Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 12°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


11.06.2025 | 17:10

img716

SENI YAXSHI KO‘RAMAN…

“Bugun xizmatga kelganimga ellik ikki kun bo‘ldi. Adashmasam, bu yettinchi maktubim. Hisoblab ko‘rsam, senga har hafta bitta maktub bitibman.

Sanobar! Bilasanmi, odamda esga olganda yurakni junbishga keltirguvchi ismlar bo‘ladi. Sening isming men uchun sof muhabbat va ulg‘ayishning ikkinchi nomidir. Bilaman, bu gaplarimga ko‘rsatkich barmog‘ing bilan kulgichlaringni ushlagancha kulyapsan. Shunaqa kulganing menga juda yoqadi. Men nimaki yozgan bo‘lsam, erinmasdan o‘qigin. Negaki, yuragim nimani buyursa, shuni yozmoqchiman.

Mendan sal narida turib xat yozadigan yigitning ismi Abror. Aytishicha, maktabda matematikadan “besh”ga o‘qigan ekan. Uning fikricha, dunyodagi har bir kalom hisob-kitobli. Kulgili-ya. Endi tasavvur qilib ko‘r. Sen kimgadir shirin gapirding-u, undan xuddi shunday munosabat kutsang. Yoki yana kimgadir “Siz zo‘r!” deb aytsang-u, u zo‘r bo‘lmasa-chi? Mayli, menimcha, Abrorning gapini bunday tushunmaslik kerak. Unda qanday, deysanmi? Qara, sen kimgadir yaxshilik qilsang, o‘sha odamdan qaytmasa-da, boshqa birovdan bu, albatta, qaytar ekan. Bunga ishonching komil bo‘lishi uchun qishlog‘imizdagi Kenja boboning hayotini gapirib beraman.

Kenja bobo urushdan yarador bo‘lib qaytadi. Esingda bo‘lsa kerak, Shodmonbibi momo aytib bergandi Meliboy boboning bog‘iga dovcha yegani kirganimizda. Esladingmi?

Bobo bir oyog‘ini begona yurtlarga “tashlab” keladi. Ketmonga kuchi yetgan qizmi-ayolmi, yoshmi-keksami – bari dalada. Boboning vijdoni kayvoni Soniya momoning surpasidek pokiza bo‘lgan. Shunday ko‘ngli toza bo‘lgan bobo ham qarab turadimi? U “Men qon kechib keldim, endi bir oyog‘imni uzati-ib yotishga haqqim bor, ukaarlar” desa, kim unga yurak yutib biror nima deyolardi? Yo‘q, bobo qo‘ltiqtayoqqa tayanib, ertadan kechgacha el qatori tinim bilmay ishlaydi.

Bir kuni rais:

– Kenjaboy, sen pochtachilik qilmaysanmi? – deb so‘raydi. – Shundog‘am qishlog‘imiz uchun katta ishlar qilding. Seni qiynab qo‘ymaylik yana…

Bobo pochtachi bo‘ladi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, butun qishloq onalari boboni ko‘rsa, xuddi dushmanni ko‘rgandek, oyoqlari qaltirab yuraklari to‘kiladi. Ayollar bir narsadan qo‘rqardi: qoraxat… Bobo ko‘cha boshida ko‘ringudek bo‘lsa, hozir qora sumkasini kovlaydi-yu, yigirma yil ko‘ksimda o‘sgan bolamni bitta xatga joylab, uyimni kuydiradi, deb qo‘rqisharkan. Bobo nima qilsin? Axir, odamlarning o‘zi shu ishga qo‘ygan-ku. U bir-ikki marta ishini tashlamoqchi bo‘ldi, biroq… Raisning yuzi issiqlik qildimi, jimgina ishlab yuraverdi.

Keyin bilasanmi nima bo‘lgan? Hech kimga xat kelmay qo‘ygan… Ha, shunday. To‘g‘ri, goh-gohida bitta-yarimta omonlik daragini beradigan nomani berib ketardi bobo. Eng qizig‘i, urushdan yigirma yil o‘tib, bobo bu dunyoni tark etganida odamlar uning sandig‘idan ikki bog‘lam xat topib olishgan. Ular, bilasanmi, bir necha o‘nlab kishining qoraxatlari bo‘lgan ekan. O‘sha qoraxatlardan biri otamning bobosiniki bo‘lgan. Hatto, boboning qishlog‘imiz onalariga yozgan maktubi ham topilgan. Esimda qolgani shu: “Agar onalar bir kun farzandi qog‘ozga aylanib kelishini bilganida, tug‘magan bo‘lishardi. Agar onalar farzand dog‘i yurakni teshib yuborishini bilganlarida turmushga chiqmagan bo‘lardilar. Men yomon yashadim. Ha, birovga yomonlik qilmasam-da, lekin yomon yashadim. Negaki, men ko‘z yoshlariga vositachi bo‘ldim”, deb yozgan ekan. Qolgani esimda yo‘q. Yaxshi eslasang kerak, bayramlarda Kenja bobo haqiga duo qilamiz. Bu unga onalarning marhamati, kechirgani, sen to‘g‘ri yashading, degani… Kenja boboni o‘yladim-u, Abrorning fikriga qo‘shildim. Balki sen ham ma’qullarsan…

Sanobar, momom haqida yozib, meni yana xursand qilding. Senga momom haqida bir gap aytib beraymi? U oilaning kenjasi bo‘lgan. Endi uchga kirganida yigirma ikkiga to‘lgan akasi armiyaga ketib, qaytmagan. Uni o‘sha yoqdan urushga olib ketishgan ekan. Momomning ota-onasi “Ana keladi, mana keladi”, deb bolasining diydorini qiyomatga qoldirib, bu dunyodan o‘tib ketgan. Shu fojia sabab momom, bilsang kerak, birorta farzandini qishloqdan chiqarmagan. Armiyaga borishga-ku, aslo unamagan. Shuning uchun barcha amakilarim bir mahallada yashashadi. Birovi uchuvchi bo‘lishni orzu qilgan ekan. Hozir ham aytadi. “O‘zim-ku, bo‘lmadim, lekin o‘g‘lim, albatta, uchuvchi bo‘ladi”, deydi. Bunga ham momom unamagan. Qishlog‘imizda bir kampir bo‘lardi. Ismi Anzirat. Shu momoning ikki uchuvchi o‘g‘li urushda samolyoti bilan portlab ketadi. Momo jinni bo‘lib qolgan ekan. Eri esa “Bir kuni bolalaring keladi, mana ko‘rasan”, deb uni ovutishga urinarkan. Sen bilan biz eslolmaymiz, aytishlaricha, mustaqillik bo‘lgan yili bayrog‘imiz naqshi tushirilgan samolyotlar qishloq tepasidan o‘tadi. Shunda bobo: “Kampir, bolalaring qaytdi”, deydi. O‘lim to‘shagida yotgan momo o‘rnidan turib osmonga qaraydi va ilhaqlik bilan “Qani, bolalarim, ular samolyot-ku”, deydi.

– To‘g‘ri, lekin ichida o‘zimizni bolalar-da, – deydi bobo. Momo yengil tin oladi va shu kecha omonatini topshiradi.

Buni sen ham eshitgansan, eslatganim sabab – shunga o‘xshash voqealar momomni qo‘rqoq qilib qo‘ygan. Axir, uzoq yillar qalbida saqlanib kelayotgan qo‘rquvni chiqarish oson emas-ku!

Momom mening xizmatga borishimga ham tish-tirnog‘i bilan qarshi bo‘ldi. Barcha amakilarim-u ammalarim oraga tushib, bir amallab ko‘ndirdik. Avvalgi xatingda momomning xursand bo‘lganini, hozir armiya yaxshi ekan, deb alqaganini yozganding. Shunisiga xursandman.

Sanobar! Yuragimda, butun jismimda olov bor. Bilasanmi, bu olov qachon paydo bo‘ldi. Qasamyod kuni. Ha, o‘shanda shapkamni tepaga otarkanman, xuddi yuragim osmonga chiqib ketadigandek hapriqar, yer-u ko‘kda yuraklar uchib yurgandek tuyulgan menga.

Seni tishing tushgan kundan boshlab yaxshi ko‘raman. O‘sha Yakkatol bog‘idagi yo‘lda qilingan orzudan boshlab yaxshi ko‘raman.

Avval tog‘ni, qishloqni, seni yaxshi ko‘rdim. Sen tufayli hayotni, dunyoni, yer-u osmonni yaxshi ko‘rdim. Hamma yaxshi ko‘rishlarim yig‘ilib-yig‘ilib ulkan muhabbatga aylandi.

Seni, meni, barchani kaftida ko‘tarib yurgan onajon zaminga, boshimizda quyosh nuri-yu yomg‘ir-qorini sochgan osmonga, shu zamin, shu samoga-da vatan bo‘lgan O‘zbekistonni yaxshi ko‘raman!

Sanobar! Men zo‘r odam bo‘ldim. Ha, yelkamda O‘zbekistonning kafti turibdi. Bu qo‘l yelkamda ekan, bu dunyoda mendan zo‘r odam yo‘q!”

Sanjar TURSUNOV

“Jadid” gazetasining 2025-yil 6-iyundagi 23-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img77

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img594

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img592