29.07.2025 | 09:21
821
KUTUBXONA – BIRNIKI, MANFAAT – MINGNIKI
Prezidentimiz tashabbusi bilan mutolaa madaniyatini yangi bosqichga olib chiqish harakati boshlanganiga sakkiz yil to‘lmoqda. O‘tgan vaqt mobaynida tizimli islohotlar samara berib, yurtimizda kitobxonlar safi kengaydi, kitoblar soni bilan birga sifati ham ortdi. Nashriyotlar va bosmaxonalar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhiti shakllandi. O‘z navbatida kitob savdosi bilan shug‘ullanayotganlarga qator imtiyozlar ham berildi.

Bu o‘zgarishlar tadbirkorlarni ham befarq qoldirgani yo‘q, albatta. Berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanayotgan yurtdoshlarimizdan urganchlik ota-o‘g‘il Abdullayevlarning sa’y-harakati ayniqsa, tahsinga sazovor.
Yashirib nima qilamiz, savdo-sotiq sohasiga kirib kelayotgan aksar tadbirkorlar ishni oziq-ovqat do‘konidan boshlashga harakat qiladi. Biladi-da, tirik jon kuniga uch marta ovqatlanishga majbur.
Yana kiyim-kechak savdosi ham ancha foydali – to‘rt mavsumda to‘rt xil libos kiyish kerak. Bu yoqda odamlar imorat qurish, eski uylarini ovro‘pacha uslubda ta’mirlashga rosa zo‘r berishyapti. Demak, qurilish mollari bozori ham yaxshigina daromad keltiradi. To‘rtta soyabon tiklab, stol-stul qo‘yib oshxona ochganlarning-ku oshig‘i olchi. Jism-u jonning vaqt-bevaqt og‘rib turishidan “qayg‘urgan” tadbirkorlar bahsma-bahsiga dorixona ochayotir, ustiga ustak, xususiy shifoxonalar soni ortib bormoqda.
Ammo odam bolasining qorni to‘q, usti but, turmushi farovon bo‘lgani bilan dunyoqarashi haminqadar, zehniyatini mog‘or bosgan bo‘lsa, uni baxtli atab bo‘larmidi? Baxt izlagan odam nafaqat qorni, balki ko‘ngil to‘qligi haqida ham bosh qotirishi kerak. Ko‘ngil to‘qligi esa kitobsiz, mutolaasiz bo‘lmaydi.
Bu haqiqatni chuqur anglab yetgan tadbirkorlar Sharifboy ota hamda Quvondiq Abdullayev so‘z va ish birligiga amal qiladigan, umrini qalblarga ziyo sochishga bag‘ishlayotgan odamlardan. O‘tgan yili to‘ng‘ich farzand Quvondiq Urganch shahrida hashamatli kutubxona ochgan edi. O‘shanda u yerdagi kitob fondi, yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘rib, viloyatda bu maskanga o‘xshashi boshqa yo‘q, degan xulosaga kelgan edik. Sal shoshgan ekanmiz.
Yaqinda farzandlariga har sohada o‘rnak bo‘lib kelgan Sharifboy ota ham shaharning gavjum mavzelaridan birida yuz mingdan oshiq kitob fondiga ega “Ustoz” nomli ko‘rkam xususiy kutubxonaga asos soldi. Kitobsevarlar uchun bu yerda qulay shart-sharoitlar yaratilgan: izlagan kitobini topib, mutolaa qilishi yoki uyiga olib ketishi mumkin. Agar asar yoqib qolsa, xarid qilish imkoni ham bor. Shunday qilib, yangi ziyo maskani bir vaqtning o‘zida uch vazifani bajaradi: qiroatxona, kutubxona, kitob do‘koni.
Ochilish marosimida ta’kidlanishicha, ota-bola shu kungacha viloyatda yettita kitob do‘koni va kutubxona faoliyatini yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan. Viloyatning uzoq va yaqin tarixida hali biror ishbilarmon yettitalab kitob do‘koni ochmagan, kutubxona qurmagan.
Buni eshitib, moziy qatida yotgan bir asr oldingi ma’lumot yodimga tushdi. 1913-yilda Xiva xonligi hududida 11 ta kitob do‘koni va 2 ta xususiy kutubxona (biri Xivada, biri Urganchda) faoliyat yuritgan. Ulardagi kitob fondi o‘n sakkiz mingdan oshiq bo‘lgan. Bu savobli ishlar boshida esa xonning bosh vaziri, ma’rifatparvar islohotchi, jadidlar homiysi Islomxo‘ja turgan. O‘z davrida ushbu raqamlar o‘lkada katta intellektual siljish sifatida qabul qilingan. Bu xorazmlik jadidlar sa’y-harakati bilan ro‘y berganini alohida qayd etish o‘rinli.
1870-yilda Toshkentda ham ilk xalq kutubxonasi ochiladi, ammo 1883-yili general-gubernator Chernyayev buyrug‘i bilan yopiladi. Shaharlik ziyolilar talabi bilan kutubxona bir yildan so‘ng qayta ochilgan.
Shuningdek, 1864-yilda Kitob hokimi Jo‘rabek dodxoh shaharda yirik kutubxona ochgan, ammo chor ma’murlari hududni bosib olgach, bu kutubxona talon-toroj qilingan. Jo‘rabek dodxoh Toshkentga kelgach, o‘zi yashaydigan Qorasuv mavzesida yana noyob kitoblarga ega shaxsiy kutubxonasini tashkil qiladi.
Ushbu misollarni keltirishdan maqsad, barcha zamonlarda elga ziyo tarqatishni hayot dasturiga kiritgan insonlar bo‘lganini eslatishdir.
Bugun Xorazm viloyatida faoliyat yuritayotgan kitob do‘konlari va kutubxonalar soni bir asr ilgarigi raqamlardan uch barobar ko‘p. E’tiborlisi, ushbu ziyo maskanlarining beshdan biri Abdullayevlar oilasiga tegishli.
Sharifboy ota kabi insonlar bor ekan, yaqin yillarda viloyatdagi kitob do‘konlari va xususiy kutubxonalar soni yana oshadi. Eng asosiysi, bunga talab va ehtiyojning borligi, kitobsevarlar sanog‘i kundan kunga ko‘payayotganidir. Shu ezguliklar sabab, “Yosh kitobxon” tanlovining navbatdagi bosh sovrini Urganchga kelsa, ne tong…
Ro‘zimboy HASAN
“Jadid” gazetasining 2025-yil 25-iyuldagi 30-sonida
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
105
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
139
KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT
O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]
13.11.2026 | 14:43
331



