Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


27.05.2024 | 19:24

img578

INSONIYAT TAQDIRINI BELGILOVCHI FAN

Shubhasiz, mikrobiologiya – insoniyatning kelajagi va taqdiri bevosita bog‘liq bo‘lgan xos ilm sohalaridan biri hisoblanadi. Keyingi yillarda yurtimizda ushbu tarmoq rivojiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti direktori, akademik Qahramon Davronov bilan shu haqda suhbatlashdik.

– Domla, suhbatimiz avvalida Mikro­biologiya institutining, mikroorganizmlar tadqiqining ahamiyati haqida to‘xtal­sangiz.

– O‘tgan asrning oxirlarigacha umumiy biologiya va mikrobiologiya fanlari bir-biridan deyarli ajralgan holda, mustaqil ravishda rivojlanib kelgan. Tabiatda tarqalgan mikroorganizmlar esa juda ham xilma-xil. Ular sha­roitga moslashuvchan, hattoki yashab qolish uchun o‘ta zaharli kimyo­viy pestisidlar bilan oziqlanib, ularni parchalash xususiyatiga ham ega. Shuning uchun mutaxassislar mikroorganizmlarni “dunyoning sanitarlari” deb atashadi.

Institutimiz olimlari atrof-muhitda keng tar­qalgan, inson faoliyati uchun foydali xusu­siyatga ega bo‘lgan mikroorganizmlar dunyosini, ularning tarqalishi, ko‘payishi va moslashuvchanligini o‘rganish orqali foydali moddalar ajratib olish bilan shug‘ullanadi. Institutimizdagi to‘q­­qizta ilmiy laboratoriyada mikroorganizmlarning ko‘plab yo‘nalishdagi xususiyatlari o‘rganiladi. Shu asosda turli xil preparatlar yaratiladi.

– Mikrobiologiya fanining rivoji iqtisodiyot, texnika, tibbiyot, sanoat, qishloq xo‘jaligi kabi sohalarning yuksalishiga ham beqiyos ta’sir ko‘rsatishi ma’lum. Shu borada institutda qanday ishlar amalga oshirilayapti? 

– Biz o‘simliklarning o‘sishi va rivoj­lanishini rag‘batlantiruvchi, tuproq unumdorligini oshi­ruvchi, turli xil chiqindilardan gumus moddalarini sintez qiluvchi mikroorganizmlarni ko‘paytirish ustida tadqiqotlar olib borayapmiz. Atmosfera tarkibidagi mole­kulyar azotni o‘simlik uchun qulay bo‘lgan ammoniyli shakl­ga aylantirib, azotfiksatsiya qiluvchi bakteriyalar asosida ko‘plab mikrobio­logik preparatlar yaratganmiz. Ularni patentlab, texnologik reglamentini yaratib, qishloq xo‘jaligi amali­yotida foydalanish uchun ruxsatnomaga ham ega bo‘ldik. “Azo-O‘z”, “Yer malhami”, “Bist”, “Subtin” preparatlari shular jumlasidan. O‘simliklarni turli kasal­liklardan himoya qiluvchi mikrob preparatlari, masalan, ko‘sak qurti, ildiz chirishi, barg so‘lishi, vilt kabi kasallik­larning oldini oluvchi va ularni davolash xususiyatiga ega bo‘lgan vositalar: ekobak, luch, fitobiosol, mikroo‘stirgich ham yaratildi. Preparatlari­miz tuproqning pH va uning tarkibidagi mikrobiom balansini me’yorga keltiradi, tuproq tarkibidagi fosfor birikmalarini o‘simliklar tomonidan o‘zlashtiriladigan shaklga o‘tkazadi. Bundan tashqari, tuproq­qa solinadigan mineral va organik o‘g‘itlarni o‘zlashtirish darajasini, unumdorligini oshirib, ekologik holati­ni yaxshilaydi. O‘simlik­larning ildiz chirishi, aliternnarioz kasal­liklari bilan kasallanishini pasaytirish, ular­ning ildiz tizimi, poyasini yaxshilash hisobidan hosildorlikni 25-40 foizgacha oshiradi. Yana bir muhim jihati, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining pishib yetilish muddatini qisqartiradi.

Shuningdek, institutimizda chorvachilik, par­randachilik, baliqchilikda ishlatiladigan trixostin, probiokorm kabi o‘nlab preparatlar yaratilgan. Ular omuxta-yemni oqsil moddalari, aminokislotalar, fermentlar, uglevodlar, vitaminlar bilan boyitadi, hayvonlar sog‘lig‘ini barqarorlashtiradi. Bu preparatlar turli kasallik qo‘zg‘atuvchi bakteriyalarga qarshi antimikrob faollik xususiyatiga ham ega. Ular hayvonlar va parrandalarda moddalar almashinuvi va ozuqa hazm bo‘lishi jarayonini yaxshilaydi. Ichak mikrobiomining rivojlanishini maromlashtiradi, ozuqa-yem sarfini pasaytiradi va chorva mollarining mahsuldorligini oshiradi.

Yana turli joylarda tarqalgan probiotik bakteriyalar faoliyatidan hayvon, baliq, parrandalar uchun ozuqa tayyorlash, silos bostirish, dehqonchilik amaliyotida foydalanish uchun o‘nlab preparatlar yaratilib, ishlab chiqarishga joriy qilish uchun tayyorlab qo‘yilgan.

Tuproq sho‘rlanishi zamonamizning eng yirik muammolaridan biridir. Orol dengizi­ning qurishi oqibatida mamlakatimizda tuproq sho‘rlanishi kuchaygani sir emas. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Buxoro viloyatlarida sug‘orma dehqonchilik qilinadigan maydonlarning 96-100 foizi turli darajada sho‘rlangan. Bu jarayon Jizzax, Navoiy, Sir­daryo, Qashqadaryo va boshqa viloyatlarda ham davom etmoqda. Bugun an’anaviy sho‘r yuvish usuli o‘zini oqlamay qo‘ydi. Chunki mintaqamizda suv tanqisligi yuqori. Bu olimlarning oldiga sho‘rlanishga sababchi bo‘lgan tuzlar bilan oziqlanib, o‘simlik uchun foydali bo‘lgan moddalar sintez qilish xususiyatiga ega bo‘lgan mikroorganizm turlarini qidirib topish va ular asosida yangi, raqobatbardosh biopreparatlar yaratishdek dolzarb masalani qo‘ymoqda. Hozirgacha 25 foizli tuzli eritmada o‘sib, rivojlanib, ko‘payadigan mikrob shtammlari topilgan. Ularning DNK tarkibini o‘rganish bo‘yicha tadqiqotlar yo‘lga qo‘yilgan.

– Ayting-chi, institutda bevosita inson salomatligi bilan bog‘liq qanday ilmiy izlanishlar olib borilyapti?

– Inson mikrobiomini talqin qilish orqali uni turli xastaliklardan saqlashga oid tadqiqotlarni bu borada olib borilayotgan o‘ta qiziqarli va kelajagi porloq yo‘nalishlardan biri, deyish mumkin. Olimlarimiz inson ichagida yashovchi mikrob­lar xususiyatini o‘rganish orqali ular asosida turli preparatlar yaratish bilan ham shug‘ullanadi. Ana shunday yo‘l bilan yaratilgan dori-darmonlar bugungi kunda dorixona peshtaxtalaridan joy olgan. Masalan, ichak yarasiga sabab bo‘luvchi “Helicobacter pylo­ri” deb ataluvchi bakteriya ayni paytda ham davolovchi, ham shu kasallikning o‘sishini to‘xtatib qo‘yuvchi vosita sifatida ishlatilmoqda.

– Sayyoramizdagi ekologik xavf-xatarlarni kamaytirish uchun olimlar ta’limni “biologizatsiya qilish” zaruratini ta’kidlashmoqda. Nega aynan “biologizatsiya?” “Ekologizatsiya” emas?

– Chunki ekologiya organizmlar fundamental xossalarining o‘zini emas, balki bu xossa­la­rining namoyon bo‘lishini o‘rganadi. Biosiyosat, bioetika, biosentrizm – yangi falsafiy doktrina, biologik xilma-xillikni asrash haqida deklaratsiyaning imzolanishi va barqaror rivoj­lanish jamiyatining paydo bo‘lgani ham bu ishlarni amalga oshirishning qanchalik zarur­ligini ko‘rsatadi.

Ta’limning yangi, ustuvor yo‘nalishlari inson­lar, xususan, siyosatshunoslar ongida shun­day o‘zgarishlar paydo qilishi kerakki, davlatlar bilan tabiat o‘rtasidagi munosabatga rioya qilish eng katta burchga aylanishi lozim.

Hozirgi vaqtda biologiya – ilm-fanning eng ustuvor yo‘nalishiga aylangan. Bu sohada yaratilgan yangiliklar sharoitlarni emas, balki hayotiy jarayonlarning o‘zini boshqarish imkoniyatini beradi. Ammo har bir jarayonda bio­logiya, kimyo va fizika fanlari orasidagi ajralmas birlik borligini esdan chiqarmaslik kerak.

Mikrobiologiya biologiyaning yirik bir tarmog‘i bo‘lishiga qaramasdan, nafaqat biolo­giya fan tarmoqlariga, balki fizika va kimyoga ham qarindosh bo‘lgan mustaqil fan hisoblanadi. Uni o‘qitishni kengaytirish va chuqurlashtirish, shubhasiz, universal bilim olish uchun zarurdir.

– Havoning ifloslanishiga ta’sir o‘tkazayotgan, tabiatga jiddiy xavf tug‘dirayot­gan plastik va sellofan kabi materiallarni chirituvchi bakteriyalar ham fanga ma’lummi? Bu borada qanday izlanishlar olib borilyapti?

– Butun dunyo laboratoriyalarida tadqiqot olib boriladigan eng qiziq vazifalardan biri – plastikni parchalash muammosidir. Bu masalaning yechimini topish ustida bizning olimlarimiz ham izlanishlar olib bormoqda. Institutimizning molekulyar biologiya labo­ratoriyasida Ilhom Xalilov boshchiligida eks­tre­mofillar orasidan plastik parchalovchi mikro­organizmlarni axtarish hamda shunday xususiyatga ega bo‘lganlarini gen injeneriyasi yo‘li bilan yaratish ustida tizimli tadqiqotlar yo‘lga qo‘yilgan. Ayni damda polietilentereftalatni parchalash xususiyatiga ega bo‘lgan bakteriya yaratildi. Ammo bu jarayonning tez­ligi hozircha chet elliklar bilan raqobat qila olmaydi. Yaqin kelajakda bu ishni oxiriga yetkazamiz, deb o‘ylayman.

– Antibiotiklarning foydali ji­hatlari ko‘pchilikka ma’lum, ulardan noo‘rin foydalanishning zararlari ham sir emas. “Antibiotik vasvasasi”dan qanday qutulish mumkin?

– Har bir inson tug‘ilganidan boshlab biologik “himoya qobig‘i”, bakteriyalardan tashkil topgan to‘siqlar bilan o‘rab olinadi. Bu bakteriyalar bir-biri hamda tananing immuniteti bilan o‘zaro mustahkam munosabatda bo‘ladi. Shuning uchun ham “begona”ning kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaydi. Odamning kunlik ratsionidan bakteriyalar har kuni 45 grammgacha uglevodlarni qabul qilib oladi va polisaxarid, lipid hamda 30 foizgacha hazm bo‘lmaydigan oqsil moddalari­ni va organizmda to‘planadigan butun mochevinaning 25 foizini parchalab turadi.

Tibbiyotda qo‘llanilayotgan antibiotik­lar be­mor tanasini “yomon” bakteriyalardan xalos qilish barobarida bir qator foydali bakteriya­larni ham nobud qiladi. Oqibatda tabiiy himoya to‘sig‘ida “tuynuklar” paydo bo‘ladi va shu orqali inson tanasiga har xil patogen bakteriyalar ham bemalol kirib keladi…

Hozirda virulent bakteriyalarning tabiiy dush­mani bo‘lgan probiotiklarni o‘rganishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bunday izla­nishlar bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan bakteriyalardan bir vaqtda foydalanishni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan tadqiqotlarning boshlang‘ich bosqichidir. 

Hozirgi vaqtda eski nishonga ta’sir ko‘rsa­tish xususiyatiga ega bo‘lgan samaraliroq antibiotiklar ishlab chiqarish ustida ham ish olib borilmoqda. Bir vaqtning o‘zida yangi maqsadlar – bakteriya hujayralarining bo‘li­nishini hamda yog‘ kislotalar biosintezini buzish, metabolizm fermentlarini ingibirlashni o‘z ichiga oladi. Ammo bakteriyalar shunday hollarda ham tirik qolib, agressiv sharoitga moslashib bormoqda. Bugun ushbu masala dunyo olimlarining hamkorligida, zudlik bilan yechilishi lozim bo‘lgan global muammolardan biri sifatida qabul qilingan.

– Ilmiy adabiyotlarda uchraydigan “viru­lent bakteriyalarni odamlarning o‘zlari yaratadi” degan fikr qanchalik asosli?

– Shuning uchun ham bakteriyalar va farmatsevtlar orasida kurash davom etib kelmoqda. Olimlar antibiotiklar yordamida xavfli bakteriyalarning yangi shtammlarini “yaratadilar” va keyin o‘zlari ularga qarshi kurash e’lon qiladilar. Bunday keng qamrovli seleksiyada, ayniqsa, antibiotiklar arzon, retseptsiz so­tib olish mumkin bo‘lgan mamlakatlar yordam beradi. Bunday davlatlarda shifokorlar davolashning butun siklini to‘g‘ri bajarayotganini kuzatishning imkoniyati yo‘q. Ayniqsa, anti­biotik yetarli dozada qabul qilinmasligi oqibatida organizmda tirik qolgan kasal qo‘zg‘atuv­­chi bakteriya populyatsiyasi past dozadagi antibio­tikka moslashish uchun juda yaxshi imkoniyat topadi va keyingi kasallanishda nisbatan kattaroq himoya vositasiga ega bo‘ladi. Oqibatda oldin davolash uchun ishlatilgan antibiotik bemorga ta’sir ko‘rsata olmaydi. Shunda boshqasiga, keyinchalik yanayam kuchliroq antibiotikka o‘tiladi va hokazo. Aynan shuning uchun ham Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti: “Agar antibiotiklar bilan shu tartibda “davolash” davom etaversa, yaqin orada insoniyat jahon urushi holatiga tushib, yaratilgan mutant bakte­riyalarga qarshi qurolsiz, ojiz bo‘lib qoladi”, deb ogohlantirdi.

Bugungi kunning eng xavfli bakteriyalaridan biri oltin stafilakokki (stap­hylococcus aureus) hisoblanadi. Chunki bu bakteriyalarga qarshi ta’sir etuvchi antibiotiklarga chidamli bo‘lgan shtamm paydo bo‘lgan va unga MRSA (met­hicillin-resistant Staphylococcus aureus) deb nom qo‘yilgan. Buyuk Britaniyadagi London universiteti kolleji yuqumli kasalliklar markazi mik­robiologi Mark Shpigelmanning fikricha, gigiyenaga haddan ortiq berilish odamlarga zarar keltirmaydigan bakteriyalarning yo‘qo­lishiga olib keladi va MRSA uchun joy ochib beradi. Qolaversa, bu hol antibiotiklarga chidamli bo‘lgan shtammlarning paydo bo‘lishiga ham sabab bo‘lib, bakte­riyalarda odatda ishlamaydigan himoya mexanizmlarining faol­lashuviga olib keladi. Tabiiyki, operatsiya xonasi sterillangan bo‘lishi, jarroh qo‘lini antibakterial sovun bilan yuvishi kerak. Ammo keyingi ma’lumotlar barchani – chaqaloq parvarish qilayotgan onalardan tortib, shifokorlargacha gigiyena borasidagi qarashini qayta ko‘rib chiqishini talab qilmoqda.

– Inson organizmidagi bakteriyalar adadi hujayralarga nisbatan ko‘proq bo‘lib, mikroorganizmlarning miqdori kishining qiyofasi va hatto xulq-atvoriga ham ta’sir qilarkan. Inson tanasida patogen va foydali mikroblar muvozanatini nazorat qilishda qanday texnologiyalar ishlab chiqilmoqda?

– JSST har yili insoniyat salomatligi uchun ahamiyatli bo‘lgan muammoni tanlab olib, ­uning yechimini topishga qaratilgan xalqaro chaqiriq bilan murojaat qiladi. Tashkilotning kasal qo‘zg‘atuvchi mikroblarga qarshi ishlatiladigan preparatlarning barqarorligini saqlab qolish bo‘yicha Global strategiyasi chop etilganiga yigirma yildan ko‘proq vaqt o‘tdi. Ammo bu muammo hozirgacha o‘z yechimini topgani yo‘q.

Mikrobiologiyaning rivojlanishi olimlar bakteriyalar dunyosining inson hayotidagi rolini aniqlash ustida ko‘proq bosh qotirishlari zarur­ligini taqozo qildi. Bu muammo ko‘tarilganiga bir asrdan ko‘proq vaqt o‘tdi va shu fursat ichida bakteriyalarsiz yashash mumkin emasligi aniq bo‘ldi. Bugungi kunda antibiotiklar bilan davolangandan keyin iste’mol qilinishi kerak bo‘lgan “Bifido va laktobakteriyalar” va probio­tik xapdorilarning turli xillari ixtiro qilingan va keng ishlatib kelinmoqda. Ammo shu bilan bir qatorda, butunlay xavfsiz bakteriyalarning o‘zi yo‘qligi ham ma’lum bo‘lib qoldi.

Bakteriyalar – halqaga o‘ralgan genetik materialni o‘zida saqlaydigan hujayralar (sirkul­yar shakldagi ikki spiralli DNK)dir. Odamni esa bakteriyalarga ozuqa yetkazib beruvchi, ularni kerakli namlik va harorat bilan ta’minlab turuvchi “inkubator”ga qiyoslash mumkin. Bunday “g‘amxo‘rlik”ka javoban bakteriyalar insonni turli patogen va toksinlardan himoya qiladi, ovqat hazm bo‘lishiga va immunitetni faol ushlab turishga yordam beradi. Agar mana shu muvozanat o‘zgaradigan bo‘lsa, mikrobiosenozning ba’zi vakillari o‘zlarining xossa va xususiyatlarini o‘zgartirib, virulent tus oladilar, ya’ni infeksiya tashuvchi, ziyon keltiruvchiga aylanib qoladi.

Inson vujudida bakteriyalarning yuzlab turlari yashaydi. Eng qizig‘i, ularning to‘p­lami har bir odam uchun noyob va o‘ziga xos bo‘ladi. Hatto bakteriyalarning har xil turlarining uchrashi va ularning miqdori ham har bir inson uchun individual bo‘lib, bu ko‘rsatkichlar genotip bilan bog‘liq holda o‘zgarib turadi.

Mikrobiomning individualligi, insonning tug‘ma immunitet tizimi bilan belgilanishi haqidagi ilmiy ma’lumotlar ham juda katta qiziqish uyg‘otadi. Chunki organizm o‘zining shaxsiy mikrobiomiga nisbatan reaksiya bermasligi aniq.

– Dunyoda molekulyar usullar va bioinformatika ko‘magida juda katta ishlar amalga oshirilgani ma’lum. Ayting-chi, bioinformatika yo‘nalishi an’anaviy mikrobiologiyaning o‘rnini butunlay bosa oladimi? Bioinformatikaning bugungi ahamiyati, yurtimizdagi rivoji qanday?

– Haqiqatan ham, keyingi vaqtlarda mole­kulyar usullar va bioinformatika uyg‘unligi asosida mikroorganizmlar xilma-xilligi borasida juda katta inqilobiy o‘zgarishlar amalga oshirildi. Bioinformatiklar xonadan chiqmasdan, kompyuter qarshisida o‘tirib deyarli hamma ishlarni qilishlari mumkin: ular yangi genom ketma-ketligini topish, mikroorganizmlar xususiyatlarini aniqlash, hattoki mana shu virtual mikrobning nomini qo‘yish imkoniyatlariga ham ega.

Ya’ni, mohiyati bo‘yicha yangi guruh mikrob­lar, ba’zida eng yuqori darajada – tartib, sinf, filumlari aniqlangan, ammo bu mikroblarni hech qachon, hech kim ko‘rmaydi. Mana shu ishlarning hammasi ikki oyda bajarilishi mumkin. Ammo klassik usullar yordamida mikrobni ajratish, uning ta’rif-tavsifini ishlab chiqish uchun kamida ikki-uch, ba’zida besh yilgacha mashaqqatli mehnat qilish kerak bo‘ladi.

Mikrobiologik tadqiqotlar – yetarli darajada ko‘p mehnat talab qiladigan ish. Ozuqa muhitini tayyorlash, uning tarkibini optimallashtirish zarur. Ba’zida mikroorganizm noma’lum sabablarga ko‘ra o‘sishdan to‘xtaydi. Oqibatda dastlab muvaffaqiyatli boshlangan ishlar oxirida natijasiz tugallanadi. Buning ustiga, ekologik nuqtai nazardan eng muhim bo‘lgan mikroblar juda sekin o‘sadi. 

Yangi mikroblarni to‘g‘ridan to‘g‘ri qidirish, ajratish va o‘rganishdan tashqari, uni ikkita xalqaro kolleksiyada ro‘yxatdan o‘tkazish va uzoq vaqt saqlash uchun yuborish kerak. Shu ishlar bajarilmasa, yangi topilgan mikrobning nomi rasmiy tan olingan mikroorganizm­lar­ning umumiy ro‘yxatiga kiritilmaydi.

Masala shundaki, bioinformatiklar yangi mikrobga “ism” va “nasab” – tur va turkum berishadi, keyin unga Candidatus (nomzod) degan so‘zni qo‘shib qo‘yishadi. Bu juda chalkashlikka olib keladi, chunki mikrobiologlar laboratoriyada olgan, ularning genomini o‘rganib, toza kultura sifatida ajratib olmagan kulturasi ham xuddi shunday nomlanadi. Aslida bunga turlicha qarasa bo‘ladi, chunki mikrobiologlar ajratgan kulturani ko‘z bilan ko‘rish, xususiyatlarini o‘rganish mumkin. Hech kim hech qachon ko‘rmagan, informatiklar tomonidan nomlangan “kultura” – bu xayoliy (fantom). Mana shular informatiklar va mikrobiologlar orasida qarama-qarshiliklar paydo bo‘lishiga olib keladi. Mikrobiologlar jarayon nazoratdan chiqib borayotganini tushunib yetdi.

Yaqinda dunyo hamjamiyati ishtirokida “Candidatus”ni “odatdagi” mikroblar qatorida qabul qilish kerakmi, degan savolga javob topish maqsadida mutaxassislar orasida ovoz berish jarayoni o‘tkazildi. Ovoz berish milliy mikrobiologiya jamiyati orqali o‘tkazildi va natijada “Candidatus”ni to‘laqonli mikrob sifatida qabul qilmaslik kerak, degan xulosaga kelindi.

– Yurtimizda ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi jarayonlari, xalqaro aloqalar, dunyo tajribasini o‘zlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham to‘xtalsangiz.

– Mikrobiologiya institutida davlat dasturlari doirasida ko‘plab ilmiy lo­yihalar bajarilmoqda. Ularning ayrimlari xalqaro miqyosda chet ellik hamkorlarimiz bilan birga amalga oshirilyapti. Hozirgacha institutimizda Rossiya, Xitoy, Ozar­bayjon, Armaniston, Qozog‘iston, Toji­kis­ton, Qirg‘iziston, Vengriya, Germaniya kabi ko‘plab davlatlarning ilmiy markazlari olimlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorliklar yo‘lga qo‘yilgan. Bu, albatta, amaldagi fundamental, amaliy, innovatsion va boshqa loyihalarning ijobiy natijalari asosida xodimlarimizni turli ilmiy amali­yotlarga yuborishda, namunali darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari, nufuzli jurnallarda ilmiy maqolalar chop etishda, ilmiy ishlanmalar uchun guvohnomalar va patentlarni himoya qilishda, turli o‘quv seminarlari tashkil etishda qo‘l kelmoqda.

Mikrobiologiya instituti olimlarining qishloq xo‘jaligi ekinlarini turli kasalliklardan samarali himoya qilish va hosildorligini oshirish vositasi sifatida yaratilgan ekologik xavfsiz “Micro­zyme” biopreparati tojikistonlik mutaxassislar tomonidan ijobiy baholandi va “Farnico Tojikis­ton” MCHJ bilan tuzilgan shartnoma asosi­da ularga mazkur biopreparatdan 4230 litr hajmda yetkazib berildi.

Mikrobiologiya sohasida bajarilayotgan il­miy tadqiqot ishlari va olinayotgan muhim natijalar mamlakatimizning dunyo hamjamiyatida mavqeini mustahkamlashga, institutning o‘z sohasi bo‘yicha mintaqaviy yetakchilik o‘rnini belgilashda muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Ayniqsa, keyingi vaqtlarda mamlakatimizda mikroorganizmlar biologik xilma-xilligi va undan oqilona foydalanishning huquqiy asos­larini belgilab beradigan bir qator qonunlar, Prezident va hukumat qarorlari qabul qilingani hamda xalqaro konventsiyalar ratifikasiya qilingani ushbu soha rivojida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

– Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat, domla. Sermashaqqat va sharafli izlanishlaringizda muvaffaqiyat tilaymiz…   

Muyassar IBROHIMOVA suhbatlashdi.

“Jadid” gazetasi 2024-yil 24-may 22-son


OG‘RIQ NUQTA

Statistik ma’lumotlarga köra, bugungi kunda mamlakatimizda örta hisobda kuniga 137 ta oila rasman ajraşmoqda. Şuningdek, joriy yilning birinçi yarmida 24 ming 815 oilaning nikohi qonunan bekor qilinib, ötgan yilning şu davriga köra bu raqam 6,3 foizga köpaygan. Bu sanoq faqat ajrimgagina oid, uning oqibatida ma’naviy-ruhiy jabr körgan bolalar va ular çekayotgan iztiroblar adadi faqat Yaratganga […]

17.11.2026 | 14:24

img144

ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img233

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img717