07.01.2025 | 15:22
556
KIM NIMANI YAXSHI KO‘RAR?
Ehtimol, bizning xalq ilm-u ma’rifatni, tarbiya va ta’limni, hunar va sanoatni yaxshi ko‘rar, deb o‘ylaydurg‘ondursiz? Yo‘q, bu fikringiz yonglish. Eshonlarimiz toat va ibodat, pand-u nasihat, zikr-u tasbeh o‘rnig‘a to‘ylardan to‘n kiyub, ko‘b oshab, ko‘p uxlashni yaxshi ko’rurlar. Ulamolarimiz dars-u ta’lim o‘rnig‘a, bir-birlari ila o‘run talashib, mukarrir va mudarris bo‘lishni, o‘zlari bo‘lolmay qolsalar, eshikma-eshik yurub saylovni buzishni yaxshi ko‘rurlar. Imomlarimiz, xaloyiqg‘a va’z va nasihat o‘rnig‘a, to‘y va janozalarda yurub, joma kiyishni yaxshi ko‘rurlar.

Boylarimiz orqa-o‘nglarig‘a qaramasdan, foyda va zararlarini oyirmasdan bir-birlarig‘a raqobat qilaman deb, “bonka” va “kridit”larini ko‘payturub, do‘ffilari tor kelganda rus va yahudiylarning mollarini bukub-sinishini yaxshi ko‘rurlar. Mo’ysafidlarimiz namoz va niyoz o‘rnig‘a, masjid eshigiga yig‘ilub o‘turub, har kimni g‘iybat va shikoyat qilishni yaxshi ko‘rurlar. Muallimlarimiz bir-birlaridan qizg‘onishub, bolalarni arzon o‘qitaman deb, bir o‘zlariga yuz, yuzdan ortuq bola yig‘ub, o‘zlari to‘y va ma’rakalarda bolalaming umrini bekor o‘tkarishni yaxshi ko‘rarlar.
Savdogarlarimiz: “To‘ylikni to‘yi o‘tar, to‘ysizni kuni o‘tar” degan so‘zga amal qilmay, qaysi mahallada to‘y bo‘lsa, dasturxonchilik qilishni yaxshi ko‘rurlar. Muazzinlarimiz azonni yaxshilab adoyi maxraj qilub aytishni o‘rganmay, bir joyda to‘y bo‘lub qolsa, “Falonchinikiga oshga-ho!” deb qiroat ila qichqirishni yaxshi ko‘rurlar. Do‘kondorlarimiz ishlarini tartib-la solmay, zamonag‘a muvofiq ish yuritmay, Mallaxon zamonidan qolg‘on eski do‘kon, eski tos, eski tartiblarini yaxshi ko‘rurlar. Onalarimiz bilim va tarbiya o‘rnig‘a erlari ila urushub-talashub qizlariga mol qilmakni yaxshi ko‘rurlar. Otalarimiz bolalarig‘a o‘qutmak va ta’lim bermak o‘rnig‘a “O‘g‘lum emdi kattakon yigit bolding, shuncha o‘quganing yetar, pul top!” – deb “tashishka” – hammollik qildirishni yaxshi ko‘rurlar. Kosiblarimiz bir-biridan mollarini arzon sotaman deb, tezgina yirtiladurgon, tikishlar undan urub, mundan chiqg‘on, suvni yetti chaqirim yerdan chaqiradurg‘on mahsi va etiklar tikub, sotishni yaxshi ko‘rurlar.
Zargarlarimiz yigirma tiyinlik kumush, o‘n tiyinlik tillo orasig‘a mum va saqichlar joylab, ismini qiz hayron, zebigardon qo‘yub, besh-o‘n so‘mga sotishni yaxshi ko‘rurlar. Tabiblarimiz dolchin, zanjabil, hubbul malik, filfil kabi bir necha attorni qutisida yo‘q narsalardan murakkab doru va ma’junlar yasab, bechora nodon xalqni pulini olishni yaxshi ko‘rurlar. Mashshoq va hofizlarimiz to‘y va bazmlarga bir mardakni(ng) ismini bachcha qo‘yub, o‘zlari ila barobar olib yurub, “milliy adabiyot” o‘rnig‘a “Xonim yalola, begim yalola” deb bachchaga tashlanayotgan pullarni bo‘lub olishni yaxshi ko‘rurlar. Savodxonlarimiz jarida va jurnallar, tarix va ro‘monlar o‘rnig‘a Daqyonus zamonidan qolg‘on, xurofotlar ila to‘lg‘on “Andog‘ urdilarki, gard-gard bo‘lub ketdi”, – deb loflar yozilg‘on kitoblarni og‘izlarini qufurturub o‘qumoqni yaxshi ko‘rurlar.
Yigitlarimiz milliy majlis va suhbatlar o‘rnig‘a to‘kma va samavarlarda, rasta va do‘konlarda o‘lturub, “Falonchining o‘g‘li xo‘b yaxshi bola bo‘lubdur, kecha falonchining mehmonxonasig‘a qamab, qiyqirtirub bazm qilduk. Emdi falonchining o‘g‘lini(ng) ham bir bazm qilsak, dunyodan armonsiz ketar eduk” deb, islomiyatdan uzog‘ insoniyat nomiga yarashmagan ishlarni qilmoq va so’zlashmoqni yaxshi ko‘rurlar. Yoshlarimiz ilm va ma’rifatli bo‘lishni, hunar, san’at o‘rgonishni o‘rnig‘a, o‘zlariga zeb berub tor shim ila kalta kamzul, qotirma yoqalarga bino qo‘yishni yaxshi ko‘rurlar. Ishchilarimiz ilm va hunardan mahrumligi sababli boshqa millatlar ilm-u ma’rifatlari soyasida kuniga 4–5 so‘m ishlab turgan bu zamonda kuniga uch tangag‘a mardikorlikni, oyig‘a o‘n besh so‘mg‘a qorovullikni, yigirma so‘mg‘a fanar yoqishni, o‘n so‘mg‘a ko‘nka yo‘lini tozalashni va shularga o‘xshash eng past va og‘ir xizmatlarni yaxshi ko‘rurlar. Bolalarimiz otalarimizning ilm qadrin bilmagan, ilm uchun pulni ko‘zlari qiymaganlik sababli o‘qumoq va o‘rganmoq o‘rniga “Oh pul, jonim pul”, – deb “tashishka” – hammollikni yaxshi ko‘rurlar. Muharrirlarimiz ko‘b-ko‘b oqcha olib, oz-oz yozishni yaxshi ko’rurlar. Mushtariylarimiz foydali maqolalar o‘rnig‘a xabarlarni yaxshi ko’rurlar. Dumalarimiz majlisga kelub, ustulga suyolub farog‘at qilub turg‘on vaqtlarida, bir tarafdan qattig‘roq tovush chiqsa cho‘chib uyg‘onishni yaxshi ko‘rurlar. Shoirlarimiz milliy she’r va adabiyot yozishni o‘rnig‘a muvashshahmi yoki “qoshingdan, ko’zingdan”, – deb, javonlarni maqtab fasod axloqg‘a sabab bo‘ladurg‘on she’rlar yozishni yaxshi ko‘rurlar. Ammo men bo‘lsam, hozirgi zamonda indamasdan turishni yaxshi ko‘rurman.
Abdulla AVLONIY
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
78
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
595
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
593



