Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


21.07.2025 | 09:55

img966

AKA-UKANING AYANCHLI EGIZ TAQDIRI

Inson va jamiyat taraqqiyoti hech qachon oson kechmagan. Tarix tajribasi shuni ko‘rsatadi. Tabiiyki ijtimoiy o‘zgarishlar, ma’naviy uyg‘onish, hurriyat uchun kurash sinov-u imtihonlarsiz o‘tmagan. Erk osonlikcha kelmagan va yoki “oydan tushgan emas”. O‘z davrining yetuk olimi, shoir Rudakiy deganidek:

Bilki, qiyin hayot berur
tappa-taxt,
Fozillik, ulug‘lik,
mardlik hamma vaqt.

XX asrning 30-yillaridagi siyosiy qatag‘on davri ayni haqiqatni yanada yaqqol namoyon etadi. Biz esa mana shu hikmatni ma’rifat yo‘lida fidoyi ikki inson, ikki shaxsiyat – Ahmadjon va Abdushukur Hakimov hayot yo‘li misolida anglashga urinamiz. Quyida esa ularga “qiyin hayot bergan mardlik”dan so‘zlaymiz.

Ahmadjon Hakimov 1903-yili Andijon viloyatining Suvyulduz qishlog‘ida dunyoga kelgan. U zamonasining ilg‘or fikrli, ma’rifatga oshno, madaniyatli va e’tiborli kishilari qatorida turgan oilada voyaga yetdi. Bu oila nafaqat moddiy jihatdan farovon, balki ma’naviy jihatdan ham to‘kis bo‘lib, farzand tarbiyasiga katta ahamiyat qaratardi. Shu bois, farzandning bilimli, keng dunyoqarashli va elga nafi tegadigan shaxs sifatida ulg‘ayishi oilada tabiiy hayot tarzi edi.

Garchi biz hozir bir oilada o‘sgan ikki shaxsiyat to‘g‘risida hikoya qilyapmiz, biroq ularning taqdir hikoyatida go‘yo ikki alohida kitobni varaqlayotgandek bo‘lamiz.

Ahmadjon bolalikdan xat-savodli bo‘lish, bilim olish, o‘zidan ko‘ra ko‘proq o‘zgalar kelajagini o‘ylashga moyil ulg‘aydi. Bola tabiatida avvalboshi ma’rifatparvar muhit ta’sirida shakllangan bu ezgu qadriyatlar bora-bora uning ta’lim va jamoat faoliyatida ham aks etmay qolmadi.

Jadidlik davridagi aksar ma’rifatparvar boy xonadonlar kabi Hakimovlar oilasi ham  ijtimoiy o‘zgarishlarga, yangi g‘oyalarga ochiq edi. Oqshom chog‘lari oila a’zolari to‘plangan paytlarda yangi usul maktablarining ahamiyati, jadid ziyolilarining faoliyati, turkiy olamda kechayotgan ijtimoiy va madaniy jarayonlar haqida qizg‘in munozaralar bo‘lar, gazeta va jurnallar muntazam o‘qilardi. Bu esa o‘z-o‘zidan yosh Ahmadjonda ertaroq savod chiqarib, suhbat mag‘zini chaqishga zo‘r ishtiyoq uyg‘otardi.

Ahmadjon Hakimov ilk savodni o‘sha davrdagi ko‘plab o‘zbek bolalari singari mahalliy qorixonada chiqaradi. Qorixona an’anaviy ta’limning ilk bosqichi sifatida xizmat qilgan bo‘lsa-da, qahramonimiz hayotidagi hal qiluvchi burilish bu emas, boshqa – “Vatan” nomli milliy maktab bilan bog‘liq bo‘ldi. Bu maktab o‘sha zamon uchun juda ilg‘or bo‘lib, unda darslarni Turkiyada harbiy va ma’rifiy tayyorgarlik ko‘rgan turk ofitserlari olib borishardi.

“Vatan”dagi tahsili davomida Ahmadjon ta’lim orqali millatni uyg‘otish, madaniyat orqali mustamlaka tizimiga qarshi turish, hurriyat uchun o‘ta muhimi, avvalo, bilim ekanini anglay bordi. 

1920-yillar boshlarida Ahmadjon o‘qishni davom ettirish uchun Kavkazga – Ganja shahriga yo‘l oladi. Turk ziyolilarining ta’siri uning shaxsiyatida chuqur iz qoldiradi. Ana shu ma’naviy ta’sir natijasida Ahmadjon o‘z familiyasini ilm va ma’rifat merosini davom ettiruvchi shaxs sifatida “Hakimzoda”ga o‘zgartiradi.

Bu daf’a Andijondagi “Milliy ittihod” tashkiloti Kavkazda ta’lim olayotgan Ahmadjon Hakimovni moddiy jihatdan ta’minlab turardi. Ta’minot ishlarida, ayniqsa, Vaqf bo‘limi raisi Qorizoda Nasriddinning o‘rni benihoya katta edi. Uning ko‘magi Ahmadjonning ta’lim yo‘lida uzluksiz ilgarilashiga yo‘l ochib, yanada ulkan maqsadlar sari yetaklardi.

Ganjadagi o‘quv muhiti esa milliy va islomiy qadriyatlarga sodiq, bir vaqtning o‘zida zamonaviy bilimlar va fikrlar bilan boyitilgan bo‘lib, bu yerda yuksak ma’naviy salohiyatga ega ziyolilar tarbiyalanardi. Ahmadjon aynan ana shu muhitda yetuk shaxs sifatida shakllanishda dastlabki mustahkam qadamlarni tashladi.

Ganjada olgan ilk tajribasi va ilmiy asoslarini yanada mukammallashtirish niyatida u keyinchalik Boku shahridagi pedagogik texnikumga o‘qishga kiradi. Bu dargoh Ahmadjon Hakimovning shaxs sifatida to‘liq shakllanish jarayonini yana bir pog‘ona yuqorilatganini ko‘ramiz.

Boku o‘sha paytda jadidlik va turkiy uyg‘onish g‘oyalari keng tarqalgan, ma’rifat va yangilanishga chanqoq yoshlar jamlangan markazlardan biri edi. Turgan gapki, bu zamin ko‘plab yoshlar qatori Ahmadjonni ham ma’rifatparvar shaxs sifatida kamolga yetkazdi.

Endi u nafaqat ta’lim sohasida, balki jamiyatdagi faolligi bilan ham ko‘zga tashlana boshladi. Xususan, “Milliy ittihod” tashkiloti faoliyatida uning ishtiroki sezilarli darajada kuchaydi. Bu tashkilot atrofida Fayzulla Sultonov, Sharifjon Rizayev, Sobirjon Sharipov kabi o‘sha davrning taniqli, faol va ilg‘or yoshlari to‘plangan bo‘lib, ular milliy mustaqillik, ma’rifat va erkin fikr g‘oyalarini umumiy maqsad sifatida olg‘a surishardi.

Ahmadjon uchun ushbu davr tom ma’noda tafakkur rivoji pallasi bo‘ldi. Har bir muloqot, har bir muhokama uning millat va kelajak haqidagi qarashlari, qayg‘urishlarini mustahkamlay bordi. U suhbat va uchrashuvlarda sovetlar olib borayotgan siyosatga qarshi norozilik kayfiyatini qat’iy bildirib borardi. Jumladan, u shunday fikrni aytadi: “Biz davlatga bir kilogramm paxtani bir rubl o‘ttiz tiyinga topshirmoqdamiz. Avval inqilobga qadar bir so‘mga 3 arshin mato sotib olish mumkin bo‘lgan bir metr matoni 3 rubldan sotib olmoqdamiz. Avvalari inqilobga qadar bir rublga 3 arshin mato olish mumkin edi. Bir kilogramm ipakni 7 rubldan topshirmoqdamiz, o‘zimiz esa ko‘ylak yoki choponni 70–100 rubldan sotib olmoqdamiz, ba’zida esa bu matoni topib bo‘lmaydi. Bug‘doyga kelsak, ilgari bug‘doy ko‘p bo‘lgan, ammo hozir kolxozchilar bug‘doysiz, unsiz o‘tirishibdi, ular ishlarini tashlab, bug‘doy izlashga ketishmoqda”.

Ahmadjon Hakimov oldiniga otasi, 1925-yilda onasi vafoti tufayli moddiy yetishmovchilik girdobida qoladi. Bokudagi o‘qishini tashlab, Andijonga qaytishga majbur bo‘ladi. Lekin yuzaga kelgan sharoit uning faolligini zinhor susaytirmaydi, aksincha, u o‘zini aynan yo‘qotishlarda, qiyinchiliklarda topa boshlaydi. Qaytgani hamono viloyatdagi jamiyat ishlariga bel bog‘laydi. Avvalo, xalq ta’limi sohasida ish boshlab, 1925–1931-yillarda o‘qituvchilik bilan shug‘ullanadi.

Keyinchalik Izboskan tumani xalq sudi raisi (1931-1932) lavozimida ishlab, qishloq aholisining ijtimoiy, ma’naviy muammolariga huquqiy yechim topishga harakat qiladi. Sud muhitini ta’lim, tushuntirish va adolat mezonlari asosida boshqarishga urinadi. Yangiqishloq hududidagi kolxozda rais o‘rinbosari (1933-1936) sifatidagi faoliyati ham shu ruhda kechadi: u oddiy ishchi, dehqonlar bilan samimiy muloqotda bo‘lar ekan, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Ahmadjon Hakimovning faoliyati, ayniqsa, uning ta’lim va huquq sohalaridagi qarashlari joriy tuzum manfaatlari bilan keskin to‘qnashadi. U boy tabaqaning bilim, madaniyat va iqtisodiy tajribasini jamiyat taraqqiyotiga xizmat qildirish zarurligini bot-bot ta’kidlar ekan, bila turib boshini kundaga qo‘yadi.

Burxon Mashrabiy, Hasanxon Niyoziy, Ibrohim Eshonxo‘jayev kabi taniqli jadid ziyolilari bilan doimiy muloqotda bo‘lishi qahramonimizni sovetlar nazdida kun sayin shubhali shaxsga aylantiradi. Gumonlar ortidan kuzatuvlar kuchayib, holat qahramonimizning 1937-yil 27-sentyabrda hibsga olinishi bilan yakunlanadi. Aslida, bu yakun ham emas, azob-uqubatlarning boshlanishi edi, desak to‘g‘riroq bo‘ladi. Chunki u na bir rasmiy sud, na asosli dalil bilan qamaladi. Jazo tariqasida 1938-yil Baykal-Amur magistrali qurilishiga jo‘natiladi.

Ahmadjon Hakimov o‘ta og‘ir mehnat sharoiti, inson zoti dosh berishi qiyin shafqatsiz sharoitda halok bo‘ladi.

* * *

Abdushukur Hakimov 1905-yili tug‘ilgan. Yuqorida hikoya qilganimiz ayanchli taqdir egasi Ahmadjon Hakimovning ukasi. Bir qaraganda, o‘sha oilaviy muhit ukaga ham begona emasdek, biroq ukaning qismati akanikidan farqli, balki yanada og‘riqli edi, desak yanglish bo‘lmas. Otadan erta yetim qolgach, hali yumushda suyagi qotmagan bolakay mehnatga ilmdan oldinroq kirib boradi. 1915-yildan 1922-yilgacha turli oilalarda xizmat qilib, bolaligini og‘ir mehnat soyasida o‘tkazishga majbur bo‘ladi.

“1920-yili Andijon shahridagi Bolalar uyiga kirganman, bu yerda 1925-yilgacha yashadim, shu yerda birinchi darajali o‘qishni tugatdim”, deydi qahramonimiz keyinchalik tergov jarayonida. Mana shu ma’lumotning o‘ziyoq ko‘p narsani oydinlashtiradi. Ya’ni Abdushukur Hakimovning Bolalar uyiga topshirilishi ortida turli manzaralarni chizamiz va ular orasida ko‘ngilni o‘rtaydigani – bu onaning nochor qiyofasi, ikkala farzandini birvarakayiga o‘qitishga qurbi yetmaslik, qo‘li kaltalik vaji…

Besh yil mobaynida Bolalar uyida xat-savod chiqarib, tarbiya topgan Abdushukur 1925-yili Farg‘ona shahridagi pedagogika texnikumiga yo‘l oladi.

U mavjud tizim doirasidagi ishlarni tanqid ostiga olishda ham ancha o‘tkir shaxs edi. Bu borada uning 1927-1928-yillarda texnikum talabasi sifatida, ayniqsa, “Shimpanze” va “Ko‘rkalamush” kabi yashirin nashrlar bilan bog‘liq faoliyati g‘oyat ahamiyatlidir. Bu nomlar hazilomuz ko‘rinsa-da, ular orqali bildirilgan fikr-g‘oyalar o‘ta jiddiy, keskir va keskin edi. Ushbu nashrlar orqali Abdushukur Hakimov jamiyatdagi kamchiliklar, tengsizliklar, mafkuraviy zo‘ravonliklarni nishonga oladi va, tabiiyki, mana shu jur’ati-yu jasorati alaloqibat o‘zini nishonga tutib berishiga sabab bo‘ladi.

Keyinchalik o‘shanday chiqishlaridan birida aytadi: “Andijonda partiya tashkilotlari o‘qituvchilarga nisbatan yomon munosabatda, eng yaxshi o‘qituvchilardan Hasanxon va Husanxon Niyozovlarni qamoqqa olishdi. GPU organi xodimlari noyob va qimmatli kitoblarni tortib olishgan. Hozirgi vaqtda o‘ta kuchli tarzda xavotirdamanki, tashkilotimiz a’zolari orasida sobiq ittihodchilar ko‘pdan ko‘pki, agar ular ham qamoqqa olinsa, u holda ma’rifat ishiga kuchli zarba berilishi mumkin”.

Oliy ma’lumotli bo‘lish o‘sha davr uchun katta yutuq sanalgan bo‘lsa, buning ma’naviy mas’uliyati ham yuqori edi. 1929-yili Abdushukur Hakimov texnikumni muvaffaqiyatli tamomlab, Andijon shahrida ona tili va adabiyoti o‘qituvchisi sifatida ish boshlaydi. 1930-yili 4-son maktabga direktor etib tayinlanishi, so‘ngra 1936-yilda 30-son maktabga rahbar sifatida yo‘llanishi qahramonimizga bo‘lgan ishonch, uning kasbiga sadoqati va salohiyatining amaldagi tasdig‘i edi.

Abdushukur Hakimovning faoliyati keng jamoatchilik ishi bilan ham uzviy bog‘liq kechganini kuzatamiz. U mahalliy ma’rifatchilar uyushmasini boshqaradi, ijtimoiy tadbirlarda faol qatnashadi. Shularning o‘ziyoq uning shaxsiy tashabbusga, yetakchilik qobiliyatiga ega, aholining ishonchini qozongan shaxs bo‘lganidan dalolat beradi. Biroq…

Ko‘rmaysizmi, Abdushukur Hakimovning Fayzulla Xo‘jayev shaxsiyatiga bo‘lgan hurmati, uning portreti va byustini maktabdan olib tashlashga qarshi chiqqani, o‘zi direktorlik qilgan 30-son maktabga Stalin ismini berishdan bosh tortgan – barchasi tergov materiallarida qahramonimiz gardaniga “ayb” sifatida ilinadi.

1937-yilning 5-oktyabrida Abdushukur Hakimov hibsga olinadi hamda 13-noyabr kuni “aksilinqilobiy faoliyat”da ayblanib, u ham akasidek 10 yil muddatga mehnat-tuzatuv lageriga hukm qilinadi. Ammo akasidan farqli o‘laroq, uning keyingi taqdiri haqida aniq ma’lumot yo‘q.

Rustambek SHAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktori, professor

“Jadid” gazetasining 2025-yil 11-iyuldagi 28-sonida


OG‘RIQ NUQTA

Statistik ma’lumotlarga köra, bugungi kunda mamlakatimizda örta hisobda kuniga 137 ta oila rasman ajraşmoqda. Şuningdek, joriy yilning birinçi yarmida 24 ming 815 oilaning nikohi qonunan bekor qilinib, ötgan yilning şu davriga köra bu raqam 6,3 foizga köpaygan. Bu sanoq faqat ajrimgagina oid, uning oqibatida ma’naviy-ruhiy jabr körgan bolalar va ular çekayotgan iztiroblar adadi faqat Yaratganga […]

17.11.2026 | 14:24

img147

ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img235

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img719