Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


25.08.2025 | 15:49

img952

MUHTASHAM OLTI YUZ YIL

Bashar tarixidagi eng mumtoz, viqorli, shu bilan birga, g‘oyat sirli shaxslardan biri – buyuk Amir Temurdir. Ayni shu xususiyatlariga ko‘ra Sohibqiron yuragini, botiniy olamini har kimga ham ochmaydi – garchi ul zot xususida dunyoda yuzlab, balki minglab tadqiqot va romanlar, yodnoma va dramalar yaratilgan bo‘lsa-da, aksariyat hollarda ulug‘ ajdodimizning qalb daftari yopiqligicha qoladi.

Chindan ham, o‘z zamonida yigirma olti mamlakatni birlashtirib, o‘tmishdagi buyuk saltanatlardan birini barpo etgan, uzoq umri davomida olib borgan o‘nlab muhorabalarining birontasida yengilmagan bu muzaffar sarkarda qiyofasini, uning tafakkur va ruhiyat olamini bugungi kun idroki bilan qayta kashf qilish ijodkordan juda katta mas’uliyat, bilim va iste’dod talab etadi. Shuning uchun ham hazrati Sohibqiron haqidagi har qanday yangi asar biz – avlodlar tomonidan zo‘r e’tibor va qiziqish bilan kutib olinishi tabiiy.

Kuni kecha “Renessans” kino uyida jamoatchilik ko‘rigi o‘tkazilgan “Ulug‘ Amir va donna Mariya” nomli muazzam badiiy filmni tomosha qilar ekanmiz, avvalo, bu asar Temurbek bobomizning badiiy siymosini yaratish yo‘lida katta bir epik qadam bo‘lganini qayd etish lozim.

Ushbu mahobatli kinopolotno muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi va bevosita rahbarligi ostida ishlab chiqilib, amalga oshirilayotgan megaloyiha – “Tirik tarix” dasturining ilk namunalaridan biridir.

Yozuvchi Xayriddin Sulton qalamiga mansub ssenariy asosida kinorejissyor Yolqin To‘ychiyev tomonidan yaratilgan film real tarixiy voqealar zaminiga qurilgan. Ayni vaqtda asar g‘oyat murakkab mavzuning o‘ziga xos majoziy-shartli talqini va zamonaviylik kasb etgan badiiy shakli bilan ajralib turadi.

Tarixdan ma’lumki, milodiy 1402-yil iyul oyida Anqara yaqinidagi Chubuk vodiysida Samarqand hukmdori Amir Temur va Usmoniylar imperiyasining sultoni Yildirim Boyazid qo‘shinlari o‘rtasida ulkan to‘qnashuv bo‘lib o‘tadi. “Yog‘iy lashkari mardona jang qildi, ammo Allohning inoyati ila zafar quyoshi biz tomonda balqidi”. Filmda Temurbek bobomiz tilidan aytilgan bu so‘zlar ushbu tarixiy jangnomaning muxtasar, ammo haqqoniy bahosini ifodalaydi. Bir din, bir mazhab, bir tuzum odami bo‘lgan ikki buyuk turkiy sarkarda, ikki buyuk davlat rahnamosi ne bois yovlashgani, bu mojaroni keltirib chiqargan sabab va omillar haqida asarda deyarli so‘z yuritilmaydi. Film ijodkorlari bu borada xulosa chiqarishni zukko tomoshabinning o‘ziga havola etadilar. Mualliflar bosh qahramonning tarjimai holi, uning jangovarlik epopeyasini bayon etishga urg‘u bermaydilar, aksincha, har qanday urushda o‘z erkidan judo bo‘ladigan baxtsiz kishilar qismatiga alohida e’tibor qaratadilar.

Ana shunday insonlardan biri – Mojoriston hukmdorining nabirasi sohibjamol Mariyadir. Bobosining davlati soyasida emin-erkin yashab o‘sgan bu shaddod qiz, taqdir taqozosi bilan Chubuk vodiysidagi qirg‘inbarot janglar girdobiga tushib qoladi. Uning yurtiga kutilmaganda urush quyuni yopiriladi – Usmonlilar Mojoristonga yurish qiladi. Keksa hukmdorning diplomatik va harbiy sa’y-harakatlari besamar ketadi. Qudratli davlatlar – Ispaniya ham, Angliya va Fransiya qirollari ham bu o‘lka halokatini jimgina kuzatib turadilar.

Mariyaning otasi venger shahzodasi, onasi oliy rutbali ispan xonimi bo‘lib, ular qizning yoshlik chog‘ida dunyodan o‘tib ketgan, uning yolg‘iz valine’mati va himoyachisi keksayib qolgan bobosi edi. Saltanat uchun notinch zamonlar boshlangach, u Mariyani zudlik bilan Ispaniyadagi xolasi, grafinya Xelenaning huzuriga jo‘natishga harakat qiladi.

Ammo shijoatli, oqila qiz bobosi va yurtining himoyasiga otlanadi.

Kuchlar teng bo‘lmagan dahshatli jangda mojor hukmdori halok bo‘ladi, lashkari tor-mor keltiriladi, yarador Mariya asir olinib, sulton haramiga olib ketiladi…

Film g‘oyat keskin va hayajonli, dramatik voqealar tasviri bilan boshlanadi va mana shu ruhiy-hissiy holat tomoshabin e’tiborini asar oxiriga qadar qo‘yib yubormaydi.

Eng qizig‘i, kartina syujeti ikki parallel yo‘nalishda – olis o‘tmish va bugungi kun voqealarining bir qarashda aql bovar etmas bo‘lib tuyuladigan uzviy mushtarakligi asosida rivojlanib boradi.

Jasur va erksevar Mariya haramdagi “oltin qafas”dan qochishga bir necha bor urinadi. Qismatdoshi Anxelina Mariyani bu yo‘ldan qaytarmoqchi bo‘ladi. Lekin Mariyaga oqko‘ngil turk qizi, joriya Sabriye yordam beradi. Bu orada janggohda dahshatli muhoraba boshlanadi. Amir Temur lashkarining zarbalari natijasida Rum qo‘shini orasida parokandalik yuz beradi. Mariya vaziyatdan foydalanib, yana qochadi.

Uzoq ta’qiblardan so‘ng endi Samarqand amirining navkarlari qo‘liga tushgan Mariya qozi Xoja Muhammad Keshiy himoyasiga topshiriladi. (Shu o‘rinda aytish joizki, asli shahrisabzlik bu tarixiy shaxs Temurbekning yaqin kishilaridan biri bo‘lgan. U Amir Temur elchisi maqomida asira qizlarni Ispaniya qiroli Enrike III ning saroyiga kuzatib boradi, oliy hukmdor bilan uchrashadi. Ikki yildan so‘ng qirolning elchisi sifatida Sohibqiron huzuriga yo‘l olgan Rui Gonzales de Klavixoga Madriddan to Samarqandga qadar hamrohlik qiladi. Bu haqda ispan elchisi o‘zining xotira kitobida ma’lumot berib o‘tgan).

Mariya dastlab turoniylarni ham dushman deb biladi, o‘ziga qo‘riqchi qilib qo‘yilgan sodda, do‘lvor askar – Tog‘ay barlosga ham nafrat ko‘zi bilan qaraydi. Ammo yigitning samimiy munosabati, Muhammad Keshiyning qiz bilan ispan tilida gaplashishi, hamdardligi, bo‘lib o‘tgan suhbatlardan so‘ng Mariyaning “Ulug‘ amir” – Temurbek haqidagi fikr-tasavvuri butunlay o‘zgaradi. Qalbida, Keshiyning ta’biri bilan aytganda, “Xudoning bu ojiz, ammo yengilmas bandasi”ni ko‘rish, u bilan loaqal ikki og‘iz so‘zlashish istagi paydo bo‘ladi.

Zotan, Amir Temur ham o‘z davrining udumiga muvofiq ish tutishi, ya’ni g‘olib podshoh sifatida mag‘lub hukmdorning haramini o‘z tasarrufiga o‘tkazishi, jumladan, Mariya, Anxelina, Katalina ismli uch nasroniy qizni kanizak qilib olishi yoki sarkarda va a’yonlariga tuhfa etishi mumkin edi.

Ammo Sohibqiron Qur’oni Karimning, jangda asir tushganlarga zulm qilmang, aksincha, ularni beg‘araz ozod eting, degan mazmundagi ko‘rsatmasiga rioya etgan holda, urush tugashi bilan bu g‘aribalarni tutqunlikdan xalos qiladi.

Asiralarni xavf-u xatar to‘la mudhish muhitga o‘z holicha qo‘yib yubormasdan, o‘sha vaqtdagi Kastiliya va Leon (hozirgi Ispaniya) davlatining elchilari sifatida Chubuk jangida kuzatuvchi o‘laroq ishtirok etgan Soto Mayor va Palasuelosning yoniga Muhammad Keshiy va bahodir askarlarini qo‘shib, qizlarni ispan diyoriga beshikast yetkazib qo‘yish haqida farmoni oliy beradi.

Mariya Ulug‘ amirning bunday olijanob marhamatidan hayratga tushadi. Ispaniyaga sog‘-salomat yetib oladi, elchi Soto Mayor bilan turmush qurib, tinch va osuda umr kechiradi. Yillar o‘tgan sari Mariya o‘zi va avlodining ilohiy bir mo‘jiza tufayli muqarrar o‘limdan omon qolganini, xaloskori bo‘lmish Ulug‘ amir oldidagi qarzdorlik burchini tobora anglab boradi.

Parvardigorini tanigan bir inson sifatida o‘z zimmasidagi qiyomat qarz uzilmay qolib ketayotganidan iztirob chekadi. Umrining nihoyasida u farzandlari va nabiralariga qoldirgan vasiyatida ularga imkon topib, olis Samarqand shahriga, Sohibqiron huzuriga borib, ul marhamatli zotga minnatdorlik izhor etishlarini yoki Ulug‘ amir xotirasiga sham yoqib, duoyi fotiha qilib qaytishlarini tayinlaydi.

Bir-birini quvib, yana yillar, asrlar o‘tadi, bu qadimiy, zodagon xonadonning olis momokaloniga aylangan donna Mariyaning xotirasi, boshdan kechirgan sarguzashtlari avloddan avlodga, tildan tilga o‘tib, sulolaviy bir afsonaga aylanadi. Ammo oradan shuncha vaqt kechsa-da, bu ko‘hna vasiyatni ado etishga imkon va bunga qodir bir inson topilmaydi.

Mana shu g‘aroyib qissadan voqif bo‘lgach, tomoshabin filmning ilk kadrlarida yangragan qo‘shiq ma’nosini anglab yetadi. Samarqandlik dilbar shoira Xosiyat Bobomurodova she’riga iste’dodli kompozitor Qosim Muinov musiqa bastalagan qo‘shiqni O‘zbekiston xalq artisti Sevara Nazarxon inja bir tug‘yon bilan ijro etgan:

Quvonch-u g‘amlarni yutgan qasrlar,
Registonda yig‘lar, kular asrlar.
Har qarichda bordir jumbog‘-u sirlar,
Samarqandga kelgil, Samarqandga kel!

Shoh bo‘lmoq istasang bitta yurakka,
Qul bo‘lmoq istasang bitta yurakka,
Ko‘milmoq istasang bitta yurakka,
Samarqandga kelgil, Samarqandga kel!

Beixtiyor o‘yga tolamiz: chindan ham, nega boqiy shahar Samarqand yer yuzidagi millionlab insonlarni o‘z bag‘riga chorlaydi, ularni o‘ziga umrbod maftun etib qo‘yadi? Buning boisi, sir-u asrori nimada? Axir, dunyoda go‘zal va obod shahr-u qasabalar bisyor-ku! Film davomida bu savolga har qaysi tomoshabin o‘zicha javob topgandek bo‘ladi.

Donna Mariyaning vasiyatini ro‘yobga chiqarish vazifasi uning olis zurriyodi, bizning zamondoshimiz bo‘lgan kichik Mariya qismatiga tushadi. U tuyqus reinkarnatsiya sir-asrorini boshidan kechiradi, ruhan, xayolan olti yuz yil naridagi moziyga qaytib, momokalonining hayoti, o‘y-kechinmalari bilan yashay boshlaydi. Bu g‘aroyib evrilish qizni qattiq hayajon, tashvish va qo‘rquvga soladi. Rejissyor va operator uning qalb tebranishlarini g‘oyat noziklik va hassoslik bilan filmning chuqur ma’no qatlamlari, emotsional-psixologik kadrlarida yaqqol aks ettiradi.

Ta’kidlaganimizdek, kartinaning bosh qahramoni – Amir Temur a’lo hazratlaridir. Asarda uning siymosi bor-yo‘g‘i ikki-uch marta, shunda ham juda ixcham lavhalarda namoyon bo‘ladi. Lekin filmning butun mazmun-mundarijasi, barcha syujet chizgilari Ulug‘ amirning shiddatli hayoti, nodir zehni, keng tafakkuri, zafarli yurishlari, yuksak himmati va sohibqironlik salobati bilan bog‘liq holda tasvirlanadi.

Asarning jamiki personajlari – ular Temurbekning xoh do‘stlari, amir-u a’yonlari bo‘lsin, xoh ashaddiy g‘animlari bo‘lsin, butun film mobaynida ushbu qudratli zot haqida so‘zlaydilar. Uning mamlakatdorlik va jahongirlik salohiyati, azm-u shijoatiga goh havas, goho hasad ila boqsalar-da, barchalari buyukligiga shak-shubhasiz tan beradilar.

Film voqealari Temurbek Oqsaroy va Ko‘ksaroy kabi muazzam qarorgohlarida, ta’bir joiz bo‘lsa, Mag‘ribdan tortib Mashriqqacha dunyoning nafas olishini yaqqol sezib-anglab turgandek, ularning taqdiriga daxldor olamshumul qarorlar qabul qilayotgandek taassurot qoldiradi.

Darhaqiqat, hazrati Sohibqiron davrida Samarqand kurrayi zaminning nafaqat sayqaliga, balki global masalalar hal bo‘ladigan siyosiy markaziga aylangan edi.

Ushbu fikr filmdagi tarixiy faktlarning badiiy talqinida – Fransiya, Angliya, Ispaniya kabi davlatlar hukmdorlarining Temurbekka yo‘llagan nomalarida va Samarqand sultonining yuksak shukuh, sha’n-u shavkat ila yo‘g‘rilgan javob maktublarida o‘z tasdig‘ini topadi.

Asarning yana bir muhim jihati – unda Amir Temur buyuk xaloskor siymosida gavdalanadi. Bu o‘rinda gap Sohibqironning Turon o‘lkasini mo‘g‘ul istibdodidan xalos etganidagina emas.

Bu fazilat uning Boyazid haramidagi Mariya va dugonalarini ozod etishi bilan ham cheklanmaydi. Amir Sulaymonshohning Temurbek nomidan Mariyaga qarata “Urush tugadi, nasroniyning qizi. Endi sen uyingga qayt va omonlikda yasha”, degan so‘zlari va unga ko‘rsatgan marhamati zamirida katta ma’no yotadi. Bu xitob uning go‘yoki boshqa xalqlarga yo‘llagan tinchlik va ezgulik salomidek tuyuladi. O‘z davlatining manfaatini, uning kelajagini o‘ylagan Sohibqiron ashaddiy dushmaniga ham muruvvat va yaxshilik qo‘lini uzatadi. Bunday oliyhimmatlik Yildirim Boyazid va uning o‘g‘illariga qilgan adl-u karamida yaqqol namoyon bo‘ladi.

E’tibor bergan bo‘lsangiz, so‘zimiz boshida Temurbekni “g‘oyat sirli shaxs” deb ta’riflagan edik. Samarqand amiri oxirat dunyosiga safar qilganidan keyin ham uning nomi atrofida yana uzoq davrlar sirli hodisa va voqealar davom etgan. Bir paytlar Eron hukmdori Nodirshohning Amir Temur sag‘anasiga o‘rnatilgan noyob oniks toshini qo‘porganidan keyin yuz bergan voqealarni yoki yaqin tarixda, 1941-yilda ul zotning ruhini bezovta qilib, qabrini ochish bilan bog‘liq sinoatlarni eslang.

“Ulug‘ Amir va donna Mariya”ni tomosha qilar ekanmiz, biz unda tasvirlangan aql bovar etmas voqeaning, ya’ni kichik Mariyaning momokaloni vasiyatini ado eta olganiga, ratsionalizm va manfaat ustun bo‘lmish XXI asrda ham beixtiyor “shunday sentimental tuyg‘ularga asir bo‘lib yashash mumkin”ligiga guvoh bo‘lamiz.

Taqdir yozug‘ini ko‘ringki, zimmasida shunday vazifa – missiya borligini anglagan qizgina saraton kasalligiga chalingan, tinka-madori qurib, kundan kunga so‘nib borarkan, bu muhim safar uchun unda hafsala va ishtiyoq qolmaydi.

Avloddan avlodga qarz bo‘lib kelayotgan vasiyat xabarini Mariyaga yetkazib, uni yo‘lga undagan ruhoniy padre Felipe Injil kalomini zikr etib, qizga dalda beradi: “Ishonching seni qutqarur, bo‘tam”. Ammo Mariya hamon beqaror, muztar bir holatda qolayotganini ko‘rib, ruhoniy padar yana ilohiy so‘zlarni takrorlaydi: “So‘rang – sizga berilur. Izlang – topursiz. Taqillating – ochilur”.

Shundan so‘nggina hayotdan batamom umidi so‘ngan Mariya noma’lum yurt sari yo‘lga jazm qiladi va saodatli bir kunda Amir Temur maqbarasi poyiga yetib keladi. “Ey ulug‘ zot, menkim – o‘sha jonhalak Mariya, ruhim halovat istab, olti yuz yil yo‘l bosib, nihoyat, huzuringizga keldim”, deb momokaloni nomidan shukrona keltiradi. Va shu asno marmar sahnga behush yiqiladi…

Filmning keyingi qisqa kadrlarida biz ilohiy mo‘jiza tufayli Mariyaning bedavo darddan xalos bo‘lib, sevgilisi Lusio bilan turmush qurgani va o‘g‘liga Temur deb ism qo‘yganidan xabardor bo‘lamiz. Albatta, materialistik – moddiyunchilik nuqtayi nazaridan qaraganda, kishi bu voqeani mistika deb qabul qilishi ham mumkin. Ammo hayotga qalb ko‘zi, iymon va ixlos ko‘zi bilan boqadigan har bir inson uchun bu hodisa butunlay o‘zga mohiyat kasb etishi shubhasiz.

Filmda Chubuk vodiysidagi jang oldidan kadr ortida yangragan so‘zlar bunga dalil bo‘la oladi:

Yaldo kechalarni shabiston etgan,
Bir lahzada cho‘lni guliston etgan,
Boshimga mushkul tushibdir, oson etgil,
Ey barchaning mushkulini oson etgan.

Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma”sida hazrati Sohibqiron sulton Boyazidga qarshi yurishga hozirlik ko‘rar ekan, Ahmad Yassaviyning “Devoni hikmat” kitobini ochib, shu satrlarga ko‘zi tushib qolgani bayon qilinadi.

Temurbek ularni karomat belgisi sifatida qabul qilib, yod oladi va kecha-yu kunduz takrorlab yuradi. Iltijolari ijobat bo‘lib, qudratli g‘anim ustidan g‘alaba qozonadi.

Sargashta Mariya Ulug‘ amir maqbarasi poyiga bosh qo‘yar ekan, balki uning ham qalbida shunday o‘tinch-iltijosi bo‘lgandir? Zero, “barchaning mushkulini oson etgan” zot bir bechora ayolning dardiga shifoyi komil ato etishi ilohiy hikmat namoyishidir.

Muhimi shundaki, filmni tomosha qilar ekanmiz, bu haqiqatga yana bir bor iymon keltiramiz. Asar ijodkorlarining yutug‘i – tomoshabinni shu kabi badiiy-ruhiy to‘qimaga ishontira olishida emasmi? Haqiqiy san’atning kuchi ham, ta’siri va jozibasi ham asli shunda.

Nazarimda, film zamirida g‘oyat muhim va nozik bir fikr ta’kidlanayotgandek tuyuladi. E’tibor bering, bemor Mariya obrazi bugun ma’naviy xastalik yoqasiga kelib qolgan G‘arb madaniyatining timsolini eslatmaydimi?

Asar boshida qizning sevgilisi Lusio huzur-halovatdan boshqa narsani o‘ylamaydigan, ma’shuqasi bilan shuncha yil uchrashib yurgan bo‘lsa-da, “turmush qurishga hali erta” deb hisoblaydigan yengiltak, beqaror kimsa sifatida ko‘rinadi. Faqat nogahonda Mariyaning boshiga tushgan og‘ir kulfat, olis Samarqand safarida kechgan suhbatlar, kuchli ruhiy larza tufayli bu xudbin yigitning ko‘zi ochiladi, u tiriklikning asl ma’nosi haqida o‘ylab qoladi.

Chindan ham, hozirgi kunda G‘arb dunyosining ko‘plab ijtimoiy muammo va ziddiyatlari avvalo azaliy, umuminsoniy qadriyatlar – an’anaviy tushunchadagi nikoh va oila institutining yemirilishi va buning oqibatida yuz berayotgan demografik inqiroz bilan bevosita bog‘liq ekani sir emas.

Lekin, eslang, bir zamonlar nasroniy jamiyat hayotida ayni shu tushunchalar muqaddas hisoblanmasmidi?

Shu bois, filmning so‘nggi lavhalarida Lusio va Mariyaning cherkov dargohida, Yaratgan parvardigorga ixlos bildirib, o‘zaro mehr va sadoqat bilan takrorlaydigan ilohiy qasamyodi ramziy ma’no kasb etib yangraydi:

“Sog‘-omon paytingda ham, bemor bo‘lgan chog‘laringda ham, boylik davri va qashshoqlik onlarida ham – toki o‘lim bizni bir-birimizdan ayirmas ekan, senga umrbod vafodor yor bo‘lishga ont ichaman”.

Pok yuraklarda bir umr muhrlanib qoladigan qanday ta’sirchan so‘zlar!..

Afsuski, odamzod keyin-keyin bu muqaddas ahdni unutdi, unga xiyonat qildi va shu tariqa bitmas-tuganmas tashvish va fojialarga giriftor bo‘ldi.

“Ulug‘ Amir va donna Mariya” filmi tomoshabinlar, birinchi navbatda yoshlarni mana shunday xatarlardan ogoh etib, go‘yoki ularga o‘ziga xos messej yuborayotgandek taassurot qoldiradi. Zero, Lusio va Mariya insoniylik nomi va sharafini davom ettirib, yurak va vujudlarini nikoh rishtalari ila bog‘laydilar, oila qurib, farzandli bo‘ladilar, saodatli hayot sari qadam qo‘yadilar.

Biz yuqorida inson ozodligi g‘oyasi, xaloskorlik tuyg‘usi haqida to‘xtalgan edik. Bu mavzu filmning o‘q ildizini tashkil etadi. Ayni vaqtda ushbu g‘oya kartinaning ko‘lamdor mazmuniga, serqirra qatlamlariga mahorat bilan singdirib yuborilgani alohida e’tiborga sazovor.

Masalan, Istanbuldagi onkologiya klinikasi professori Keydzi Mariya bilan Toshkent aeroportida tasodifan uchrashib qoladi. Kasallik tufayli odamovi, asabiy bo‘lib qolgan Mariya doktorni ko‘rib, avvaliga jahli chiqadi, uni Lusio tomonidan o‘zini kuzatib yurish uchun yollangan, degan gumonga borib, vrachga qo‘pol muomala qiladi. Ammo Keydzi bu yerga butunlay boshqa maqsadda – keksa otasining Samarqand safariga hamrohlik qilish uchun kelganidan voqif bo‘lib, Xiroshi-san bilan tanishib suhbatlashgach, ko‘ngli xotirjam bo‘ladi.

Xiroshi-san – Ikkinchi Jahon urushi yillarida O‘zbekistonda tutqunlikda bo‘lgan. Qay bir ma’noda donna Mariya bilan qismatdosh. U garchi dushman armiyasining askari bo‘lsa-da, o‘zbeklar diyorida boshqa yapon mahkumlari qatori o‘ziga ko‘rsatilgan insoniy munosabatni oradan necha yillar o‘tmasin, unutolmaydi. Ayniqsa, barakda og‘ir dardga chalinib yotganida unga shifobaxsh taom – sumalak olib kelib bergan Zahro degan qizni ko‘p bora yodga oladi. Sovet soqchilarining qattiq qarshiligiga qaramasdan, o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, tutqunlarga har kuni ikki dona non keltirib beradigan Abdujalil ismli yetti yashar ozg‘in bolakayning himmatini eslaydi.

Ayni shu tuyg‘u tufayli Xiroshi-san har yili Toshkentga kelib, keksayib qolgan Abdujalil bilan uchrashadi, mahkumlik yillari shu zaminda qolgan do‘stlarining qabrlarini – xalqimiz hurmat-e’tibor bilan saqlab kelayotgan yapon mozorlarini ziyorat qiladi.

To‘qson yoshdan oshgan Xiroshi-san bu gal Samarqand sari yo‘lga otlangan. Mariyaning “Bundan sizga nima naf bor?” degan hayratomuz savoliga javoban: “Naf? Qanday naf borligini bilmayman. Lekin bilamanki, so‘nggi qabrni ziyorat qilmagunimcha asirlik tuyg‘usidan qutula olmayman”, deydi yaponiyalik mo‘ysafid.

Bu so‘zlar Mariyaga qattiq ta’sir qiladi. “Asirlik tuyg‘usi? Bilaman, tushunaman”, deydi u va kuchli hayajon bois nogahon bir lahza hushini yo‘qotadi…

Xiroshi-sanga safarda o‘g‘li bilan birga Abdujalil va uning qizi Mohira hamrohlik qiladilar. Shu asnoda ular ham Mariya bilan yaqindan tanishib, ko‘ngli g‘arib bu qizga mehr va iltifot ko‘rsatadilar.

O‘zgalarning dardiga malham bo‘lish, madadga muhtojlarga beg‘araz ko‘mak berish, millati, tili, dinidan qat’i nazar, barcha insonlarni Xudoning bandalari deb bilish – filmda bu kabi xususiyatlar o‘zbek xalqining genetik kodida azaldan mujassam ekaniga yana bir bor ishora qilinadi.

Maqolamiz boshida “Ulug‘ Amir va donna Mariya” filmi real voqealarga asoslanganini aytib o‘tgan edik. Bu tom ma’noda epik kinokartinaning hayotiy ildizlari haqida kengroq ma’lumotga ega bo‘lishni istagan tomoshabinlarga biz ssenariy muallifi Xayriddin Sultonning “Navoiy – 30” kitobida (“Adabiyot” nashriyoti, Toshkent, 2021-y.) chop etilgan “Xaloskor” nomli hikoyani o‘qishni tavsiya qilamiz. Shu bilan birga, mavzu haqidagi tasavvuringizni boyitmoqchi bo‘lsangiz, poytaxtimizning Yakkasaroy tumanida joylashgan, mehnat faxriysi, fidoyi inson Abdujalil Sultonov o‘z xonadonida tashkil etgan, yaponiyaliklarning O‘zbekistondagi hayoti va faoliyati haqida hikoya qiladigan mo‘jaz, ammo mazmunan boy muzey bilan tanishishni maslahat beramiz (mavridi kelganda aytib o‘tish zarurki, Abdujalil aka bu ezgu ishlari uchun O‘zbekiston Prezidentining farmoniga binoan “Mehnat shuhrati” ordeni hamda Yaponiya imperatorining “Otayotgan quyosh, oltin va kumush nurlar” ordeni bilan taqdirlangan).

Film ko‘rigida bu tabarruk inson oilasining vakillari ham ishtirok etgani anjumanga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.

“Ulug‘ Amir va donna Mariya” filmi o‘zbek kinematografiyasining, Yangi O‘zbekiston kino san’atining yirik xalqaro ijodiy loyihasidir.

Kinopolotno Turkiyaning “Kanguru film yapɩm tɩcaret limited şirketi” (muassisi va rahbari – Vulkan Ongi) bilan yaqin ijodiy hamkorlikda suratga olingan.

Filmdagi asosiy rollarni o‘zbekistonlik Elbek Fayziyev, Jo‘rabek Arziyev, Ko‘pjursin Allanazarov, O‘lmas O‘rayev, Zilola Iskandarova, Bahodir Boltayev kabi artistlar bilan birga buyuk britaniyalik Nik Kornuoll, Robert Lyuis, ispaniyalik Oskar Foronda, Xuan Kasilyas, italiyalik Jovanni Lelli, Xaruxiko Xal Yamanouti, Billi Bozz, niderlandiyalik Eppo Vortman, amerikalik Maykl Mitchell, fransiyalik Kengo Saito, turkiyalik Yunus Taxa Karaaslan, Nuray Erkol, Yasemin Yazuchi, Fatih Yilmaz, Haydar Ko‘yel, turkmanistonlik Zokirjon Bozorov singari taniqli xorijiy aktyorlar ijro etganlar. Donna Mariya va kichik Mariya obrazlarini braziliyalik iste’dodli aktrisa, maftunkor Jessika Mey Kara mahorat bilan yaratgan.

Bu murakkab va ulkan kinoloyihani ro‘yobga chiqarishda operator Rustam Murodov, badiiy rahbar Jahongir Qosimov, adabiy maslahatchi Shuhrat Rizayev, ilmiy maslahatchilar Hamidulla Dadaboyev, Xurshid Fayziyev, rassom Shamshetdin Ibrayimov, kompyuter grafikasi bo‘yicha koordinator G‘olibjon Sanoqulov, prodyuserlar Firdavs Abduxoliqov, Bahodir Odilov, kompozitor Qosim Muinov, xonanda Sevara Nazarxon, shoira Xosiyat Bobomurodova, Faxriyor kabi taniqli ijodkorlar, shuningdek, Shaken Altinbek (Qozog‘iston) va Aziz Tore (Turkiya) boshchiligidagi kaskadyorlar guruhlarining ham xizmatlari katta bo‘lgan.

Filmning o‘zbek, ispan, ingliz, venger, turk, yapon tillarida suratga olingani uning ko‘lami va geografiyasi ham naqadar keng ekanidan dalolat beradi.

Har biri o‘z so‘zi, o‘z xarakteriga ega mashhur ijodkorlarni yaxlit baynalmilal jamoaga aylantirib, umumiy maqsad sari safarbar eta olgan Yolqin To‘ychiyevning nafaqat rejissyorlik mahorati, balki menejerlik qobiliyati ham tahsinga sazovor.

Muhtaram Prezidentimiz o‘z chiqishlarining birida: “Agar biz tariximizni dunyoga tarannum etmoqchi bo‘lsak, xalqimizning milliy g‘ururini ko‘tarmoqchi bo‘lsak, buni birinchi navbatda kino yordamida amalga oshirishimiz kerak”, deb ta’kidlagan edi.

“Ulug‘ Amir va donna Mariya” tarixiy-badiiy filmi o‘zbek kinosining ana shunday yuksak talab asosida katta taraqqiyot yo‘liga chiqib borayotganini, yanada baland marralarni egallashga qodir ekanini ko‘rsatadi.

Tursunali QO‘ZIYEV,
O‘zbekiston san’at arbobi, akademik

“Jadid” gazetasining 2025-yil 22-avgustdagi 34-sonida


“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“

Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]

16.11.2026 | 16:15

img111

MILLIY YUKSALIŞ SARI

Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]

16.11.2026 | 09:00

img143

KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT

O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]

13.11.2026 | 14:43

img333