13.04.2024 | 16:09
399
HAR BAHORDA SHU BO‘LAR TAKROR…

Ona zamin va tabiatga mehr-muhabbat, saxovat va muruvvat, bunyodkorlik va olijanoblik kabi xalqimizga xos ezgu fazilatlar eng qadimiy bayramimiz bo‘lgan Navro‘z timsolida asrlar davomida ulug‘lanib, sayqal topib kelmoqda.
Shavkat MIRZIYOYEV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
“Navro‘z” – yangi kun demakdir. Buni ko‘pchilik yaxshi biladi. Yangi kunda fasllar almashib, o‘t-o‘lanlar jonlanadi; dehqon ezgulik dalasi – otiziga umid urug‘ini ekadi; tabiat qo‘ynida halovat topadi. Yasharishni, beg‘uborlikni, yam-yashil o‘simliklar, sirli hayvonot va jamodot olami tarovatini san’atkorning ko‘zi ko‘radi; ta’sirini tarannum etadi.
Koshg‘ariy zamonidan hozirga dovur Navro‘zda “turli chechak ochilib”, atrofga “guldor gilam yoyiladi”. Mumtoz shoirlar tili va dilida yana bir tilak: “Ilohi har kuning Navro‘z bo‘lsun!” Dardli shoir Cho‘lpon ko‘klam uzra: “Ko‘klam bilan yurtimga ham bir ko‘karish kelsaydi, Ko‘ngillar ham havolardek ko‘klam hidi bersaydi, Dillarga ham havolardek ko‘klam ruhi kirsaydi!” deb pokiza orzularini sochadi.
Xalq ta’biricha “Navro‘zdan so‘ng qish, mezondan so‘ng yoz bo‘lmaydir”, “Yaxshi odam ko‘zidan, yaxshi yil esa Navro‘zidan” bilinadir. Odamlar qirlarga chiqib, sayllarda qo‘shiqlar kuylaydi, Sumalakni yalaydi. “Yomg‘ir-yog‘aloq”ning musiqasiga o‘ynaydi…
Bahor – uch yuz oltmish besh kunning bolaligi. Bolalikda soflik, tozalik, beg‘uborlik va go‘zallik mujassam. Inson yoshi o‘tgan sari bolaligini eslab qo‘msaydi, qo‘msab eslaydi. Biroq dunyoda na bir asbob-uskuna, na dastur va na bir tilsim o‘tgan kunni, aytilgan so‘zni ortga qaytaradi. Odam har yumushda jadallashib, imkon izlaydi, xayollari izmida ulkan rejalar tuzadi. Gohida “halokat bo‘lg‘usin bilmay qulochni katta” otadi… Oxiri tahrirsiz bitikka, manglayidagi yozuvga ko‘nikadi; shundan o‘zga iloj ham, yo‘l ham yo‘q. Dunyoda yurakka ezgulik olib kiradigan, ruhiyatni tozartiradigan, mudroq hujayralarni uyg‘oqlikka chorlaguvchi palla – bu bahor. Kun bilan tun tenglashgan bir fursat – yil boshida ko‘katlar jilmayadi, qirlarda qizg‘aldoqlar yal-yal yonadi, chuchmomalar qiqirlaydi, daryolar shovullab ashula aytadi, o‘riklar gullaydi – “Har bahorda shu bo‘lar takror” (H.Olimjon). Bunda har qanday odam bir lahza bolalikka qaytadi, zavqlanadi; hazin xirgoyisi beixtiyor otashin qo‘shiqqa aylanadi. Bahor har kimga belgidir bolalikni eslatadi; orastalik va go‘zallikdan saboq beradi. Bahor o‘z nomi bilan yangi kun – Navro‘z, erkin va ozod kun.
Men har bahorda yam-yashil maysalarga, g‘imirlab qolgan mitti qumursqa va hasharotlarga, juft-juft oppoq kapalakka, umuman, Yaratguvchining boshqa g‘aroyibotlariga yo‘liqqanimda negadir o‘zimni betakror san’at–naqshga duch kelgandek sezaman. So‘z bilan tuyg‘ular rasmini chizish, shoyista xayolga mahramlik, tafakkur mamlakatida tasavvur bilan bolalarcha chopqillab poyga o‘ynash, aniqrog‘i, lahzani abadiyatga muhrlash qo‘limdan kelmagach, oddiy, sodda bahoriy libossiz so‘zlar bilan g‘o‘ldirabgina qo‘yaman, xolos: Ko‘klam…
Navro‘z kunidagi tilak yangi, yaxshi, o‘lmas, ramzli, zavq-shavqli; tafakkur va tasavvurning chin so‘zi. Navro‘zning shukuhli kunlari – bepoyon osmondagi olamqo‘shar – kamalak – Hasan-Husaynning o‘q-yoyi; bamisoli yerni yorib chiqqan ko‘malak (qo‘ziqorin). Navro‘zning musaffo tonglari beshikdagi chaqaloqning ko‘zlaridek top-toza, oydin, ma’nili, yoniq, boshqacha… Darvoqe, iste’dodli bir shoir akamiz e’tifor etgan oyoq ostida sochilib yotgan she’riyat degani, ehtimol, shudir.
O‘rgimchak to‘riga ilingan bugungi ayrim odamlarning mudrayotgan sezimlari, uyqusiragan ko‘zlari bahor nafasidan, qushlarning chug‘ur-chug‘ur sasidan uyg‘otsa ne tong?! Navro‘zi ayyom o‘z nasimi, nafasi, yomg‘iri, yildirimi, qo‘yingki, butun tarovati bilan yuraklarni erkka, mehr-muhabbatga, muruvvatga, odamiylikka, yoshlikka, bolalikka oshno etadi.
Yangi kun – yangi tajribalar maydoni. Bu orombaxsh maydonda dehqon ham, bog‘bon ham, hokim bilan mahkum ham, o‘quvchi va o‘qituvchi ham, boringki, hamma istiqomat qiladi. Zotan, yangi kun – go‘shangaga kelin bo‘layotgan qizlar sepiga yordam uchun bir dona mayin patini atay osmondan tashlab uchgan qaldirg‘ochning ezgu niyatidek eng bebaho va eng umidli kun.
Bepoyon kenglikka qarab yo‘lga chiqqan Navro‘z rost kun, chin kun, toza kun, botir kun, sodiq kun, do‘st kun. “Ayamajuz olti kun – olti oy qishdan qatti(q) kun”. Bahor kelinchagi manglayida qish bo‘yi paxtali ko‘rpasiga burkangan kampir kunlar bilan talosh pallasi ham bor ekan-da! Gʻalaba nashidasi – yangi kunda. Aslida, ayamajuz shafqatsiz va yovuzdir. Gullagan og‘ochlar boshida yumrig‘ini do‘laytirib, do‘lbo‘ron-u qorbo‘ron dag‘dag‘asini qiladi u. Gʻaddor ayamajuzning tirnog‘i temir, nafsi balo, niyati tuz emas. Issiq o‘rnini haqdorga osongina berib qo‘ymaydi. Ayamajuz teshaga qurdosh, ketmonga bo‘ydosh, neki bor – barini yalang o‘ziga tortadi…
Ammo… Ahay-a-hay… Ahay-a-ha-hay…
Xalqimiz boshida qilich qayragan qaro kunlar, qish kunlar, kampir kunlarning ortda qolgani rost bo‘lsin. “Ko‘klam bilan yurtimizga ham bir ko‘karish” keldi; chin Navro‘zimiz o‘ttiz yoshdan oshdi.
Yana ko‘ngillardan rutubat ketdi,
Yana shu’lalardan qamashmoqda ko‘z.
Yana dildorlikning fursati yetdi,
Demak, Bahor keldi,
Kelmoqda Navro‘z!” (Abdulla Oripov).
Shoir aytmoqchi, Navro‘z kelmoqda. Bayramona tantanalarga shaylangan O‘zbekiston ahli bu ko‘rkam-ko‘klam bayramining shukuhini yurak-yurakdan sezib turibdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bu yilgi “Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida Yangi kunning: “Dunyoda murakkab vaziyat hukm surayotgan hozirgi tahlikali davrda Navro‘zning buyuk insonparvarlik mohiyati, o‘lmas g‘oyalari, odamzotni tinchlik va do‘stlikni qadrlab, o‘zaro ahillik va hamjihatlikda yashashga, hayotni yanada go‘zal va obod qilishga undaydigan bunyodkorlik ruhi va falsafasi yer yuzidagi turli xalqlarning olijanob intilishlariga ham g‘oyat uyg‘un va hamohangdir”, deya umuminsoniy mohiyatiga urg‘u beriladi.
Navro‘z tongi quyoshidan ko‘zlar quvonadi, ko‘ngillar shodlanadi. Bunday musaffo tonglar tavsifi uchun esa faqat go‘zal va rubobiy so‘zlargina munosibdir.
Bahodir KARIM
“Jadid” gazetasi 2024-yil 15-mart 12-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



