Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


13.04.2024 | 15:47

img473

MASH’UM DAVR MAZLUMALARI

Har bir millat va elatning o‘z tarixi bor. Tarix zamirida esa, milliy o‘zlikni anglash, qadriyatlarga hurmat, ajdodlar xotirasiga ehtirom tuyg‘usi mujassam. Sir emaski, mustabid tuzum davrida xalqimizning ana shu muqaddas tuyg‘usi toptaldi, tariximizni xolis o‘rganishga yo‘l berilmadi, milliy va diniy qadriyatlarimiz oyoq­osti qilindi.  Oktyabr to‘ntarishi oqibatida Turkistonda zo‘rlik bilan o‘rnatilgan sovetlar tuzumi o‘z hukmronligining dastlabki kunlaridan boshlab shu zaminda yasha­yotgan xalqlar boshiga qirg‘inlar, alamli kulfatlar yog‘dirdi. Shu bois Turkiston zaminining ilg‘or vakillari istiqlol, erk va ozodlik yo‘lida kurash olib bordi. Turli manbalarda ta’kidlanishicha, bu davrlarda 1 million 900 ming nafar turkistonlik xorijiy mamlakatlarga bosh olib ketishga majbur bo‘lgan, 1 million 700 ming kishi Sibir, Uzoq Sharq, Ukraina, Shimoliy Kavkaz, Ural, Qozog‘iston va Volgabo‘yi hududlariga badarg‘a qilingan. Buning ustiga, mustabid tuzum davrida bir necha bor amalga oshirilgan mash’um qatag‘onlar tufayli yana qanchadan-qancha begunoh vatandoshlarimiz azob-uqubatlarga duchor bo‘lishdi. Eng achinarlisi, ana shu jabrdiyda kishilar orasida ayollar ham bor edi. 1937-1938-yillarda qatag‘on bo‘roni avj olib, ming­lab vatandoshlarimiz mang­layiga “xalq dushmani” tamg‘asi urilgach, juda ko‘plab xotin-qizlarimiz ham aql bovar qilmas zulm va zo‘ravonlik qurboniga aylandi. Arxiv hujjatlarida shu choqqacha dur va marvarid shodalari be­zab kelgan nozik bo‘yniga qatag‘on qilichining o‘tkir tig‘i qadalgan yuzlab ayollarning ayanchli qismati haqida guvohlik beruvchi ma’lumotlar saqlanib qolgan. Ularning ba’zilari Tojixon Shodiyeva singari taniqli partiya va davlat arbobi bo‘lgani uchun, boshqalari esa Maryam Sultonmurodova kabi Germaniyada tahsil olgani bois “aksilinqilobchi” va “millatchi”, ba’zan esa “chet el razvedkasining josusi” degan kurakda turmas bahonalar bilan qamoqqa olingan. Bechora mazlumalar yo o‘sha kezlardayoq otib tashlangan, yoxud olis va sovuq o‘lkalardagi lagerlarga badarg‘a qilingan. Yana o‘nlab, va ehtimol, yuzlab ayollar “xalq dushmani”ga chiqarilgan, farzandi, eri yoki otasining “aksilinqilobiy, millatchilik faoliyati” haqida siyosiy idoralarga o‘z vaqtida xabar bermagani uchun hibsga olinib, mislsiz azob-uqubatlarga duchor qilin­gan. Shafqatsiz tergovchilar bunday sodda va mushfiq ayollarning ayb­siz ekanini bilsa-da, ulardan jigar­go‘shalarining dushmanlik fao­liyatini tasdiqlovchi dalillarni talab qilishgan. To‘g‘ri, bu ayollarning aksa­riyati 1939-yilda ozodlikka chiqa­rilgan. Shu bois ular rasman qata­g‘on qurbonlari hisoblanmaydi. Biroq ikki-uch yillab NKVDning qorong‘i va zax yerto‘lalari yoxud turmaning qo‘lansa hidli kameralari­da azob-uqubatda yashagan, qiy­noq­xonalarda eri va yaqinlarining dahshatli faryodlarini eshitib, yurak-bag‘ri tilka-tilka bo‘lgan, hatto ozod etilganidan keyin ham o‘zlariga nisbatan shubha-gumonlar, tahqir va haqoratlar hukmron muhitda yashagan bu ayollar aslida o‘sha davr­ning haqiqiy mazlumalari hisoblanadi.

Keling, shu o‘rinda ana shunday jabrdiyda ayollardan ayrimlarining nomini tilga olib o‘taylik.

Tojixon Shodiyeva – “Yangi yo‘l” jurnalining muharriri, sobiq Molotov (hozirgi Farg‘ona) tumani partiya tashkiloti kotibi;

Valentina Vasilyeva – O‘rta Osiyo davlat universiteti o‘qituvchisi, qatag‘on qilingan shoir Botuning turmush o‘rtog‘i;

Ketevan Islomova – Yengil sanoat xalq komissarligi iqtisodchisi, qatag‘onga uchragan Akbar Islomovning turmush o‘rtog‘i;

Kimyo Ashurova – uy bekasi, qatag‘on qilingan Tojikiston K(b)P MKning birinchi kotibi, asli farg‘ona­lik O‘rinboy Ashurovning turmush o‘rtog‘i;

Zaynab Hoshimova – uy bekasi, qatag‘on qilingan Otajon Hoshim­ning turmush o‘rtog‘i;

Rahbar Shermuhamedova – uy bekasi, qatag‘on qilingan Mirmus­lim Shermuhamedovning turmush o‘rtog‘i;

Antonina Karimova – uy bekasi, qatag‘on qilingan O‘zbekiston Xalq komissarlari soveti raisi Abdulla Karimovning turmush o‘rtog‘i;

Zinaida Rasuleva – uy bekasi, qatag‘on qilingan “Uzzagotxloptrest” tashkiloti iqtisodchisi Ali Rasulevning turmush o‘rtog‘i;

Basya Matqul – Germaniyada tahsil olgan kimyo sanoati xodimasi, qatag‘on qilingan Sulton Matqulning turmush o‘rtog‘i;

Elmira Islomova – uy bekasi, yer ishlari xalq komissari Rus­tam Islomovning turmush o‘rtog‘i;

Zuhra Tursunxo‘jayeva – uy bekasi, O‘zbekiston tashqi sav­do komissari Muhiddin Tursun­xo‘­jayev­ning turmush o‘rtog‘i;

Rahima Islomova – Samar­qand viloyati Mitan tumani yoshlar tashkiloti rahbari;

Hikmat Fitratova – uy bekasi, qatag‘on qilingan atoqli ma’rifatparvar adib va olim Abdurauf Fitratning turmush o‘rtog‘i;

Ashob Mirsharopova – uy bekasi, qatag‘on qilingan o‘zbek diviziyasi komandiri Mirkomil Mirsharopovning turmush o‘rtog‘i.

Ochig‘i, bu ro‘yxatni davom ettirishga kishining yuragi dosh bermaydi. Oilasiga, eriga sadoqati, farzand­lariga cheksiz mehr-muhab­bati uchun boshiga ayovsiz kulfatlar yog‘ilgan bu jabrdiydalarning achchiq qismati bugun har birimizga saboq bo‘lishi kerak. Shular haqida o‘ylaganda jonajon Vatanimizning istiqloli qanchalik aziz va qadrli ekani, hozirgi fayzli kunlarda O‘zbekistonda muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan ayol­larning qadri va hurmatini joyiga qo‘yish maqsadida amalga oshirilayotgan ezgu va xayrli ishlarning ahamiyati yanada kengroq namo­yon bo‘ladi. Ayniqsa, keyingi yillarda xalqimiz ozodligi, kelajak avlodlarning tinch va farovon hayotini ta’minlash yo‘lida mardona kurash olib borib, aziz jonlarini fido qilgan, mustabid tuzum davrida nohaq qatag‘on qilingan insonlarning sharafli nomlarini qayta tiklash, ularning faoliyati va merosini o‘rganish hamda targ‘ib etishga katta e’tibor qaratilayotgani kishini benihoya xursand qiladi. Mana shunday sharoitda yuqorida tilga olingan maz­luma ayollarning xotirasini e’zoz­­lab, ruhlarini shod ­etish sizu bizning zimmamizdagi bur­chimizdir.

Muqaddam USMONOVA,

Namangan viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyi ilmiy xodimi

“Jadid” gazetasi 2024-yil 15 -mart 12-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img606

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img604