Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 9°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


06.08.2025 | 12:20

img802

JAVOHARLA’L NERU TANIGAN JADID YOXUD TARIX BO‘YICHA BIRINCHI O‘ZBEK PROFESSORI PO‘LAT SOLIYEV HAQIDA


Tarix o‘tgan kunlarning tovushsiz va ruhsiz manzarasi emas. Sirtdan qaraganda, tarix faktlar, sanalar, buyuklar va zabunlarning ro‘yxatidek ko‘rinishi mumkin. Lekin tarixni xolis va haqiqatga sodiq holda o‘rganish, uni aniq faktlar asosida tahlil qilish har bir avlod uchun hayotiy zaruratdir. Po‘lat Soliyev ana shu tamoyilga umrini bag‘ishlagan fidoyi olimlardan biri, haqiqatparvar va jasur shaxs edi.

Po‘lat Soliyev 1882-yil 22-martda Astraxan shahrida, o‘zbeklarning mang‘it urug‘iga mansub ziyoli oilada tug‘ilgan. Rasmiy va ilmiy hujjatlarda ismi Bulat, Bekbulat, Po‘lat shaklida qayd etilgan. Yoshligidan Qozon va Ufada an’anaviy madrasa ta’limini olgan; arab, fors, turk, rus, keyinchalik fransuz va nemis tillarini puxta o‘zlashtirgan. Ma’lumki, XX asrning boshlarida Rossiya musulmon turkiylari orasida o‘zaro birdamlik g‘oyasi shakllanib, Turkistonga ma’rifiy va siyosiy ko‘mak berish tashabbusi ko‘tariladi. Ana shu harakat amaliyotiga ko‘ra, minglab ziyoli no‘g‘aylar, tatar va boshqirdlar bizning yurtimizga ko‘ngilli bo‘lib kela boshlaydi. Po‘lat Soliyev ham 1909-yilda Turkistonga kelib, jadidlar safida Toshkent, Farg‘ona, Jalolobod, Qo‘qon shaharlarida ma’rifiy targ‘ibot ishlarini olib boradi, maktablarda tarix, arifmetika va ona tilidan dars beradi.

Keyinchalik Turkiston Muxtoriyati tashkilotchilaridan biri, “El bayrog‘i” gazetasining bosh muharriri sifatida siyosiy faoliyat olib boradi. Muxtoriyat tugatilgandan so‘ng o‘zini butunlay ilm-fanga bag‘ishlaydi.

1918-yil noyabrida taniqli ziyolilar bilan Qo‘qon xalq universitetini tashkil etishda qatnashadi va unga rahbar etib saylanadi. Bu dargoh Farg‘onadagi pedagogika institutlari uchun asos bo‘ladi.

20-yillarda, sovetlar tarixchilarga nisbatan muayyan erkinlik bergan davrda Soliyev o‘z asarlari va darsliklari bilan shuhrat qozondi. “Mang‘itlar davrida Buxoro”, “Hindiston Angliya zulmi ostida”, “Buxoro tarixi, I qism”, “O‘rta Osiyoda savdo kapitali davri”, “O‘rta Osiyo tarixi: XI–XV asrlar”, “O‘zbekiston tarixi”, “O‘zbekiston va Tojikiston”, “O‘rta Osiyoda islomning tarqalishi” kabi asarlari birin-ketin nashr etiladi.

Po‘lat Soliyevga 1926-yilda professor unvoni beriladi.

Olim davr taqozosiga ko‘ra o‘ziga xos uslubda ijod qilgan. Bir mavzuda kitob yozar ekan, asar zamirida butunlay boshqa bir muammoni fosh etardi. Masalan, “Hindiston Angliya zulmi ostida” risolasida muallif rasman ingliz mustamlakachiligini tanqid qiladi, aslida esa bolsheviklar va sovet hukumati siyosatining g‘ayriinsoniy jihatlarini mahorat bilan ochib beradi.

U 20-yillar boshidayoq milliy tarixni o‘qitish uchun darslik yozishga kirishadi, ammo bolsheviklar bu loyihalarni rad etadi. 1929-yilda “O‘zbekiston tarixi” kitobini chiqarishga muvaffaq bo‘ladi. Kitobning kirish qismiga Amir Temur portretini qo‘ydirgani uchun “o‘tmishni ideallashtirish” aybi bilan ta’qibga uchraydi. Bu paytda hali “O‘zbeklar ham Temur bolalari” (1927) maqolasining zahri ketib ulgurmagan edi.

1933-yilda “O‘rta Osiyo tarixi” asari “ideologik jihatdan nomaqbul” deb e’lon qilinadi. 1936-yilgi tarixchilar qurultoyida Soliyevning asarlariga “panturkchilik va millatchilik” tamg‘asi bosilib, darslik sifatida foydalanish taqiqlab qo‘yiladi.

1937-yilgi “katta terror” to‘foni professorni ham chetlab o‘tmadi. O‘sha yilning o‘zida uni Samarqand davlat universitetidan bo‘shatishadi. 11-oktyabrda rasman hibsga olinib, “panturkchilik va antisovet targ‘ibot”da ayblanadi. Qariyb besh oy davom etgan qiynoqlardan so‘ng, 1938-yil 28-fevralda “xalq dushmani” sifatida otib tashlanadi. Shu bilan birinchi o‘zbek tarix professori qatag‘on mashinasi qurboniga aylanadi.

* * *

Sovetlarning jazavaga tushgani, bir olimga och bo‘riday tashlangani bejiz emas edi. Uning hayot yo‘li va ilmiy merosi XX asr boshlaridagi O‘zbekiston tarixshunosligida mislsiz ahamiyatga ega. U zamon ko‘tarmasa-da, voqealarga biryoqlama emas, xolis, mustaqil va tanqidiy qarashni yoqlagan. Mustamlakachilik va uning xalq hayotiga ta’siri borasida yuzaki xulosalar bilan cheklanmagan – har bir bosqinchilik va uning asl maqsadlarini, oqibatlarini teran anglashga harakat qilgan.

Birgina “O‘zbekiston tarixi” asari ilm-fanimizning yuksak yutug‘i, millatning o‘tmishini haqiqiy va xolis yoritishga, xalqning ezgu orzulari va alamlarini aks ettirishga qaratilgan mehnat samarasidir.

Soliyev zahmatlar evaziga yozilgan asarlari chop etilmay yotgani, chop etilganlari taqiqqa uchragani, eng alamlisi, xalqqa yetib bormayotganidan afsuslanib, do‘stlariga shunday deydi:

“Agar Fevral inqilobi davom etganida, biz hozir millioner bo‘lardik. Bu vaqt ichida men yuzlab ilmiy asarlar, Turkistondan qiziqarli narsalarni yozib chiqar edim. Aslida, kapitalistik mamlakatlarda tarixchilar va yozuvchilar qullar emas, nashriyotlarning asirlaridek emas, ular o‘z asarlarini o‘zlari chop etadi va katta obro‘ga ega bo‘ladi. Biz esa, kimningdir istagi uchun, sun’iy kitob yozish buyruqlari bilan o‘zimizni qiynarmiz. Biz muhtojmiz va tilanchilik qilamiz”.

Bu satrlarda nafaqat bir olimning, balki butun millatning erksizligi, so‘z va fikr erkinligiga chanqoqligi, og‘rig‘i, baxtsizligi mujassam. Po‘lat Soliyev sovet mafkurachilari yo‘qqa chiqargan izlanishlariga achinmaydi, balki kelgusi avlodlar ham ilmiy va ijodiy erkinliksiz qolsa, xalq ma’naviy qashshoqlikka, ilm esa turg‘unlikka mahkum bo‘lishini ta’kidlab, kuyunadi.

Sovet davrida “Kommunizm qursak, barcha millioner bo‘lib yashaydi”, “Barchaning hayoti farovon bo‘ladi” kabi afsonalar xalq ongiga singdirilar edi. Bu afsonalarning zamirida umumiy mulk, shaxsiy tashabbus va shaxsiy erkinlikni inkor etish yotar edi. Po‘lat Soliyev olim sifatida bunday g‘oyalarga qat’iy qarshi chiqqan. Chunki amalda bu narsa yangi istibdod, qashshoqlik, xalqning ijtimoiy-iqtisodiy tanazzuli va milliy elitalarning qatliomiga olib kelgan. “Eng yomoni, kolxozchilar ahvoli og‘ir: ular hammasi och. Ish davomida ochlikdan holdan toyganlarni ko‘rish mumkin…” deb, xalqning asosiy qatlamlari qanday iqtisodiy va ma’naviy inqirozga uchraganini teran tasvirlagan.

Olimning fikricha, agar odamlar shaxsiy hayotdan, xususiy mulkdan va me’yoridagi shaxsiy egoizmdan mahrum bo‘lsa, kollektiv hayot uzoq davom etmaydi. Odam faqat o‘zi uchun harakat qilganda jiddiy yondashadi. Mana shu ta’kid har bir jamiyat taraqqiyoti uchun shaxsiy erkinlik, iqtisodiy muhit va ijodiy imkoniyatlar zarurligini anglatadi.

Po‘lat Soliyev asarlarini o‘rganish davomida talqin va tahlilga e’tibor berilsa, Angliya va SSSR modellari o‘rtasidagi tub farq ko‘zga yaqqol tashlanadi. Masalan, “Hindiston Angliya zulmi ostida” asarida ingliz modelida zamonaviy ta’lim, huquqiy va iqtisodiy tizimlar joriy etilgani, ingliz tili va madaniyati orqali raqobat muhiti, imkoniyat va ochiqlik paydo bo‘lganini qayd etadi. Shu bois, bugungi Buyuk Britaniyada Hindiston va Pokistondan chiqqan yuqori lavozim egalari borligi, millatlararo taraqqiyot va imkoniyat yo‘li kengligi bilan ajralib turadi. Shuningdek, Hindistonda Buyuk Britaniya musulmonlarga, barcha mustamlaka xalqlariga to‘liq erkinlik beradi. Hindistonda 2 million mahalliy aholi oliy ma’lumotga ega. Ular o‘z hayotidan mamnun, shuning uchun hech qanday norozilik va nizo bo‘lmasligi haqida yozadi.

SSSR tajribasida esa buning aksini ko‘ramiz: milliy elitalar yo‘q qilindi, mahalliy aholi yuqori lavozimlarga yo‘l topa olmadi, xalq manfaatlari doimo chetda qoldi.

Po‘lat Soliyev dunyodagi global qarama-qarshiliklar, katta davlatlar o‘rtasidagi ziddiyatlar va ularning Markaziy Osiyo uchun xavfini ilmiy tahlil qilgan va bashorat bergan. U 1935-yil may oyida, Ikkinchi jahon urushi arafasida SSSR va natsizm Germaniyasi o‘rtasida bo‘ladigan halokatli to‘qnashuvi, kelajak urushning shakli va oqibatlari haqida shunday yozgan edi:

“Bizdagi ahmoqlar quruqlik armiyasini haddan tashqari ko‘paytiryapti, uni ko‘chalarda namoyish qilib, kulgiga qolyapti. Aslida, kelajakdagi urush quruqlikda emas, havoda bo‘ladi, hal qiluvchi kuch – bu quruqlikdagi armiyamiz emas, balki ilm va texnika bo‘ladi. Nemislar shunday bombardimonchi samolyotlar yaratdiki, ular har qanday vaqtda Moskva va Leningradni kulga aylantira oladi. 24 soat ichida ular hududimizning yarmini egallashga qodir… Agar Gitler tirik bo‘lsa, yana bizning boshimizda maymun raqsi boshlanadi… Moskva va Leningradni bosib olsa, qolganini urushsiz egallaydi. Aslida, Rossiya paxtaga tayanadi, Turkiston paxtasiga. Paxta bo‘lmasa, sanoat o‘z-o‘zidan to‘xtaydi. Agar Boku ham ketadigan bo‘lsa, Rossiya zulmatda va neftsiz qoladi. Ruslarning haqiqiy vatani – Sibir, ular faqat o‘sha yerda qoladi. Hatto Sibirda ham ko‘p hududni Yaponiya o‘z ko‘zi bilan ko‘rib qo‘ydi… Germaniya esa kelajakda Yevropaning xo‘jayiniga aylanishga intilyapti va, shubhasiz, aylanadi… Urush boshlangan zahoti bosmachilik kuchayadi, mamlakat ichida parokandalik boshlanadi. So‘ngra (GPUning odamlaridan) shubhali odamlardan bo‘lgan suhbatlardan qochishadi…”

Bu bashoratlar olimning dunyoqarashi va strategik fikrlash qobiliyati qanday yuqori bo‘lganini, tarixiy saboqlar faqat o‘tmish uchun emas, balki kelajak uchun muhim ekanini isbotlaydi. Jahon urushidan so‘ng tarix yana bir bor bu gaplarning haqiqatini tasdiqladi – ilm, sanoat, texnika va ozodlik asosiy boylik ekani ayon bo‘ldi.

Garchi sovetlar olimni jismonan yo‘q qilgan bo‘lsa ham, uning dovrug‘i allaqachon jahon ilmiy va siyosiy doiralariga ma’lum bo‘lib ulgurgan edi.

* * *

1955-yil 15-iyun kuni Hindiston Bosh vaziri Javoharla’l Neru rasmiy tashrif bilan Toshkentga keladi. Oliy martabali mehmon sharafiga O‘zbekiston Fanlar akademiyasi zalida tantanali uchrashuv uyushtiriladi. Anjuman yakuniga yetgach, Neruning tarjimoni tashkilotchilarga “Janob bosh vazir hurmatli professor Po‘lat Soliyev bilan uchrashmoqchi”, deya murojaat qiladi. O‘sha paytdagi O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri G‘ani Sultonov bu nomni eshitib, “bunday odamni tanimayman”, deb javob beradi. Hamma beixtiyor Akademiya prezidenti Tesha Zohidovga qarab qoladi. Ijodkorlar, olimlar sukut saqlab, alam bilan yerga qarab turaveradi. Taranglashib borayotgan vaziyatga Zohidovning qisqa izohi chek qo‘ydi: “Janob bosh vazir, professor Po‘lat Soliyev ancha yillar oldin yo‘lda vafot etgan. Qabri qayerda ekanini ham bilmaymiz…”

* * *

Bugun xalqimiz ana shunday fidoyi insonlarni, ularning haqiqiy merosini qadrlab, tarixni xolis o‘rganib, haq so‘zda sobit turishi, yurt taraqqiyotiga hissa qo‘shishi zarur.

Po‘lat Soliyev sabog‘i Yangi O‘zbekistonni quradigan, Uchinchi Renessans poydevorini yaratadigan avlod uchun hayotiy o‘rnak va ibratdir.

B.QODIROV,
Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti bo‘lim boshlig‘i

A.ATAYEV, 
katta ilmiy xodim

“Jadid” gazetasining 2025-yil 1-avgustdagi 31-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img122

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img632

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img627