Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 12°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


09.07.2025 | 09:22

img757

OLIM BO‘LSANG, OLAM SENIKI

O‘ttiz yildan ziyod umri dunyoning eng mashhur ilmiy markazlaridan biri – Dubna birlashgan yadro tadqiqotlari institutida (Rossiya) o‘tayotgan o‘zbek olimi, fizika-matematika fanlari doktori Avazbek Nosirovni olim sifatida emas, inson sifatida kashf etishga harakat qildik.

Avazbek Nosirov 1982-yildan buyon yadro-yadro to‘qnashuvidagi jarayonlar mexanizmi bo‘yicha ilmiy faoliyat olib boradi.

1987-yili Dubnada Birlashgan yadro tadqiqotlari institutida “Og‘ir ionlar bilan to‘qnashuv reaksiyalarida ko‘p nuklonli o‘tishlar” mavzusida nomzodlik va 2004-yili O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutida “Og‘ir ion reaksiyalarida ko‘p nuklonli o‘tishlar va qo‘shilish-bo‘linish jarayonlarini yarim mikroskopik tavsiflash usuli” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan.

Avazbek Nosirov chet ellik olimlarning eksperimentlari natijasini tahlil etishda ular bilan hamkorlik qiladi. Italiyaning Messina universiteti fizika fakulteti olimlari professor Jiorjio Jiardina, doktor Juzeppe Mandalio, Germaniyaning Yustus Libix universiteti olimlari, Janubiy Koreya, Xitoy, Hindiston olimlari bilan ham xalqaro hamkorlikda ishlaydi.

U dunyodagi eng nufuzli 20 ta ilmiy jurnalning retsenzenti. Olimning ilmiy kashfiyoti 62 yildan buyon dunyo fizik olimlarining yadrolar to‘qnashganda to‘la qo‘shila olmasligi haqidagi tasavvurini o‘zgartirdi.

U turli yadro fizikasi markazlarida olingan tajriba natijalarini o‘zimizning olimlar yaratgan nazariy fizika modeli doirasida tushuntirib bera oldi. Bu haqidagi ilmiy maqola 2023-yil bahorida fiziklarning nufuzli “Physics Letters B” jurnalida chop etildi. U Rossiyadagi Birlashgan yadro tadqiqotlari institutida 2023-yilning birinchi yarmidagi eng yaxshi nazariy maqola deb tan olindi.

Avazbek Nosirov har yili ikki marta O‘zbekistonga kelib, yosh olimlar bilan ishlaydi. U Birlashgan yadro tadqiqotlari institutining ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha 1992, 2004, 2016-yillardagi oliy mukofotiga munosib ko‘rilgan.

Katta arava qayerga yursa…

Otam uzoq yillar kolxozda rais bo‘lgan. Erta ketib, kech qaytsa-da, o‘qishimiz, xulqimiz, muammolarimiz haqida onamdan surishtirardi. Onam farosatli, tadbirli, murosali ayol bo‘lib, biror marta birovning ko‘nglini og‘ritganini eshitmaganman. Ammo tarbiya borasida qattiqqo‘l bo‘lib, kuchli intizom talab qilardi bizdan. Endi, o‘n ikki bolaning yettisi o‘g‘il bo‘lgandan keyin busiz bo‘lmaydi. Shuning uchun ham hammamiz maktabni oltin medal bilan bitirganmiz. Uy yumushlarini el qatori qilardik, shuning barobarida dars tayyorlash va kitob o‘qishga ham vaqt qoldirardi onamiz. Oilamizda ilmga, ilmli kishilarga hurmat kuchli, ota tarafdan ham, ona tarafdan ham bobo-buvilarim o‘qimishli, ziyoli kishilar bo‘lgan. Nazira buvim “Bolam, hali bir kuni kitob chiqarsang, bir chetiga mening ham ismimni yozib qo‘y”, derdi hazil aralash.

Otam rais bo‘lsa-da, o‘rtahol yashardik. U kishining hayotdagi halolligi va birovning haqidan hazar qilishiga havas qilardim. O‘zim ham ilmiy faoliyatimda shu ikki fazilatga amal qilishga harakat qilaman.

Buloqboshidan Dubnagacha

“Suyunchi” filmidan futbol chog‘ida deraza sinishi sahnalari esingizdami? Biz ham qo‘shni-qarindosh bolalar bilan to‘p tepib, necha marta deraza ko‘zlarini sindirganmiz. Ammo onajonim indamasdilar. U paytlar bola ko‘ngli moddiy matohlardan ustun turganmikan, deyman-da.

Xonamizdagi javonda Kaykovusning “Qobusnoma”si turardi. Bo‘sh qolsam kelgan joyidan o‘qib ketaverardim. Endi o‘ylab qarasam, o‘g‘il bolalar tarbiyasi uchun muhim bo‘lgan bu kitob tasodifan ko‘z oldimizda turmagan ekan.

Sakkizinchi sinfligimda ilk bor fizikadan olimpiadaga qatnashib, tuman va viloyat bosqichlarida 1-o‘rinni, Respublika bo‘yicha 3-o‘rinni egallaganman. Birinchi marta Novosibirsk shahrida o‘tkazilgan Butunittifoq fizika olimpiadasida faxrli o‘rinni egallaganimda onam judayam sevingan.

Bunda fizika o‘qituvchim Toshtemir Umarovning hissasi katta bo‘lgan. Har kuni darsdan keyin domlam bilan shug‘ullanardik, u kishi murakkab masala kitoblaridan foydalanishni o‘rgatardilar. Shu tariqa maktabni oltin medal bilan bitirib, imtiyoz asosida Toshkent davlat universitetining fizika fakultetiga o‘qishga qabul qilinganman.

Yoshlar va fizika

Hozirgi yoshlarning ayrimlari ilm olishning oson yo‘lini qidiradi, hech bir masala ustida uzoq bosh qotirmaydi, ma’ruzaga ham doskadagi tayyor yechimni rasmga tushirib olib tayyorlanadi, internetdan qidiradi, xullas, mehnat qilishga erinadi. Eng oqsaydigan tarafi: til bilmaydi, o‘rganishga harakat ham qilmaydi. Hammasi ham shunday emas, lekin shunaqalari ko‘pday ko‘rinadi.

Sakkizinchi sinfda Butunittifoq fizika olimpiadasi g‘oliblaridan bo‘lganim uchun meni Moskvadagi fizika-texnika institutining sirtqi maktabiga qabul qilishgan. Har chorak rus tilida fizika, matematika va geometriyadan nazorat ishlari jo‘natishardi. Boshida masalalarni tushunishga qiynalganman, keyin sekin-asta rus tilini mustaqil o‘rgandim.

Onamning ishonchi, alqashlari kuch berib, 1976-yili o‘qishimni ToshDUdan Moskva davlat universiteti fizika fakultetiga ko‘chirdim. Musofirlikda yurganimda doim o‘zimga o‘zim “Seni O‘zbekistonda ota-onang, ukalaring, qarindoshlaring, do‘stlaring kutishyapti, sendan umid qilishyapti”, deya dalda berardim.

Bugun ba’zilar chetga chiqsam maza qilib yuraman, nazorat bo‘lmaydi, o‘qishdan, ishdan ortganimda ayshimni suraman, deb o‘ylaydi. Ba’zilar shunday qiladi ham. Avvalo, odam o‘zini o‘zi nazorat qilishi kerak. Aql-hushi joyida, irodasi baquvvat odamga boshqaning tanbeh-tergovi kerak emas.

Talabalikda bo‘sh vaqtim bo‘lmasdi. Sport bilan shug‘ullanib, yugurar edim, qishda chang‘i uchardim. O‘sha paytda olingan hayotiy dinamika hali-hali davom etyapti. Atrofimdagi insonlarning, hamqishloqlarim va qarindoshlarimning menga bo‘lgan ishonchini oqlashga harakat men uchun doim motivatsiya beradi.

Bu intilishning mevalari juda ham shirin: avvallari natija a’lo baholar bo‘lsa, keyinchalik ilmiy maqolalar va yechilayotgan ilmiy muammolar, hozir esa men olib borayotgan tadqiqotlar natijalarining dunyo olimlari tomonidan tan olinishi va ularning hamkorlik takliflari, atrofimda ilmga chanqoq shogirdlarimning borligi va ularning muvaffaqiyatlaridir.

OILAM

Shu darajaga yetishimda ota-onamning tarbiyasi, mehri, tug‘ilib-o‘sgan muhitim, ustozlarimning beminnat xizmati bo‘lsa, keyingi hayot yo‘limda o‘zimni topishim, ilm qilishim, bu yo‘lda nimagadir erishishimda turmush o‘rtog‘im, oilamning o‘rni beqiyos. Chunki xonadonimdagi xotirjamlik, iliqlik, yorug‘ aura – hammasi ayolim Masturaxon bilan bog‘liq.

Olimning ayoli bo‘lish oson emas. Buning uchun sabr-toqat, bag‘rikenglik va oilaga cheksiz muhabbat kerak. Uyingizda har kuni janjal bo‘lsa, “Pul! Pul!” deb qosh chimirib, qovog‘i ochilmaydigan xotin ostonada kutib tursa, nafaqat ilmdan, balki hayotdan bezib ketadi odam.

Baxtimga borimga ham, yo‘g‘imga ham chidab, qo‘llab-quvvatlaydigan, ilm qilishimga sharoit yaratib beradigan ayol uchragan menga. Chunki arzimagan maoshga ko‘nish, ijarada yashash osonmas.

Ikkita o‘g‘lim bor. To‘ng‘ichim Behzodjon Jahon iqtisodi va diplomatiyasi universitetiga kirib Yaponiyaga grant yutdi va o‘sha yerga o‘qishga ketdi. Hozir Yaponiyada yashaydi. Kelinimiz Manatsu yapon millatiga mansub, ammo o‘zbekka o‘xshaydi, qadriyatlarimiz, e’tiqodimizni qabul qilgan. O‘zi ham, farzandlari ham o‘zbekchada binoyidek gapiradi.

Ikkinchi o‘g‘lim Nusratillo mening sohamda o‘qidi. Institutni bitirib, u ham xorijga ishga taklif qilingan.

Vatanga qaytish

1994-yildan Dubnada ilmiy faoliyat bilan bandman. Hanuz fuqarolik olish haqida o‘ylagan emasman. Bir yilda ikki marta xizmat safari bilan O‘zFA Yadro fizikasi institutida talabalarim bilan shug‘ullanib, ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib ketaman. Bu yildan boshlab ishlagan davrim uchun haq to‘lashyapti. Bu mamlakatimizda olimlarga nisbatan qarashlar o‘zgarganini, ilm qadrlanayotganini ko‘rsatadi, shuning uchun alohida ta’kidlayapman. Bu orada bir necha bor butunlay qaytib kelib ishlash taklifi tushdi. Biroq, o‘ylaymanki, men chetda ishlab, izlanib, xalqim uchun ko‘proq foyda keltiraman.

Bittagina armonim bor: ota-onamning xizmatida muqim bo‘la olmadim. Biroq qo‘limdan kelganicha duolarini olishga harakat qildim. Olamdan o‘tib ketishganiga ham ancha bo‘ldi. Doim teran nigohlarini his qilib turaman.

Anglab yetganim shuki, qayerda bo‘lmaylik, o‘z ilmimiz, o‘z hunarimiz bilan Vatan uchun, vatandoshlar uchun qo‘limizdan kelganicha naf keltirishimiz kerak ekan. Yurtga har kelganimda, bitta bo‘lsa-da, shogird tarbiyalab, ko‘nglida ilmga muhabbat uyg‘ota olsam, hech bo‘lmasa, fikrini o‘zgartira olsam, bu men uchun juda katta sharaf bo‘ladi.

Shahnoza ROFIYEVA yozib oldi.

“Jadid” gazetasining 2025-yil 4-iyuldagi 27-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img77

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img593

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img591