12.08.2025 | 11:13
932
BEHBUDIYNING MA’NAVIY MEZONLARI
XX asr boshlarida Turkistonda vujudga kelib, maorif va matbuot orqali yoyila boshlagan ma’rifatparvarlik g‘oyasining yirik namoyandalaridan biri Mahmudxo‘ja Behbudiy edi.
U ma’rifat targ‘iboti yo‘lida yangi usuldagi maktablar ochdi va dars taqsimotida dunyoviy fanlar ulushini oshirdi. Yangi usulda o‘qitish uchun bir qator darsliklar yaratdi va chop ettirdi. Shu bilan birga “Risolayi asbobi savod”, “Risolayi jug‘rofiyai umroniy”, “Risolayi jug‘rofiyai Rusiy”, “Kitobatul-atfol”, “Amaliyoti islom”, “Tarixi islom” kabi ilmiy asarlar ham yozib, ilg‘or qarashlarini o‘quvchilarga taqdim etdi.

Biroq taniqli olim Begali Qosimov yozganiday: “Ma’rifat uchun birgina maktab kifoya qilinmasdi. Zamon va dunyo voqealari bilan tanishib bormoq, millat va Vatanning ahvolidan, kundalik hayotidan ogoh bo‘lmoq kerak edi. Binobarin, millat uchun shunday oyna kerak ediki, unda u o‘z qabohatini ham, malohatini ham ko‘ra olsin. Mana shu ehtiyoj va zarurat Behbudiyni teatr va matbuot sari boshladi. “Padarkush” shu tariqa maydonga keldi”.
Matbuotning ijtimoiy hayotdagi muhim o‘rni va beqiyos ta’sirini to‘g‘ri anglagan Behbudiy 1913-yilning aprelidan “Samarqand” gazetasini chiqara boshlaydi. U orqali ma’rifatparvarlik qarashlarini ommaga bevosita yetkazish imkoniga ega bo‘ladi. “Bu gazeta Samarqandda Mahmudxo‘ja Behbudiy tomonidan forsiy-o‘zbek tillarida chiqarilib, el-u xalqning ko‘zini ochishiga bois bo‘ldi”, deb yozgan edi Abdulla Avloniy ushbu gazeta haqida.
“Samarqand” o‘sha davr o‘quvchisini ijtimoiy axborot bilan keng ko‘lamda ta’minlovchi nashr edi. Unda ilm-fan, adabiyot, tijorat, hunarmandlik va dehqonchilikka doir maqolalar, lavhalar berib borildi. Gazeta sahifalarida Hoji Muin, Said Rizo, Rojiy va boshqalarning muhim mavzulardagi qator maqolalari e’lon qilindi. Biroq moddiy qiyinchiliklar sabab nashrning 45 ta sonigina chiqqan.
Ammo Behbudiy taslim bo‘lmadi. 1913-yil 20-avgustda milliy matbuotimiz tarixida alohida o‘rin tutgan “Oyina” jurnalining ilk soni bosmadan chiqdi. Uning vazifasi “millati islomning saodat va salohina, musulmonlarning madaniyat va fununi zamoniyadan naflanmoqlarina xizmat etishlik” deb belgilangan edi. Abdulla Avloniy bu jurnal haqida “jurnallarning eng birinchisi va eng yaxshisi edi” deb baho beradi.
Jurnal sahifalarida ilm-fan, ma’rifat, madaniyat, til-adabiyot masalalarini keng yoritdi, nodonlik, jaholat, mustamlakachilikka qarshi turdi. Jurnalda Mahmudxo‘ja Behbudiy, Said Rizo Alizoda, Rojiy, Hoji Muin Shukrullo, Abdurauf Fitrat, Hamza Niyoziy va boshqalar o‘z maqolalari, she’rlari bilan faol ishtirok etdi.
Birinchi bo‘lib “Oyina”da yer kurrasining tasviri – globus surati ko‘rsatilib, bayon qilib berildi.
Adib jurnalning ilk sonidagi “Turkiston” maqolasida yurtimizning ko‘p asrlik boy tarixi haqida faxr bilan so‘zlasa, shu sondagi “Ikki emas, to‘rt til lozim” maqolasida o‘sha zamon kishilari uchun ko‘p tillarni bilmoqlik muhim fazilatligini uqtiradi. U “Muhtaram yoshlarga murojaat”i (1915-yil, 4-son) bilan o‘g‘il-qizlarni ilmga da’vat etsa, “Vatanparvarlik kerak” maqolasi (1915-yil, 21-son) orqali vatan tuyg‘usini anglatishni o‘z burchi deb biladi. Publitsistning “Sadoyi Turkiston” va “Sadoyi Farg‘ona” yoxud Turonning egizak-tuvama farzandlari”da o‘sha davr matbuoti muammolari tilga olinib, “Tanqid saralamoqdir” maqolasida esa ijtimoiy tanqidning mohiyati ochib berilgan.
Shuningdek, “Oyina”ning bir necha sonida Behbudiyning “Sayohat xotiralari” bosiladi. Adib Haj safari bilan Makka va Madina shaharlariga borishda bosib o‘tgan yo‘li, mamlakatlar, shaharlar va odamlar haqida hikoya qilarkan, bu asarni o‘zbek matbuotida yo‘l ocherkining dastlabki ko‘rinishi deya baholash mumkin. Muallif ko‘rgan-kechirganlarini yozarkan, o‘zga mamlakat va xalqlardagi ilm-ma’rifat, yangiliklarni hikoya qilish asnosida ularni o‘z vatani – Turkistondagi ahvol bilan solishtiradi va nodonlik, qoloqlik hollaridan qayg‘uradi. Adibning mazkur turkumga kiruvchi “Ismoilbek hazratlari ila suhbat”ida jadidlik harakatining yo‘lboshchisi Ismoil G‘asprali bilan uchrashuv haqida hikoya qilinadi.
Adibning “Hushim kelmaydir” feletonida kulgining yengilroq tus olganini ko‘ramiz. Unda o‘ziga xos shakl tanlanib, go‘yo bir muallif hayotda uchraydigan ayrim illatlar – ba’zi boylarning dabdabali to‘ylarga, turli maishat-bazmlarga qanchadan qancha mablag‘ sarflagan holda yoshlarning ilm olishlari uchun ozgina bo‘lsa-da ko‘mak berishdan qochishlari haqida yozishga “unchalik hushi kelmagani” aytiladi. Feleton so‘ngida kinoya bilan “Odamlarga tosh otishga hushingiz keladi-ku! Ohistaroq oting, “Oyina”ga tegmasun!” qabilida hazil qilinadi. Bunday misollar publitsistning hajvga g‘oyat ustomonligidan dalolat berib turibdi.
Umuman olganda, muallif o‘sha davrda jamiyatning tadrijiy taraqqiyoti uchun nihoyatda zarur bo‘lgan jihatlarni ko‘ra bildi va muammolar mohiyatini umuminsoniylik, xalqchillik, milliylik va eng muhimi – haqqoniylik mezonlari bilan ommaga yetkazdi. U chin ozodlik va mustaqillik uchun haqiqiy kurashchi sifatida keng jabhada faoliyat olib bordi. “Bilingki, haq olinur, lekin berilmas”, deb yozgan edi u yoshlarga murojaatida.
Behbudiy ozodlik va mustaqillik masalalari haqida faqat yozibgina qolmasdan, uni amalga oshirish uchun ham bevosita kurashdi. 1918-yili “Turkiston muxtoriyati” g‘oyasi va bu g‘oya zaminida tashkil topgan birinchi Milliy hukumatning bevosita asoschilaridan biri bo‘ldi. Adib o‘sha yili Qarshida Buxoro amiri jallodlari tomonidan qatl etilishi oldidan yozgan vasiyatnomasida shogirdlari va tarafdorlariga qarata: “Hammaga ozodlik yo‘lini ko‘rsatinglar! Ozodlikni to‘liq yuzaga chiqaringlar! Turkiston bolalarini ilmsiz qo‘ymangizlar!” deb xitob qilgandi. Behbudiyning o‘limoldi bildirgan so‘nggi tilagi ham uning naqadar ozodliksevar fidoyi inson, ulug‘ mutafakkir, ma’rifatparvar jadid ekanini ko‘rsatib turibdi.
Muxtor XUDOYQULOV,
filologiya fanlari doktori, professor
“Jadid” gazetasining 2025-yil 8-avgustdagi 32-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
605
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
603



