13.04.2024 | 16:44
287
OLAM TAROZISINING SHAYINI

Sharq donishmandligi azal-azaldan yovuzlikdan ezgulik, qorong‘ilikdan yorug‘lik, yomonlikdan yaxshilik, qattiqdan yumshoq kuchli va sabotli ekani borasida saboq berib keladi. Ko‘p yillik mustahkam daraxt keksalikdan darak bersa, endi ko‘klayotgan navnihol, yoshlik tantanasi o‘laroq, dovul-u bo‘ronlarga bardoshli ekani ayni haqiqatdir.
Ma’lumki, muvozanatini yo‘qotgan har bir narsa zavolga yuz tutishga mahkum. Tabiat ham shunga ko‘ra o‘z mutanosibligini saqlab, borlig‘-u olam shayinini to‘g‘rilagan holda uning manguligini ta’minlab turadi.
Shu kunlarda, kunlar tatti bo‘lib, maysa-giyohlarning qiyoq tillari toshlarni yorib chiqayotgan kezlarda bunga guvoh bo‘lasiz. Endi-endi ko‘zlarini uqalab uyg‘onayotgan mitti navbahorga esa qanchalik urinib-chiranmasin, zabtiga olmoqchi bo‘lmasin, g‘azab sochmasin, salobatli qishning kuchi yetmay qoladi. Tabiat mutanosibligi shunga ko‘ra borlig‘-u olam muvozanatini saqlab turadi – zamin-u ziroatni tark etmog‘i lozimligi-yu, bundan o‘zga iloj yo‘qligini hali anglab-anglamagan qahraton qishning shafqatsiz muzliklari ostidan boychechak bosh ko‘taradi. U elchi sifatida sepini yoyishga makon izlayotgan bahor nomidan salobatli qishga jasoratli noma yo‘llaydi. Maysa-giyohlarga, o‘t-o‘lanlarga, gul-chechaklarga endi uning hukmi o‘tmasligi borasida ogohlantiradi. Uning nomasi mazmuni yozilayotgan yaproqchalarida aks etadi.
Qïš yay bilä toquštï,
Qïŋïr közün baqïštï.
Tutušqalï yaqïštï,
Utǧalïmat oǧrašur.
Aytmoqdaki: Qish yoz bilan to‘qnashdi, ular bir-biriga yomon ko‘z bilan qarashdi, bir-birini tutish uchun yaqinlashdilar. Ularning har biri yutish va yengishni istar edi [Qish yoz bilan urushdi, bir-birlariga yomon ko‘z bilan boqishdi, tutishga yaqinlashishdi. Ular bir-birini yengishga intilishar edi].
Mahmud Koshg‘ariy sodda satrlarda ifodalagan tabiatdagi qish va ko‘klam munozarasi jamiyat taraqqiyotining asoslari haqidagi murakkab qarashlardan ham o‘git beradi. Zero, jamiyatda qarama-qarshiliksiz rivojlanish puch hisoblanadi.
Ulug‘vor tabiatda har narsaning o‘z o‘rni va vazifasi bor.
Bir kunda dunyoga kelib o‘sha kuniyoq zavol topadigan kapalakning “puf” desa uchib ketadigan chiroyli qanotlarida qanchalik kuch-qudrat mujassam? Biz buni bila olmaymiz, ammo tabiat bu par qanotlar silkinishidayoq borlig‘-u olamga ogohlikka da’vat etuvchi mujda yo‘llaydi. “Xaos teoriyasi”ga asos solgan amerikalik mashhur matematik va meteorolog Edvard Norton Lorenz “kapalak effekti” deb nomlagan tabiatdagi kichik bir harakat kutilmaganda xaos darajasiga olib keluvchi holatga aylanishi mumkinligini hech kim inkor eta olmaydi. “Amazon o‘rmonlarida bir kapalakning qanot qoqishi AQShda bo‘ron ko‘tarilishiga sabab bo‘lishi mumkin, – deya uqtiradi Edvard Norton Lorenz. – Boshqacha aytganda, bir kapalakning qanot qoqishi dunyoning yarmini aylanib chiqadigan dovulga sabab bo‘lishi mumkin”.
Yaqindagina bir tutam bo‘lgan kunlar shitob uzayib, hademay kun-u tun tenglashadi – ertasidan boshlab kun tundan uzaya boshlaydi. Mana shu oraliqda, mana shu mutanosiblikda Sharq xalqlari qadim-qadimdan bayram sifatida nishonlab kelgan Navro‘z – Yangi kun bo‘y ko‘rsatadi.
Navro‘z – tabiat mutanosibligi tarozisi shayini to‘g‘rilangan adolatli kun. U adolat timsoli. U oqni oqqa, qorani qoraga ajratadi. Endi dehqonlar bemalol bostirma ostidan ketmonlarini olishlari, o‘roqlarini charxlashlari, omochlarini aravalarga ortib dalaga chiqaverishlari mumkin. Endi qishning sovuq kunlari alday olmaydi, yerga sochilgan urug‘ nobud bo‘lmaydi. “Ey farzand, agar dehqon bo‘lsang, barcha dehqondin bilimliroq bo‘lg‘il va har bir ekinni eksang, vaqtidin o‘tkazib ekmag‘il. Agar vaqtidin o‘n kun burun ekkaning ikki kun vaqtidin so‘ng ekkanidan yaxshiroqdur. Hamma vaqt yerni tarbiyat qilg‘il, dehqonchilik peshasidin bahramand bo‘lgaysan”. Dehqonlar yaxshi bilgan bu ilmni XI asrda yashagan Kaykovus “Qobusnoma” asarida sabt etib qo‘ygani bejiz emas, u tabiat mutanosibligini anglamoqning moʻjizalari haqida saboq beradi. Dehqon sochgan urug‘idan ungan hosil bani bashar tirikligini ta’minlab turadi. Qushlar, qumursqalar rizqini teradi. Uning o‘ziga ham bir chimdim nasib etadi. Bu ulug‘ mutanosiblikdan tashqaridagi barcha voqea-hodisalar o‘tkinchi, gap-so‘zlar uydirmaga o‘xshab tuyuladi.
Bu kunlar hammaga ham nasib etmaydi. Aslida qahraton qish chillasi ham hikmatsiz bo‘lmagan. U hayvonot-u nabototning saragini sarakka, puchagini puchakka ajratgan holda hayot bardavomligining poydevorini yaratib qo‘ygan. Qish chillasidan omon-eson o‘tib kelganlargagina bu kunlar nasib etadi. Shunday ekan, uni yangi hayotga qiyoslash ham joiz ko‘rinadi. Navro‘z – Tabiat mutanosibligining yorqin ko‘rinishidir. Unga bag‘ishlab asrlar davomida ko‘plab she’rlar yozilgan. Har bayramda Navoiy boboning “Har tuning qadr o‘lubon, har kuning o‘lsun Navro‘z” degan niyatidan tortib Rabg‘uziyning “Kun hamalga keldi ersa keldi olam navro‘zi. Kechdi bahman zamhariri qish qolmadi qori bo‘zi” tavsifigacha virdi zabon qilinadi. Qo‘shiqlar kuylanadi: “Navro‘z kelibon jumlayi jahon nozlana, nozlana, nozlanajakdir, Oftob qizdirib, asta-sekin yozlana, yozlana, yozlanajakdir”. Asarlar bitiladi. Navro‘z shu ma’noda, bitmas-tuganmas ilhom manbayi. Zamonlar silsilasida Navro‘zni nishonlashni udumdan chiqarib yuborish uchun uning o‘rniga Navbahor ta’riflangan kezlarda ham Navro‘z Tabiat mutanosibligidagi o‘z o‘rnini yo‘qotmagan. Faqat Navro‘zdagina tun-u kun tenglashib, faqat Navro‘zdagina yangi kun boshlangan. Tabiat isbotlagan narsalar jamiyat yo‘riqlariga yurmaydi. O‘shanda ham qishdan omon chiqqanlar shukronalar qilishib, keksalar ko‘zlariga surgan gul-chechaklarni yoshlar boshlariga chambar qilib ko‘tarishgan. Shu ma’noda Navro‘z eng qadimiy va shu asno eng navqiron bayram sifatida takror-takror nishonlanishiga qaramay zavol bilmaydi, eskirmaydi, uning boqiyligini tabiatning o‘zi ta’minlab turadi. Tabiat o‘z mutanosibligini o‘zi himoya qiladi. Unda muhtojlik ehtiyojining o‘zi bo‘lmagani bois o‘zgalarga boqmaydi. U o‘ziga ishonadi. O‘z kuchiga ishonadi. O‘z yo‘lining to‘g‘riligiga ishonadi. Shu sababli, munosabatlarga qarab javob qaytarish burchini unutmaydi. Olamlarning yaratuvchisidan u shunday ko‘rsatma olgan. Unga chetdan daxl qilish fojiaga aylanadi. Unga amal qilmaslik mutanosiblikni buzadi.
Navro‘z – mutanosiblik bayrami.
– Qishlog‘imizning nomi Ko‘hrud, – deya hikoya qiladi tojig-u o‘zbek xalqlarining suyukli qo‘shiqchisi Jo‘rabek Murodov. – Ko‘h “tog‘” ma’nosini bersa, rud “soy” degani. Bolaligimizda Navro‘z kelishi bilanoq qishlog‘imiz aholisi o‘rtadan hayqirib oqayotgan soyning ikki tomonida turvolib, tarafma-taraf bo‘lib xalq qo‘shiqlarini kuylab, aytishuvlar qilishardi. Ularning ovozini o‘rtada soy yutib ketar, kuchli ovoz egalarigina olqish olishardi. Qishlog‘imizda azaldan amal qilib kelgan bu odat mening qo‘shiqchi bo‘lishimga kuchli turtki bergan.
Masxarabozlarga qiziq mavzu bo‘lgan, hozirgi paytda tovushlarni notaga solib, qo‘shiqqa aylantirib beradigan texnik imkoniyatlarning tabiat mutanosibligiga hech qanday aloqasi yo‘q. Xalq qalbidan o‘rin oladigan yetuk san’atkorlar yetishib chiqishi dushvorligi shundan bo‘lsa kerak. Tabiat bilan mutanosiblik insonlarni, jamiyat a’zolarini ham komillikka yetaklab, xaos hayotga mazmun bag‘ishlay olish qudratiga ega.
Navro‘z – mutanosiblik bayrami.
Tog‘-u toshlardan tortib dasht-u sahrolargacha bosh ko‘targan har bir giyohini asrab-avaylash savqi tabiiysi bilan u o‘z boqiyligini ta’minlaydi. Aks holda, shafqatsiz ravishda noroziligini bildiradi. Uning ogohlantirib tomoq qirgani soxta muqaddas narsalarni supurib tashlash qudratiga egaligi bilan ulug‘vor. Tog‘lar ko‘rki bo‘lgan archalar qurisa yoki kesib ketilsa buloqlar quriydi. Sababi, ular o‘z tomirlarida qish bo‘yi qor suvlarini yig‘ib turnako‘zli buloqlarga suv yetkazib beradi. Artezian quduqlar ko‘payishi hisobidan buloqlar-u chashmalarni boy bergan qishloqlar aholisi bolaligi go‘zal davrlarda o‘tganini armon bilan eslaydi. Ularga, ota-bobolaringiz sizlar kabi bo‘lmagan, degan gapni eslatmoqning qanchalik foydasi bor?
– Yovvoyi butalar, saksovullar kesib ketilishi bilanoq sahrolar o‘z farzandidan ayrilgandek g‘azab otiga mindi, – deb afsuslanadi ekologiya jonkuyari Anvarmirzo Husaynov. – Keyingi yillarda bizning Buxoroda cho‘llashish tezlashdi. Mana, turizm uchun nihoyatda yaxshi imkoniyatlar ochilmoqda. Ammo chang-to‘zon orasidagi qadimiy obidalar sayyohlarni nechog‘li o‘ziga jalb eta oladi? Ustiga ustak, shaharlarimiz ko‘chalarini bezab turgan asriy chinorlar kesilishi ahvolimizni yanayam tang qildi. Buxoroni qo‘ya turing, bugungi kunda poytaxtimiz Toshkent shahrida ham bu borada muammolar paydo bo‘lmoqda. Jamoatchilik vakillari, ziyolilar, yurtimiz kelajagiga befarq bo‘lmagan har bir fuqaro bu borada faolroq bo‘lishi lozim, deb o‘ylayman. Eng katta dushmanimiz – loqaydlik. Aholi o‘zi ko‘rib turgan, o‘zi hal etish imkoniga ega muammolarni ham qachon davlat hal qilib berar ekan, deb loqaydlik ko‘rsatishi tabiat mutanosibligini buzganidek, jamiyat uyg‘unligiga ham foydali emas.
Davlatimiz rahbari tomonidan so‘nggi yillarda imzolangan muhim hujjatlarning, qaror va farmonlarning ko‘pchiligi ona tabiatimizni asrash, yer usti va osti boyliklaridan oqilona foydalanish kabi masalalar yechimiga qaratilgan. Mamlakatimizdagina emas, Markaziy Osiyo mintaqasi uchun katta muammoga aylanayotgan suv bilan bog‘liq masalada joriy yil 5-yanvardagi “Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori “suv resurslaridan foydalanish samaradorligi va madaniyatini oshirish orqali aholi ongida shakllangan “suv – tekin” tushunchasidan voz kechish hamda suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini kengaytirilgan tartibda joriy etishni davom ettirish” maqsadini ko‘zlaydi. Buning nechog‘li dolzarbligini ona tabiatning o‘zi uqtirib turibdi.
“Ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivaliga o‘tgan yili dunyoning turli mamlakatlaridan har xil janrlarda yaratilgan filmlar yuborildi. Ular orasida fransuz kinoijodkorlarining mintaqamizdagi eng yirik Fedchenko muzligi mavzusidagi hujjatli filmi ham bor edi. Bu muzlikning tobora kamayib borayotgani mintaqa aholisigagina emas, butun dunyo ekologiyasiga nechog‘li ta’sir qilishi Yevropaning olis hududidagi fransuz kinoijodkorlarini tashvishlantirgani holda, boshqalarni qo‘ya turaylik, bizning ijodkorlarimizning o‘zi ham undan bexabarligini nimaga yo‘yishni bilmaysan kishi. Hatto, har yili mana shunday serxarajat tadbirlarni o‘tkazayotgan kinomiz mutasaddilari davlat byudjetidan milliardlab so‘m mablag‘ olgani holda, keyingi yillarda na suv, na tabiat, na-da hayvonotu nabotot va na-da tabiat mutanosibligi buzilishining halokatli oqibatlari haqida aholining ko‘zini ochadigan aqalli birorta, hatto qisqa metrajli film yarata olmagani achinarli holdir.
Navro‘z – mutanosiblik bayrami.
Soqoli ko‘ksiga tushgan otaxonning bahor kabi endi tetapoya qilayotgan nevarasi qo‘liga qalamcha ko‘chat berib, o‘z ortidan ergashtirishida qanday ma’no bor? Uning nigohida: “Bolam, biz barchamiz mana shu ona tabiatning farzandlarimiz, u bizni kiydirdi, yedirdi, chanqog‘imizni qondirdi, endi sen ham soxtakorlikdan yiroq bo‘l, shu mitti qalamchani o‘z vaqtida yer bag‘riga suqib, yurtingni yashnat, aks holda yoningda o‘z daraxting bo‘lmaydi, yolg‘izlanib qolasan, shamollar uvlagan to‘zonli dunyoda yolg‘izlanib qolishdan Yaratganning o‘zi asrasin”, degan ezgu tilak bor.
Otaxonning nigohidagi bu ifodalar bejiz emas. Chunki es taniyotganida unga ham bobosi xuddi shunday degan. Bu o‘git unutilmas. Hazrat Alisher Navoiy lutf etganlaridek:
Tabiatda har neki odat bo‘lur,
Chu eskirdi odat tabiat bo‘lur.
Ona tabiat hamisha o‘zini o‘zi yaratgan, tozalagan, yangilagan, borlig‘i olamning mangu muvozanatiga xalaqit berishi mumkin bo‘lganlarini chiqarib tashlab, tahrir qilgan va mukammallik shaklini olgan. Uning mana shunday evrilishlari davomidagi odatlari o‘zgarmas qonuniyat tusini olgan. Mangu tosh uzra qulog‘ingizni qo‘yib bir zum sukut saqlang, uning qa’rida siz mitti maysaning nechog‘li buyuk shiddatda to‘lg‘anayotganini tinglay olasiz, u uyg‘onmoq istaydi, tug‘ilmoq istaydi va ko‘p o‘tmay bu shiddatni tosh ham sig‘dirolmaydi, qiyoq til quyoshni ko‘zlab olamga bo‘y ko‘rsatadi. Uning qudratiga bas kela olasizmi? Uning qudrati bilan bo‘ylasha olasizmi? Albatta, yo‘q! Shunday ekan, unga quloq tutishga, uni hurmat qilishga, uni e’zozlashga majbursiz. Tabiatni ta’riflash emas, uni tushunish lozim. Shunda oqilona jamiyatni yaratishga ulush qo‘sha olasiz. Tabiat va jamiyat uyg‘unligi nuqtasini sizga Navro‘zi olam taqdim etadi. U – yuksak Qadr. Asrlar davomida gullab-yashnagan, o‘zligiga ega bo‘lgan, buyuk zotlarni ulg‘aytirgan jannat ma’voda sahroyi va badaviyga aylanish qismatidan Xudoning o‘zi asrasin. Buning uchun har giyohni sizlab, har maysaning qadriga yetmoq lozim. Atoqli shoir Gʻafur Gʻulom aytganidek:
Uzilgan bir kiprik abad yo‘qolmas,
Shunchalar mustahkam xonai xurshid.
Bugun sabza bo‘ldi qishdagi nafas,
Hozir qonda kezar ertangi umid.
Ha, bugun Navro‘z. Bugun qishdagi nafas sabza bo‘lib bosh ko‘tardi. U qalblarda umid uyg‘otadi. Shu aziz Vatanni obod, farovon qilish umidi. Zero, inson uchun bundan o‘zga buyuk saodat bo‘lishi mumkinmi? Aslo, yo‘q!
Shoyim BO‘TAYEV
“Jadid” gazetasi 2024-yil 22-mart 13-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
77
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
593
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
591



