20.08.2025 | 12:38
707
BO‘TAKO‘ZNOMA
Kimdir bildi, kimdir bilmay qoldi – shu yilning 7-avgust kuni o‘zbek xalqi, millatimiz o‘zining ulkan bir ziyolisidan, qalbi-yu orzu-armonlari tog‘larday yuksak ulug‘ farzandidan ayrildi. Mashhur vatandoshimiz, ma’rifatparvar inson, zamonamiz jadidlaridan biri Jo‘ra qori Bo‘tako‘z 99 yoshida bu yorug‘ dunyoni tark etdi.

Turli manbalar, xususan, adibning 2013-yil Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyotida chop etilgan “Bo‘tako‘znoma” biografik asari, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik, shoir Shukur Qurbon, Abdulla Qodiriyning farzandi Habibulla Qodiriy, nabiralari Xondamir va Sherkon Qodiriylarning esdaliklari, yozuvchi Xayriddin Sultonning “Navoiy – 30” kitobidagi “Oydin”da yurgan odamlar” hikoyasi, shuningdek, “Youtube”da “Mister Otabek” taxallusli bloger bilan qilgan suhbati orqali men bu zotning tarjimai holi, ajoyib bir asarga mavzu bo‘ladigan sarguzashtlarga boy hayoti, qizg‘in ijtimoiy faoliyati haqida ozmi-ko‘pmi xabardor edim.
1926-yili Andijon viloyatida tug‘ilgan bu zahmatkash va fidoyi, bedor qalb egasining umri davomida boshidan ne savdolar o‘tmagan, deysiz. Beg‘ubor bolalik chog‘laridan boshlangan sargardonliklar, musofirlikning achchiq damlari, vatandan ayro, kindik qoni tomgan aziz tuproqdan yiroqda kechgan og‘ir va mashaqqatli, sog‘inch-u iztiroblarga to‘la yillar… Aytishga oson, ammo o‘sha dardli, g‘ussali kunlarning azob-uqubatlarini shu davrda yashab ko‘rganlargina his etishlari mumkin.
Taqdir taqozosi bilan yetti yoshida ona yurtini tark etgan Jo‘ra qori Bo‘tako‘z uzoq umri davomida o‘ndan ziyod mamlakatda yashashga majbur bo‘lgan.
Biroq u dunyoning qaysi yeri, qaysi davlatida yashamasin, butun vujudi, qalbi bilan hamisha o‘zbek, o‘zbekparast, chin millatparvar bo‘lib qoldi.
Mustabid tuzum Jo‘ra qori Bo‘tako‘z singari minglab insonlarni tug‘ilgan diyoridan judo qilgan bo‘lishi mumkin, ammo iymonidan, vijdonidan, yuragidagi el-yurtiga bo‘lgan muhabbat va sadoqat tuyg‘ularidan ayirolmagan edi.
Xorijda, yot o‘lkalarda Vatan sog‘inchi bilan o‘rtanib yashab o‘tganlar qancha. Lekin ularning barchasiga ham umrining so‘nggi onlarini ona yurtida o‘tkazish buyurmagan.
Allohning inoyatini qarangki, ana shunday ulug‘ saodat Jo‘ra qori Bo‘tako‘zga nasib etdi. Ul zotni yaqindan bilgan odamlarning aytishiga qaraganda, Jo‘ra qori domla so‘nggi 20 yil mobaynida olis Amerika diyorining Nyu-Jersi shtatidagi xonadonidan har yili kanda qilmasdan, O‘zbekistonga kelib, bir-ikki oy tug‘ilgan yurtida yashab ketar ekan. Butun umr chekkan azoblari, armon-u anduhlari haqqi, Yaratgan egam bu aziz bandasini o‘zining cheksiz marhamati ila siyladi – niyatini ijobat ayladi: u o‘zi orzu qilganidek, jonajon Vatanida omonatini topshirdi. Parvardigori olam bu moʻtabar mo‘ysafidni o‘z rahmatiga olgan bo‘lsin.
Donishmandlar, insonning ikkinchi umri – undan qoladigan solih avlodlar, qilgan ezgu amallaridir, deydilar. Marhum vatandoshimiz ana shunday ulkan sharafga muyassar bo‘lgan zot ekani uning hayot yo‘li misolida yaqqol namoyon bo‘lib turadi.
Afsuski, bugungi o‘zbek jamoatchiligi u kishining shaxsiyati va faoliyati bilan yetarli darajada tanish emas. Shu ma’noda, ijodiy tashkilotlar, noshirlarimiz oldida, ziyolilarimiz oldida Jo‘ra qori domlaning hozir AQShda istiqomat qilayotgan avlodlari bilan bog‘lanib, uning ma’naviy merosini o‘rganish, yurtimizda targ‘ib-u tashviq qilish vazifasi turibdi. Jumladan, fidoyi ma’rifatparvarning yurak qoni bilan bitilgan umr kitobi – “Bo‘tako‘znoma” asari zamonaviy matbaachilik talablari asosida, katta tirajda qayta nashr etilsa, nur ustiga nur bo‘lur edi.
Quyida ana shu yodnomadan kichik bir lavhani e’tiboringizga taqdim etar ekanmiz, Jo‘ra qori Bo‘tako‘z domlaning haqlariga duo qilib qolamiz.
Elmurod NISHONOV,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
___
BO‘TAKO‘ZNOMA
Asardan parcha
Men ijtimoiy ko‘rinishga siyosiy tasavvur bilan qarab, “Bo‘tako‘z” laqabini oluvdim. Bo‘tadan murodim – bo‘taloq, ko‘zdan maqsad – uning ma’sum ko‘zi edi. Tuyaning ustidagi g‘ul (kishan), burnidagi arqon, arqonning uchi sarbonda, sarbon maqsad-manzili sari yetaklamoqda. Bo‘taloq esa, onaning ketidan bu safardan biror narsa fahmlamay ketmoqda.
Mustabidlar O‘rta Osiyoning yer osti boyliklarini polvon mashinalarda kovlab chiqarib, qator-qator vagonlarda tashib ketmoqda. O‘rta Osiyo xalqlari boyliklarini tashib ketmoqdalar. O‘rta Osiyo uluslari qo‘l qovushtirib turmoqdalar. Bundan boshqa choralari ham yo‘q. Mana shu tasavvur “Bo‘tako‘z” laqabini olishimga sabab bo‘luvdi…
O‘zbeklar turmushidan olingan “O‘tkan kunlar” romanini Zakibey Validiyning “Turkiston tarixi” asari bilan birga o‘qib, ko‘p hayajonlandim. “O‘tkan kunlar” kitobida so‘zlar xalqona bo‘lib, ko‘rinishlar milliy edi. Milliy tuyg‘u, milliy ruhda yozilganligi ayon ko‘rinib turardi.
O‘sha davrda Afg‘onistondagi o‘zbeklar afg‘onlasha bordi. Hindistondagi o‘zbeklar o‘zaro urducha, panjobiycha gaplashadigan bo‘lib ketmoqda edi. O‘shalarga o‘xshab Turkiyada yashayotgan vatandoshlar ham o‘zbekligini unutib, turkcha gaplashadigan bo‘lib qolishdi. Qizig‘i shundaki, uyalmay-netmay turkcha gaplasha turib, millatchilikdan da’vo qilishadi. O‘zlarini millatchi deb bilishadi-yu, millatchi deb tanilishni istaydilar-u, madaniy jihatdan yo‘qola borayotganlarini sezmaydilar.
O‘sha kunlari domla Zakibeyning “Turkiston tarixi”ni o‘qib, vatandoshlar hech bo‘lmaganda yurtimiz ozod bo‘lguncha o‘z milliy tilimizni yo‘qotmay, o‘zbek tilimizni begona ta’sirlardan saqlab, klassik adabiyotimizni, musiqamizni, ayniqsa, maqom yo‘llarini fahmlab tursa, yaxshi bo‘lardi, degan tuyg‘u menda kuchaya bordi. Chunki domla Zakibeyning asari ham turkcha edi.
Men kelajakda yurtimizning ozod bo‘lishi yo‘lidagi mujodalada o‘z tusimiz bilan, mavjudiyatimiz bilan tursak, tabarruk harakatlarda ishtirok etish sharafiga noil bo‘lib qolarmiz, degan umidda edim.
Yuqoridagi orzularimni ro‘yobga chiqarish uchun Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanini qayta chop ettirib tarqatishni afzal ko‘rdim…
Boyazid kutubxonasida 1958-yili Toshkentda kirill harfida chop etilgan “O‘tkan kunlar” bor ekan, G‘uriy Maxdumga o‘qitib qarasam, bu kitob bilan Zakibey Validiy menga bergan, 1926-yili Samarqandda arab harfida nashr qilingan roman orasida katta farq bor ekan. Buni ko‘rib, hayratda qoldim.
Endi “O‘tkan kunlar” asarining asl nusxasini qayta chop etish zarur bo‘lib qoldi-ku, deb qaror qildim. Qarorimni Zakibey Validiyga aytdim.
– Juda ko‘p pul kerak. Vatandoshlar yordam qilmaydi. Kitobni pulga sotib olishmaydi ham. Hatto kitobni qo‘liga bersang o‘qishmaydi, o‘qisholmaydi. Natijada ko‘p xafa bo‘lasan, katta pul sarf qilib qolaverasan, ma’yus bo‘lasan, sendek sodiq do‘stning milliy faoliyatdagi ma’yusligini ko‘rib, biz ham xafa bo‘lamiz, – dedi u.
Zakibey domladan o‘shanday mulohaza olgan bo‘lsam-da, qarorimda qat’iy turib harakat boshladim. U davrda Istanbulda arab tilida faoliyat ko‘rsatadigan hech qanaqa chopxona yo‘q ekan. Usmonli davridan beri ishlatib kelinayotgan arab tilidagi matbaalar yo‘q qilingan.
Endi chet elga chiqish kerak edi. Chet elga chiqib kitob chop qilish uchun katta miqdorda pul kerak. Shuning uchun otelim (mehmonxona – tahririyat)ni sotib, katta komission to‘lab, chet elga pul chiqazdim. Chunki u davrda Turkiyadan rasmiy tarzda chet elga pul chiqarish mumkin emasdi.
Karachi shahriga bordim. Yor-u do‘stlarim, qadrdonlarim bilan ko‘rishdim. Ayniqsa, Haybatullo Muhit menga yaqin edilar.
– Mashhad shahridagi yurtdoshlar orasida matbaa ishlaridan boxabar kishilarimiz bo‘lsa kerak. “O‘tkan kunlar” romanini arab harfida qayta chop ettirishingiz uchun u yerda oqil odam topilsa, yaxshi bo‘lar edi, – dedilar.
Menga ham shu maslahat ma’qul ko‘rinib, Mashhadga jo‘nadim. Lekin u yerda o‘zbek harfini teradigan kishi topolmadim.
Turkiyada, arab yurtlarida, Pokiston va Hindistonda ham o‘zbekcha harfli chopxona topish mumkin bo‘lmay, shu niyatda Eronga borgan edim. U yerda ham imkoniyatni topolmay, Karachiga qaytib keldim. Pokistonning bu port shahri aslida “Kirachi” bo‘lsa kerak, keyin “Karachi” bo‘lib qolgandur.
“Anjuman” nomidagi matbaaga shogird bo‘lib kirdim. Matbaadan o‘zimga xos bir joy ajratib berishdi. Mehnatim uchun menga haq to‘lashgani yo‘q.
Xullas, harf terishni, terilgan matnni tarqatishni, harflarni yuvish, mashinaga qo‘yishni birin-ketin o‘rgandim.
Endi yana bir qiyinchilik chiqdi. O‘zbek tilining ohangiga kerak bo‘ladigan ayrim harflar Karachida yo‘q ekan. G‘arbiy Germaniyadan u harflarning qolipini keltirib, ko‘paytirdim.
Ana endi atoqli yozuvchi Abdulla Qodiriyning mashhur romanini tera boshladim. Avvaliga kunda bir bet, so‘ngra ikki bet terib, ikkinchi, uchinchi kuni mashinaga bermoq bo‘ldim. Korrektura o‘qish uchun yordamchi topa olmadim. Savodxon o‘zbeklar ham no‘g‘ay imlosini bilmas edi. Ayniqsa, romanni o‘qish uchun o‘rta ma’lumotli bo‘lish kerak. No‘g‘ay imlosini o‘qiy oladigan bir necha vatandosh topdim. Ularda mendagi ishq yo‘q edi.
“Kitobga qarab turing, men korrekturani o‘qiyin” desam, korrekturani o‘qib, xatolarini isloh qila olmaydi. “Xo‘p, men korrekturani o‘qiyman, siz kitobga qarab turing”, desam, uxlab qolishadi.
Chunki ularda milliy his, milliy tuyg‘u yo‘q. Islom nomidagi arab ishqi bor. U bechoralar o‘zini avvalo musulmon, so‘ngra o‘zbekman, deydi. O‘zbekona tuyg‘u yuvib tashlangan.
Endi o‘zim bir kalima kitobdan, bir kalima korrekturadan o‘qib tuzata boshladim. Korrektura xatosini shunday bartaraf etar edim. Satr va kalimalar, sahifaning chiroyli chiqishiga diqqat qildim. Bir kalimani, bir satrni necha bor qisqartirib, necha bor uzaytirib chiqar edim.
Shunday qilib, matn terilishidan to kitob holini olguncha ko‘z nurimni to‘kib, bir yil deganda kitobni chop ettirdim.
O‘zbekistonga matbaa kelganidan buyon ham, bugunda ham “O‘tkan kunlar” Bo‘tako‘z nashr etgan kitobdek chiroyli, xatosiz holda chop qilingani yo‘q. Afsuski, bugungacha men nashr etgan “O‘tkan kunlar” romanini diqqat bilan, texnik tomonlarini, qilingan mashaqqatlarini tekshirib, baho bergan kimsa chiqmadi.
Sun’iy charmdan muqova qildirdim. Kitobning muqovasida, zarhalda “O‘tkan kunlar” tamg‘asi bor. Muqovani ochishingiz bilan 1926-yili Samarqandda chop etilgan kitobdagi uzoqdan Marg‘ilonga otliq kelayotgan Otabekni oy ichida kutib o‘ltirgan Kumush tasviriga ko‘z tushadi. Men o‘sha nusxani qaytadan ko‘paytirdim. 1958-yilda “O‘tkan kunlar”ning shoh jumlalarini, milliy javharlarini olib tashlab, ruslar tomonidan nashr ettirilgan nusxadan xabarim bo‘lgan holda, matbaa xatolarini ham tuzatib, chop ettirdim…
Pokistonda istiqomat qiladigan Haybatullo eshon asli andijonlik, Tojixo‘ja eshon ipakchining o‘g‘lidir. Uzun bo‘yli, barvasta odam. Andijonda gimnaziyani bitirgan. Shuning uchun oliy ma’lumotli bo‘lib ko‘rinadi. Halol, pokiza, vijdonli odam.
Men Karachida nashr ettirgan “O‘tkan kunlar” romaniga kirish so‘zi yozib berdi. Kitobning o‘rtanchi bo‘limida chop etildi. Men u kishini ko‘p hurmat qilib, o‘z og‘am o‘rnida ko‘rar edim. Yotgan joyi jannatda bo‘lsin.
Afsus bilan aytayki, kitobga ko‘rsatilgan ixlosni na chet eldagi vatandoshlar, na O‘zbekistondagi vatandoshlar farqiga bordi. Romanga bo‘lgan sevgimni, ishqimni payqamadilar.
Xullas, 1961-yilda kitob chop bo‘lib, sun’iy bo‘lsa ham, charm jildlik etib tayyorlandi.
Matbaa xodimlari:
– Jo‘ra aka bu kitobga bu qadar mehnat qilib, nihoyatda e’tibor bilan chiqarishidan ma’lum bo‘ladiki, uning har bir jildini falon pulga sotadi shekilli, – deyishib, o‘ta maroqlanishgandan so‘ng so‘rab qolishdi: – Qori sohib, kitob qanchadan sotiladi?
– Pulsiz, bekorga tarqataman, – desam, hang-mang bo‘lib qolishdi.
Sababini o‘rganmoqchi bo‘lishdi.
– Diniy kitobmi, Xudo uchunmi? – deyishdi.
– Yo‘q, el-u ulus uchun, – desam, yana og‘izlari ochilib, hayron bo‘lishib qoldi va so‘zlarimdan juda ta’sirlanishdi.
– Rahmat sizga! – deyishdi. Sharafimga katta ziyofat tashkillashtirishdi, bo‘ynimga guldan gardanliklar taqishdi…
Ma’lumki, “O‘tkan kunlar” romanining o‘rta bo‘limi 1958-yili Karachida chop bo‘lib chiquvdi. Bu gal – 1961-yilda romanning uchinchi bo‘limi yana Karachida “Urdu tili vaqti”ning “Anjuman-press”ida chop qilindi.
Kitobni Hindu Pokistondagi tanishlarimga pochta orqali yubordim. Poyezdda Karachidan 24 soat yo‘l bosib, Ravolpindiga o‘zim borib, To‘qa Hoji, No‘monjon, Ahmadjonlarga tarqatdim. Singhdagi ayrim shaharlarga, Navopshodagi Soli qori, Abdusalomlarga ham o‘zim borib berib keldim.
Kitob Ismoil G‘aspralining imlosida terilgani uchun o‘qishda qiynalganlarga o‘qilishini ham o‘rgatib, kitobga hech qanaqa baho yoki o‘rniga hadya olmasdan, har qanday tamadan yiroq turgan holda, birovdan yordam olmagan holda tarqatar edim. Falon qishloqda o‘rmon ichida kechinayotgan vatandosh bo‘lsa, u yerga borib kelish ikki kunni oladigan safar bo‘lsa ham, borib kitob ulashib keldim. Olmoniya, Turkiya, Misr, Iordaniya, Saudiya Arabistoni kabi mamlakatlarga pochta orqali yubordim.
Roman bosilib chiqqanidan keyin domla Abdurauf Fitratning “Hind ixtilolchilari” nomli sahna asarini chop qilmoqchi bo‘lib, sahifalarini terib, bir tarafdan chop qila boshladim.
O‘shanda Turkiya elchixonasining kotibi No‘mon to‘ra:
– Shu kitobni bersangiz, o‘qib, keltirib beraman, – dedi.
Ko‘nglim g‘ash bo‘ldi. Bersam ne bo‘ladi, nima bo‘lmaydi? Kitobni chop qilmoqdaman. Agar unga kitobni bermasam, elchixonada meni yomonlab qo‘yadi-ku, deb ikkilanib qoldim. Chunki men Turkiya vatandoshi (fuqarosi – tahririyat) edim.
Nihoyat, kitobni… berdim. Ertasi No‘mon to‘raning dadasi Akromjon aka:
– Qori afandi, No‘monxon kitobingizni yo‘qotib qo‘yibdur, afu qilishingizni so‘ramoqda, – dedi.
Ko‘p xafa bo‘lib, ko‘zimdan yosh keldi. Kitobni kim topib kelsa munosib hadya berurmen, deb radiodan, gazetalarda e’lon qildim. Natija chiqmadi. Kitobning yarmini chop qilib bo‘lgan edim. Hammasi bekor bo‘ldi, ortib qolgan qog‘ozlarni yarim bahosida sotdim.
El-u ulusparvarlikdan hech qanaqa bahrasi bo‘lmagan holda, olaqarg‘adek qag‘illab yurgan insonnamo hayvonlar chet ellarda juda ko‘p…
O‘zbekiston “Vatan” jamiyatining raisi, akademik Qori Niyoziyga, jamiyatning mas’ul kotibi Ziyo Aminga xat yozib, ulardan o‘zbekcha kitoblar istadim…
Toshkentdan pochta orqali bir qancha kitob kelib qoldi. Afsuski, o‘qiyolmadim. Eshon akam, boshqalar ham o‘qiyolmadilar. Toshkentga yana maktub yuborib, kirill alifbosini so‘radim. Ikki oy deganda pochta orqali alifbo keldi. Oqilxon Sharafiddinov tasnif qilgan alifbo edi. Juda mamnun bo‘ldim. Mana endi haqiqatda bahoromad, nigoromad, qaroromad bo‘ldi.
Uch-to‘rt kundayoq harflarni tanib oldim. Sekin-sekin, tatalab-tatalab mutolaa qila boshladim. O‘n besh kun deganda bemalol to‘xtalmay o‘qiy oladigan bo‘ldim. Qori Niyoziyning “Hayot maktabi”, Mirkarim Osimning “Ibn Sino qissasi”, Oybekning “Navoiy” romani, To‘xtasin Jalolovning “O‘zbek shoiralari” kabi tabarruk asarlarni ko‘zimga surtib-surtib mutolaa qildim.
Yana boshqa kitoblar ham keldi. Hammasini o‘qib chiqdim. Ana shunda o‘zimga o‘zim, quyosh chiqib qolibdi-ku, ey yulduz, o‘zingni panaga olgin endi, dedim. Bir qancha kitoblarni chop ettiraman, deb mo‘ljallab qo‘yuvdim, hozircha bu ishlarni, barcha rejamni to‘xtatdim…
O‘zbek alifbosini o‘rganib olganlarga yonimdagi kitoblarni omonat o‘qib olish sharti bilan beradigan bo‘ldim. Birinchi bo‘lib Sobir Sayhon o‘rgandi, so‘ngra Abduraim Salim, Fattoh Shayqi, Haydarali, Ja’farxon O‘zgandiy o‘zbekcha alifboda savod chiqarib, o‘qiydigan bo‘lishdi. Aslida ularning hammasi savodxon-u, savodlari arabcha edi. Lotincha, forscha, turk maktablarida o‘qigan, diplomlari ham bor. Universitetda tahsil ko‘rganlari, kollejda o‘qiyotgan talabalar ham bor edi.
Natan Mallayevning “O‘zbek adabiyoti” kitobi qo‘lma-qo‘l bo‘lib o‘qilib turdi. Hamza Hakimzodaning “Zaharli hayot” pyesasi, Mirkarim Osimning “Zulmat ichra nur”i, Sadriddin Ayniyning “Qori ishkamba”si, yana boshqalar…
Harakatimiz meva bera boshladi.
Kirillcha kitoblarni shu harfda savodi chiqqanlarga ulashar edik. Aytganimdek, siyrak bo‘lsa-da, bu ishlar, haytovur, egallanmoqda edi.
Hamyurtlarga derdimki, “Vatanni eslang, unutmang, vatandan xabar olmoq har jihatdan qaraganda ham qarz, ham farz. Kitoblar o‘ris harfida bo‘lsa-da, uni o‘qib keragini olaylik, nokeragi kitobda qolaversin”.
Karachida 1961-yili arab harfida bosilib chiqqan “O‘tkan kunlar” romanini kim yaxshi o‘qiydi?” degan tanlov e’lon qildik. Abduraim Salim go‘zal, ravon o‘qib berdi.
Toifda menga Mirahmad Toshkandiy juda chiroyli tajvidiy do‘ppi beruvdi, shu ajoyib do‘ppini hadya qildim. Abduraim Salimni hamma o‘rnidan turib olqishladi…
1966-yili, besh yillik kutishdan so‘ng, muvaqqat viza bilan sayyoh o‘laroq birinchi marta Toshkentga musharraf bo‘lib, tabarruk tuprog‘ini ham ko‘zim, ham ko‘nglim bilan o‘pdim.
Bir muddat Vatanda bo‘ldim. Andijon, Farg‘ona, Namangan, O‘sh, Samarqand shaharlarini ziyorat etdim…
Nihoyat, safarim qarib, Odessaga, undan Suriya orqali Turkiyaga jo‘nab ketdim…
Ona yurtimiz – go‘zal O‘zbekistonga borib kelib, sotsialist dunyodagi vatandoshlar bilan kapitalist dunyosida istiqomat qilayotgan vatandoshlarimning bir-biri bilan aloqa qilishida vositachi bo‘ldim.
1969-yili Turkiyada o‘ng-so‘l tortishuvi kuchayib ketdi. Birini biri o‘ldira boshladilar…
Vatanga borib, u yerning siyosiy tomiriga sharbat berish payti kelgan edi. Ochiqrog‘i, kapitalist dunyoning havosini bo‘lsa ham, quldorlik sotsializmiga yetkazish qoluvdi…
Bu birovning ta’limotiga ko‘ra emas, o‘zbekona imon va e’tiqodim, milliy vijdonim buyrug‘i edi. Mana shu tushuncha meni ona yurtimga qaytib ketishga undadi.
Toshkentda meni katta muharrir saviyasida “Vatan” jamiyatiga ishga oldilar. Keyin “Markaz-2”dan ikki xonali uy berdilar. Chet eldagi vatandoshlardan kelgan maktublarga javob yozar edim. Bundan boshqa, “Oydin” gazetasining korrekturasini tekshirib, texnik xatolarini tuzatardim.
Abdusodiq Irisov mudir edi. Jurnalist Nodirxon aka, doktor Habibullo Qodiriy va boshqa adabiy xodimlar ham bor edi. Ziyo Emin har bir ishga mas’ul bosh kotib edi.
So‘ngra gazetaga To‘lqin Rustam mudirlik qildi.
Bir kuni Nodirxon aka gazetaning texnik tomonlarini ko‘rishim uchun berib ketdi. Gazeta mingdan ko‘p imlo va bosma xatosi bilan bosilib chiqibdi. Uni pochtalash to‘xtatildi. 5000 nusxa gazetani bog‘chada yoqib yubordilar. “Oydin” gazetasining mudiri ishdan olindi.
Meli Jo‘ra gazetaga yangi mudir bo‘lib keldi. Yaxshi odam edi. Kasal bo‘lib ishdan ketdi. Bu odam “Umrim daftari” nomli asarida mening haqimda iliq gaplar aytibdur.
Undan keyin Miad Hakim gazetaning yangi mudiri bo‘lib keldi. Bu odam bilan hamkorligim 1983-yilgacha surildi.
…Toshkentda borgan sari kommunizmning yolg‘on va’dalarini, sotsializmdan amalda asar yo‘qligini, inson haqlari oyoqosti bo‘layotganini ko‘ra boshladim.
Dalil keltirish kerak bo‘lsa, yer osti, yer usti boyliklar tannarxida Moskvaga jo‘natilarkan. Yer – davlatniki, davlat – mustabidlarniki. Polvon mashinalarda qazib olingan ashyoga qazib chiqarish xarajatinigina hisoblab, olib ketaverarkanlar.
Xalq qo‘rquv ichida – tili boshqa, dili boshqa. Hech kim o‘zining so‘ziga ishonmaydi. Munofiqona hayot. Yerli xalq o‘zi og‘ir ahvolda. Bir-biridan o‘zib, ulug‘ millatchilik (shovinizm – tahririyat)ni quvvatlab-qo‘llaydilar.
Lekin o‘zbekligiga faxrlangan, tegirmon toshini yelkasida ko‘tarib, milliy mansubiyatini yo‘qotmay, qo‘lidan kelganicha o‘z xalqining milliy umrini uzaytirib yurgan millionlab qahramonlar ham yo‘q emas edi, albatta. Aslida o‘shalar edi O‘zbekistonni O‘zbekiston qilib turgan. Ular haqidagi quvonchimni bir-ikki misra bilan ifodalab bo‘lmaydi.
Demoq istaymanki, yerli ulusda ozodlik yo‘q, shuning uchun bo‘lsa kerak, necha yil kuzatgan bo‘lsam, O‘zbekiston kommunistik partiyasining birinchi kotibi Sharof Rashidovning yuzida kulgi u yoqda tursin, miyig‘ida kulimsirashni ham ko‘rmadim. O‘ylaymanki, u odam o‘zbek xalqiga bo‘layotgan og‘ir zulmni payqab, ko‘rib turgan…
Shu zaylda o‘n yetti yil istiqomat qildim. Ochiqrog‘ini aytsam, ma’naviy qamoqda edim. 50 kilometrdan tashqariga ijozatsiz chiqish mumkin emas edi. Shuning uchun o‘z yurtimni aylanish uchun ijozat olaman, deb, bu o‘n yetti yil ichida Toshkentdan tashqari chiqqanim yo‘q. Tangridan boshqa sirdoshim yo‘q edi…
Jo‘ra qori BO‘TAKO‘Z
“Jadid” gazetasining 2025-yil 15-avgustdagi 33-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
87
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



