Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


25.08.2025 | 09:19

img1025

HUQUQSIZ HUQUQSHUNOS QISMATI

Muhammadjon Mo‘minov 1903-yil Namangan shahrida tug‘ilgan. Dastlab eski maktabda, so‘ng gimnaziyada o‘qigan. 1917–1920-yillarda mustaqil ta’lim olib, yoshlar tashkilotiga ishga kiradi.

O‘tgan asrning 20-yillarida o‘lkamizda milliy ozodlik harakati avj olgan edi. Bolsheviklar xalq qarshiligini tezroq bostirish hamda e’tiborni chalg‘itish maqsadida obro‘-e’tiborli ulamo, el ixlos qo‘ygan yo‘lboshchilarni birin-ketin xufyona qatl etib, aybni o‘zlari uchun noqulay bo‘lgan, xalq orasida nufuzi baland millatparvar shaxslarga to‘nkar, shu tariqa bir o‘q bilan ikki quyonni urmoqchi bo‘lardi. O‘z davrining ilg‘or fikrli diniy rahnamolaridan biri hisoblangan Yahyoxon To‘ra ana shunday fitna qurboniga aylanadi. Suiqasdni amalga oshirgan bosqinchilar barcha aybni mahalliy yoshlar tashkilotiga ag‘daradi. Tabiiyki, jazavaga tushgan muridlarning g‘azabi aybsiz aybdor yoshlar yetakchilariga qaratiladi. Oqibatda Muhammadjon 1921-yil sentyabrda mutaassiblar ta’qibidan qochib, Qo‘qon shahriga ketishga majbur bo‘ladi va ishchi fakultetiga o‘qishga kiradi. Oradan bir yil o‘tgach, fakultet talabalari Toshkent shahridagi O‘rta Osiyo davlat universitetiga safarbar etiladi. Uquvi va layoqati bilan yaqqol ajrab turgan Muhammadjon ishchi fakultetining oxirgi kursiga qabul qilinib, 1923-yilda uni tamomlaydi.

Bu paytga kelib jadidlarning “Ko‘mak” tashkiloti saralangan yigit-qizlarni Germaniya, Rossiya, Ozarbayjondagi oliygohlarga yo‘llay boshlagan edi. Muhammadjonga ham omad kulib boqib, u Moskva davlat universitetining huquqshunoslik fakultetiga kiradi. U yerda Akmal Ikromov, Botu kabi ko‘zga ko‘ringan yoshlar bilan hamsaboq bo‘ladi.

Ilmi toliblarning boshini biriktirish hamda asosiy g‘oyaga yo‘naltirish maqsadida turkistonlik yoshlarning ma’naviy rahbari Usmonxon Eshonxo‘jayev ilmiy to‘garaklar va devoriy gazetalar tashkil etadi. G‘ayratli yoshlar o‘ta dolzarb mavzularda ilmiy ma’ruzalar qilar, sovetlar poytaxtida o‘zbek xalqi madaniyati va qadriyatlarini targ‘ib etardi. Ana shu qizg‘in jarayon Muhammadjonning fikrini ochib, qo‘liga qalam tutqazdi. U “Farg‘ona”, “Turkiston” va “Zarafshon” gazetalarida tahliliy maqolalari bilan faol qatnasha boshladi.

Shunday bir sharoitda “ko‘mak”chi talabalar O‘zbekistonda “sho‘rolar shovinizmi”ga qarshi kurashish hamda rahbar kadrlarni mahalliylashtirish masalasini ilgari suradi. Stalin tomonidan demokratik erkinliklarning ta’qib etilishiga, diktatura va zo‘ravonlikning tobora avj olib borayotganiga qarshi chiqadi. 1927-yil 7-noyabrda Moskva ko‘chalarida aholining tinch namoyishi o‘tkaziladi. Ular safida yurtdoshlarimiz ham bor edi. Har qanday muxolifatga murosasiz bo‘lgan sovet hokimiyati ularni Stalin nomidagi Sharq mehnatkashlari kommunistik universiteti talabalari qo‘li bilan tarqatib yuboradi. Ishtirokchilarni “trotskiychi-zinovevchi aksilinqilobiy guruh a’zolari” degan bo‘hton bilan ta’qib etish boshlanadi.

Bu taloto‘plar oqibatida Muhammadjon Mo‘minovga universitet ma’muriyati tomonidan “hayfsan” beriladi. Faqat O‘zbekiston hukumatining aralashuvi bilan u o‘qishdan haydalmay qoladi, lekin stipendiyadan mahrum etiladi. Iqtisodiy ahvoli tanglashgan talaba O‘zbekiston XKS raisi Fayzulla Xo‘jayevga yordam so‘rab murojaat etadi. Birinchi rahbar Moskvaga borganida u bilan shaxsan uchrashadi va 100 so‘m miqdorida pul beradi.

1928-yil so‘ngida qahramonimiz “Mamlakatning boshqaruv tizimida prokuror nazorati” mavzusidagi diplom ishini muvaffaqiyatli himoya qilib, universitetni qizil diplom bilan bitiradi. 1928-yil Samarqandga kelgach, O‘zbekiston Oliy sudi kollegiyasi a’zosi etib tayinlanadi. Bu haqda “Yer yuzi” jurnalida “…Maskov dorulfununining huquq sho‘basini 1927-yilda bitirib, diplom yozish uchun bir yil Maskovda qoldi. O‘zbekistonga kelganidan keyin Toshkent okrug sudida birmuncha vaqt ishladi. Hozir o‘rtoq Mo‘minov O‘zbekiston oliy sudining kollegiya a’zosi vazifasini bajarib turibdir”, deb xabar beriladi. 1931-yilda M.Mo‘minov O‘zSSR Adliya xalq komissarligida aholiga yuridik yordam ko‘rsatish va sud himoya bo‘limining mudiri lavozimiga tayinlanadi.

Iqtidorli huquqshunos hayoti va faoliyatining “oltin davri” 1932–1935-yillarga to‘g‘ri keladi. Shu yillarda u Sovet qurilishi va huquq ilmiy-tekshirish instituti direktori vazifasida faoliyat olib bordi. Shu yerda “Sho‘ro qurilishi ham huquq” jurnalini chop etishni yo‘lga qo‘ydi. Muhammadjon Mo‘minovning sa’y-harakatlari bilan qisqa vaqtda ko‘plab yuridik lug‘atlar, darsliklar tayyorlanib, chop etildi. O‘zi tarjimon, o‘zi muallif, o‘zi taqrizchi sifatida milliy huquq bazasini mustahkamlashga beqiyos hissa qo‘shdi. 

Qahramonimizning 1932-yilda nashr etilgan “На фронте теории государства и права” kitobi katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Mo‘minov tashabbusi bilan tashkil etilgan institut bazasida keyinroq yuridik institut poydevori qo‘yiladi.

Fidoyi huquqshunosning muvaffaqiyatlari barchani birday quvontirmasligi aniq edi. Sovetlar Moskvadagi namoyishni esdan chiqarmagan, o‘ch olish uchun qulay fursat poylayotgan edi. “Qatag‘on mashinasi”ning ishga tushishi ichki va tashqi dushmanlar uchun ayni muddao bo‘ldi. 1935-yilda Muhammadjon ham “trotskiychilik”da ayblanib, partiya safidan o‘chirildi va dars berish huquqidan mahrum etildi. Chorasiz qolgan olim o‘zining aybsizligini isbotlay olmadi. Shundan so‘ng Fayzulla Xo‘jayev yordami bilan Farg‘ona muzofotiga prokuror etib tayinlanadi. Bu yerda ham u ishonchsizlik va tazyiqlar ostida yashaydi va oqibatda Toshkentga qaytishga majbur bo‘ladi…

1937-yil 28-mart kuni Muhammadjon Mo‘minov “Milliy ittihod” tashkiloti a’zosi, trotsko-zinovevchilar namoyishining ishtirokchisi hamda O‘zbekiston kompartiyasi birinchi kotibi Akmal Ikromovga qilingan suiqasdda sheriklikda ayblanadi. Ertasi kuni uning xonadonida tintuv o‘tkazilib, o‘zi hibsga olinadi. Turmush o‘rtog‘i Dilorom Yusupova ikki farzandi bilan chorasiz qoladi.

O‘sha yilning 10-aprel kuni tergovchi Agabekov yuqorida keltirilgan ayblovlarni takrorlagan holda hech bir qo‘shimcha va dalillarsiz O‘zSSR JKning 67-moddasini qo‘llab qaror chiqaradi. Mo‘minov ishida yagona so‘roq bayonnomasi mavjud. Bu hujjat o‘sha paytda bir xil qolipdan chiqqan boshqa bayonnomalar kabi bo‘hton va kurakda turmaydigan ayblovlar bilan to‘lib-toshgan. Muhammadjon bu bayonnomaga jismoniy va ruhiy qiynoqlardan aqldan ozish darajasiga yetgach yoki oilasi taqdirini o‘ylab imzo qo‘ygani shubhasiz. Qolaversa, u Buxoro okrugi IIXKda 3-bo‘lim boshlig‘i yordamchisi vazifasida ishlayotgan ukasi Inomjon Mo‘minovning kelajagini barbod qilmaslik uchun ham shunday yo‘l tutgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Shu bilan birga, o‘zi imzolagan qog‘ozlarning qanday mudhish oqibatlarga olib kelishi mumkinligini Mo‘minov yurist sifatida juda yaxshi anglar edi.

Safdoshlari bilan bo‘lgan yuzlashtirishlar ishning yaxshilikka o‘zgarishiga hech qanday ta’sir o‘tkaza olmadi. Qiynoq va azoblardan charchagan, umidsizlikka tushgan Mo‘minov 1937-yil 2-oktyabr va 1937-yil 18-dekabr sanalari bilan yozgan bildirishnomalarida o‘zining “ayblari”ni tan oladi.

M.Mo‘minovning ayblov bayonnomasi 1937-yil 20-dekabr kuni O‘zSSR ichki ishlar xalq komissari Leonov tomonidan imzolandi. Unda avval qo‘yilgan, ammo tergov jarayonida birortasi o‘z isbotini topmagan ayblovlar takrorlangan. Faqat bu gal O‘zSSR JKning 64-,67-,58-moddalari qo‘llanadi. Xuddi shu hukm oradan qariyb bir yil o‘tib, 1938-yil 3-oktyabr kuni SSSR bosh prokurorining ismi-sharifi qayd etilmagan o‘rinbosari tomonidan tasdiqlandi. Uning ishi 1938-yil 4-oktyabr kuni O‘zbekiston IIXK qoshidagi mash’um “Uchlik” tomonidan 17:45 dan 17:55 gacha ko‘rib chiqildi va sud otuv hukmini belgiladi. Hukm shu kunning o‘zida ijro etildi.

Afsuski, uning ukasi Inomjon Mo‘minov ham uzoq davom etgan dahshatli so‘roqlardan so‘ng 1938-yil 9-oktyabr kuni otib tashlanadi.

Quruq tuhmat tufayli birato‘la ikki farzandidan ayrilgan Mo‘min Inog‘omxo‘jayev tinimsiz ruhiy azoblar tufayli butunlay so‘qir bo‘lib qoladi. U 1939-yili sovet mas’ul idoralariga yozgan arizalarida farzandlarining aybsiz ekanligini qayta-qayta ta’kidlab, ularni ozod qilishlarini yolvorib so‘raydi. Biroq ushbu iltimosnomalarga hech qanday javob qaytarilmaydi. Farzand dog‘ini ko‘tara olmagan sho‘rlik ota tez orada vafot etadi…

1955-yil 27-may kuni M.Mo‘minovning 75 yoshli onasi Tojixon Inog‘omxo‘jayevaning sobiq Ittifoq Oliy Soveti raisi nomiga, 24-noyabr kuni Dilorom Yusupovaning mamlakat prokurori nomiga yozgan arizalari asosida M.Mo‘minovning ishi qayta ko‘rib chiqishga topshiriladi. 1956-yil 5-aprelda qayta so‘roqqa chaqirilgan Dilorom Yusupova erining Sovet qurilishi va huquq ilmiy-tekshirish instituti direktori bo‘lgan vaqtida O‘zbekistonda oliy ma’lumotli yuristlar tayyorlash maktabini yuzaga keltirishdagi olijanob xizmatlarini birma-bir bayon qiladi. Ayni paytda uning boshiga tushgan qiyinchiliklar va ba’zi baxil kimsalarning tuhmatlari bilan bir necha marotaba og‘ir holatlarga tushib qolganini ham eslaydi. Ayniqsa, tergovchi Agabekovning noqonuniy xatti-harakatlarini, tergovda o‘ziga kerakli ma’lumotni qo‘rqitish yo‘li bilan olganini bayon qiladi. Ayblanuvchining xotini sifatida o‘zi ham 1937-yildan 1939-yil aprelgacha turmada saqlanganini ta’kidlaydi.

1956-yil 2-iyunda so‘roqqa chaqirilgan SAGU yuridik fakulteti dekani Xadicha Sulaymonova shunday ko‘rsatma beradi: “…Men 1932–1935-yillar Sovet qurilishi va huquq ilmiy-tekshirish institutida o‘qigan davrimda, u kishi direktor edilar. Uning ma’ruzalarini hamma aspirant va talabalar sevib tinglashar edi. U o‘z vaqtida yagona oliy ma’lumotli o‘zbek yuristi edi. U o‘ta bilimdon inson edi. Tengsiz iqtidor sohibining hayoti oson kechmadi. Uning g‘ayrati, ilmi har doim boshqalarning hasadiga sabab bo‘laverar edi va qisqa davrda uni 6 marta partiyadan haydadilar. M.Mo‘minov qanday qiyin sharoitda mehnat qilmasin, o‘zidan so‘ng katta yuristlar armiyasini yetkazib bera oldi, butun boshli o‘zbek huquqshunoslik maktabini qoldirdi”.

Qayta so‘roq jarayonida Muhammadjon Mo‘minov hech bir asossiz qatag‘on qilingani ochiq-oydin ayon bo‘ldi. 1957-yil 23-yanvar kuni sobiq Ittifoq Oliy sudi harbiy kollegiyasi uni oqlab qaror chiqaradi.

Muhammadjon Mo‘minovning o‘g‘li, matematika fanlari doktori Marat Mo‘minov uzoq yillar ta’lim tizimida samarali mehnat qiladi va 1998-yili 68 yoshida vafot etadi. Biroq uning qizi Surayyoning umri qisqa ekan, boyoqish meditsina institutini bitirish arafasida avtohalokatga uchrab nobud bo‘ladi.

Shu o‘rinda M.Mo‘minovning sadoqatli umr yo‘ldoshi, 25 yoshida yolg‘iz qolgan bo‘lsa-da, og‘ir damlarda ham ayollik sha’niga dog‘ tushirmasdan, umrining oxirigacha turmush o‘rtog‘ining xotirasini e’zozlab yashagan Dilorom Yusupova (1911–1981) haqida ham to‘xtalib o‘tishimiz lozim.

Dilorom Yusupova “Yosh buxoroliklar” tashkilotining a’zosi  Sobirjon Yusupov xonadonida dunyoga keladi. Taraqqiyparvar ota unga Dinara deb ism qo‘yadi. S.Yusupov mustamlakachilik siyosatiga qarshi harakat ishtirokchisi sifatida bir umr ta’qibda yashaydi va hayoti fojiali yakun topadi. Natijada qizaloq onasi bilan birgalikda Toshkentga ko‘chib kelishga majbur bo‘ladi. 1922-yili Dinara Buxoro Xalq Respublikasi tomonidan Moskvaga o‘qishga yuboriladi. 1926-yili Toshkentga qaytib, SAGUning sud bo‘limiga o‘qishga kiradi va uch yildan so‘ng Dilorom Yusupova nomiga diplom oladi. U universitet yo‘llanmasi bilan Samarqandda ishlab yurganida Muhammadjon Mo‘minov bilan tanishib, unga turmushga chiqadi.

Yosh oila 1931-yili Toshkentga ko‘chib keladi. Dilorom Yusupova Sovet qurilishi va huquq ilmiy-tekshirish institutining aspirantura bo‘limiga o‘qishga kiradi. 1934-yil dekabr oyida bitirish imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirgach, yo‘llanma bilan O‘zbekiston Respublikasi Prokuraturasiga ishga yuboriladi. Turmush o‘rtog‘i oqlangach, Dilorom Yusupova umrining oxirigacha O‘zbekiston transport prokuraturasida mehnat qiladi.

Bahrom IRZAYEV

“Jadid” gazetasining 2025-yil 15-avgustdagi 33-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img84

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img599

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img597