22.11.2024 | 09:53
751
BIR KUN OLDIN OTILIB, ERTASIGA SUD QILINGAN INSON QISMATI
Nazir Sholikorov 1881-yil Xiva shahrining Ur mahallasida boy savdogar Qurbonniyoz Sholikorov xonadonida dunyoga kelgan. U avval eski maktab va madrasalarda oʻqib taʼlim oldi. Soʻng ota kasbi savdo ishlari bilan Moskva, Sank-Peterburg shaharlariga qatnab, rus tilini oʻrgandi.

Nazir Sholikorov 1881-yil Xiva shahrining Ur mahallasida boy savdogar Qurbonniyoz Sholikorov xonadonida dunyoga kelgan. U avval eski maktab va madrasalarda oʻqib taʼlim oldi. Soʻng ota kasbi savdo ishlari bilan Moskva, Sank-Peterburg shaharlariga qatnab, rus tilini oʻrgandi.
Nazir Sholikorov dunyo kezib, Yevropa madaniyati, ilm-fani yutuqlari bilan juda erta tanishgan. U hamon oʻrta asr ruhidagi ishlab chiqarish va boshqaruv hukmronlik qilayotgan Xiva xonligida islohotlar oʻtkazish tarafdori edi. Shu maqsadda u 1904-yili tashkil etilgan “Jamiyati xayriya” uyushmasiga birinchilardan boʻlib aʼzo boʻldi. Tashkilotning asosiy maqsadi oʻlkada jadid maktablarini ochish va maʼrifatparvarlik gʻoyalarini keng tarqatishdan iborat edi.
1914-yil avgustda “Yosh xivaliklar” partiyasining shakllanishida Nazir Sholikorov Polvonniyoz hoji Yusupov, Boboniyoz Jumaniyozov, Husaynbek Matmurodov, Bobooxun Salimov kabi insonlar bilan bir safda boʻldi. Ayniqsa, 1917-yil 6-aprel kuni yuz bergan voqealarda Koʻhna ark maydonida yigʻilgan aholi oʻrtasida Isfandiyorxon tomonidan tasdiqlangan Manifestni oʻqib eshittirishda va “Idorai mashrutiya”ning tuzilishida katta rol oʻynadi. Nazir Sholikorov tabiatan adolatparvar va oʻta jasur inson boʻlgani uchun Isfandiyorxon va Junaidxonlar tomonidan ham keyin sovet maʼmurlari tomonidan ham koʻp bor taʼqibga olingan.
1917-yil 23-may kuni Isfandiyorxon va uning tarafdorlari tomonidan “Idorai mashrutiya” tarqatilib, uning aʼzolari qamoqqa olinadi. Keyinchalik Nazir Sholikorov ham boshqa “Yosh xivaliklar” partiyasi vakillari qatorida “dinsizlikda” ayblanib qozi sudiga topshiriladi. Shundan soʻng u xonlik hududini tark etib Toshkentga chiqib ketishga majbur boʻladi. Biroq, bir zum boʻlsin kurashdan toʻxtamadi.
1920-yil 27-30-aprel kunlari oʻtkazilgan Butun Xorazm xalq vakillarining 1-qurultoyida Xiva xonligi tugatilib, vohada sovet respublikasi eʼlon qilindi. Nazir Sholikorov mazkur hukumatda dastlab Xorijiya noziri, soʻng Ichki ishlar noziri lavozimlariga tayinlandi. Shuningdek, Xorazm Xalq Shoʻrolar Jumhuriyati Adliya nozirligi qoshida tuzilgan militsiya boshqarmasi boshligʻi va Xiva shahar mudofaa boʻlimi boshligʻi lavozimlarida faoliyat yuritib keldi. Biroq keyingi yillarda “Yosh xivaliklar” partiyasi aʼzosi, savdogar burjua qatlam vakili sifatida sovet idoralari tomonidan yana taʼqibga olina boshladi.
1930-yilga kelib Nazir Sholikorov ogʻir ahvolga tushib qoladi. 1931-yil 20-martda OʻzSSR XKS raisi Fayzulla Xoʻjayev qabulida boʻlib, oʻziga 150 soʻm miqdorida nafaqa belgilanishiga erishadi. Biroq shundan keyin ham taʼqibdan qutila olmadi. 1933-yilda yana qamoqqa olinib, 5 oy davomida qamoqda boʻladi.
1937-yil 25-avgust kuni Nazir Sholikorovni qamoqqa olish uchun qayta qaror qilinadi. Unda 1921-yildan “Milliy ittihod” aksilinqilobiy tashkiloti aʼzosi Fayzulla Xoʻjayev, Davlat Rizayev kabi “xalq dushmanlari”ning “dumi”, Angliya agenti, deb ayblanadi. Shu kuni uni qamoqqa olish uchun order ham beriladi.
Aslida N.Sholikorov 1937-yil 16-avgust kuni Xorazm okrug IIXK boʻlimi boshligʻi Kalmikovning qarori asosida qamoqqa olingan. Uning Xiva shahri uyida tintuv oʻtkazilib, uydan pasporti va boshqa 100 varaqdan ortiq xat, yozishmalari, hujjatlari, 75 ta turli suratlar olib ketiladi.
1937-yil 25-avgust kuni toʻldirilgan anketasida uning oilasi turmush oʻrtogʻi Bibijon (42 yosh) farzandlari qizi Azizaxon (18 yosh), Hojarxon (9 yosh), Soraxon (6 yosh), oʻgʻli Fayzulla (4 yosh) hamda kenja qizi Maryamxon (4 oylik)lardan iborat deb koʻrsatilgan.
1937-yil 15-noyabr kungi soʻroq bayonnomasida u “Milliy ittihod” aʼzolari sifatida Bekjon Rahmon, Abdulla Zargar Husaynov, Muhammadjon Abdalov, Jumaniyoz Boboniyozov, Bekjon Nazarov, Polyoz Yusupov, Bobojon Otajonov, Davlat Rizayev, Vois Rahimov kabi koʻplab insonlarning nomlari keltiriladi.
1937-yil 14-dekabr kuni soʻroqda tergovchining Troskiy va Zinovyevlarning kitoblarini nega uyda saqlagansiz degan savoliga “uyimda bunaqa kitoblar yoʻq edi. Qayerdan kelganini ham bilmayman. Oʻzi Troskiyni rasmidan tanishim mumkin, lekin Zinovyevning kim ekanini ham bilmayman” deydi.
Nazir Sholikorov 1937-yil 1-dekabr kuni Madamin Ishjonov, 1937-yil 19-dekabr kuni Xudoybergan Devonov, 1938-yil 3-oktyabr kuni Vois Rahimiylar bilan yuzlashtirilgan. 1938-yil 1-oktyabr kuni tergovchi Nazir Sholikorovni soʻroqqa chaqirib, uning 1-korpus 1-kamerada mahbuslarga “men sudda barcha koʻrsatmalarimdan voz kechaman” degan yoki demaganini soʻraydi. U sudda oʻzining avval aytgan soʻzlarining hammasini, albatta, tan olishini vaʼda beradi.
Nazir Sholikorov ayblov bayonnomasida OʻzSSR JKning 57-moddasi 1-qismi, 58-, 64-, 67-moddalari bilan ayblandi. Uning ishi 1938-yil 5-oktyabr kuni soat 10:10 dan 10:25 gacha davom etdi. Sud bayonnomasida yozilishicha, u oʻziga qoʻyilgan barcha ayblarini tan olgan va soʻzining soʻngida oʻzining jonini asrab qolishlarini soʻragan emish…
Vaholanki, Nazir Sholikorov 4-oktyabr tunida otib tashlangan edi…
1958-yil 8-mart kuni Sulton Rahmonov N.Sholikorovning turmush oʻrtogʻi Bibijon Masharipova nomidan OʻzSSR IIV Urganch shahar boshligʻi nomiga ariza bilan murojaat etadi. Shundan soʻng N.Sholikorovning ishi qayta koʻrilib, 1958-yil 4-dekabr kuni SSSR Oliy sudi harb kollegiyasi tomonidan oqlanadi…
Sobir Ovulovich Sholikorov biz bilan suhbatda: “Bobomiz Xivaning katta savdogarlaridan Saidniyoz Sholikorboy haqidagi hikoyalar hamon tillardan tillarga oʻtib keladi. Aytishlaricha Saidniyoz Sholikorboy oʻz davrida halolligi bilan nom qozongan ekan. Bir gal Rossiyadan keltirgan bir toʻp oq saqichining ichidan katta miqdorda oltin chiqadi. Hamkorlariga xat yozib vaziyatni maʼlum qilsa, ular biz sizga oltin emas saqich yuborganmiz. Ichidan nima chiqqan boʻlsa ham u sizniki degan mazmunda javob oladi. Halolligiga shubhada boʻlgan molni nima qilishni bilmay qoziga murojaat qiladi. Masala Ollohqulixonning saroyigacha chiqadi va xonning maslahati bilan bu pulga masjid quradigan boʻladi. Masjid qurish ishlari qizgʻin ketayotganida bir kuni xonning shu tomonga yoʻli tushib qoladi va Saidniyoz boyga “Hormang, madrasa ham yakunlanay deb qoldimi” deydi. Saidniyozboy tushunadiki xon hazrat madrasa qurilishiga ham rozi ekan. Shundan soʻng masjid yonidagi yerlarni kengaytirib madrasa qurilishini ham boshlab yuboradi. Bu paytda qozoq dashtlaridan yilda bir marotaba koʻp sonli chorvalarni Xiva bozoriga keltirib sotadigan qozoq oshnasi barcha savdodan tushgan pullari boʻlgan hamyonini qayerdadir qoldirib ketgan ekan. Keyingi yil kelganida esa hamyonini Saidniyozboyning mehmonxonasidan qanday qoldirgan boʻlsa shunday holda topadi. Doʻsti men bu pullardan allaqachon umid uzgandim. Qarindoshlarim oʻz chorvalaridan menga hadya qilishib, chorvamni ham tiklab oldim. Endi shu pulni sening madrasa qurilishingga sarflasam deydi. Shu tarzda Allohning hikmati bilan Xivaning oʻziga xos imoratlaridan boʻlgan Saidniyoz Sholikorboy masjid madrasasi dunyoga kelgan ekan.
Eng qizigʻi shu masjidda sovet zamonida ham hozirgacha ham juma namozi oʻqiladi. Saidniyoz Sholikorboyning oʻgʻli Qurbonniyoz Sholikorboy ham Xivaning oʻziga yarasha obroʻli savdogarlaridan boʻlgan. Qurbonniyoz Sholikorboyning ikki oʻgʻli boʻlib kattasi Nazir Sholikorov, ikkinchi oʻgʻli Otaniyoz Sholikorov boʻlgan. Men Otaniyoz Sholikorovning nabirasi Ovul Sholikorovning oʻgʻliman. Otam koʻp yillar ona tili va adabiyoti muallimi boʻlib elga xizmati singgan ustoz murabbiylardan edi. U kishi Nazir Sholikorovning oqlanishida va nomlarining abadiylashtirilishida katta ishlarni amalga oshirgan. Biz Nazir buvamning kenja qizlari Maryam ammamiz bilan doimiy qarindoshlik aloqasida boʻlganmiz. U kishi Toʻrtkoʻlda yashar edi, 2004-yil vafot etgan…”.
Bahrom IRZAYEV,
Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi
katta ilmiy xodimi
UzA saytidan olindi.
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



