19.08.2025 | 12:35
549
KUCH – ILMDA
Gulasal Bo‘tayeva – “Kelajak bunyodkori” medali sohibasi, Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universitetining 2-bosqich talabasi:
– Joriy yilning 30-iyunida hayotimdagi eng unutilmas hodisa ro‘y berdi – davlatimiz rahbari qo‘llaridan “Kelajak bunyodkori” medalini oldim. Nazarimda, bu mening shaxsiy yutug‘im bo‘lsa-da, u minglab yoshlarga ilhom ulashdi. Chunki biz, ming shukurlar bo‘lsinkim, yoshlarga beqiyos imkoniyatlar yaratilgan shunday tinch yurtda yashayotgan avlodmiz. Bugun dunyoda turli urushlar, nizolar va tahdidlar avj olayotgan paytda, bizga ko‘proq harakat qilish, zamonaviy ilm-fandan yaxshi xabardor bo‘lish, olg‘a intilish va yurtimiz rivojiga munosib hissa qo‘shish vazifasi yuklatilgan.

DAVLAT RAHBARI BILAN UCHRASHUV
Hech esimdan chiqmaydi, o‘shanda Prezidentimiz men haqimda eshitganlarini ta’kidlab, doim olg‘a intilishimni maslahat berdilar. Shu zahoti nutq so‘zlashga taklif etildim – bu har qanday insonni hayajonga solib qo‘yadigan vaziyat edi, chunki davlat rahbari oldida gapirish mas’uliyati katta.
Ayni lahzada yana bir haqiqatni angladim: Prezidentimiz yoshlar hayotiga cheksiz e’tibor va mehr bilan qaraydilar. Ayniqsa, qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ta’limi va rahbarlik salohiyatini oshirish masalasini doim kun tartibida ushlaydilar. O‘sha kuni minbarda aytgan so‘zlari hanuz yodimda: “Agar biz qizlarni o‘qitsak, butun jamiyatni o‘qitgan bo‘lamiz”.
Shu nutqlaridan ilhom olib, kelajakda yurtimizda yetakchi rahbar ayollardan biri bo‘lishni maqsad qildim. Chunki rahbar ayollar soni dunyoda ham, yurtimizda ham kam. Prezidentimiz bergan ishonchni oqlash uchun bor kuch-g‘ayratim va bilimimni safarbar qilaman.
IZLANISHLAR HAMDA IMKONIYATLAR
Yoshligimdan texnologiya va IT sohasiga qiziqqanman. Dadajonim ham shu sohada faoliyat yuritadi. Olti yoshimda birinchi kompyuterimni sovg‘a qilishgani qiziqishimni yanada kuchaytirdi. Shu bilan birga, chet tillarini ham faol o‘rgandim.
15 yoshimda Amerikaning TechGirls xalqaro dasturiga tanlab olindim. Bu dasturda dunyo bo‘ylab 36 mamlakatdan to‘rt nafar qiz tanlanadi va men O‘zbekistondan, shularning biri bo‘ldim. Virjiniya shtatidagi “Virginia Tech University”da uch oylik yozgi maktabda tahsil olib, molekulyar modelling va dasturlash bo‘yicha ilk tajribalarimni boyitdim.
Shundan so‘ng AQShda dasturchi va texnologlar o‘rtasida o‘tkaziladigan turli musobaqalarida ishtirok etdim. Jumladan, “CyberStart America” dasturlash va kiberxavfsizlik bo‘yicha musobaqada yaxshi natijaga erishdim. Shu sabab, kiberxavfsizlik sohasiga qiziqishim yanada ortdi. Hozir xalqaro “Westminster University”da davlat granti asosida tahsil olyapman va axborot tizimlari sohasida izlanishlarimni davom ettiryapman.
KIBERXAVFSIZLIK VA AMALIY ISHLAR
O‘zbekistonda kiberxavfsizlikdagi eng muhim masalalardan biri – telegramda tarqalgan APK-fayllari orqali bank hisoblari va plastik kartalardan noqonuniy ravishda pul yechib olish holatlaridir.
Shu sababli men O‘zbekistondagi Kiberxavfsizlik markazi bilan hamkorlikda mamlakatdagi kibertahdidlarni tahlil qilish va ularga qarshi innovatsion choralar ishlab chiqishda faol qatnashyapman. Shuningdek, “Cyber University” bilan birgalikda axborot xavfsizligi bo‘yicha kurslar va treninglar tashkil qilib, yoshlarning bu sohadagi bilim va malakasini oshirishga yordam beryapman. Raqamlashtirish vazirligi bilan hamkorlikda esa milliy kiberxavfsizlik strategiyalarini ishlab chiqish va kibergigiyena dasturlarini joriy etish bo‘yicha loyihalarda ishtirok etyapman.
Joriy davrda O‘zbekistonda milliy kiberxavfsizlik terma jamoasi shakllantirilmoqda. Bu jarayon mentorlik dasturlarini ham o‘z ichiga oladi va bir necha oy davom etadi. Maqsadimiz – mamlakatda kiberxavfsizlik mutaxassislari sonini sezilarli darajada oshirish. Oktyabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan xalqaro CTF (Capture The Flag) musobaqasida ham ushbu terma jamoa bilan ishtirok etish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, kibergigiyena bo‘yicha LMS (Learning Management System) o‘quv dasturini ishlab chiqyapmiz. Bu dastur bog‘cha, maktab va universitetlarda joriy qilinsa, xalqimizni mavjud kibertahdidlardan himoya qilish imkoni yaratiladi.
Kiberxavfsizlik – bugungi dunyoning mustahkam “qalqoni”. Ushbu sohadagi faoliyat orqali nafaqat shaxsiy bilimimni mustahkamlayapman, balki Vatanimni zamonaviy tahdidlardan himoya qilishga hissa qo‘shyapman.
IELTS 9.0 BALL
20 yoshimda IELTS imtihonida 9.0 ball oldim. Bu ko‘pchilik uchun yetib bo‘lmas cho‘qqi, men uchun esa real natija. Buning ortida katta mehnat, qat’iy intizom va kuchli iroda yotadi.
Aslida, avvalroq – 14 yoshimda birinchi til sertifikatimni olganman va 7 ballga erishganman. O‘shandan beri turli davlatlarga bordim, Amerikada tahsil oldim va xalqaro “Westminster University”ga kirish uchun talab qilingan 8 ballga erishdim.
Universitetdan tashqari vaqtlarda bilimlarimni yoshlar bilan bo‘lishib, IELTS instruktorligi bilan shug‘ullandim. Maqsadim – ayollar ham eng yuqori natijalarga erishishi mumkinligini isbotlash edi. Bir necha oylik tayyorgarlikdan so‘ng maksimal 9 ballga erishdim va hozir O‘zbekistondagi eng yosh “nayner”lardan biriman, soham bo‘yicha ayollar orasida respublikada uchinchi o‘rinni egalladim (“Niner” – so‘zi, xuddi maktabda “besh”chi degandek, IELTSdagi “to‘qqiz”chi ma’nosida ishlatiladi).
Bu yo‘lda eng katta ahamiyatga ega jihat – intizom. Universitetda full-time tahsil olish (“Full-time – bu universitetda to‘liq o‘qish, ya’ni har hafta barcha darslarda doimiy qatnashish va butun kurs davomida faol ta’lim olish degani), IELTSga puxta tayyorgarlik ko‘rish va Amerika elchixonasi bilan hamkorlikda ayollar uchun o‘z-o‘zini himoya qilish dasturini bir vaqtda uyg‘unlashtirish oson bo‘lmagan. Kamroq uxlab, tushlik vaqtlarida ham bilim olishga sarflagan vaqtlarim ham bo‘ldi.
Har doim yodimda tutaman: kuch – ilmda, bu yo‘lda qiynalsangiz, demak, to‘g‘ri yo‘ldasiz. Hammasi oson va bir tekisda ketaversa, bu noto‘g‘ri yo‘ldaligingizdan dalolat. Shu orqali nafaqat o‘zimga, balki tengdoshlarimga ilhom berishni maqsad qilganman.
PREZIDENTGA BERILGAN VA’DA
Prezidentimizga kiberxavfsizlikni ta’minlashga va’da berganman. Bu jarayonni faqat men boshqara olmayman, shuning uchun mamlakatimizda kiberxavfsizlik sohasini mustahkamlash va milliy terma jamoa shakllantirish uchun qat’iy harakat qilyapmiz.
Davlat rahbari ham sharoit yaratib, tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda ish olib borishimizga ko‘maklashmoqda. Bu esa mamlakatimizning kiberfrontini kuchaytirish va kiberarmiyani shakllantirish imkonini beradi.
Shu bilan birga, terma jamoadan tashqari ham, kibergigiyena bo‘yicha LMS o‘quv dasturini ishlab chiqyapmiz. Bu dastur bog‘cha, maktab va universitetlarda joriy qilinsa, aholini mavjud kibertahdidlardan himoya qilish imkoni yaratiladi.
Kelajakdagi maqsadim – yoshlar, ayniqsa qizlar uchun namuna bo‘lib, zamonaviy bilim va texnologiyalar asosida yurtimizning rivojiga munosib hissa qo‘shish. Shu bilan birga, kiberxavfsizlik sohasida faoliyatimni davom ettirib, mamlakatimizning zamonaviy tahdidlardan himoya qilinishiga o‘z hissamni qo‘shmoqchiman.
Mashhura ALIMARDON tayyorladi.
“Jadid” gazetasining 2025-yil 15-avgustdagi 33-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



