26.08.2025 | 12:00
699
YANGI O‘ZBEKISTON: ILM-FAN, TA’LIM VATARAQQIYOT
Yaqin o‘tmishimizga tosh otish xalqqa ham, davlatga ham foyda keltirmaydi. Aksincha, dunyo miqyosida obro‘mizga putur yetadi. Qaysidir ma’noda uyning siri ko‘chaga chiqadi ham. Axir: “Saringni bersang ham, siringni berma!” degan donolarcha aytilgan maqolimiz bor. Bu yerdagi “sar” so‘zi “bosh” ma’nosida kelgan.
Lekin…

Yangi O‘zbekiston o‘tgan 9 yil mobaynida aynan qanday murakkab holatdan chiqib, qanday darajaga yetganini yorqin holda ko‘z oldimizga keltirishimiz, ulkan ko‘lamni boricha tasavvur etishimiz, bu borada qilingan katta sa’y-harakat, olib borilgan oqilona siyosat, bular zamiridagi porloq kelajakka qaratilgan ezgu maqsadlar mohiyatini teran anglab yetishimiz uchun qiyosga ehtiyoj seziladi, albatta.
Ortga bir nazar
Mustaqillik yillarida ilm-fan va ta’lim sohasida muayyan yutuqlarga erishdik. Avvalo, fanimiz sovet mafkurasi ta’siridan batamom qutulib, o‘z milliy o‘zaniga tushib oldi. Davlat tilida dissertatsiyalar yoqlab, o‘zimizda tashkil etilgan Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan ilmiy daraja va unvonlar oladigan bo‘ldik. Oliy ta’lim sohasida ham sezilarli siljishlar yuz berdi. Yangi-yangi universitetlar ochildi va hokazo.
Biroq oliy ta’lim muassasasi professor va o‘qituvchilarining ijtimoiy ahvolini o‘nglash imkoni bo‘lmadi. Hatto, professorning maoshi bilan talabaning stipendiyasi o‘rtasidagi farq shu darajada oz ediki…
Shunga qaramay, hammasi yaxshi ketayotgandek edi. Ilm ahli fidoyilarcha mehnat qilib, dissertatsiyalar yozib yoqlar, kitoblar chiqarar, kelajakka umid bilan yashayotgan edi.
Asrimizning 10-yillari birinchi yarmida ham mamlakat katta byudjet tanqisligini boshidan kechirdi. Bunga qarshi kurashning intensiv emas, ko‘proq ekstensiv yo‘llari tanlandi. Shu jarayonlarda yuz bergan ilm-fan va ta’lim bilan bevosita bog‘liq uch holat bu sohani tamoman boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘ydi.
Birinchisi – butun dunyo, yuzga kirgan bo‘lsa ham, jamiyatning har bir a’zosini mehnat qilishga undash bilan band bo‘lib turgan bir tamaddun zamonida biz tappa-tayyor ishlab turgan ilm-fan va ta’lim sohasi vakillarini Mehnat kodeksining tegishli moddasi asosida, ya’ni pensiya yoshiga yetgani munosabati bilan ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra ishdan bo‘shatdik.
Ochig‘ini ayting, qaysi olim 60, qaysi olima 55 yoshida shalvirab qoladi?
O‘zi dunyo bo‘yicha jami aholining 92 foizigina 65 yoshdan oshar ekan. Ya’ni amalda pensiyaga chiqqanidan keyin ishlash istagida bo‘lganlarning juda katta qismi aynan ziyolilarga to‘g‘ri keladi. Pensionerlarni ishdan bo‘shatish kampaniyasi, asosan, ziyolilar, birinchi galda oliy ta’lim muassasalari professor va o‘qituvchilariga qarshi uyushtirilgan bir hujumdek bo‘ldi.
Holbuki, jahon olimlarining tadqiqotlari natijalari shuni ko‘rsatadiki, insonning hayotdagi eng faol, eng samarali, eng sermahsul yoshi aynan 60 bilan 70 ning orasi ekan. 70 bilan 80 ning orasi esa ikkinchi, 50 bilan 60 ning orasi, hatto, uchinchi o‘rinda turar ekan.
O‘n yilcha burungi tarixni kechagidek eslayman. Malaka oshirish institutlarining birida 0,5 yuklama bilan ishlab yurganimda pensiyaga chiqdim. Deylik, maoshim 500 ming so‘m bo‘lsa, pensiyam 400 ming so‘m edi.
Ishlayotganim uchun pensiyamning yarmini qirqdi. Amalda ikki barobar ishlab, bir barobar oylik olgandek bo‘ldim.
Bo‘shatilmaganimga shukr qilib, ishladim. Chunki qonunan pensionerni ish beruvchining tashabbusi bilan bo‘shatib yuborish ham mumkin edi-da.
Soha vakili, vaziyatni ichidan bilgan kishi sifatida aytaman: ko‘p olimlar o‘ksidi, ularni ayni kuch-quvvatga to‘lgan, katta malaka va tajriba to‘plagan, yuksak mahoratga ega mahalida uyida o‘tirg‘izib qo‘ydik. Nima emish? Pensiya yoshiga yetganlar joyni yoshlarga bo‘shatib berib, pensiyasini ye-eb yotsin emish! Byudjet tanqisligining oldini olishga mas’ul o‘sha paytdagi vallomatlar mamlakatda yashirin iqtisodiyotga barham berib, biznesni rivojlantirish, shu tariqa soliq tushumini ko‘paytirish o‘rniga o‘zlariga oson bo‘lgan byudjet xarajatlarini qisqartirish yo‘lini tanladi.
Xo‘sh, oxiri nima bo‘ldi? Kim yutdi-yu, kim yutqazdi? Hech kim yutgani yo‘q. Butun jamiyat yutqazdi. Bu chigaldan-chigal muammo Yangi O‘zbekistonda Mehnat kodeksining shu moddasini o‘zgartirish orqali butkul barham topdi.
ISLOHOTGA QARSHI “ISLOHOT”
Islohot nomi bilan amalga oshirilgan ikkinchi o‘zgarish ilm-fan va ta’lim tizimiga juda katta zarba bo‘lib tushdi.
Butun dunyoda dissertatsiya yoqlab, ilmiy darajaga ega bo‘lganlar maoshiga qo‘shimcha qo‘shiladi. Axir, biror sohani rivojlantirish uchun katta mehnat qilish kerakmi? Mehnatni munosib rag‘batlantirish lozimmi? Yo ilm-fan va ta’lim sohasi vakillari farishtami – ular hamma qatori yeb-ichishi, kiyinishi, bola-chaqa boqishi, kasbi taqozo etgan ilmiy-texnikaviy vositalar sotib olishi zarur emasmi? Davlat byudjetini ko‘paytirishdan ko‘ra uni qisqartirishni o‘ylaganlarga shu mablag‘ ham ortiqcha ko‘rindi. Oson yo‘lini topishdi: “Nega bizda olimlar ikki marta, ya’ni ham nomzodlik, ham doktorlik dissertatsiyasini yoqlashi kerak? Birato‘la doktorlik yoqlab qo‘ya qolsa-chi? Shunda ilmiy darajasi borlar soni keskin ozayadi va byudjet xarajatlari kamayadi-ku!” deyishdi.
2012-yil 24-iyulida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 4456-son farmoni qabul qilindi. Unga ko‘ra, fan nomzodi ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya yoqlash bekor qilindi. Hatto Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 28-dekabridagi 365-qarori bir bandida qat’iy tarzda: “Belgilab qo‘yilsinki, ilmiy darajasi mavjudligi uchun lavozim maoshlariga qo‘shimcha haq va boshqa ustamalar 2013-yil 1-yanvardan boshlab to‘lanmaydi”, deb, ilmiy daraja olishdan moddiy manfaatdorlikning yo‘li butunlay to‘sildi.
Xo‘sh, O‘zbekiston olimlari nimaning evaziga yillar umrini sarflab, dissertatsiya yozishi kerak? Yozmay qo‘ya qoldi. O‘sha yillari qanchadan qancha tayyor nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari himoyalari taqa-taq to‘xtadi. Hadeganda ilmiy kengashlar ochilavermadi. Tadqiqotchilar tushkunlikka tushib, ilmiy ishga qo‘l siltadi. Yashirib nima qildim, oilamiz a’zolarining kafedra muhokamasidan o‘tgan ikki va tayyor holga kelib qolgan bir dissertatsiyasi ham tokchada qolib ketdi.
To‘g‘ri, dunyoda bir dissertatsiya yoqlash tizimi shakllantirilgan mamlakatlar bor. Biroq bizda bunga birdaniga o‘tilmoqchi bo‘lindi. Ilmiy jamoatchilik hali bunga tayyor emas edi. Bizda kechagina magistraturani bitirib kelgan yosh mutaxassisning birdaniga fan doktori dissertatsiyasi yozish tajribasi yo‘q edi. Ochig‘i, subyektiv tarafdan ikki dissertatsiya himoya qilib, bu darajaga erishganlarning ko‘piga ichdan bu o‘zgarish xush yoqmadi ham.
Boshqalarni bilmadim, men o‘sha yillari shu tizim orqali fan doktori bo‘lgan bir yoki ikki tadqiqotchini eshitdim, xolos. Bu gaplarimizga shubha qilayotganlar uchun statistika keltirib o‘tirishning aslo hojati yo‘q. 2013–2016-yillari mamlakatimizda dissertatsiya yoqlash degan narsa esdan chiqay deb qoldi hisob.
FUNDAMENTAL FAN TAQDIRI
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi 1943-yili tashkil topgan. U zamonaviy taraqqiyot uchun kerakli, muhim bir tizim. Bu jihatdan akademiyasi yo‘q mamlakatlar olimlari bizga juda havas qilishadi.
Biroq 10-yillarda shu tizim ham davlat byudjetini qisqartirish tashabbuskorlari nazaridan chetda qolmadi. Fanlar akademiyasining ko‘p institutlari universitetlar qaramog‘iga o‘tkazildi. To‘g‘ri, rivojlangan davlatlar universitetlari huzurida kuchli ilmiy tadqiqot tizimi ham shakllangan. Lekin bizning universitetlar iqtisodiy-moliyaviy jihatdan hali u darajalarga yetgani yo‘q-ku. Bunga obyektiv va subyektiv omillar hali pishib yetilmagan-ku.
Bevosita ishlab chiqarish bilan bog‘liq sohalar uchun kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalari ilmiy tadqiqot va ishlanmalar yaratish orqali mablag‘ topish imkoniga ega bo‘lar. Lekin gumanitar fanlar taqdiri nima bo‘ladi? Fundamental fan taqdiri-chi? Bular bilan hech kimning boshi og‘rimadi.
Shukr, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bu xato ham tuzatildi: universitetlarga o‘tkazilgan institutlar yana Fanlar akademiyasiga qaytarildi.
OLMA, PISH!..
Kichkinagina hovlichamizda ikki tup olma o‘sadi. Biri – Yevropada yaratilgan “zamonaviy”, ikkinchisi – Farg‘ona viloyatida asrab qolingan eski “jaydari” nav. Keling, bevosita boshidan o‘tkazgan bir kishi sifatida hayotiy tajriba asosida bir gapni ochiq aytay: har qancha: “Olma, pish!” deganingiz bilan olma pishmaydi ham, “Tagingga tush!” deganingiz bilan, tagiga tushmaydi ham!
Bir donagina olma uzib yeyish uchun ham avval uning yaxshi navini topib, nihol ekish, keyin parvarishlash, har yili butash, oziqlantirish, zararli hasharotlardan himoya qilish kerak. Butamasangiz, samarali hosil bermaydi, yaxshi oziqlantirmasangiz, kam tugadi yo mevasini tashlaydi, dorilab turmasangiz, qurt tushadi va hokazo.
Lekin olmaning ko‘nglingizga mos navini tanlash, rasamadini keltirib butash, qanday o‘g‘itlar bilan, qachon va qay miqdorda oziqlantirish, qanday dorilar bilan va qachon zararkunandalarga qarshi kurashish… uchun ham katta ilm zarur.
TUB BURILISH
2017-yili oliy ta’limdan keyingi ta’lim sohasida tub burilish yuz berdi. Yana qaytadan ikkita, ya’ni falsafa doktori va fan doktori dissertatsiyalari himoya qilish qoidasi joriy etildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi rayosatining “Ilmiy darajalar berish tartibi to‘g‘risida” 2017-yil 31-maydagi 239/4-son qaroridan keyin yana himoyalarga keng yo‘l ochildi.
ILMGA YANA BIR RAG‘BAT
Nimaga, qaysi sohaga mablag‘ sarflansa, u rivojlanadi. Bu bozor iqtisodiyotining oddiy, lekin “oltin” qoidasi.
Vazirlar Mahkamasining “Ilm-fan va ta’lim sohasidagi davlat tashkilotlarida ilmiy, ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi ilmiy darajaga ega xodimlarga qo‘shimcha haq to‘lash tartibi to‘g‘risida” 2019-yil 24-dekabridagi 1030-son qarori bilan ilmiy darajaga ega mutaxassislarga yana bir katta rag‘bat berildi. Unga ko‘ra, bir yillik faoliyati yakuniga ko‘ra belgilangan talablar asosida ilmiy va ilmiy-pedagogik faollik ko‘rsatgan fan doktorlariga keyingi yil davomida 60, falsafa doktorlariga esa 30 foiz miqdorida qo‘shimcha haq to‘lanadigan bo‘ldi. Aslida, shuning o‘zi bir maoshday gap. Ammo unga erishish uchun mutaxassis yil davomida faol mehnat qilishi lozim. Amalga oshirilgan har qanday foydali mehnat esa amalda mamlakat rivojiga qo‘shilgan hissa yanglig‘ baholanmog‘i lozim.
Bunga nima yetsin!
KO‘Z O‘NGIMIZDAGI O‘ZGARISHLAR
9 yil ilgari mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalari soni 70 taga borar-bormas edi. Ular soni uch karra ko‘paydi. Hozir nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarining o‘zi shuncha. Davlat oliy ta’lim muassasalarining soni ham ortdi, ularda ta’lim olayotgan talabalar soni ham. Ilgari har yuz bitiruvchining 9 foizi oliy ma’lumot olish huquqiga ega bo‘lsa, bu ko‘rsatkich besh barobar o‘sib, o‘tgan yili 42 foizni tashkil etdi.
Standartga ko‘ra, ularda professor-o‘qituvchilarning kamida 35 foizi ilmiy darajaga ega mutaxassis bo‘lishi zarur. Axir, dissertatsiya yozib, yoqlagan kishining darsga munosabati o‘zgarib, malakasi oshib, ilmiy saviyasi ko‘tariladimi-yo‘qmi?!
Telegramda “UzA/Ilm-fan kanali” mavjud. Kuzatib borayotgan bo‘lsangiz, eh-he, amalda barcha fanlar sohasida qanchadan qancha tadqiqotchilarning dissertatsiyalari himoyasi haqida peshma-pesh e’lonlar chiqib turibdi. Buloqning ko‘zi ochib yuborildi. Darvoqe, yaratilgan imkoniyat sharofati bilan oilamizda tokchada yillar qolib ketgan uch dissertatsiya ham yoqlandi. Komil ishonch bilan aytish mumkinki, O‘zbekistonimiz yaqin kelajakda hamma sohada olimlari yetarli mamlakatga aylanadi. Buyuk bobolarimizning jahon ilm-faniga qo‘shgan ulkan hissasi ham bizdan shuni talab qiladi ham. Biz bunga to‘la haqlimiz.
Ba’zilarni mamlakatimizda yoqlanayotgan dissertatsiyalar miqdori shoshirib ham qo‘yayotgani hech kimga sir emas. Hatto: “Son ko‘payyapti-yu, sifat kam-da”, deyayotganlar ham topiladi. Bo‘lishi mumkin. Lekin falsafaning “oltin” qoidalaridan biri shuki, miqdor o‘zgarishlari sifat o‘zgarishlariga, aksincha, sifat o‘zgarishlari miqdor o‘zgarishlariga olib keladi, albatta. Axir, yuz olimdan bir zo‘ri chiqsa, ming olimdan yuz zo‘ri chiqadi-da.
GASTERBAYTER HAM ILMLI BO‘LSIN!
Kechagina xorijda mehnat qilib, bola-chaqa boqayotganlarga panja orasidan qaradik. Axir, dunyoda mehnat bozori bitta bo‘lganidan keyin, aholi bir qismining ish izlab, o‘z yurtiga nisbatan rivojlangan mamlakatlarga ketishi global hodisa. Bundan, hatto, “kuchli yigirmatalik”ka kirgan Hindiston, Turkiya, Rossiya kabi davlatlar ham istisno emas. Albatta, bizdan fuqarolar ish izlab, Rossiya yoki Turkiyaga boradi, ulardan esa nisbatan yuqoriroq malaka va til bilish talab qilinadigan ishlarga Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiyaga ketadi.
2024-yili 2023-yilga nisbatan O‘zbekistonga xorijdan kelib tushgan pul o‘tkazmalari 30 foizga yoki 3,4 milliard dollarga oshib, jami 14,8 milliard dollarni tashkil etdi. Ko‘proq Rossiya, Qozog‘iston, AQSh, Janubiy Koreya, Turkiya, Buyuk Britaniyadan mablag‘ yuborilgan. Albatta, bizda ishlab, o‘z Vataniga pul jo‘natayotganlar ham bor. 2024-yili bu ko‘rsatkich 2023-yilga nisbatan 19 foizga oshib, 2,8 milliard dollarni tashkil etgan. Ayirganda ham, 12 milliard qolyapti-da.
Bugun davlat siyosatida xorijda mehnat qilayotganlarga nisbatan munosabatimiz keskin o‘zgargan. Endi ilm-fan va ta’limni rivojlantirib, xorijga yanada malakali mutaxassis kadrlarni ishga yuborish tarafdorimiz. Axir, bugun dunyo bozorida jismoniy mehnatning qadri tobora tushib borayotgani, aksincha, aqliy mehnatga ko‘proq haq to‘lanayotganini hamma bilib qoldi.
ILM-FAN, TA’LIM VA TURIZM
Bir sohada bir foizgina o‘sish bo‘lsa ham, qarsak chalishimiz kerak. Axir, xalqona aytganda: “Toma-toma ko‘l bo‘lur”. Yana: “Shahar birdan qurilmaydi”, degan xalqona naqlimiz ham bor. Lekin agar O‘zbekistonimizda shu yilning birinchi yarmida turizm sohasida 48,9 foiz o‘sish bo‘lgan bo‘lsa, do‘ppimizni osmonga otishimizga to‘g‘ri keladi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning dastlabki 6 oyida qariyb 5,3 million nafar xorij fuqarosi mamlakatimizga kelgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirganda 1,7 million nafarga ko‘p, ya’ni 48,9 foizga oshgan. Bular qarindoshlarni yo‘qlash, sayohat, xizmat yuzasidan, davolanish, o‘qish uchun kelishgan. Xitoydan kelayotganlar soni 2,9, Yaponiyadan kelayotganlar soni 1,5, Buyuk Britaniya, Fransiya, Ispaniya, AQSh va Turkiyadan kelayotganlar soni 1,2, Rossiya, Germaniya, Italiya, Malayziya va Hindistondan kelayotganlar soni 1,1 karra oshgan. Ammo dunyoda 200 dan ortiq davlat – mavjud. O‘zbekistonimiz yaqin kelajakda Yer yuzining turizm eng rivojlangan mamlakatlardan biriga aylanadi.
2023-yili mamlakatimizga 10,2 million kishi kelgan bo‘lsa, bu yilning 7 oyida bu ko‘rsatkich 6,3 millionni tashkil etdi. “BBS Travel global media” portali O‘zbekistonimizni 2025-yilda sayohat qilish uchun eng yaxshi 25 ta manzil ro‘yxatiga kiritdi.
Shuni unutmaylikki, hozirgi global dunyoda amalda hech kim bekordan-bekorga mablag‘ sarflab, ikkinchi bir mamlakatga kelmaydi. Bu yerda uni jalb etadigan jozibadorlik bo‘lishi lozim. Kimlardir bizga qarindoshlarini ko‘rgani keladi, kimlardir bizda o‘qiydi, kimnidir qadimiy va boy tariximiz, boshqani ona tabiatimiz, issiq iqlimimiz, kimnidir bobaraka dalalarimizda yetishtirilgan totli-totli noz-ne’matlar-u asr-asrlar mobaynida shakllangan milliy pazandachiligimiz-u lazzatlidan-lazzatli taomlarimiz, yana birovni ziyoratga chorlab turgan muqaddas maqbara-yu qadamjolarimiz, ba’zilarni, hatto, mamlakatimizda rivojlangan bozor tizimi o‘ziga mahliyo etadi.
Bugun amalda hamma soha, jumladan, turizm ravnaqi ham – bevosita yo bilvosita bo‘lsin, ilm-fan va ta’lim ravnaqiga bog‘liq. Axir, uni rivojlantirishning ham o‘z sirlari, o‘z ilmi bor. Bu soha taqdirini ham, avvalo, yetuk kadrlar va sohada erishilgan yuksak madaniyat, boshqacha aytganda, kompleks taraqqiyot hal qiladi.
UCH HALQA BIRLIGI
XXI asrga kelib shu narsa: “Ikki karra ikki to‘rt”, degandek aniq-ravshan bo‘ldiki, qaysi mamlakat iqtisodiy jihatdan yuksak darajaga ko‘tarila olmagan bo‘lsa, bilingki, uning xalqi ilm-fan va ta’limda oqsayapti. Jadid bobolarimizning bundan yuz yillar oldin kelgan qat’iy xulosasi ham aynan shu edi. Ular ilm-fan va ta’limda oqsaganimiz uchun mustamlaka bo‘lib qolganimizni teran anglagan edi. Ilm-fan va ta’limni rivojlantirishni, hatto, istibdoddan qutulish, mustaqillikka erishishning yagona najot yo‘li, deb bilishdi.
Har qanday ish oxiriga yetsa go‘zal. Ilm-fanni rivojlantirsak, ta’limni kuchaytirsak, lekin qo‘liga bakalavr yoki magistr diplomini olgan yoshlarni mutaxassisligiga munosib ishlarga joylashtirmasak, asl maqsad aslo amalga oshmaydi. Bizga ana shu uch soha birligi zarur. Albatta, bozor iqtisodiyoti sharoitida bu masalani, asosan, talab va taklif munosabatlari hal qiladi. Biroq davlat bu sohani muvofiqlashtirishi, oqilona yechimlarni topishga ko‘maklashishi, qulay sharoitlar yaratib berishga bosh-qosh bo‘lishi lozim. Bunga katta ehtiyoj bor.
KADRLAR TAQDIRI – BOSH MASALA
8-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari bandligini ta’minlash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Unda bitiruvchilar bandligini ta’minlash bo‘yicha yangi yondashuvlar belgilandi. Sohadagi kamchiliklar ham ochib tashlandi. Masalan, oxirgi yetti yilda qabul 4,5 barobar oshib, yoshlarning oliy ta’lim bilan qamrovi 42 foizga yetgan bo‘lsa-da, kadrlar tayyorlash tizimi real ehtiyojga mos emasligi aytildi. Oliy ta’limda o‘qitilayotgan kadrlar bilan ish beruvchilar talabi o‘rtasida farq katta. Oqibatda korxonalar chetdan tayyor mutaxassis jalb qilishga majbur bo‘lyapti. Har bir talabani o‘qitib, mutaxassis qilib tayyorlash uchun davlat yiliga 25–30 million so‘m xarajat qilyapti. Lekin to‘rt yil umrini sarflab, diplom olgan yoshlarning yarmidan ko‘pi oddiy-oddiy ishlarda band.
O‘zbekistonimiz jadal rivojlanish yo‘liga kirdi. Yaqin yillarda mamlakatimizda 83 milliard dollarlik yirik loyihalar ishga tushishi rejalashtirilgan. Ularning hisobiga sanoatning o‘zida 500 mingga yaqin mutaxassisga ehtiyoj paydo bo‘ladi. Bularning barchasi oliy ta’limni sohalar talabi darajasiga ko‘tarish, kadrlar tayyorlash sifati va yoshlar bandligi qamrovini jadal oshirishni talab etadi.
Davlatimiz rahbari yig‘ilishda bu boradagi ko‘p yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, endi bitiruvchini ishga olganlik uchun tadbirkorlik reytingida qo‘shimcha ball beriladi. Oliy ta’lim muassasasi ularni bo‘sh o‘rin bor korxonaga yo‘naltiradi. Rektorlar vakolati va mas’uliyatini oshirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Ularga “super kontrakt” miqdorini tabaqalashgan holda belgilash vakolati beriladi. Endi barcha oliy ta’lim muassasalari tashkiliy va akademik mustaqil bo‘ladi. Bundan buyon abituriyent o‘zi tanlagan 5 tagacha oliy ta’lim muassasasining birortasiga kirolmasa-yu, lekin bali boshqa oliy ta’lim muassasasidagi to‘lmagan yo‘nalishga to‘g‘ri kelsa, ularni shartnoma asosida qabul qilish mumkin bo‘ladi.
Bu yil mamlakatimizda 92 ming yosh bakalavriatni bitirdi. Ulardan 20 ming nafari magistratura va ikkinchi mutaxassislik bilan qamrab olinadi. Yana 20 mingi Bandlik vazirligi orqali staj talab qilmaydigan ishlarga joylashtiriladi. Tijorat banklari orqali 20 ming bitiruvchining biznes boshlashiga ko‘maklashish rejalashtirilgan. Xususan, yoshlar bandligini ta’minlash uchun Milliy bank va Aloqa bankka bu yil 300 million dollar ajratilgan. Banklar mazkur imtiyozli kredit resursining bir qismini bitiruvchilarni ishga olgan korxonalarga ham berish tashabbusini bildirdi. Endi bunday tadbirkorlarga 5 milliard so‘mgacha 18 foizli kredit beriladi. Ushbu yangi tizim nafaqat bu yilgi, balki o‘qishni tugatganiga 3 yil bo‘lmagan bitiruvchilar uchun ham tatbiq etiladi.
BULOQNING BOSHI
Uch yil Tashqi ishlar vazirligida ikkinchi darajali ikkinchi kotib diplomatik martabasi bilan mas’ul vazifada ishlagan sobiq diplomat sifatida bir sirni ochsam, hech narsa bo‘lmas.
Bir daryo toshib oqsa, dunyo uning boshini – bulog‘ini izlaydi. Bir mamlakatda yangi rahbar hokimiyat tepasiga kelsa, jahon diplomatlari, avvalo, uning asl kasbi, ya’ni qaysi soha vakili ekani va bungacha qayerlarda ishlaganiga qiziqadi. Chunki bu mamlakatda kelajakda qaysi soha ravnaqiga alohida e’tibor qaratilishini oldindan prognoz qilishadi-da.
Yangi O‘zbekistonda ilm-fan, ta’lim va taraqqiyot borasida olib borilayotgan tub islohotlar, yuz berayotgan quvonchli o‘zgarishlar boshida Prezident Shavkat Mirziyoyev turibdi. Hech mubolag‘asiz, u ilm-fan, ta’lim va taraqqiyotning jonkuyar, fidoyi tashkilotchisi va tinib-tinchimas rahnamosi. Davlatimiz rahbari mamlakat va xalqning yorqin kelajagi aynan ilm-fan va ta’lim orqali bunyod etilajagini hammadan ko‘p anglaydi, tushunadi va tushuntiradi. Chunki u aslan oliy ta’lim xodimi, fanning bevosita ishlab chiqarishga aloqador muhandislik sohasida dissertatsiya yoqlagan olim. U hozirgi paytda jahonning “TOP – 500” taligiga kirgan “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash va melioratsiya instituti” Milliy tadqiqot universitetida kafedraning oddiy a’zosidan muassasa rahbarigacha bo‘lgan bosqichlarni bosib o‘tgan mutaxassis.
Yangi O‘zbekistonimizning ilm-fan, ta’lim va taraqqiyot sari yuz burgani hammamizga muborak bo‘lsin!
Sultonmurod OLIM,
filologiya fanlari doktori, Toshkent amaliy fanlar universiteti professori
“Jadid” gazetasining 2025-yil 22-avgustdagi 34-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



