27.08.2025 | 09:12
370
INSONIYAT TOLEYI KAFOLATI
Jahon kinematografiyasi durdonasi bo‘lmish “Professor Douelning vasiyati” badiiy filmi 1984-yili suratga olingan. Syujet mohiyatiga tibbiyot, xususan, neyroxirurgiya taraqqiyotiga oid ilmiy bashoratlar singdirilgan. Filmda ilgari surilgan fikrni shunday talqin qilish mumkin: “Birinchi jarroh – Yaratganning o‘zidir. U Odam Atoning qovurg‘asidan Momo Havoni vujudga keltirgan. Agar olimlar to‘qimalarning xususiyatini mukammal o‘rgansa, ko‘chirib o‘tkazishdagi murakkabliklarni yecha olsa, tanadagi har qanday yo‘qotishni tiklash mumkin”.
Buni qarangki, qirq yil oldin ilmiy fantastika hisoblangan bu so‘zlar bugun haqiqatga aylanib boryapti.

XXI asrda insondan insonga to‘qimalar, paylar, qon hujayralari, nerv tolalari, shuningdek, ayrim tana a’zolarini ko‘chirish yil sayin taraqqiy etib, transplantologiyaning yangidan yangi imkoniyatlari kashf etilmoqda. Jumladan, Amerika olimlari sichqon miyasiga neyroglial hujayralar o‘tkazish orqali uning xotirasi va kognitiv (anglash) qobiliyati yaxshilanishini isbot qildi. Bu tadqiqotlar o‘z navbatida glial (yordamchi) hujayralar transplantatsiyasini amalga oshirish natijasida skleroz kasalligiga chalingan bemorlarni davolash mumkinligini ko‘rsatdi. Zero, inson miyasining xotira quvvati 2,5-6 pitagaytgacha (DVD filmlarini 300 yildan oshiq to‘xtovsiz tomosha qilish mumkin) ekanligi allaqachon aniqlangan. Biroq insoniyatning katta qismi aynan xotira yomonlashuvidan aziyat chekadi va bu xastalikning yildan yilga yasharayotgani ham sir emas.
Dunyo shifokorlarini o‘ylantirayotgan jiddiy muammolardan biri – asab tizimi kasalliklariga chalingan bemorlar sonining ortib borayotgani. Bosh miya bilan bog‘liq patologiya o‘ta jiddiy bo‘lib, uni davolash ham bir muncha murakkab vazifa sanaladi. Qolaversa, inson hayotiga xavf soluvchi qator kasalliklar borki, ular faqat jarrohlik yo‘li bilan bartaraf etiladi. Bosh va orqa miya o‘smalari, miya anevrizmalari, arteriaovenoz malformatsiyalar, travmatik jarohatlar, umurtqa pog‘onasi churrasi, insult asoratlari, har xil gematomalar va epilepsiyaning ba’zi turlarini operativ tarzda davolash imkoniyati konstruktiv davolashga qaraganda kengroq.
Shu jihatdan mamlakatimizda neyroxirurgiya tarmog‘ini rivojlantirish, texnik bazasini takomillashtirish bo‘yicha juda katta ishlar amalga oshirilyapti. Zero, miya yuz milliard neyron va trillion hujayradan tashkil topgan ulkan bir sinoat, neyrojarroh esa uni qo‘llari bilan ushlab, tekshirish imkoniyatiga ega.
– Har yili Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘ttizga yaqin neyroxirurg o‘qish uchun xorijga yuboriladi, – deydi Respublika neyroxirurgiya markazi direktori o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori Abdurahmon Norov. – Ularning barcha xarajati davlat byudjetidan qoplanadi. Malaka oshirib qaytgan mutaxassislar yangi davolash usullarini faqat markazimizda emas, balki hududiy filiallarimizda ham joriy etadi. Prezidentimiz tibbiyot sohasidagi yig‘ilishlarda rivojlanish faqat poytaxtda qolib ketmasligi kerakligini tez-tez takrorlaydi. Yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanib, filiallarimiz salohiyatini poytaxtdagi neyromarkazlar darajasiga ko‘tarishga harakat qilyapmiz. U yerdagi hamkasblarimiz bilan jonli va masofaviy aloqalarni tizimli ravishda kuchaytirdik. E’tiborlisi, viloyatlardagi murakkab jarrohlik amaliyotlariga chet ellik malakali mutaxassislar ham jalb etilmoqda. Bu borada salmoqli qadamlardan biri Samarqandda qo‘yildi. Turkiyalik professor Said O‘zturk ishtirokida parkinson kasalligi bilan ro‘yxatga olingan bemorning bosh qismiga “chip” o‘rnatish operatsiyasi o‘tkazildi. Ikki-uch yil ichida boshqa hududlarda ham bu amaliyotni tatbiq etamiz.
Kuzatishlar natijasiga ko‘ra, boshqa davlatlarda davolash ko‘rsatkichining yuqoriligi shifokorlar malakasi yoki iqtisodiy barqarorlikka emas, aynan kasallikni ilk davridayoq aniqlashga bog‘liq ekan. Bu o‘rinda odamlarning tibbiy madaniyati ham muhim rol o‘ynaydi. Xorijda shikoyat bor-yo‘qligidan qat’i nazar, fuqarolar belgilangan muddatda tibbiy ko‘rikdan o‘tadi, turli kasalliklar bo‘yicha tahlillar topshiradi. Agar sog‘ligida salbiy o‘zgarish sezsa, darhol shifoxonaga murojaat qiladi. Chunki har qanday kasallikni boshlanish davrida davolash juda katta samara beradi.
Bosh miya onkologik kasalliklari ham ana shunday erta aniqlashni talab qiladi. Buning ortidan kelib chiqayotgan nogironlik va o‘lim ko‘rsatkichlarini kamaytirish har bir neyrojarrohning asosiy maqsadidir.
– Bosh miya onkologik kasalliklarining kelib chiqish sabablari va uni bartaraf etish usullari hali u qadar aniqlangan emas, – deydi qariyb uch mingga yaqin jarrohlik amaliyoti o‘tkazgan Abdurahmon Norov. – Lekin ehtiyot choralari bor. Avvalo, miyani ko‘proq ishlatish – kitob o‘qish, fikrlash, turli vositalar bilan charxlab turish kerak. Shuningdek, stress va depressiyadan himoyalanish, miyani ilg‘or faoliyatga yo‘naltirish ko‘plab kasalliklar rivojlanishining oldini oladi. Me’yordan yuqori bo‘lgan qon bosimi ham miya faoliyatining buzilishi, hujayralarining jarohatlanishiga olib keladi. Mavzuga aloqador bo‘lgani uchun parhez qilayotgan yurtdoshlarimizga muhim bir masalani eslatib o‘tmoqchiman. Tibbiyotda autofagiya degan atama bor. Kengroq aytsak, organizm och qolganda o‘zini o‘zi iste’mol qilishga o‘tadi va birinchi galda kasal hujayralarni yeydi, degani. Bu tomondan parhez tutishning foydali tarafi bor, albatta. Lekin noto‘g‘ri parhez, ayniqsa, suyuqlik kam ichish organizm qurishiga olib keladi. Qon quyuqlashadi va aylanma harakati pasayadi. Bu esa miyaga kislorod borishini kamaytiradi. Bugun ba’zi neyroxirurgik kasalliklar shu sabab bilan ham ko‘paymoqda. Yana bir narsani aytib o‘tishim lozim: oilada bolalarga nisbatan zo‘ravonlik, o‘smirlarning uzoq vaqt ruhiy tushkunlikda qolib ketishi miya rivojlanishiga salbiy ta’sir qiladi. Garchi ko‘pchilikka yoqmaydigan ogohlantirish – uyali aloqa vositalarida soatlab suhbatlashish bosh miyada o‘simta o‘sishiga sabab bo‘ladi.
Shifokorning jonkuyarlik bilan tushuntirishi bejiz emas. Miya tananing bosh shtabi va eng ko‘p energiya sarflaydigan muhim a’zodir. So‘zlash, harakatlanish, ta’m va hid sezish kabi xususiyatlar insonning bosh miyasida joylashgan o‘n ikki juft nerv orqali boshqariladi. Bu esa miyaga tig‘ tekkizishning qanchalik xavfli va murakkab ekanini ko‘rsatadi. O‘ta mas’uliyatli bu soha xodimi uchun birdan bir ulug‘ maqsad – insonni asrash kerak!
Shu ma’noda davolashda jarrohlik amaliyotigina emas, yuqori texnologiyalardan foydalanish ham talab etiladi. Bugun neyroxirurgiya diagnostikasiga katta ahamiyat berilmoqda. Bu yo‘lda barcha tuman-shaharlarda magnit-rezonans hamda kompyuter tomografiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, miyaning turli qismlarini aniq tekshirish va operatsiyalarni oldindan rejalashtirish uchun funksional tomografiya, miyadagi qon tomirlarini ko‘rish va anevrizmani aniqlash uchun anfiografiya kabi uskunalardan unumli foydalanilmoqda. Kateter orqali miya ichini operatsiyasiz davolash, qon tomirlardan borib tromblarni olib tashlash uchun tromboekstraksiya, miyaga stimulyator qo‘yish amaliyotlari, virtual reabilitatsiya dasturlari joriy etildi. Istiqbolda esa miya o‘smalari va qon tomir patologiyalarini operatsiyasiz davolash, robotlar yordamida nozik jarrohlik amaliyotlarini muvaffaqiyatli o‘tkazish, asab to‘qimalarini tiklashdek muhim vazifalar kutmoqda. Respublika neyroxirurgiya ilmiy markazi esa mana shunday dolzarb jarayonlar markazida turib, 500 ga yaqin tibbiyot xodimi bilan aholi salomatligini saqlashga xizmat qilmoqda.
– Bu yerda asosan surunkali kasallikka chalingan bemorlar yotqizilib, rejali ravishda operatsiyaga olinadi, – so‘zida davom etdi markaz direktor o‘rinbosari Abdurahmon Norov. – Muassasamiz davolash bilan bir qatorda soha mutaxassislarining yangi avlodini tayyorlash, innovatsion ishlanmalar, yangi loyihalarni o‘rganib, tibbiyotga tatbiq qilish bilan ham birday shug‘ullanib kelmoqda. 130 o‘ringa mo‘ljallangan markazda bugun yaqin va uzoq davlatlardan kelib davolanayotgan bemorlar ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Markazda kam invaziv operatsiyalar, interarterial kimyoterapiya amaliyoti ham qo‘llanilmoqdaki, ilgari bemorlar bunday amaliyotlar uchun chet elga borishga majbur edi. Yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlarining innovatsion turlarini dadil joriy qilish orqali ko‘plab bemorlar jiddiy kasalliklardan butunlay forig‘ bo‘lmoqda.
Aholimizning og‘riqli nuqtasi shundaki, hali-hamon ayrimlar xorijda davolanishni tanlayapti. Vaholanki, tibbiyot markazlarimiz holati, shifokorlar salohiyati xalqaro klinikalarnikidan past emas. Shunchaki, bemorlarni boshqa davlatlarga olib ketish bilan shug‘ullanuvchilarning chaqiriqlari ko‘pchilikni chalg‘itmoqda. Chunki ularning xorijiy klinikalar bilan moliyaviy kelishuvlari bor, har bir olib borgan mijozi uchun kasallik turiga qarab ulush oladi. Soddadil xalqimiz esa o‘zlari bilmagan holda, valyuta chiqarish orqali boshqa mamlakat tibbiyoti, uning iqtisodiy rivojiga hissa qo‘shadi. Deylik, o‘zimizning xususiy tibbiyot muassasalarida o‘n million so‘mga bajariladigan amaliy ish xorijda yuz million so‘mga tushadi. Garchi shart-sharoitlar ham, protsedura ham ularnikidan qolishmaydi, azbaroyi tashviqotning zo‘rligidan bemor xorijga borishni ixtiyor qiladi.
So‘nggi yillarda bu holat 10–15 foizga kamaygan. Biz bemorga o‘zimizda davolan yoki boshqa shifokorga murojaat qilma, deya olmaymiz. U o‘zi istagan tibbiyot muassasasiga murojaat qilish huquqiga ega. Bu masaladagi muammomiz milliy tibbiyotimiz targ‘ibotini ko‘ngildagiday yo‘lga qo‘ya olmayotganimizda deb o‘ylayman. Odamlar ko‘p holda shifokorning ijtimoiy tarmoqdagi faolligiga qarab unga yuzlanadi. Har bir tibbiyot markazi piar menejerlarini ishga solsa, amalga oshirilayotgan ishlar targ‘ibotini kuchaytirsa, bemorlarimizga xastalikni o‘zimizda bemalol davolash mumkinligi, qaytaga bu ham moliyaviy, ham jismoniy jihatdan qulay ekanini yetarli darajada tashviq qilsa, kifoya.
Shifokorning fikrida jon bor. Muvaffaqiyatlarni ko‘rsata bilish ham davr talabi. Zero, “qachondir, kimdir uni kashf etmaguncha hayot formulasini o‘zi bilan olib” ketgan Aleksandr Belyayevning Doueli aytganiday, “sof ilmiy tafakkur butun insoniyatning toleyi”dir. Jumladan, tibbiyot taraqqiyoti ham.
Muhayyo RUSTAMOVA
“Jadid” gazetasining 2025-yil 22-avgustdagi 34-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



