05.06.2025 | 12:31
481
“2% SAVODXONLIK”YOXUD 100% YOLGʻON
Katta avlod vakillari ongiga singdirilgan: “…oktyabr inqilobigacha Turkiston aholisining atigi ikki foizigina savodli edi” mazmunidagi ma’lumot barcha maktab va oliy o‘quv yurtlarining darsliklariga kiritilgan edi. Bu katta yolg‘on ortida yana “…sovetlar Turkistonga madaniyat, ma’rifat olib keldi” degan iddao ham bo‘lardi.
Necha avlod shu yolg‘onlarga ishonib yashadi. Xonlik davrida qaysidir madrasani bitirib oxun darajasiga yetgan, bir emas uchta: arab, fors va turkiy tilni suvdek biladigan kishilar ham ularning nazdida “savodsiz”lardan hisoblanardi.

Negaki, ular kirill alifbosida o‘qish va yozishni bilmas edi-da!
Ammo boshqa haqiqatlar ham bor. Shu o‘rinda “sopini o‘zidan chiqarish”ga – da’vogarlarni o‘z tilidan tutish usuliga o‘tamiz. Qanday qilib deysizmi? Mana…
O‘tgan asrning elliginchi yillari oxirida nashr qilingan ko‘p jildli “O‘zbekiston SSR tarixi”ning ikkinchi qismi ikkinchi kitobining o‘ninchi bobida keltirilgan fakt va raqamlarga bir qur nazar tashlasak, sovet tarixchilari o‘zlarini o‘zlari inkor qilganligiga guvoh bo‘lamiz.
Ushbu bobning “Xalq maorifi” bo‘limidan o‘qiymiz: “Farg‘ona va Samarqand oblastlarida 1894-yilda 3498 maktab va madrasa bor edi.
1911-yilda ularning soni 57 protsentga ko‘paydi”. Bu degani – ushbu hududlarda o‘n olti yilda maktab va madrasalar soni deyarli olti mingga yetgan. Agarda har bir maktab va madrasada o‘rtacha 100 nafar (madrasalarda to‘rt-besh barobar ko‘proq aslida) bola ta’lim oldi, deb taqriban hisoblaganimizda ham olti yuz ming nafar bola savod chiqargani ma’lum bo‘ladi. Shu o‘rinda qadimdan “ilm va hidoyat markazi” deb tan olingan Buxoroda qancha maktab va madrasa bo‘lgani va ularda necha ming nafar yoshlar saboq olganligini o‘zingiz tasavvur qilavering.
Yoki sovetlar yana bir ma’lumotnomada rasman qayd qilganlariga ishonsak, 1917-yilgi inqilob arafasida o‘lkada to‘rt mingta eski maktab faoliyat yuritgan va ularda ellik mingdan oshiq bola tahsil olgan. Bular rasman aniqlangan maktablar. Bunga chekka hududlarda ilmli kishilar o‘z uylarida qo‘ni-qo‘shnilarning bolalari savodini chiqarishgani, shu jarayon qizlarga ham tatbiq qilinganini qo‘shib qo‘yamiz. Negaki, sovet bilimdonlari “oktyabr inqilobiga qadar Turkistonda xotin-qizlarning atigi 0.4 foizi savodli edi” degan bo‘lmag‘ur iddaoni ham uzoq yillar targ‘ibot bayrog‘i qilib kelishgan.
Xiva xonligi Chor hukumati tomonidan bosib olingan davrda hududda olti yuz ming kishi yashagan. Xonlikdagi aholi yashash manzillari ma’muriy jihatdan “machit (masjid) qavmi” ko‘rinishida yuritilgan. Aholidan soliq undirilishi bo‘yicha saqlanib qolgan hisobotlarda xonlikda mingdan ortiq machit qavmi bo‘lganligini ko‘ramiz. Birgina Xivada 220 masjid bo‘lgan. Shahar va qal’alardagi yirik madrasalarning har birida o‘rtacha yuz nafar toliblar saboq olgan bo‘lsa, masjidlar qoshidagi “eski maktablar”ning har birida 15–20 nafar bola savod chiqargan. Buxoro, Samarqand va Sharq shaharlaridagi mashhur madrasalarda tahsil olayotgan yoshlar ham talaygina edi. Bundan tashqari, eng chekka qishloqlardagi masjidlar qoshida o‘g‘il bolalar qatorida qizlar o‘qiydigan, savod chiqaradigan maktablar ham mavjud bo‘lgan. (Yurt tarixidan yaxshi xabardor Abdulla Qodiriy “Mehrobdan chayon” romanida kichik bir dahadagi masjid imomi oilasi misolida buni yaqqol ko‘rsatib bergan).
Shu raqamlarning o‘ziyoq chekka Xiva xonligida maorif tizimi manzarasini, ya’ni bolalarga saboq berishning o‘z davri uchun nisbatan ancha yuqori bo‘lganligini ko‘rsatadi.
Chor bosqini bois qanchalab masjidlar vayron bo‘lgani holatida el-ulus ta’limni biror on unutmagani, imkon topdi deguncha farzandlarini maktab va madrasalarga o‘qishga yuborganini yuqoridagi “57 foizlik o‘sish” yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Shu o‘rinda madrasalarda toliblarga islom ta’limoti, Quroni Karim, hadislardan tashqari handasa, jug‘rofiya, tarix va boshqa dunyoviy fanlar ham tizimli o‘rgatilgani ulug‘ allomalar qoldirgan yodnomalarda qayd qilingan. Aynan dunyoviy fanlar puxta o‘rgatilgani natijasida yurtimizdan jahon tamadduniga munosib hissa qo‘shgan buyuk daholar yetishib chiqqan.
Sovetlar targ‘iboti “biqiq muhit”, “johiliyat o‘chog‘i”, “qoloq o‘lka” kabi sifatlashlar bilan yomonotliq qilgan Turkistonda o‘n to‘qqizinchi asr ikkinchi yarmi va yigirmanchi asrning birinchi yarmi boshlanishida vujudga kelgan uyg‘onish jadidlar harakatining paydo bo‘lishi va keng yoyilishiga yo‘l ochdi. Jadidlar mustamlaka ostida qolgan o‘lkani ozod va obod qilish uchun avvalo maorifni rivojlantirmoq, dunyoviy ilmlarni o‘rgatmoq, yoshlar zehniyatida inqilob yasamoq lozimligini yaxshi tushunishgan va bor bilimi, sarmoyasini shu ezgu ishga sarflaganlar, ammo…
Yuqoridagi kitobdan o‘qiymiz: “…1890-yillarda Qo‘qon va Andijonda dastlabki yangi tatar maktablari vujudga keldi. Farg‘onada tatar o‘qituvchilari dastlab tatar aholisi yashaydigan joylarda yangi usul maktablari tashkil qildilar: bu maktablarda o‘zbek bolalari ham o‘qir edi…”
“…1893-yilda, o‘sha vaqtda temir yo‘lning oxirgi punkti bo‘lgan Samarqandga Qrimdan musulmon maktablarining “islohotchisi”, panturkist Ismoilbey Gasprinskiy keladi. U Buxorodan chaqirilgan “qobiliyatli to‘rt nafar yosh yigitga” tegishli ko‘rsatmalar beradi: ulardan biri o‘sha yili Samarqandda ochilgan yangi usul maktabida o‘qituvchi qilib qoldirildi.
Keyinchalik Gasprinskiy Samarqandda o‘zbek jadidizmiga aylanib ketgan harakatga asos soldi. …1908-yil u Buxoroga kelib ketgan”.
Jadidlik harakatining otasi Ismoil G‘asprali o‘lkamizga “yer osti boyliklarini izlab” emas, millatning kelajagini yaratadigan “oltin boshli yoshlarni” izlab kelgani o‘sha “qobiliyatli to‘rt yosh yigitga tegishli ko‘rsatmalar berganida” yaqqol ko‘rinadi.
1908-yilda Chor Rusiyasi Dumasi a’zosi Palen janoblari Turkiston o‘lkasini taftish qilish uchun keladi va barcha sohalarni sinchiklab o‘rganadi. Uning Dumaga taqdim qilgan bir necha ming varaqli hisobotining bir qismi aynan “o‘lkada keskin uyg‘onishga poydevor yaratayotgan yangi usul maktablari” haqida edi. Palen alam va ogohlantirish bilan yozadi: “Musulmon maktablarida yangi usulning tarqalish darajasidan o‘lka ma’muriyati va maorif boshliqlari tamomila bexabar bo‘lib chiqdi”. Uning hisoboti ko‘p o‘tmay o‘z natijasini berdi: 1910-1911-o‘quv yilida Turkistonda ellikdan ortiq yangi usul maktablari yopildi. Qarangki, o‘lka uyg‘onishiga qarshi shum reja tuzilayotgan 1910-yilning yozida birgina Toshkent shahrida beshta yangi usul, ya’ni jadid maktablari ochilgan edi.
Agarda yangi usul – jadid maktablari yopilmaganida o‘n yilning nari-berisida ularning soni bir necha barobar oshgan, hech bo‘lmaganda o‘lkaning yarim hududini qamrab olgan bo‘lardi.
Chor amaldorlari yangi usul maktablariga o‘zlarining rus-tuzem maktablarini qarshi qo‘yishdi. Bunday maktablarni ochishdan maqsad yerlik xalq farzandlariga bilim berish emas edi. Bu maktablarda asosan harbiylar va mustamlaka o‘lkaga turli sohalarda ishlash uchun yuborilgan boshqa millat vakillarining bolalari o‘qitilgan. Birgina misol: Petro-Aleksandrovsk (To‘rtko‘l) shahrida 1874-yilda tashkil qilingan ana shunday maktabni 1917-yilgacha 118 nafar o‘quvchi tugatgan bo‘lsa, ulardan atigi 17 nafari mahalliy millat vakillarining farzandlari bo‘lgan. O‘sha mahalliy millat vakillari orasidan birinchi marta Yevropada tahsil olgan Muhammad hoji Aminaddin o‘g‘li, Xivada toshbosma usulida kitob chop qilgan, “Otajon bosma” laqabi bilan tanilgan Otajon Abdalov va boshqalar yetishib chiqqan.
“Ikki foiz savodxon” deyilmish yolg‘onga qaytamiz. 1910-yilda Turkiston o‘lkasida yashagan aholi sonidan kelib chiqqan holda savodlilik darajasi miqdorini taqriban hisoblaymiz: sovet tarixchilari rasman tan olgan eski maktab va madrasalardagi o‘quvchi va toliblar soni bir yillik ko‘rsatkichda o‘rtacha olti yuz mingni tashkil etadi. Eski maktablar 4 yillik, madrasalar 7–10 yillik o‘quv dasturiga ega bo‘lgani inobatga olinsa, qirq yil, ya’ni bir avlod almashinuvi davrida ushbu raqam kamida uch-to‘rt hissa oshadi. Bu esa eng kamida ikki millionlik raqamni tashkil qiladi. U yoqda bolaligida savod chiqargan o‘rta va keksa avlod maktab yoki madrasani tugatgach, bir kunda “savodsiz bo‘lib qolmasligi”ni ham inobatga olsak… “o‘g‘ri bo‘l – insofli bo‘l” deyilmish otaso‘zimiz beixtiyor yodimizga tushadi – “ikki foiz” osmondan olingani ma’lum bo‘ladi-qoladi.
Oshkoralik davrida matbuotda e’lon qilingan ayrim tadqiqotlarda “ikki foiz savodxonlik”ni o‘sha vaqtda, ya’ni 1917-yilda rus tili va alifbosini bilganlarga nisbatan qo‘llanilgan bo‘lishi mumkin, degan taxminlar o‘rtaga tashlandi. O‘zlaridan so‘rasak, deganlaridek, 1910-yilda Chor imperiyasida aholining savodxonlik darajasi atigi 6.5-7 foiz atrofida bo‘lgan. Bu o‘sha vaqtda ilg‘or Yevropa mamlakatlariga taqqoslaganda eng past ko‘rsatkich deb topilgan.
Bu yog‘ini taqqoslash uchun kishiga oliy ma’lumot shart emas.
Ro‘zimboy HASAN,
jurnalist
“Jadid” gazetasining 2025-yil 30-maydagi 22-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
88
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



