12.08.2025 | 12:30
861
ERIX MARIYA REMARKNING “UCH OG‘AYNI” ROMANIDAN IQTIBOSLAR
Gʻarbda “Yoʻqotilgan avlod” deb atalgan adabiyotning yirik vakili hisoblanmish Remarkning “Uch ogʻayni” asarida urush dahshatlari, Ikkinchi jahon urushi yillari va undan keyingi davrdagi hayotni, fashizmning mudhish qiyofasi, maʼnaviy ezilgan, oʻzini jamiyatdan begonalashgan deb his qiluvchi kishilar qismati aks etgan.

Hech narsani yuragingga yaqin olma. Yaqin olsang, o‘sha narsani asrab qolmoqchi bo‘lasan. Bu dunyoda hech narsani mangu asrab bo‘lmaydi.
Qoqilgan odam o‘zini o‘nglab ketardi, hozir esa ishdan bo‘shasang – umrbod ko‘chada qolasan.
Kamtarlik bilan halollik faqat romanlarda rag‘batlantiriladi. Hayotda esa bunaqa odamlarning shirasini so‘rib, po‘stlog’ini tuflab tashlashadi.
Bizning tezkor asrimizda uddaburron bo‘lish kerak, hamma gap mana shunda. Bir-biriga zid narsalar kishilarni o‘ziga mahliyo qiladi.
Chin hayot faqat orzu-xayollarda, uning shu’lalaridagina mavjud.
Hammamiz yoshmiz, qalbimizdagi umid uchqunlari butkul so‘ngan. Biz o‘tmishimizga daxldor barcha narsaga qarshi – soxtalik va xudbinlik, ochko‘zlik va shafqatsizlikka qarshi kurashmoqchi edik; biz bag‘ritosh bo‘lib qoldik va yaqin o‘rtog‘imizdan boshqa hech kimga, bizni hech qachon aldamagan osmon, tamaki, daraxtlar, non va zamindan bo‘lak hech narsaga ishonmay qo’ydik. Xo‘sh, oqibati nima bo‘ldi? Bari yemirildi, qalbakilashdi va unutildi. Unuta olmaganlarning ulushi esa faqat nochorlik, noumidlik, loqaydlik va ichkilik bo‘ldi. Buyuk insoniy va mardona talpinishlar davri o‘tdi. Korchalonlik, sotqinlik va qashshoqlik tantana qildi.
Yolg‘iz odamni hech kim tashlab ketmaydi.
Odamzod o‘zining bir chimdimgina yaxshiligini, ko‘pincha, vaqt o‘tgandan keyin eslaydi. So‘ngra naqadar olijanob bo‘lishi mumkinligidan to‘lqinlanib, o‘zini olihimmat kishilar qatoriga qo‘shib yuradi. Yaxshi fazilat, poklik, olijanoblik…

Odamzod yovuz, lekin ezgulikni yaxshi ko‘radi… faqat birovlardan chiqadigan ezgulikni yaxshi ko‘radi.
Muhabbat uchun soddalik yarashadi. Senda bu narsa bor. Shuni asrab qol. Xudoning tuhfasi bu. Bir yo‘qotsang, qaytib topolmaysan.
Ahmoq bo‘lib tug’ilish uyatmas, ahmoq bo’lib o’lib ketgan yomon.
Xomxayollar o‘tmishdan qolgan, qarzlar esa kelajak hisobidan.
Soddalik ulug‘ narsa! Faqat hasadgo‘ylar uni ahmoqlik deyishadi. Xafa bo‘lma. Soddalik qusur emas, aksincha, iste’dod belgisi.
Faqat ahmoqlargina hayotda g‘alaba qozonishadi, aqlli odam ko‘pdan ko‘p to‘siqlarga duch kelib, bir ishni boshlamasdanoq hafsalasi pir bo‘ladi. Og‘ir paytlarda soddalik – bebaho xazina, insonni turli xavf-xatarlardan asrab qolguvchi sehrli niqob.
Hech qachon ko‘p narsa bilishga urinma. Qancha kam bilsang, hayoting shuncha yengil bo‘ladi.
Kelgusida nima kerak bo‘lishini odamzod hech qachon oldindan bilmaydi.
Bizning ayanchli zamonamizda, afsuski, tansiq bo‘lib ketgan iliq so‘zlar. Ayol – temir buyum emas, ayol bamisoli gul. U iliq-issiq gaplarni xush ko‘radi. Uning uchun umri bo‘yi yelkangizni yag‘ir qilib ishlaganingizdan ko‘ra har kuni uch-to‘rt og‘iz shirin so‘z aytganingiz ming marta afzal.

Muhabbat ajoyib narsa. Ammo ikki kishidan biriga hamisha zerikarli bo‘ladi. Ikkinchisi esa qup-quruq qolaveradi. Nimanidir kutadi… Telbalarcha kutadi…
Sizlar o‘z tuyg‘ularingizdan cho‘chiysizlar. Sizlar maktub yozmaysizlar – telefonda gaplashib qo‘ya qolasizlar. Xayol surish sizlarga begona – shanba-yakshanba kunlari shahar tashqarisiga chiqsanglar bo‘ldi. Sizlar muhabbatning hisob-kitobini qilasizlar, siyosatning hisob-kitobini bilmaysizlar – ana shunaga nochor avlodsizlar!
Gʻazabini tizginlay olgan odam nazokatli boʻladi.
Hayot haqida o‘ylaganingda dilgir bo‘lasan, ammo odamlar hayotni nimaga aylantirib yuborganini ko‘rganingda surbet bo‘lishing turgan gap.
Yaxshiyamki, nsoniyatni hayotga bog‘lab turadigan ikir-chikirlar hali tugagan emas. Yolg‘izlik esa, haqiqiy yolg’izlik – aqldan ozish yoki o‘z joningga qasd qilish arafasida boshlanadi.
Har qanday muhabbat boqiy bo‘lishni istaydi, uning boqiy azobi ham shundan. Lekin dunyoda intihosiz narsaning o‘zi yo’q.
Andisha – birovning xatosini aytmaslik va uni tuzatmaslik xususida yozilmagan norasmiy bitim. Jirkanch murosa.
Faqat erkingni qo‘ldan berma! Erk muhabbatdan qimmatroq narsa. Ammo inson buni kech tushunadi.

Eng dahshatli narsa bu – vaqt, og‘aynilar. Vaqt. Biz yashayotgan va o‘zimiz hech qachon izmimizga sololmaydigan daqiqalar.
Dunyoning eng og‘ir dardi – tafakkur!
Hayot bu – kasallik, inson tug‘ilishi bilan o‘lim boshlanadi. Har nafas olib – nafas chiqarishda, yurakning har bir zarbida o‘lim zarralari bor – bular bizni muqarrar jahannamga yetaklaydi.
Bizga o‘xshagan odamlar tunda tabiat bilan muloqotda bo‘lmasligi kerak. Tabiat tunda yolg‘izlikni xush ko‘radi. Dehqon yoki baliqchi bo‘lganimizda boshqa gap edi. Biz shaharliklarmiz, his-tuyg‘ularimiz o‘tmaslashib ketgan…
Agar go‘zallikni his etish tuyg‘usi ozgina bo‘lsa ham saqlanib qolmaganda hamma narsadan judo bo‘lardik.
O‘tmish sizlarga yoqmaydi, bugungi kundan nafratlanasizlar, kelajak bilan ishinglar yo‘q. Oxiri baxayr bo‘lsin-da ishqilib.
Siyosat har qanday teatrning, tungi otishmalar ajoyib konsertlarning, odamzod ehtiyojidan iborat ulkan kitob butun boshli kutubxonaning o‘rnini bosadi.
Muhabbat inson vujudida paydo boʻladi, lekin hech qachon bu vujudda tugamaydi. Hatto hamma narsa: inson ham, muhabbat ham, baxt ham, hayot ham – bari to‘la-to‘kis bo‘lgani bilan, allaqanday dahshatli qonunga koʻra, mudom kamday tuyilaveradi, bular nechog‘li ko‘p ko’rinmasin, aslida judayam oz.
Bir narsaga ega bo‘lish aslida yo‘qotishdir. Hech qachon hech narsani tutib qolish mumkin emas, hech qachon! Jaranglab turgan vaqt zanjirini hech qachon uzib bo‘lmaydi, hech qachon bezovtalik oromga, izlanish – sukunatga aylanmagan, tubanlashish hech qachon to‘xtamagan.
Bizni xotiralar qaritadi. Unutishni bilmaymiz.
Hamma narsa mutanosib bo‘lishi lozim – hayotning siri mana shunda.
Bizning davrimizda foydali bitimni boy berish taqdir bilan o‘ynashishday gap. Hozir hech kim bunaqa nodonlik qilmaydi.
Nuqul mahzun narsalar xususida o‘ylanadigan bo‘lsa, bu dunyoda hech kimning kulishga haqqi qolmaydi.
Bama’ni odam kechga yaqin hamisha dilgir bo‘lib qoladi. Unga boshqa sababning keragi yo‘q. Shunchaki… dilgir bo‘ladi-qoladi…
Pulga jirkanch nazar bilan qaramaslik kerak. Ko‘p ayollar pul vajidan sevib qolishadi. Sevgi esa aksariyat erkaklarni ochko‘z qilib qo’yadi. Xullas, pul yuksak orzularga, muhabbat esa, aksincha, manfaatparastlikka chorlaydi.
Inson ahd qilishga hamisha usta. Lekin ahdini bajarishga emas. Uning afsunkorligi ham mana shunda.
Qilish mumkin bo‘lgan ko‘p ishlarni qilmaymiz, sababini ham bilmaymiz. Ish hamma narsadan muhim bo‘lib qoldi: qancha odam ish qidirib yuripti, ko‘ziga boshqa narsa ko‘rinmaydi. Bu yerning ajoyibligini qarang! Qancha yildan beri endi ko‘rib turibman. Ikkita moshinam, o‘n xonali uyim, yetarlicha pulim bor. Lekin bulardan nima foyda? Mana shu faraxbaxsh tongga ularni qiyoslab bo‘ladimi! Ish ayanchli vasvasaga aylanib qoldi. O‘lib-tirilib ishlaymiz, xuddi bir narsa o‘zgaradiganday. Hech qachon hech narsa o‘zgarmaydi. Odamlar hayotlarini do‘zaxga aylantirib yuborishdi. Qarab turib, yoqa ushlaysan!
Erkak kishi yolg‘iz muhabbatga suyanib yashay olmaydi. U azbaroyi boshqa odamni deb yashashga qodir.
Bizning davr tuyg‘ularni ifoda etadigan so‘zlarni hali topmagan. Bu zamona faqat odobsizlikni biladi, xolos, qolgan barchasi – sun’iy.

Tavba: odamlar urishib qolishganda qanaqa so‘zlarni topishmaydi deysiz! Faqat muhabbatga daxldor so‘zlargina abadiy va o‘zgarishsiz qolaveradi. Haqorat lug‘ati esa rang-barang va bitmas-tuganmas!
Shoshmaslik – puxtalik. Puxta narsa hamisha yaxshi bo‘ladi.
Ehtimol, hayot, chinakam hayot va baxt shudir, balki, g‘am-g‘ussa, qo‘rquv va unsiz iqror omixta bo’lgan muhabbat mana shuning o’zidir…
Odam bir-birini qanchalik ko‘p bilsa, anglashilmovchilik shuncha ko‘p bo‘ladi. Qanchalik yaqinlashsa, shunchalik begonalashadi.
Yarim haqiqatlardan nariga o‘tolmaymiz. Ojiz bandaligimiz shunda. Faqat yarim haqiqatlardan ogoh bo’lib, qancha noma’qul ishlarni qilamiz. Agar haqiqatni toʻlaligicha fahm etsak, yer yuzida yashash mumkin bo‘lmay qoladi.
Insonni faqat o‘lganidan soʻng yoʻqotasan.
Ming yillar davomida odamzod nimaga erishdi-yu, nimaga erisholmadi, buni faqat mana shu yerda yaqqol anglash mumkin: insoniyat o‘lmas san’at obidalarini yaratdi, ammo o‘z qavmiga daxldor kimsalarning har birini loaqal nonga to‘yg‘azishga qurbi yetmadi.
Balki, vaqt-soati kelib, bugun iching achiyotgan odaming dunyoda eng baxtli inson bo‘lib tuyilar?
O‘tmish bizni uzoqni ko‘zlamaslikka o‘rgatgan.
Sen shunday bir sirli qavmga mansubsanki, bu qavmga daxldor kishilar mansabga intilishdan ko‘ra o‘limni afzal bilishadi. Ular azob chekishadi, qiyma-qiyma bo‘lib ketishadi, yorug‘ dunyo bilan vidolashishadi, ammo shirin turmush ketidan quvib, beqiyos timsolni o‘zgartirishga yoki uni unutishga jur’at etishmaydi, bu timsol, jigarim, ularning qalbiga muhrlangan, yer yuzida hali yalang‘och hayot va yalang‘och o‘limdan bo‘lak hech narsa bo‘lmagan daqiqalar, kunlar va tunlarda ularning diliga abadulabad o‘rnashib qolgan.
Faqat baxtsizlargina baxtning nimaligini bilishadi. Baxtli odam hayot quvonchini qo‘g‘irchoq kabi tuyadi: u bu quvonchni ko‘z-ko‘z qiladi, xolos. Aslida bundan bebahra. Yorug‘ paytda chiroqning nuri ko‘rinmaydi. U qorong‘ida ko‘rinadi.
Bizga nasib etgan jindaygina nur omon bo‘lsin! Biz uni shunaqa sevamizki, foyda hisobiga garovga qo‘yolmaymiz! Yashash kerak – ertaga Xudo poshsho! Bundan o‘n ming yorug‘lik yili muqaddam parchalanib ketgan yulduzlar borki, ular hamon nur taratib turadi!
Odamlar aqldan ozganmas. Ular ochko‘z, xolos. Biri ikkinchisiga hasad qiladi. Bo‘lmasa dunyoda ezguliklar to‘lib-toshib yotipti, ammo aksariyat kishilarda ana shu ezgulikni ko‘rmaysiz. Hamma gap taqsimotda.
Bu umidvorlikda hamma narsa e’tiroz, shubha, ziddiyat, dolzarb muammolar, turmush tashvishlari, hozirgi kun, mavjud voqelik – bari-bari mujassam.
Hayotning ayrim jihatlari go‘zal, umuman olganda esa butunlay bema’ni. Go‘yo bu olamni hayotning rang-barangligiga mahliyo bo‘lgan bir savdoyi yaratib qo‘ygan-u, so‘ng uni yakson etishdan bo‘lak tadbirni o‘ylab topolmagan.
Shahzoda Orifjonova tayyorladi.
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



