29.07.2025 | 12:38
1510
O‘ZBEK KELAYOTIR…
O‘zbekiston deganda o‘ng qo‘lim beixtiyor ko‘ksimga qanday ko‘tarilganini o‘zim ham sezmay qolaman. Ayniqsa, Yangi O‘zbekistonning keyingi yillardagi ulkan zafarlarining xush mujdalarini eshitganimda quvonganimdan o‘zimni qo‘yarga joy topolmayman.

Aslida, kamtarin ijodim namunasi bo‘lgan “O‘zbek kelayotir…” balladasi bir paytlar “o‘zbek ishi”ni uyushtirganlarga javob o‘laroq yozilgan. She’r ulug‘ o‘zbek tarixining tarannumi bilan boshlansa-da, keyingi davrda Yangi O‘zbekiston zafarlarining ilhombaxsh kuch-qudrati tasviri bilan bandma-band ko‘payib, kengayib borgan. Siz-u bizga yaxshi tanish bo‘lgan “Vatan” jurnalida mazkur balladaning ixchamroq varianti aks etgan, xolos. Asarning nisbatan to‘liq nusxasi yaqinda o‘zbek tilida nashr etilgan kitobimga kiritilgan. Men “Vatan” jurnalining ijodiy jamoasidan minnatdorman, aynan shu jurnal orqali “O‘zbek kelayotir…” adabiy davralarda keng tarqaldi.
Esimda bor, jurnal muqovasida Prezident Shavkat Mirziyoyevning surati, shuningdek, mening she’rimdan parcha berilganini ko‘rib, o‘zimda yo‘q sevinib ketganman. Keyinroq Oliy Majlis Senati a’zosi, jurnal bosh muharriri Husan Ermatov bilan uchrashdim. O‘zaro suhbat chog‘ida “Mening Prezidentim” va “Millatparvar” asarlarini ozarbayjon tiliga o‘girish fikri tug‘ildi. Aynan o‘sha lahza “Shavkat Mirziyoyev fenomeni” kitobi dunyoga kelishi uchun asos bo‘ldi.
O‘zim Ozarbayjonda tug‘ilib-o‘sganim, hozir unda yashayotganimga qaramay, hayotimning katta qismi, xususan, ayni kuchga to‘lgan yigitlik yillarim qadrdon o‘zbek diyorida o‘tgan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, O‘zbekistonga aloqador yangiliklarni diqqat bilan kuzatib boraman. Ayniqsa, so‘nggi yillarda Respublikada yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlarni butun dunyo e’tirof etmoqda. Niyatim – Ozarbayjon xalqini o‘zbek adabiyoti bilan yaqindan tanishtirish barobarida shu yurtning muhim siyosiy yutuqlarini ta’kidlash, targ‘ib qilish. Yuqorida nomlari keltirilgan asarlar ayni yangiliklarni xuddi ko‘zgudek aks ettiradi. “Mening Prezidentim”ni bir necha marta o‘qib, har gal xayolga cho‘mardim. Mutolaadan ta’sirlangan holda, kitobni filologiya fanlari doktori, professor Yashar Qosimga yubordim. U kishi ham O‘zbekistonda yashagan. Har gal ko‘rishganda shu jannatmonand zaminda kechgan yoshligimiz, ustozlarimiz va do‘stlarimizni eslaymiz. Yangi O‘zbekistonning yutuqlaridan quvonamiz.
Hech yodimdan chiqmaydi, 2024-yilning 12-noyabrida qo‘ng‘iroq qilishib: “Tayyor bo‘lib turing, O‘zbekiston Prezidenti, muhtaram Shavkat Mirziyoyev ertaga soat 10:00 da Boku shahrida o‘ziga ajratilgan qarorgohda sizni qabul qiladi”, deyishdi. Xushxabardan boshim osmonga yetdi. Bir so‘z bilan aytganda, o‘sha hayajonli voqea hayotimning eng unutilmas hodisasiga aylanib qoldi. Biroq shu qabulning tafsilotlarini yoki o‘sha uchrashuvdan olingan barcha taassurotlarni bir suhbatga yoxud bir esdalikka aslo sig‘dirib bo‘lmaydi. Bu haqda keyinroq batafsil yozish niyatim bor.
Ozarbayjonda qo‘liga qalam olgan teng-to‘shlarim bo‘ladimi yoki yosh ijodkorlar bo‘ladimi, yig‘ilib qolsak, suhbat o‘z-o‘zidan Yangi O‘zbekistonda oxirgi yillarda amalga oshirilgan ezgu ishlar haqida boradi. Ular orasida ijod maktablarining ochilgani alohida, aytib, ado qilib bo‘lmas mavzu hisoblanadi. Bir paytlari o‘zim yonida yurgan, ozmi-ko‘pmi, ijodiy maktabidan bahra olgan ulug‘ adiblar nomiga maktab ochilishini eshitib, to‘lqinlanib ketganman. Nafaqat o‘zbek, balki butun turkiy adabiyot uchun sevimli bo‘lgan Ogahiy, Is’hoqxon Ibrat, Abdulla Qodiriy, Hamid Olimjon va Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov kabi ijodkorlar izidan borishga intilgan yoshlarni bir joyda jamlash, ularni nafis so‘z san’atiga oshno etish, mutafakkir bobolar qoldirgan boy ilmiy merosni o‘rgatish, zamonaviy ta’limning ilg‘or yutuqlaridan bahramand etishga qaratilgan xayrli ishlarning amaldagi isboti ham ana shu ta’lim maskanlaridir.
Bundan tashqari, Yozuvchilar uyushmasining muhtasham yangi binosi, uning atrofida bunyod etilgan Adiblar xiyoboni, unda turkiy adabiyotning yirik namoyandalari siymosida qad rostlagan haykallar, Do‘rmon ijod bog‘ining qayta ta’mirlanishi, qalam ahlining erkin va qulay ijod qilishi, o‘z navbatida maroqli hordiq chiqarishi uchun Zarkent ijod uyining qurilishi, Zomin sanatoriyasidan ijodkorlarga qo‘shimcha o‘rinlar ajratilishi, har yilgi an’anaviy tarzda yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Zomin seminarining tashkil etilishi kabi havas qilsa arziydigan ishlar, ochig‘ini aytish kerak, uncha-muncha davlatda yo‘q.
O‘zbek xalqining maorifi, adabiyoti, san’ati, kelajak avlodning erkin va hurfikrli bo‘lishi, ozod yashashi, hech kimdan kam bo‘lmasligi uchun kurashgan jadid bobolarga hurmat va ehtiromni aytmaysizmi! Ular haqida filmlar ishlash, haykallar o‘rnatish, maktablar ochish, grantlar ajratish, bebaho asarlarini qayta-qayta chop etish ishlari kundan kunga jadal tus olib boryapti. Bu esa, O‘zbekistonda o‘ttiz yil yashagan, qardoshlar hayotini o‘zgacha ishtiyoq bilan muntazam kuzatib boradigan kaminani quvontirdi, albatta.
O‘rni kelganda aytish kerakki, Tog‘li Qorabog‘ning tiklanishiga birinchi sovg‘a O‘zbekiston tomonidan berilgan. Muhtaram Shavkat Mirziyoyev 2021-yilning aprelida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining videokonferensiya shaklida o‘tkazilgan norasmiy sammitida O‘zbekiston uzoq yillar davom etgan qamaldan ozod etilgan tuproqlarimizda ko‘hna obidalar, madaniyat va ma’rifat maskanlarini tiklash ishlariga hissa qo‘shishga tayyorligini bildirgandi. 2023-yilning avgustida Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga tashrifining ikkinchi kunida ikki davlat rahbarlari Fuzuliy shahriga tashrif buyurib, o‘zbek xalqining buyuk farzandi Mirzo Ulug‘bek nomini olgan 960 o‘rinli maktabning tantanali ochilish marosimida ishtirok etgandi. Bu xabarni o‘qigan yoki eshitgan kishida savol tug‘ilishi tabiiy: O‘zbekiston hukumati qardosh o‘lkaga yordam berishni nega maktab qurishdan boshladi? Chunki o‘zbek xalqi azaldan ilm-u ma’rifatni, adabiyot va san’atni qadrlab kelgan. Fuzuliyda ochilgan maktab ham ushbu ezgu an’ananining davomi desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Umuman olganda, O‘zbekiston va Ozarbayjon adabiy, ma’rifiy, siyosiy do‘stligi kechagina boshlanib qolgan hodisa emas, uning ildizlari chuqur. Bu aloqalar asrlar davomida shakllanib, Nizomiy Ganjaviy, Alisher Navoiy asarlari hamda ikki xalqning fuzuliyxonlik, mashrabxonlik kechalari bilan yanada mustahkamlangan. Bu orada Bokuda o‘zbek san’ati va madaniyati, Toshkentda Ozarbayjon kino va adabiyoti kunlari o‘tkazilgani ham alohida e’tiborga molik hodisa. Juda yaxshi eslayman, 2018-yil 14-dekabr kuni Toshkentda, 21-dekabr kuni esa Bokuda o‘zbek dramaturgiyasining zabardast vakili, tarjimon, ustoz, Ozarbayjonning mashhur farzandi Maqsud Shayxzoda tavalludining 110 yilligi munosabati bilan ilmiy anjuman, shuningdek, Ozarbayjon Madaniyat Markazi loyihasi bilan tayyorlangan, Maqsud Shayxzodaga bag‘ishlangan “Ikki xalq iftixori” nomli hujjatli film, “O‘zbek she’riyati gulchambari” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tgandi. Undan ko‘p o‘tmay, Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi loyihasi bilan O‘zbekistonda ikki xalq o‘rtasidagi madaniy-adabiy aloqalarga bag‘ishlangan “Azaliy do‘stlik rishtalari” hujjatli filmi taqdim etilgandi. Xullas, ana shu ezgu an’anani davom ettirish, ikki xalq madaniy aloqalarini mustahkamlash uchun kamtarin ijodim bilan ko‘prik bo‘lishni muqaddas burchim deb bilaman va so‘zimni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qabulida faxr ila o‘qigan she’rimdan parcha keltirish bilan yakunlayman:
Asriy orzularning avjiga yetgan,
Nahanglar diqqatin o‘zga qaratgan,
Ne baxtki, jahonning bosh minbaridan
Nutqini jonajon tilda yangratgan
O‘zbek kelayotir tarix qa’ridan!
Shavkatini tiklab buyuk Turonning,
Avlodlar komida mujassam jonning,
O‘z davlati bilan porlab safidan
Turkiston, Turkiya, Ozarbayjonning,
O‘zbek kelayotir tarix qa’ridan!
Yo‘l bo‘shat, dillarda muzlagan armon,
Yo‘l bo‘shat, mensimay xor qilgan nodon!
Yangi mingyillikning tongotaridan
Yo‘l bo‘shat, zamona, yo‘l bo‘shat, jahon!–
O‘zbek kelayotir tarix qa’ridan!!!
Akif AZALP,
shoir, adabiyotshunos
“Jadid” gazetasining 2025-yil 25-iyuldagi 30-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



