13.03.2025 | 09:19
1449
“DUNYODA TURMOQ UCHUN DUNYOVIY FAN VA ILM LOZIMDUR”
Tayinki, har qanday hushi o‘zida bo‘lgan insonning, hamiyatli va qo‘rqmas qavmning, oq bilan qorani farqlay bilgan elning eng ezgu orzusi erk otlig‘ tansiqdan tansiq ne’matga noil bo‘lmoqdan iborat. Ayniqsa, agar qaramlik, istibdod degan bo‘yinturuqqa shafqat degan tushuncha tamoman begona bo‘lganida, mazkur orzu-armon olovga, alangaga aylanadi. O‘tgan asrning ibtidolarida Turkistonda elning erki ana shunday dahshatli bo‘yinturuq iskanjasida edi. Tarixning murakkab bir pallasida, XX asr bo‘sag‘asida Turkiston jadidlarining chinakam yo‘lboshchisi hazrat Mahmudxo‘ja Behbudiy elni erkka eltmoqday ulug‘vor va muhtasham niyat bilan tengsiz kurash maydoniga kirib keldi va benihoya qamrovli faoliyatini boshladi. Bu faoliyatning naqd natijalari tadqiqotchilar, turli soha vakillari tomonidan xolis va ilmiy jihatdan jiddiy o‘rganilgan va yuksak baholangan.

O‘zbekiston Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi “Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida alohida ta’kidlanganidek: “Vatanimiz tarixida g‘oyat murakkab va sinovli davr bo‘lgan XX asr boshida maydonga chiqqan Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkiston jadidlik harakatining asoschisi hisoblanadi. U milliy ozodlik harakatining buyuk namoyandasi sifatida ilm-fan, ta’lim va tarbiya, adabiyot va san’at, matbuot sohalarini rivojlantirish, jahondagi ilg‘or taraqqiyot yutuqlarini o‘zlashtirish orqali xalqimizning ong-u tafakkurini yuksaltirish hamda hurriyatga erishish yo‘lida o‘z hayotini baxsh etgan fidoyi zotdir”.
Mamnuniyat bilan ta’kidlamoq joizki, millat hurriyati, el erki sari birlamchi va mashaqqatli yo‘lni ilm-u ma’rifatda deb bilgan Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkistonni o‘sha davrdagi ayanch va xarob ahvoldan olib chiqa oladigan najotni, avvalo, maktabdan izladi, chunki u maktabning milliy taraqqiyotdagi, milliy o‘zlikni anglash va sobit saqlashdagi tarixiy ahamiyatini teran tasavvur eta bildi, xalq hurligi va yurt ravnaqi uchun maktablarni tabiiy va zaruriy zamin deb hisobladi.
Zero, yer yuzidagi eng qadimiy, eng keksa ta’lim muassasalaridan biri maktabdir. Dastlabki maktab bundan besh ming yillar ilgari, ya’ni eramizdan oldingi uchinchi ming yilliklarda donishmand Sharq bag‘rida tashkil topgan. Frot va Dajla daryolari oralig‘ida yashagan qadimgi shumerlar izchil ta’lim tizimini ta’min etuvchi maktablarni yaratgan. Bu hududdan topilgan minglab sopol taxtachalardagi mixxat yozuvi bilan bitilgan matnlarning guvohlik berishicha, eramizdan oldingi uchinchi ming yilliklarning o‘rtalariga kelib, shumer maktablari tarmoqlarining rivoj topib borishi barobarida bu maktablarda ta’lim ikki dastur asosida olib borilgan. Birinchi dastur ilmiy-amaliy maqsadlarni ko‘zda tutgan bo‘lsa, ikkinchi dastur adabiy-ijodiy maqsadga qaratilgan. Amerikalik taniqli sharqshunos Eduard Kyeraning yozishicha, shumer o‘quvchilari ta’limning dastlabki bosqichida ona tili grammatikasi va yozuvi bilan bir qatorda arifmetikani ham o‘rganganlar. Hayratlanarlisi shundaki, bu maktablar shunchaki jo‘n, ibtidoiy maktablar bo‘lmay, ularning bitiruvchilari bir qancha ilmiy muammolarni katta salohiyat bilan hal eta bilganlar. Professor Kyeraning ta’kidlashicha, shumerlar, bobilliklar eramizdan oldingi 2000-yildayoq ochib bo‘lgan asosiy matematik qonunlarni yunonlar ulardan bir yarim ming yil keyingina kashf etishga muvaffaq bo‘lgan. Hatto Pifagor teoremasini shumerlar o‘sha zamonlardayoq isbotlagan edilar…
Albatta, qariyb besh ming yillik talotumli tarix suronlarida ko‘hna Sharq hududlaridagi maktablar goh gullab-yashnagan, goh inqiroz atalmish ko‘rgiliklarni boshidan kechirgan. Jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy iqlim, davlatlarning o‘z muhofazasi imkonlari, yurt egalarining ahil-noahilligi, millat hamiyatining tirik-o‘likligi, moddiy va ma’naviy qadriyatlar nisbatida qay birining ustunligi, odil-u johil hokim-hukmdorlar tafakkuridagi haqiqat talqinlari kabi bir qancha omillar bilan bog‘liq holda yuz beradigan tarixiy evrilishlar maktablar, demakki, ta’lim va fan-madaniyat taqdirida ham hal qiluvchi rol o‘ynagani shubhasiz.
Yurtimizdan jahon fani va madaniyatiga bemisl hissa qo‘shgan Forobiy, Beruniy, ibn Sino, Farg‘oniy, Xorazmiy kabi ko‘plab ulug‘ allomalarning yetishib chiqishi, XI asr boshlaridayoq yoniq aql sohiblarini birlashtirgan, “Ma’mun akademiyasi” nomi bilan tarixga kirgan ilm uyining tashkil etilishi o‘sha davrlardagi maktablarning samarali faoliyati natijasidir. Temuriylar, ayniqsa, Mirzo Ulug‘bek davridagi maktablar tizimi o‘z zamonasi uchun benihoya ilg‘or tizim edi. Ma’rifatli bobokalonimiz ta’lim islohoti borasida (o‘quvchilarni yoshiga ko‘ra tabaqalashtirish, ta’limning muddatini belgilash, bosqichlashtirish kabi) katta ishlarni amalga oshirgan. Zamonlar o‘tishi, o‘zgarishi bilan maktablarni ham yangi talablar asosida isloh eta borish zaruriyati paydo bo‘laveradi. XX asr boshida jadid ma’rifatparvarlari buni ziyraklik bilan ilg‘adilar va bu yo‘lda fidokorona sa’y-harakat qildilar. Maktabning milliy taraqqiyotdagi o‘rni va uni isloh etish zaruriyati haqida, ayniqsa, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvar qori Abdurashidxonov, Fitrat, Abdulla Avloniy kabi ma’rifatparvarlar ulkan dard bilan gapirgan va bu borada jiddiy amaliy ishlarga bosh-qosh bo‘lgan.
Mahmudxo‘ja Behbudiy asrimiz boshida, 1914-yilda yozgan “Muhtaram yoshlarg‘a murojaat” nomli maqolasida kuyib-yonib mana bunday degandi: “Muhtaram birodarlar! Barchamizga oftob kabi ravshan va ayondirki, makotib taraqqiyning boshlang‘ichi, madaniyat va saodatning darvozasidur. Har millat, eng avval, makotibi ibtidoiysini zamoncha isloh etib ko‘payturmaguncha, taraqqiy yo‘liga kirub, madaniyatdan foydalanmas. Madaniyati hoziradan mahrum qolub, sanoye’ va maorif salohi ila qurollanmagan millat esa dunyoda rohat va saodat yuzini ko‘rolmas. “Muborizai hayot” maydonida mutlaqo mag‘lub bo‘lur, oyoqlar ostida ezilur, diniy, iqtisodiy ishlarda o‘zgalarning asiri bo‘lub, bora-bora milliyat va diyonatini ham qo‘ldan berur. Ana ushbu yo‘llar ila oxiri mahv va nobud bo‘lub ketar, Binoan alayh, yer yuzidagi barcha millatlar o‘z bolalarining ibtidoiy tarbiyasig‘a va maktablarning har jihatdan intizom va kamolig‘a ahamiyat berub, bolalarini milliy va diniy ruhda mukammal suratda yetushdurarlar. Aning uchundirki, o‘zga millatlar diniy va milliy hissiyotg‘a molik bo‘lub, har ishda diyonat va milliyatni muqaddam tutarlar. Va luzumi kelganda, bu yo‘lda mol-u jonlarini fido etmoqqa hozir turarlar”.
Har qanday “taraqqiyning boshlang‘ichi, madaniyat va saodatning darvozasi” maktab ekanligidan iborat azaliy haqiqatni teran anglagan buyuk ma’rifatparvar Behbudiy maktab islohotini zamonga uyg‘un tarzda isloh qilishning favqulodda muhim ahamiyatini, millat hurligiga eltuvchi yo‘lning ibtidosi ekanini butun umri davomida targ‘ib va tashviq qilishdan, bu ishlar ro‘yobi uchun bevosita va muntazam amaliy sa’y-harakatlardan aslo charchamagan ulkan shaxsdir. Fidoyi ma’rifatparvar eldoshlarining “taassuboti johilona”siday (ilmsizligi bois boshqalarga ergashishi) chirik odatlarining yagona kushandasi maorif ekanligini ta’kidlashdan charchamagan.
Behbudiy 1913-yilning 12-iyulida “Samarqand” gazetasida bosilgan “Ehtiyoji millat” maqolasini shunday so‘zlar bilan boshlagan: “Boshqa millatlarga qaralsa ko‘rilurki, muntazam maktablari bor va avval maktabda diniy ilm ustida dunyoviy ilm va fanlar ham o‘qilur. Chunki dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdur. Zamona ilmi va fanidan bebahra millat boshqa millatlarga poymol bo‘lur”. Chinakam millat fidoyisi Behbudiy metin mantiq bilan aytganiday, millat o‘zligining, o‘ziga bekligining, xalq hamiyatining paydar-pay poymol emas, balki abadiy poydor bo‘lmog‘i uchun hech bir millat ma’rifatdan, zamona ilmi va fanidan bebahra qolmasligi zaruriyati hech bir zamonda eskirmaydigan va egilmaydigan bikir haqiqatdir.
Atoqli adib Mahmudxo‘ja Behbudiyning behad serqamrov ilmiy-ijodiy va amaliy faoliyatida til masalasi, tilning takomili va tozaligi hamda undagi zaruriy-me’yoriy jihatlarga daxldor muammolar favqulodda alohida o‘rin tutadi. Chinakam millatparvar va tilparvar allomaning 1915-yilda “Oyina” jurnalining bir necha sonlarida bosilgan “Til masalasi” sarlavhali maqolasi shunday boshlangan: “Turkchaning shu’ba va shox(a)lari bo‘lgan o‘zbek-chig‘atoy, totor, ozarbayjon, qozoq va turkman lahjalarindagi yangi matbuotning eng ahamiyatlik masalalaridan biri, albatta, sheva, lahja, imlo masalalaridur. Yuqoridagi lahjalarg‘a so‘ylayturgon turk bolalari bir-ikki ming sanadan beri Eron xalqining alarg‘a va yo alarni eroniylarg‘a istilo etganlari sababidan fors madaniyati va adabiyoti va lug‘atlari nufuzi(ta’siri)g‘a mahkum bo‘lub, fors tilidan bir xeyli lug‘at va jumlalarni xoh-u noxoh abadiy va doimiy suratda olganlarki, u jumla va lug‘atlardan bir qismini turkiy lahjalardan chiqorib tashlamoq go‘yo mumkin emasdur. Va bir qismini murodifi (sinonimi) turkchadan topilmaslik darajada g‘oyib bo‘lgandur. Balki… biz turkchag‘a bugun iste’mol qilinaturg‘on ba’zi forsiy so‘zlarimizni muqobil va murodofi xalq tilidan va adabiyotidan yo‘qolgandur…”
Alloma arabiydan ham “tabarrukan va majburan” juda ko‘p so‘z va ifodalar olinganini aytar ekan, quyidagi gapni alohida ta’kidlaydi: “Va ba’zi ifrotparastlar (haddidan oshuvchilar) tarafidan yangidan bukung‘acha yana olinmoqdadur”.
Behbudiy bu holatning maqbul emasligini, kamida, tilning adabiyligiga xizmat qilmasligini qayta-qayta ta’kidlaydi, arabiy-forsiy o‘zlashmalarga turkchadan muqobil izlayverish foydali bo‘lmasligini qayd etadi. Shuningdek, u qadimgi tillarga qaytish, begona tillardan so‘z olmaslik, o‘zlashmalarga, albatta, turkiycha muqobil topishning shartligi haqidagi gaplarning mutlaqo bo‘shligini ta’kidlaydi.
Millatning mustahkam va muntazam ma’rifatini el hurriyati yo‘lidagi favqulodda muhim tayanch deb bilgan Behbudiy ma’rifatning dunyo ilm-u fanidan xabardorliksiz yuzaga kelmasligini chuqur anglagan. Uning 1913-yilda “Oyina” jurnalining 1-sonida bosilgan “Ikki emas, to‘rt til lozim” nomli maqolasida ham ko‘p tilni bilishning zaruriyati va foydalari haqidagi fikrlari bayon qilingan. Maqolada dunyodagi ilmiy va badiiy yozma manbalardan foydalanishda tillarni bilishning naqadar kerakligiga ham alohida urg‘u berilgan.
Bugun millat hurriyati, el ma’rifati va til qadriyati qayg‘usi bilan yashagan jadid bobolarimiz va ularning yetakchisi Mahmudxo‘ja Behbudiy kabi ulug‘larimiz o‘zlarining aziz umrlariga badal deb bilgan zamon-la qovushgan Yangi O‘zbekiston dadil odimlar bilan yuksalish sari bormoqda. Ilm-u fan, madaniyat-u ma’rifat, adabiyot-u san’at sohalaridagi tadrijiy taraqqiyot samaralari do‘stning ham, nodo‘stning ham ko‘zi o‘ngida. O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuz-u mavqeyi muntazam ortib bormoqda, dunyoning millatlar minbaridan ham o‘ktam sadolanmoqda. Yoshlarimizning aksariyati faqat o‘zbek tilinigina emas, balki bir necha xorijiy tillarga sohiblikni ham ziyraklik bilan joyiga qo‘ymoqda. Yurtimizdagi bu kabi nafaqat ko‘z, balki ko‘ngil ham hadsiz quvonadigan muvaffaqiyatlar Behbudiy bobomizning so‘ngsiz orzu-maqsadlari emasmidi?! Shuning uchun ham barcha, ayniqsa, yoshlar Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti va faoliyatini chuqur tadqiq qilishi, ilmiy va badiiy asarlarini o‘rganishi ham qarz, ham farzdir.
Nizomiddin MAHMUDOV,
O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori,
filologiya fanlari doktori, professor
“Jadid” gazetasining 2025-yil 7-martdagi 10-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



