24.07.2025 | 14:14
1807
BIRINCHI O‘ZBEK SHE’RIY ROMANINI KIM YOZGAN?
She’riy roman yozilishi kamyob hodisa. Roman darajasidagi keng qamrovli voqea-hodisalarni nazmiy shaklda ifoda etish juda murakkab.
“She’riy roman” tushunchasi adabiyotshunoslikka kirib kelguniga qadar ham katta hajmdagi she’riy epik asarlar ko‘p yaratilgan. Firdavsiyning “Shohnoma”si, Navoiyning “Farhod va Shirin”, “Saddi Iskandariy” dostonlari, undan ham oldin yaralgan “Iliada” va “Odissey” eposlari mohiyatan olib qaralsa, she’riy romanning bir ko‘rinishi bo‘la oladi.

Tadqiqotlarga ko‘ra, “she’riy roman” istilohi Pushkinning “Yevgeniy Onegin” asari yaratilgandan so‘ng adabiyotshunoslikka kirib kelgan. Filologiya fanlari nomzodi Lola Ahrorova “O‘zbek she’riy romanlarining spesifikasi” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasida, jumladan, shunday deydi: “Pushkingacha mavjud she’riy asarlarga nisbatan “katta epik poema”, “epik poema”, “poema” terminlari qo‘llanilgan bo‘lsa, o‘zbek adabiyotidagi she’riy epik asarlarga nisbatan “doston”, yangi lirik-epik asarlarga asosan “poema” termini sinonim sifatida ishlatilib kelinmoqda”. Olima birinchi o‘zbek she’riy romani qaysiligi haqida to‘xtalib, “O‘zbek realistik she’riy romani Mirmuhsinning “Ziyod va Adiba” asari bilan boshlanadi”, degan xulosaga keladi. Boshqa bir nechta manbalarda ham birinchi o‘zbek she’riy romani ayni shu asar ekani qayd etiladi. Ammo bu qanchalik to‘g‘ri?
Yuqorida ta’kidlaganimiz mumtoz adabiyotdagi dostonlarni hisobga olmasdan, zamonaviy adabiyotdagi she’riy romanlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, ularning birinchisi jadid bobomiz Elbekning “Tozagul” asari ekani oydinlashadi.
Adabiyotshunos Haydarali Uzoqov “Erk yo‘lida erksiz ketgan fidoyi” maqolasida shunday yozadi: “…shoir o‘ta kamtarlik qilib besh katta bo‘lim, 215 sahifani o‘z ichiga olgan 5 823 misralik “Tozagul” she’riy romanini “doston” deb ataydi. Asarni o‘qir ekansiz, undagi Tozagul hamda Noryigitlar turmushi negizida sodir bo‘lgan ijobiy va salbiy kayfiyatlar, qishloqdagi mashaqqatli mehnat, halol va pok urinishlar hamda ba’zi noxush ziddiyatlar she’riy tarzda hayotiy va badiiy takrorlanadi. “Tozagul”da qalamga olingan mavzuning keng qamrovliligi va voqealar rivoji, qahramonlarning ko‘lam darajasi, bizningcha, asarni doston emas, balki uni she’riy roman deyishga asos beradi”.
Ushbu asar 1934-yilda yozilgan. Mirmuhsin qalamiga mansub “Ziyod va Adiba” esa 1954–1958-yillarda qog‘ozga tushirilgan. Balki “Tozagul”ni shoirning o‘zi poema deb e’lon qilgani uchun ham adabiyotshunoslar uni she’riy roman qatoriga kiritmas. Ammo asarni biroz tahlil qilib, undagi qahramonlar soni va voqealar tadrijini ko‘zdan kechiradigan bo‘lsak, dostondan ko‘ra qamrovi kengroq, poemaga nisbatan kattaroq asar ekaniga guvoh bo‘lamiz.
Asar voqealari Birinchi jahon urushi arafasidan 1933-yilgacha bo‘lgan davrni aks ettiradi. O‘sha paytdagi siyosiy vaziyatning real tasvirini ko‘rsatishda bu she’riy romanning ahamiyati yuqori. Zero, o‘zbek xalqining turmush tarzi, odamlarning orzu-havaslari, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga munosabat, “inqilob” deya ko‘kka ko‘tarilgan puch g‘oyalarga qanday aldangani, sinfiy kurashning salbiy oqibatlari, ilg‘or paxtakorlarning birinchi qurultoyi kabi dolzarb masalalar romanning asosiy obyekti sanaladi.
She’riy romanda bosh qahramonlar – Noryigit va Tozaguldan tashqari yigirmaga yaqin katta-kichik obrazlar aks ettirilgan bo‘lib, ularning taqdiri, qismati orqali XX asr boshlaridagi turmush haqiqatlari namoyon bo‘ladi.
Roman sof badiiy asar sifatida kamchiliklardan xoli emas. Shoir o‘sha davr siyosati, tuzumi ta’sirida sovet mafkurasi, sotsialistik revolyutsiya uchun kurashlarni aks ettirishga majbur bo‘lgani, ayrim epizod va qahramonlarni majburan qo‘shgani seziladi. Cho‘lpon “Kecha va kunduz” romaniga rus kishisi obrazini kiritishga majbur bo‘lgani kabi Elbek ham she’riy romaniga Mixail Ignatyevni qo‘shadi. Go‘yoki, Toshkentda yashaydigan bu shaxs Noryigitga yordam qo‘lini cho‘zib, uyidan joy beradi, ishga joylashtiradi, siyosatga tortadi. Ajablanarlisi, o‘zi yaqindagina Toshkentga ko‘chirib keltirilgan Mixail shaharga yondosh bo‘lgan Chirchiq qishlog‘i vakili Noryigitni mehmon sifatida qabul qiladi va uni ongli, isyonkor, faol kurashchiga aylantiradi. Shoir bu obrazni o‘zi istab qo‘shmagani tayin, ammo zamona zayli shu edi. Yo‘qsa, roman orqali aytmoqchi bo‘lgan asosiy fikrlarni ham bera olmas, asarni chop qilishning imkoni topilmasdi.
Noryigit va Tozagul dastlab sodda qishloq yoshlari sifatida tasvirlanib, asar davomida haqiqiy kurashchi, mehnatkash ishchi sifatida shakllana borishi, syujet liniyasining izchil rivojlanishi, ikki yoshning sevgi qissalari va visolga yetishishlari, epik asarga xos konflikt, tugun va yechimning berilishi asarning shu paytgacha yaratilgan she’riy romanlardan kam emasligini ko‘rsatadi.
“Tozagul” she’riy romani o‘z davrida kitob holida va qismlarga bo‘lingan holda matbuot sahifalarida chop etilgan. Ammo bugungi o‘quvchi bu she’riy roman bilan to‘la tanisha olmaydi. Adibning 1999-yilda nashr qilingan “Tanlangan asarlar”ida boblar berilgan, xolos. Bu asarni ilk o‘zbek she’riy romani sifatida qayta nashr etish va o‘quvchilarga yetkazish adabiyotshunoslar oldida turgan muhim vazifalardan biridir. Zero, bu orqali mazkur janrdagi ilk asar tarixi 20 yil ortga surilib, ushbu yo‘nalishda ham dastlabki tajribalar jadidlar tomonidan amalga oshirilgani borasidagi haqiqatlar yuzaga chiqadi.
Bekzod IBRAGIMOV,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti mustaqil izlanuvchisi
“Jadid” gazetasining 2025-yil 18-iyuldagi 29-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



