07.10.2024 | 11:57
490
KO‘PGA KELGAN BALO yoxud yozuvchi Boris Cheprunov taqdiri
Qattol tuzum davrida yurtimizda mahalliy ziyolilar bilan bir qatorda, o‘zga millatlarga mansub bo‘lgan ko‘plab fidoyi insonlar ham zulm va haqsizlik qurboni bo‘lishgan. Bugungi kunda ularning ham nomlari birin-ketin oqlanib, xotirasi e’zozlanmoqda. O‘z asarlarida yurtimiz tarixini xolis va adolatli tarzda aks ettirish orqali taniqli ijodkorlar va kitobxonlar mehrini qozongan iste’dodli yozuvchi Boris Vasilevich Cheprunov ana shunday shaxslardan biri edi.

Boris Cheprunov 1891-yil 25-yanvarda Ko‘hna Urganch shahrida Rossiyadan majburan ko‘chirib keltirilgan rus krepostnoy dehqoni oilasida dunyoga kelgan. Borisning bolaligi Xorazm vohasida o‘zbek, turkman bolalari bilan kechgani bois u mahalliy til va qadriyatlarni juda erta o‘rgandi. 1905-yili otasi vafot etgach, yosh bo‘lishiga qaramay ishlab, oilaga yordamlashishiga to‘g‘ri keldi. Avval Urganchdagi bir korxonada kichik xizmatchi bo‘lib mehnat qiladi, 1910-yildan Yangi Urganchdagi Rossiya Osiyo banki bo‘limiga ishga kiradi. U dam olish kunlari idora qoshidagi arabcha xat-savodni o‘rganish mashg‘ulotlariga qatnaydi, Toshkentda chop etiladigan “Turkestanskiy kuryer” gazetasida ilk maqolalarini e’lon qiladi.
Boris Cheprunov “Yosh xivaliklar” harakatini ham, jadidlarning hurriyat yo‘lidagi ezgu intilishlarini ham, inqilob yillarida qizil armiyaning Xorazm vohasida amalga oshirgan dahshatli xunrezliklarini ham o‘z ko‘zi bilan ko‘radi. Istiqlolchilik harakati, ayniqsa, Junaidxon va uning qahramonona kurashining asl mohiyatini qalban anglab yetadi. Keyinchalik esa Toshkentga kelib, mahalliy rus va o‘zbek matbuotida faol qatnashadi. O‘zbek va rus yozuvchilari bilan aloqaga kirishib ketadi. 1934-yil O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida rus adabiyoti bo‘yicha adabiy maslahatchi, 1935-yildan rus yozuvchilari bo‘limi raisi, “Literaturniy Uzbekistan” jurnalining tahrir hay’ati a’zosi vazifalarida ishlaydi. U mazkur jurnalda rus yozuvchilari bilan bir qatorda, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Oybek, Usmon Nosir kabi o‘zbek adiblari asarlarining ruscha tarjimalarini ham chop ettiradi. O‘zining “Xorazm hikoyalari” (1931), “Matyoqubov” (1933), “Miyoviddin Mirzo”, “Junaidxon” (1936) kabi asarlarini e’lon qiladi. “Mustamlakachilar” degan yangi romanini yoza boshlaydi.
1935-yil “Mushtum” jurnali tahrir hay’atiga jalb etilgan Cho‘lpon Boris Cheprunovning “Miyoviddin Mirzo” qissasini o‘zbek tiliga tarjima qilib, jurnalning 1936-yilgi sonlarida chop qildiradi. U qissaga yozgan kirish so‘zida: “O‘rtoq Boris Cheprunov tomonidan yozilgan “Miyoviddin Mirzo” qissasi xalq ijodiga taalluqli bir asardir. Xalq ijodida “Miyoviddin Mirzo”ga o‘xshagan hayvonlar hayotiga oid asarlar ko‘pdir. Bu asarlarda ayrim hayvonlarga turmushdagi jonli tiplarning sifati berilgan. Shuning bilan ayrim bir davrning xususiyatlari izoh qilinadi… Asardag‘i har bir hayvon o‘sha turmushdagi jonli bir kishini juda ustalik bilan ifoda qila oladi. Xalq ijodida satira juda yaxshi tomir yozg‘on. Bizning satiramiz keng xalq ijodidag‘i tajribalardan, ustaliqlardan foydalanishi kerak. Shuning uchun “Mushtum”da “Miyoviddin Mirzo” qissasini bosib boramiz”, deb iliq fikr bildiradi.
1937-yilning 2–7-sentyabr kunlari bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 4-plenumida Boris Cheprunov ham sovetlarga qarshi burjua millatchilik g‘oyalarining himoyachisi deb tanqid qilindi. Jumladan, 5-sentyabrdagi yig‘ilishda yozuvchi Pletnev Boris Cheprunovning “Junaidxon” romani haqida “Bizning adabiy doiralarimizda mazkur asar adabiyot olamimizda butun bir adabiy hodisa deyilib, ko‘klarga ko‘tarildi. Men mehnat ta’tiliga ketganimda ushbu kitobni o‘zim bilan birga olib ketib, sinchiklab o‘qib chiqdim. Bu yerda shuni ochiq aytishim kerakki, kitobda juda ko‘p nosog‘lom fikrlar, ko‘p siyosiy xatolar mavjud. Jumladan, asarda asosiy mavzu – jadidizm masalasida shunday xatolar bo‘lgan. Romanda jadidlar bo‘yab, nuqsonsiz qilib tasvirlangan. Asarda mayda savdogarlar, hunarmandlar – hammasi go‘yo o‘z xalqining madaniyati haqida qayg‘uradilar, inqilob uchun faol kurashadilar. Buning oqibatida romanda jadidizmning mohiyati ochilmay qolib ketaveradi. Bu oqimning ortiga bekingan yirtqich odamlar basharasi ochilmaydi. Ularning hammasi go‘yo bir farishtasimon, gunohsiz kishilar qilib ko‘rsatiladi”, deydi.
1937-yil 19-oktyabrda Yozuvchilar uyushmasining rus adabiyoti bo‘limi faollari bilan birgalikda o‘tkazilgan kengaytirilgan majlisda 1937-yil 20-sentyabrda “Комсомолес Узбекистана” gazetasida bosilgan “Burjua millatchilari va ularning homiylari” maqolasi muhokama qilinadi. Unda Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Usmon Nosir bilan bir qatorda Boris Cheprunov, Bondarenko, Titov-Omskiy, tarjimon Lidiya Soserdotova va boshqalar rus hamda o‘zbek millatchi yozuvchi-shoirlarining homiylari va targ‘ibotchilari sifatida tanqid qilinadi. Boris Cheprunov ularga qarshi: “Maqolaning ruhi tuhmatdan iborat, u shaxsiy o‘ch olishga o‘xshaydi. Bondarenko halol, mehnatkash bir odam, u bizning yaxshi do‘stimiz… Men Titov-Omskiyni ham anchadan beri bilaman, u yosh yozuvchilar ichida ishchan, g‘ayratli bir yigit, uni axloqiy-maishiy buzuqlikda ayblashlari o‘rinsiz, deb bilaman”, deydi. Lidiya Soserdotova esa “Burjua millatchilari va ularning homiylari” maqolasida Abdulla Qodiriy kabi yozuvchilarga nisbatan nohaq hujumlar bo‘layotgani, uning tarjimonlariga tuhmat toshlari otilayotganini mardona tanqid qiladi. Hatto, Lidiya Soserdotova munozara vaqtida keyingi vaqtlarda Abdulla Qodiriyga nisbatan bo‘layotgan haqsizliklardan norozi bo‘lib, bu haqda shaxsan Stalin nomiga xat yozganini ham ta’kidlaydi.
Biroq zulm va haqsizlik bu gal ham g‘olib keladi. 1937-yil 4-dekabrda Boris Vasilyevich Cheprunov O‘zSSR JKning 57-, 64-, 67-moddalari bilan ayblanib, Toshkent shahri, Oktyabr tumani, Surat mahallasi, 205-uydan hibsga olinadi. Bu vaqtda uning oila a’zolari sifatida turmush o‘rtog‘i Vera (1905-y.t.), o‘g‘li Yuriy (17 yosh), Anatoliy (14 yosh) va Leonid (1 yil-u 8 oylik)ning nomlari qayd etilgan. Bir hafta o‘tar-o‘tmas u Yozuvchilar uyushmasi a’zoligidan chiqariladi.
O‘sha yili 5-dekabrda Breslavskiy imzolagan adabiyot xodimlari taqrizida B.Cheprunov haqida “tarix falsifikatori” deb xulosa berilgan. Shuningdek, mazkur taqrizda “Junaidxon” tarixiy romanida “Yosh xivaliklar” ulug‘langan, Junaidxon asossiz dohiyga aylantirilgan, so‘l eserlarning bolsheviklarga nisbatan xalq uchun hurmatliroq bo‘lgani qayd etilgan, To‘rtko‘l uchun kechgan janglarda xunlar zamonining yovvoyi sardori asossiz o‘ta mulohazali va aqlli inson sifatida tasvirlangan, deya xulosalar beriladi. Boris Cheprunovning “Ishanskaya bucha” qissasida esa qahramonlar tilida “Allohga shukr” degan gaplar juda ko‘p uchraydi, deyiladi.
Xullas, Boris Cheprunov bir yarim oy qamoq azobini chekkach, 1938-yil 23-yanvarda birinchi bor tergovga chaqiriladi. Bungacha esa u va uning asarlariga tuhmatli hujumlar uyushtirilib, ichki taqrizlar yig‘ib olinadi. Endi tergovchining faqat o‘sha “ayblov”larni “aybdor”ning bo‘yniga qo‘yishi va uni oxirigacha “fosh qilishi” qolgan edi! Uzoq vaqt qamoq va qiynoq azoblaridan holsizlangan Boris Cheprunov o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni bo‘yniga olishga majbur bo‘ladi. Tergovchilar esa, bayonnomada ularni yanada bo‘rttirib, o‘z qo‘llari bilan to‘qib-bichib yozaverdilar. Boris Cheprunov 1938-yil 8-oktyabrda SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasi huzuridagi mash’um “uchlik”ning Toshkentdagi sayyor yig‘ini qarori bilan oliy jazo – otuvga hukm qilinadi. Hukm o‘sha kunning o‘zidayoq ijro etiladi.
Stalin vafotidan bir necha yil o‘tgach, yaqinlarining arizasi asosida Boris Cheprunovning ishi ham qayta ko‘rishga topshirildi. Zahmatkash va haqgo‘y adibni yaqindan tanigan va uning asarlariga taqriz yozgan ayrim rus yozuvchilari guvoh sifatida qayta so‘roqqa tortiladi. Xususan, Andrey Ivanov, Aleksandr Udalov kabi ijodkorlar Boris Cheprunovning o‘z davrida juda mashhur bo‘lgani, yosh shoir va yozuvchilarga hamisha samimiy yordam ko‘rsatgani va u haqida hech qanday yomon fikr eshitmaganliklarini bayon qilishadi. Vaqtida “Junaidxon” romaniga yozilgan salbiy taqriz muallifi Breslovskiy esa, o‘sha taqriz boshqa shaxslar tomonidan yozilib, unga majburan imzolatilganini tan oladi. 1957-yil 28-iyunda B.Cheprunov SSSR Oliy sudi tomonidan oqlandi.
Bahrom IRZAYEV,
Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi bosh ilmiy xodimi
“Jadid” gazetasining 2024-yil 4-oktyabrdagi 41-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



