15.04.2026 | 13:52
885
QALTIS “SVETOFOR”LAR
BU POYGADA HAMMAMIZ OT CHOPTIRIB KO‘RGANMIZ
Ustoz Abdulla Orif: “Millat, bir qarasang, boboga o‘xshaydi, bir qarasang, yosh bolaga o‘xshaydi. Shuning uchun uni svetofordan o‘tayotganda, ehtiyot bo‘lib o‘tkazib qo‘yish kerak”, degandi hazil aralash. Farosat bilan qarasangiz, bizning chekimizga tushgan XXI asrning qaltis, chalg‘ituvchi “svetofor”lari ko‘p ekan. Ular har qadamda, har xil shaklda uchraydi. Bu svetoforlarning ba’zida qizil va yashil chiroqlari baravar yonib qoladimi-yey, ba’zida sariqdan boshqa chiroq yonmay turaveradimi-yey, xullas, chalg‘ituvchi holatlar ko‘p.
Xo‘sh, Abdulla Orif ramziy ma’noda aytgan svetofordan millatni kimlar o‘tkazib qo‘yishi kerak?

Birinchi navbatda bu ishga ziyolilar, davlat va jamoat arboblari, din peshvolari mas’uldirlar.
Biz qalamga tortgan mavzu yangi asr tuqqan muammo emas, balki necha-necha yuz yilliklardan beri kelayotgan, hali svetofor degan yo‘lko‘rsatkich haqida tasavvur ham bo‘lmagan zamonlarda paydo bo‘lib, millatni domiga tortgan, bizning asrimizga kelib, yanada “gurkirab” ketgan muammodir. Shuning uchun uni eskidan eski, yangidan yangi muammo, desak, xato bo‘lmaydi. Zero, bu masala allaqachon yangi yuzyillikning qaltis svetoforlaridan biriga aylanib ulgurdi.
O‘zbek jadidlari rahnamosi Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Bizni kemirguvchi illatlar” nomli maqolasi yozilganiga bu yil 110 yildan oshdi. Bu maqolada ma’rifatparvar bobomiz to‘y va ma’rakalardagi millatni tanazzulga eltadigan illatlar haqida bong urgan edi. Lekin o‘tgan shuncha yil ichida biz bu borada ortga chekinmadik, to‘xtovsiz poygalar girdobiga tushib qolib, faqat va faqat “oldinga ketdik”, bu olatasir kimo‘zarda hammamiz chempionlikni iddao qildik.
Ha, bu masalada hech birimiz, men chekkada edim, deb maqtana olmaymiz, chunki har birimiz bu poygada ot choptirib ko‘rganmiz. Hatto, ba’zilarimiz egnimizdagi yoqasi idragan ko‘ylagimizni almashtirmasak-da, ultoni yemirilgan poyabzalimizni yangilamasak-da, “o‘nta qo‘y nima bo‘ladi, olti yuz shisha aroq nima bo‘ladi”, deya dasturxonni daryo qilib to‘y qilganmiz.
Yaqinda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi yig‘ilishida muhim bir ma’lumot aytib o‘tildi: “O‘rganish va tahlillarga ko‘ra, 2024-yilda odamlarimiz to‘yxonalarda bo‘lgan to‘ylar uchun jami 30 trillion so‘mdan ko‘p mablag‘ sarflashgan. To‘y kortejlari, quda chaqiriq kabi boshqa qator tadbirlarning xarajatlari bunga kirmaydi”.
Albatta, hammani to‘yga yetkazsin! To‘y – tinchlik, farovonlik belgisi. Do‘st-u yorlar, jigarlarning qizg‘in diydorlashuv kuni, araz-ginalar unutiladigan kun. O‘zbek borki, farzandlarimning to‘yini ko‘ray, degan ezgu niyat bilan yashaydi. Bu yaxshi. Lekin ko‘pchigan dabdaba va as’asa, ahmoqona isrofgarchilik va topganini bir kunda shamolga sovurish kabi illatlar millat taraqqiyotiga salbiy ta’sir etmasdan qolmaydi. “Salbiy ta’sir” deb kitobiy gap qilmaylik, aslida, bu millatning oyog‘idan tortib, chohga sudraydigan illatdir.
Hoy-u havas va dabdabani ishlab chiqishda dunyoda bizga yetadigani yo‘q, bu ishda har birimiz “qudratli” bir fabrikaga aylanamiz. Har to‘yga, har ma’rakaga bir yangilik qo‘shmasak, ko‘nglimiz tinchimaydi. Bunday paytlarda otini to‘g‘ri yozolmaydigan go‘lvoylarimiz ham birdan kashshof bo‘lib ketadilar.
BIR KUNLIK TO‘Y VA TO‘RT YILLIK TA’LIM
Mayli, hali-beri hoy-u havaslardan tiyilishga ko‘zimiz yetmasa, hech bo‘lmaganda, yuqorida aytib o‘tilgan trillion-trillion mablag‘ning ellik foizini bolalarimizning ilm o‘rganishiga, fanga qiziqishlariga, ma’rifatli bo‘lishiga sarf qilaylik. Shunda ham ko‘p narsa yutamiz. Ota-ona uchun eng katta to‘y farzand kamoli emasmi, o‘g‘li va qizining oliy ma’lumotli bo‘lishi, olim bo‘lishi, el ko‘rguday oqil inson bo‘lib yetilishi emasmi? Albatta, bir kunlik to‘y, qanchalik dabdabali bo‘lsa ham, baribir, bu natijani berolmaydi. Aksincha, to‘y-u ma’rakalardan orttirib, farzandlarni hayotga tayyorlash, ilm-fanga tayyorlash, tarbiyalash uchun yillar davomida qilingan xarajatlar va harakatlar beradi bu natijani.
Ba’zan bitta dabdabali to‘yning puli o‘nta talabaning universitetdagi to‘rt yillik kontrakt pulidan oshib ketadi. Axir, dunyoni kaftdagiday ko‘rib turibmiz-ku, hayotni faqat ilm-fan, tafakkur o‘zgartirar ekan. Ilm rivojlanmagan joylarning odamlari hamon omochini sudrab yurgani ham ayon.
Hashamatli restoranlarda minglab odamlarni yig‘ib o‘tkazadigan katta-katta to‘ylar bilan millat bolalarining qaddini ko‘tarib bo‘lmaydi (garchi bu to‘ylar shu bolalar uchun qilinayotgan bo‘lsa ham). Allaqanday ko‘lmak davralarning xizmatchisiga aylanib qolmasligi, qaylardadir mardikor bo‘lib yurmasliklari uchun ularning tanglayini adabiyot bilan, manglayini ilm-fan bilan ko‘tarishimiz kerak. Farzandlarimizga mayda-chuyda hoy-u havaslar va o‘tkinchi dabdaba emas, ilm-fan qiziq bo‘lishi kerak. Ularni o‘zimizga o‘xshatib, soxta hashamatlarga o‘rgatib qo‘yishimiz – o‘zimizga choh qazish bilan barobar.
Endi quyidagi ma’lumotlarga diqqat qiling. 2024-yilda yurtimizda 271 ming 776 ta nikoh qayd etilgan bo‘lsa, ajrimlar soni 45 ming 135 taga yetgan, shundan 28,5 foizi 30 yoshgacha bo‘lgan shaxslar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Bir-ikki yilga bormay “aza”ga aylangan 45 mingdan ko‘p to‘y uchun necha sandiq pul ketgan. Qolaversa, 45 ming 135 ta buzilgan oilani bir joyga to‘plab, ularning holini tasavvur qilib ko‘ring. Qancha g‘urbat, qancha musibat…
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekiston bo‘yicha 95,3 mingta nikoh holatlari FHDYO organlarida qayd etilgan. Shu davrda 23 ming 300 ta ajrim bo‘lgan.
Bu ma’lumotlarga ko‘ra, bir yarim yil ichida 68 ming 435 ta oila buzilyapti. Bu raqamga sharh yozaman desangiz, bir kitob bo‘ladi. Lekin kichik bir mulohazani ta’kidlab o‘tish joiz. Bu buzilishlarning asosiy sababi hayotga yengil-yelpi qarash, ilmsizlik, saviyasizlik, fikrsizlik, quruq dabdaba-yu hashamatga o‘chlik, ma’nan ochko‘zlik kabi illatlardir.
Bir gal hayit kunida onasi qazo qilgan birodarimizning uyiga fotihaga kirib o‘tdik. Qaytib chiqishimizda, shu yerda turgan ikki-uch kishining: “Yaxshi ish bo‘lmadi. Falonchi onasining hayitiga qo‘y so‘yib, taom tarqatishi kerak edi”, degan gapini eshitdim. Holbuki, qo‘l uchida zo‘rg‘a kun ko‘radigan o‘sha “falonchi” yillab kasal yotgan onasini davolataman deb do‘xtirma-do‘xtir yugurib, bor-budini sarflab, qarzga o‘tirib, ham moli, ham jonidan ayrilib bo‘lgandi. Buning ustiga yetti, is, qirq kabi ma’rakalarini o‘tkazgan edi. Endi yana qo‘y so‘yib, pista-bodomli dasturxon yoysinmi? Bu kimga va nimaga kerak? Shuncha narsaning o‘rniga marhum uchun bir hovuch fotiha afzal emasmi? Bu masalada muhtaram din peshvolarimiz qattiq turishlari kerak bo‘lyapti.
Men bu o‘rinda to‘ylar va ma’rakalarga ketayotgan sarf-xarajatlar, uvol bo‘layotgan tonna-tonna noz-u ne’matlar, keraksiz ashqol-dashqollar-u paydo bo‘layotgan yangi, betayin rasm-u rusumlar haqida gapirib o‘tirishdan tiyildim. Chunki bu narsalarning shunchaki ro‘yxatini bersam ham, o‘n qog‘oz kamlik qiladi. Qolaversa, bu ro‘yxatni hammamiz yaxshi bilamiz, illo, har birimiz (shu jumladan, o‘zim ham) bu jarayonning ishtirokchisimiz. Chunki to‘y va ma’raka bizda katta oqimga aylanib bo‘lgan. Bu oqimga kirdingizmi, qanchalik qarshi suzmang, chiqib ketishingiz qiyin bo‘ladi. Xohlaysizmi-xohlamaysizmi, ko‘p keraksiz rasm-u rusumlarni bajarishga majbur bo‘lasiz. Shuning uchun bu oqimni faqat el bo‘lib birlashib to‘xtatish mumkin.
Pandemiya davrida 30 kishilik to‘ylarni ko‘rdik. Ba’zilarida men ham qatnashdim. 30 kishilik to‘y qilganlarning birovdan kam bo‘lib qolganini ko‘rmadik, obro‘siyam tushib ketgani yo‘q. Aksincha, katta to‘yga ketadigan pulga birovi kelin-kuyovga uy olib bersa, birovi farzandi uchun do‘kon ochib berdi, birovi bolasini xorijda nufuzli universitetda o‘qitdi. Shuni alohida aytib o‘tishim kerak, men taniydigan, ixchamgina to‘yi bo‘lgan o‘sha yoshlar baxtli bo‘lib ketishdi. To‘yi kichik bo‘lgani bilan nasibasi qisiq bo‘lmadi, aksincha, baxti butun bo‘ldi.
ME’YOR BUZILGANDA…
Gap kelganda, ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan har jihatdan ibratli bir voqeani havola qilib o‘tish joiz, deb o‘yladim. Germaniyaga o‘qishga borgan bir arab yigiti hikoya qiladi:
“Germaniya sanoatlashgan, o‘ta rivojlangan davlat. U yerda turli sohalarga oid mahsulotlarning eng saralari ishlab chiqariladi. Ko‘pchilik, bu mamlakat aholisi nihoyatda to‘kin-sochin, o‘ta dabdabali yashaydi, deb o‘ylaydi. Safarimdan oldin men ham shu fikrda edim. Hamburg shahriga kelib tushganimda, u yerdagi tanishlarim bir restoranda ziyofat uyushtirdi. Restoranga bordik. Qarasak, restoranda odam kam. Bir nechta yoshi katta ayollar bor, xolos. Bir chetdagi stolda yosh er-xotin o‘tiribdi. Oldilarida ikkita tarelkada ovqat va ikkita ichimlikdan boshqa narsa yo‘q. Biz ham bir stolga o‘tirdik. Qornimiz ochqab ketgandi. Shunga sherigim ko‘proq ovqatga buyurtma berdi. Restoran tinch ekan, ovqat ham tezda keldi.
Ovqatlanib bo‘lib, turib ketayotganimizda ovqatning yarmi tarelkada ortib qolgan edi. Restoran eshigiga yetib bormagan ham edikki, kimdir bizni chaqirdi. Qarasak, yoshi ulug‘ xonimlar restoran boshlig‘iga nimalarnidir uqtiryapti. Bilsak, bu ayollar stolda ko‘p ovqat qoldirib ketayotganimizdan norozi ekan. Sherigim: “O‘zimiz buyurtma bergan ovqat, pulini to‘lab qo‘ydik, sizlarga daxli bo‘lmagan narsaga nega aralashasizlar?!” dedi. Xonimlardan biri bizga qattiq g‘azab bilan qarab turdi-da, telefon oldiga borib kimgadir sim qoqdi. Ko‘p o‘tmasdan, rasmiy kiyimda bir kishi kirib keldi. U o‘zini Ijtimoiy ta’minot muassasasining zobiti deb tanishtirdi. Bizga 50 marka jarima soldi. Biz javob qaytarolmadik. Sherigim uzr so‘rab, 50 marka to‘ladi. Zobit samimiy ohangda: “Isrof bo‘lmasligiga ko‘zingiz yetgan taomga buyurtma beringlar, pul o‘zingizniki, lekin resurslar barchaniki. Dunyoda ko‘plab odamlar resurs, oziq-ovqat taqchilligiga duch kelmoqda, sizlar esa isrof qilyapsizlar”, dedi.
Biz rosa hijolatda qoldik. Uning gaplari haq edi. Sherigim o‘sha jarima qog‘ozini suratga olib, har birimizga esdalik sifatida bir nusxadan berdi. Biz bu qog‘ozni uvol va isrofning zararini doim eslatib tursin, deb, xonamiz devoriga osib qo‘ydik! “Pul o‘zingizniki, lekin resurslar barchaniki!” Alloh taolo marhamat qilgan: “Yeb-iching, (lekin) isrof qilmang! Chunki U zot isrof qiluvchilarni sevmas!” (A’rof, 31)”.
Butun olamni, koinotni ham, quyosh tizimini ham, Yer sayyorasini ham muvozanatda tutib turgan yagona bir qonun bor. Bor-yo‘g‘i bir so‘zdan iborat bu qonun – me’yor! Agar ularning harakat tezligida yo aylanishida, yo boshqa bir faoliyatida ozgina me’yor buzilsa, butun koinotga, buyuk tabiatga xavf-xatar soladi. Jamiyatda ham shunday. Har bir oilada ham, har bir odamning xatti-harakatlarida ham bu qonun ustuvor bo‘lishi kerak.
Zero, jamiyatimizdagi qaltis svetoforlardan biri dabdabali to‘ylar va ma’rakalarimizdir. Millatning bu svetofordan o‘tishida doimiy muammolar bor. Hatto, ba’zilarni “moshin urib ketgan”i ham rost.
Xullas, el-yurtimizni to‘ydan, shu bilan birga, me’yordan ham ayirmasin.
Eshqobil SHUKUR
“Jadid” gazetasining 2026-yil 3-apreldagi 14-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
77
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
594
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
592



