkoniyati paydo bo‘ldi.
2001-yilning 9-martida Samarqand viloyati hokimining “Urgut shahridagi Chorchinor mavzesini obodonlashtirish haqida”gi qarori, 2001-yilning 14-martida esa ana shu qaror ijrosini ta’minlash bo‘yicha Urgut tumani hokimining qarori ham qabul qilindi. Urgutdagi Eshon Valixon hamda u kishining nevaralari Qutbiddin Muhiddinov dafn etilgan Chorchinor mavzesi obod qilindi.
2001-yil yozida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 10 yilligi munosabati bilan Samarqand viloyati, Urgut tumani hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Samarqand bo‘limi hamkorligida “Xoja Valixon va Qutbiddinxon eshonlarni Urgut yod etadi” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
2002-yil 14-iyunida Urgutning ana shu Chorchinor mavzesida Samarqand viloyati, Urgut tumani hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Samarqand bo‘limi, SamDU hamkorligida “Xoja Valixon va Qutbiddinxon eshonlarning ilmiy merosi va ma’naviyatimizda tutgan o‘rni” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi. Anjumanni SamDU professori, akademik B.Valixo‘jayev boshqardi. Samarqand viloyatining o‘sha paytdagi hokimi Sh.Mirziyoyev, Urgut tumani hokimi X.Nurullayev tabrik so‘zladi. Shu tariqa Chorchinor hozir mamlakatimizning muqaddas ziyoratgohlaridan biriga aylandi.
Kitob bitgan besh avlod
Urgutiy eshonlar sulolasida to‘rt avlod vakillari kitob bitgan. Bugungi kunda xalqimiz orasida sulolaning ketma-ket to‘rt vakili kitob yozgan boshqa bunday oila borligini bilmayman.
Urgutiy pirlar qalamkashlari sarhalqasi Eshoni Muhiddinxondan bizga tasavvufiy maktublar majmuasi meros bo‘lib qolgan. Bu maktublarning 35 tasi muridlari Abdulbarakot Abdulg‘afur ibn Abdullatif al-Yatim tomonidan jamlangan va unga yana 4 ta maktub ham ilova qilingan. Bu “Maktubot”i 2006-yili “Movarounnahr” nashriyotida ming nusxada bosildi.
Bu Eshonning o‘g‘illari – Qutbiddin Muhiddinov sulolaning ikkinchi kitob bitgan vakili. U kishi Tojikistonda ishlagan kezlari XX asr boshlarigacha bo‘lgan tojik tilining ikki jildli izohli lug‘ati bo‘lmish “Farhangi zaboni tojikiy”ni tuzishda faol ishtirok etadi. Ana shu moʻtabar lug‘atni tayyorlash ishiga yaqindan yordam berganlar safida Qutbiddin Muhiddinovning ham muborak nomi qayd etilgan.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Til va adabiyot institutida o‘tgan asr 60-yillarining o‘rtalarida “Tarixiy etimologik lug‘atlar” bo‘limi ochiladi. Olim shu bo‘limda umrining oxirigacha mehnat qilib, “Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati” 4 jildligining yuzaga kelishida o‘zining munosib hissasini qo‘shdi. Qutbiddin Muhiddinovning ana shu 4 jildli lug‘atni tayyorlashdagi xizmati mana bunday qayd etilgan: “Xamsa” asarining lug‘atini tuzgan, forsiy, arabiy so‘z, ibora va baytlarning izohi va talqinini bergan, “Majolis un-nafois”, “Lison ut-tayr” asarlarining lug‘atlarini tuzishda ishtirok etgan”. Olim 1971-yili, ya’ni 65 yoshida “Mirzo Muhammad Mahdixonning “Sangloh” lug‘ati (tadqiqot, sharh, tarjima va transkripsiya)” mavzusida filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya yoqladi.
Bu sohibi qalam “Qutbiy” taxallusi bilan o‘zbek va tojik tillarida she’rlar bitgan, ularning ayrimlariga kuylar ham bastalagan.
Urgutiy eshonlar sulolasining kitob bitgan uchinchi vakili – Muslihiddin Muhiddinov. To‘rtinchi vakil – uning ikki qizi. Badia Muhiddinova ham, Nazmiya Muhiddinova ham – filologiya fanlari doktori, SamDUda professor vazifasida mehnat qiladi. Eshoni Qutbiddinxonning Abdulmo‘minxon o‘g‘illaridan tug‘ilgan nevaralari bo‘lmish – taniqli shoir, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, “Do‘stlik” ordeni, Xalqaro “Oltin qalam” mukofoti sohibi Abduvali Qutbiddin (1960–2019) ham to‘rtinchi avlod vakili edi.
Qutbiddin Eshonning yana bir evarasi Umidullo Mahmudov – sharqshunos-manbashunos, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori. Boshqa bir evarasi Mavzuna Muhiddinova ham – olima, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori. U XVIII asr–XIX asrning birinchi yarmi Buxoro amirligi tarixi bo‘yicha mutaxassis hisoblanadi.
Ilm va arboblik
Muslihiddin Muhiddinov 1945-yili, 1941–1945-yillar urushi g‘alabasiga bor-yo‘g‘i 4 kun qolganida Samarqand viloyatining Urgut tumanida tavallud topdi. 1963-yili Toshkentda o‘rta maktabni, 1967-yili esa Qarshi davlat pedagogika institutining O‘zbek filologiyasi fakulteti kunduzgi bo‘limini imtiyozli diplom bilan tamomladi.
1967–1968-yillari Samarqand davlat pedagogika instituti O‘zbek adabiyoti kafedrasi kabinet mudiri, katta laboranti bo‘lib ishladi. 1968–1971-yillari Toshkent davlat universiteti O‘zbek filologiyasi fakultetining kunduzgi aspiranturasida ta’lim oldi. 1971–1983-yillari Samarqand davlat pedagogika instituti O‘zbek adabiyoti kafedrasiga ishga qaytib, o‘qituvchi, katta o‘qituvchi, dotsent, kafedra mudiri vazifasini bajaruvchi bo‘lib mehnat qildi. 1983–1985-yillari shu Institut o‘quv-tarbiyaviy ishlar bo‘yicha prorektori, sirtqi va kechki bo‘lim prorektori bo‘lgan. 1985–1992-yillari mazkur oliy ta’lim muassasasining O‘zbek adabiyoti kafedrasi dotsenti, professor vazifasini bajaruvchi lavozimlarida ishlagan. 1992–1998-yillarda Samarqand davlat universiteti O‘zbek mumtoz adabiyoti kafedrasi professori, 1998–2011-yillari shu universitetning ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha birinchi prorektori, rektori vazifasini bajaruvchi bo‘ldi. 2011–2015-yillarda shu ta’lim muassasasi O‘zbek adabiyoti tarixi, 2015–2017-yillari O‘zbek tili va adabiyoti, 2017-yildan esa Mumtoz adabiyot tarixi kafedrasi professori.
U prorektor bo‘lib ishlagan davrlarda SamDU amalda respublikamizning dolzarb ijtimoiy-siyosiy hamda ma’naviy-ma’rifiy mavzularda tez-tez Respublika ilmiy-amaliy anjumanlari o‘tkaziladigan ta’lim muassasalaridan biriga aylangan edi. Sohaning o‘sha yillari Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari o‘rinbosari bo‘lib ishlagan bir mutaxassisi sifatida domlani mamlakatdagi oliy ta’lim muassasalari ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha prorektorlarining eng peshqadami, ustozi, sardori deb bilar edim. Olim shu kasbning namunasini yaratgan edi.
Olim ‒ o‘zbek adabiyoti tarixi bo‘yicha yetuk mutaxassis, Samarqand adabiyotshunoslik maktabining faol davomchilaridan biri, ilm ahli orasida katta obro‘ga ega navoiyshunos, mamlakatimizda yuz berayotgan buyuk o‘zgarishlar, bunyodkorlik ishlaridan ruhlanib, uning mohiyati va ahamiyatini talabalar ong-tafakkuriga teran singdirish, ta’lim va tarbiyani uyg‘un holda olib borishni bosh vazifa deb biladigan faol jamoatchi va fan fidoyisi.
“O‘zbek klassik adabiyotida “Bahrom va Dilorom” hamda “Bahrom va Gulandom” siklidagi dostonlar (“O‘zbek klassik adabiyotida “Bahrom Go‘r” syujetining evolyutsiyasi”) mavzusida nomzodlik (1972-yil, ilmiy rahbar ‒ O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Gʻulom Karimov), “Alisher Navoiy va uning salaflari ijodida inson konsepsiyasi (“Xamsa”larning birinchi dostonlari asosida)” mavzusida doktorlik (1995-yil, ilmiy maslahatchi ‒ akademik Botirxon Valixo‘jayev) dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilgan.
Ustoz fan va ta’limning katta tashkilotchilaridan biri hisoblanadi. Uzoq yillar “Samarqand universiteti” gazetasiga muharrirlik qildi, SamDU qoshidagi nomzodlik dissertatsiyalari himoya etiladigan ixtisoslashgan kengashning avval ilmiy kotibi, keyinchalik raisi sifatida faoliyat ko‘rsatdi. 2017–2024-yillardan buyon SamDU huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash raisi sifatida ko‘plab filologiya fanlari doktori va filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajalarini olish uchun dissertatsiyalar muvaffaqiyatli himoya qilinishida bosh-qosh bo‘lib keldi.
M.Q.Muhiddinov ‒ sermahsul adabiyotshunoslarimizdan biri. 11 monografiya, 17 o‘quv-uslubiy qo‘llanma, 300 dan ziyod ilmiy-nazariy maqola e’lon qilgan. U o‘z tadqiqotlarida komil inson g‘oyasining mumtoz adabiyotdagi talqinlariga katta e’tibor beradi. Chunki olijanoblik, saxovat, shijoat, yaratuvchanlik va bunyodkorlikka asoslangan komil inson g‘oyasi istiqlolga erishgan mamlakatimizning moddiy-ma’naviy taraqqiyotini belgilovchi omil sifatida o‘rganilishi dolzarb masalaga aylandi. Bu borada olimning “Talqinlarda olamcha ma’no” (1984), “Barhayot an’analar” (1987), “O‘zbek klassik adabiyotida gumanizm masalasi” (1988), “Adabiy an’ana va ijodiy o‘ziga xoslik” (1990), “Ikki olam yog‘dusi” (1991), “Alisher Navoiy va uning salaflari ijodida komil inson talqini” (1999), “Xamsa”larning birinchi dostonlarida komil inson tasviri” (2001), “Gʻafur Gʻulomning poetik mahorati” (2003), “Komil inson – adabiyot ideali” (2005), “Nurli qalblar gulshani” (2007), “Navobaxsh hikmatlar” (2014), “Xalq kitoblari va mumtoz adabiyot” (2015), “Xamsa” dostonlarida komil inson tasviri” (ingliz tilida: “Perfect human concepts in the first novels of the “Hamsa”, GFR, “Lambert” nashriyoti, 2020), “Fors-tojik shoirlari ijodida komil inson talqini” (2020) kabi monografiyalari navoiyshunoslik va adabiyotshunoslik ilmi rivojiga munosib hissa bo‘lib qo‘shildi. Ko‘plab ilmiy va ilmiy-ommabop nashrlarga mas’ul muharrirlik qilgan yoki taqrizchi bo‘lgan.
Bu jonkuyar olim va pedagog “O‘zbekiston ovozi” va “Голос Узбекистана” gazetalari, “Imom al-Buxoriy saboqlari”, “Guliston” jurnallari tahrir hay’atlari, “Imom al-Buxoriy” xalqaro markazi Ilmiy kengashi, “Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligi, iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish hamda ijtimoiy taraqqiyotning ilmiy asoslari va amaliy yo‘nalishlari” fani bo‘yicha malakaviy imtihon komissiyasi a’zosi, SamDU huzuridagi pedagogik kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish mintaqaviy markazi attestatsiya komissiyasi raisi sifatida ham samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. U mamlakatimizda nufuzli ommaviy axborot vositalari, jumladan, O‘zbekiston milliy axborot agentligi, “O‘zbekiston ovozi”, “Yangi O‘zbekiston”, “Jamiyat” gazetalari, “Naqshbandiya” jurnali, “ZarNEWS” ijtimoiy tarmog‘ida dolzarb ma’naviy-ma’rifiy, g‘oyaviy-mafkuraviy mavzulardagi chiqishlari bilan keng ommani mamlakatimizdagi amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning faol ishtirokchisi, til va adabiyotga e’tiborli bo‘lishga, axloq-odob me’yorlariga, sog‘lom turmush tarziga amal qilishga, turli ma’naviy-mafkuraviy tahdidlarga, bilimsizlikka qarshi kurashga da’vat etib kelyapti.
Olim Davlat fan-texnika qo‘mitasining “Sharq mumtoz adabiyotida komil inson konsepsiyasi” (2001–2006), “Qo‘lyozma manbalarning milliy-ma’naviy va adabiy meros targ‘ibotidagi ahamiyati” (2007–2011), “Temuriylar davrida yaratilgan “Xamsa”larning komparativistik tadqiqi” (2017–2020) mavzularidagi grantlar sohibi va rahbari bo‘lgan. Mazkur grantlar doirasida hozirgacha respublikamizda va xorijda 5 monografiya, 1 maqolalar to‘plami hamda 32 maqola chop etildi.
U “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” (2016) faxriy unvoni, “El-yurt hurmati” ordeni (2020), “O‘zbekiston mustaqilligiga 15 yil” (2006), “O‘zbekiston mustaqilligiga 20 yil” (2011), “O‘zbekiston mustaqilligiga 25 yil” (2016) esdalik nishonlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sovg‘asi sifatida O‘zbekiston gerbi aks etgan oltin soat (2018-yil, 9-may), Samarqand viloyati hokimining faxriy yorlig‘i (2015), Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishoni (2022) bilan taqdirlangan.
Samarqandda adabiyotshunoslik maktabi
So‘nggi yuz yil mobaynida o‘zbek adabiyotshunosligi misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishdi. Poytaxt bo‘lganidan keyin, albatta, Toshkent adabiyotshunoslik maktabi – shubhasiz, bu sohada yetakchi mavqega ega. Ammo adabiyot ilmi mamlakatamizning barcha mintaqalarida izchil rivojlanib borayotibdi. Ular orasida Samarqand adabiyotshunoslik maktabi – alohida o‘rin va mavqega ega. Bunda Sadriddin Ayniy, Vohid Abdullayev, Botir Valixo‘jayev kabi akademiklarning hissasi katta bo‘lgan, albatta. Muslihiddin Muhiddinov ham – ana shu maktabning ko‘zga ko‘ringan namoyandalaridan biri. Samarqand o‘zbek navoiyshunosligi markazlaridan biri bo‘lib qolishida, ular qatori, bu olimning ham xizmatlari ‒ beqiyos.
Ustod rozi bo‘lsa, Tangri – rozi
Ustozimizning sakson yoshga to‘lgan muborak kunlarida bir narsani aytib o‘tish hech ortiqchalik qilmas. U kishi kaminaning “Lison ut-tayr”ning qiyosiy poetikasi: sintez, naziraviylik va tarjimaviylik” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasi(2023)ga ilmiy maslahatchilik, zavjiyamizning “Alisher Navoiy hamd va na’t g‘azallarining g‘oyaviy-badiiy tahlili” mavzusidagi falsafa doktori dissertatsiyasi(2018)ga ilmiy rahbarlik qildilar. Shu kunlarda kelinimiz Dildora Olimova u kishining ilmiy rahbarliklarida yozilgan “XI-XII asrlar o‘zbek she’riyatidagi munojotnoma va me’rojnomalarning adabiy-irfoniy tahlili” mavzusidagi falsafa doktori dissertatsiyasini kafedra muhokamasiga topshirdi.
Navoiy “Mahbub ul-qulub”da: “Shogird agar shayx ul-islom, agar qozidur, agar ustod andin rozidur – Tengri rozidur.
Bayt:
Haq yo‘lida kim senga bir harf o‘qutmish ranj ila,
Aylamak bo‘lmas ado oning haqin yuz ganj ila”, –
deb yozadi.
Yashirib nima qildim, hamma shogirdlari qatori, biz ham aziz ustozimizning roziliklaridan umidvormiz.
Ustozimizga muborak 80 yoshlari qutlug‘ bo‘lsin!
Alloh taolo umrlariga umr qo‘shsin!
Baxtimizga hamisha sog‘-omon bo‘lsinlar!
Sultonmurod OLIM
“Jadid” gazetasining 2025-yil 23-maydagi 21-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
606
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
604



