Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 12°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


27.08.2025 | 12:18

img652

SUV TEKIN… EMAS

Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, biz foydalanayotgan ichimlik suvi qayerdan keladi? Xonadonimizdagi jo‘mrakkacha qanday bosqichlardan o‘tadi? Jahonda va yurtimizda suvga munosabat qanday? Yaqinlashib kelayotgan qurg‘oqchilik haqidagi ogohlantirishlar qanchalar jiddiy? Tizimdagi muammo va yutuqlar haqidagi savollarimizga “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati Axborot xizmati rahbari Akmal Murodovdan atroflicha javob oldik.

– Jamiyatimiz 2019-yil 26-noyabrda “Aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish va uning sifatini yaxshilash uchun O‘zbekiston Respublikasining suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori bilan tashkil etilgan.

Yangi tuzilma faoliyatini eski muammolarni hal qilishdan boshladi. Oldimizda o‘tgan asrning 70-80-yillaridan buyon yechimini kutayotgan masalalar ko‘ndalang turardi. Deyarli yaroqsiz holga kelib qolgan ming chaqirimli quvurlarni almashtirish, trillionlar bilan hisoblanadigan qarzdorlikni undirish va ma’nan eskirgan infratuzilmani yangilash kabi vazifalarning oxiri yo‘qday edi. Bilasizki, suv tabiatda yumshoq kuch bilan barcha to‘siqlarni parchalay oladigan ne’mat. Biz ham tizimda bosqichma-bosqich islohotlarni boshladik.

Bu orada aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, kanalizatsiya xizmatini namunali yo‘lga qo‘yishga oid o‘ndan ortiq me’yoriy hujjatlar imzolandi. Ochig‘ini aytish kerak, bungacha xorijlik investorlar mazkur tizimga ishonchsizlik bilan qaragani uchun yetarli mablag‘ ajratmagan.

Bugun esa qator davlatlarning o‘nlab xalqaro moliya institutlari shu sohaga investitsiya kirityapti. So‘nggi yillarda ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari sohasiga 27,5 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Shundan 16,5 trillion so‘mi davlat byudjetidan, 1 milliard AQSh dollari esa investitsiyalar hisobidan qoplandi.

Mazkur mablag‘lar evaziga 3 ming 627 ta suv inshooti hamda 40,6 ming kilometrlik ichimlik va oqova suv tarmoqlari barpo etildi. E’tiborli jihati shundaki, bu orqali 7,7 million aholi ilk marta ichimlik suvi bilan ta’minlandi, 11,5 million aholining suv ta’minoti yaxshilandi. Shu bilan birga, 1,1 million iste’molchining xonadoni oqova tizimiga ulandi. Natijada, ichimlik suvi qamrovi 63 foizdan 80,9 foizga, oqova suv xizmatlari esa 17,2 foizdan 20,9 foizgacha oshirildi.

Diqqat, qurg‘oqchilik!

BMT tahlillariga ko‘ra, 2050-yilda Markaziy Osiyo aholisi yuz million kishini tashkil etadi. Jahon banki tahlillari esa 2030-yilga borib dunyodagi 33 mamlakat suv tanqisligiga uchrashini bashorat qilmoqda. Afsuski, ular orasida O‘zbekiston ham sanab o‘tilgan. Bu jami iste’moldagi suvning 20 foizigina o‘z hududida shakllanadigan respublika uchun jiddiy ogohlantirishdir. Suvimizning 80 foizi qo‘shni davlatlar hududidan oqib kelayotgan bir davrda suvga bo‘lgan munosabatimiz qanday?

Yana mutaxassisga yuzlanamiz:

– Bir yillik suv xarjimizni yuz foiz deb oladigan bo‘lsak, shundan 90 foizini irrigatsiya tarmog‘iga, 4,2 foizini ichimlik suviga yo‘naltiramiz. Qolgani baliqchilik va elektr ta’minoti uchun sarflanadi.

2024-yil 16-avgust kuni Oliy Majlis Senatining 55-yalpi majlisida Suv xo‘jaligi vaziri suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, sohani boshqarish mexanizmlari hamda qonunchilik bazasini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar ijrosi yuzasidan axborot berdi. Vazirlik hisobotida keltirilgan raqamlarga e’tiboringizni qaratmoqchiman:

“…Joriy yilning o‘tgan davrida jami 4,4 mlrd kub metr suv resurslari iqtisod qilindi, shundan, 1,4 mlrd kub metr qismi 296 ming gektar maydonda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish, 1,5 mlrd kub metri suv kam talab qiladigan ekinlar ulushini ko‘paytirish hamda qo‘shimcha agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish, 1,5 mlrd kub metri esa sug‘orish tarmoqlarini ta’mirlash va boshqa tadbirlarni amalga oshirish hisobiga tejaldi”.

Endi yana bir raqamni keltirsam, “O‘zsuvta’minot” AJ bir yilda umumiy hisobda 2,2 milliard kub metr suv beradi aholiga.

Aslida, tejashni ancha avval boshlashimiz kerak edi. Vazirlik taxminlariga ko‘ra, “2030-yilga qadar 50 foiz maydonlarda tomchilatib sug‘orishga” o‘tilar ekan. Jahon bankining tahlillaridagi fikrlar qarama-qarshiligini o‘zingiz ko‘rib turibsiz. Suvga bo‘lgan munosabatimizni shu bugundan, hozirdan boshlab o‘zgartirishimiz kerak, qarorlarga qat’iy amal qilishimiz shart. Kimgadir yoqsa-yoqmasa, jazo choralarini kuchaytirish zarur.

Aslida, vaziyat qanday?

Yuqoridagi masala bo‘yicha Suv xo‘jaligi vazirligi transchegaraviy suv resurslaridan foydalanish boshqarmasi bosh mutaxassisi Asilbek Tursunaliyevga murojaat qildik. Mutaxassis javobi xolis xulosa chiqarishga yordam beradi:

– To‘g‘ri, yurtimizda suvning deyarli 90 foizi qishloq xo‘jaligida ishlatiladi. Lekin, e’tibor qiling, 2023-yilda suvni tejash uchun zamonaviy axborot texnologiyalari joriy etildi, sug‘orish va melioratsiya inshootlari ta’mirlandi, aqlli suv qurilmalari o‘rnatildi va kanallar betonlashtirildi. Shu ishlar tufayli 2024-yilda 8 milliard kub metr suv tejaldi. Endigi maqsadimiz – 10 milliard kub metr suvni tejash. Bu yo‘nalishda tizimli ishlar davom etmoqda.

2030-yilga kelib, global iqlim o‘zgarishi natijasida Amudaryo va Sirdaryo havzalarining suv zaxirasi 5–15 foizga qisqarishi mumkin. 2050-yilga borib esa 15 milliard kub metr suv tanqisligi kutilyapti. Shu muammoni hal qilish uchun vazirlikka o‘sha miqdordagi suvni tejash vazifasi yuklatilgan. Bu maqsadda 2030-yilgacha barcha yer maydonlarida suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etiladi, agrotexnik ishlar amalga oshiriladi, shuningdek, kanallar va ichki sug‘orish tarmoqlari betonlashtiriladi (chunki suv yo‘qotishning asosiy sababi – shu kanallar).

Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalar keng joriy etilyapti. Bu usul orqali endi ekinlarga talabdan 25–30 foizga kam suv berib ham hosil hajmini 30–40 foizga oshirish mumkin. Bir gektar yerdagi ekindan kutilgan hosilni olish uchun o‘simlikka zarur suv o‘z miqdorida yetkazilishi shart. Shu bilan birga, kam suv talab qiladigan ekinlar ulushi yil sayin ortib boryapti. Bu chora-tadbirlar amaliyotda izchil qo‘llanilyapti.

* * *

Bizni qiziqtirgan yana bir masala suv narxining oshishi bo‘ldi. “O‘zsuvta’minot” AJ bosh mutaxassisi Akmal Qodirovdan quyidagicha izoh oldik:

– O‘zbekistonda 1 kubometr suv narxi – 2600 so‘m. Ma’lumot uchun, 1 kubometr 1 tonnaga teng. Tasavvur qilyapsizmi? Bu dunyo bo‘yicha eng arzon narx hisoblanadi. Bu summaga siz do‘kondan yarim litr suv sotib olasiz. Endi oradagi farqni solishtiring, yarim litr qayoqda-yu, ming litr qayerda? Ichimlik suvi narxi ko‘tarilishiga asosiy omillardan biri elektr energiyasi narxi oshishidir. Suvni nasoslarda aylantirish va uzun tarmoqlar orqali yetkazishda katta miqdorda elektr sarflanadi. Shu bilan birga, tozalash jarayonlari va eski infratuzilmani yangilash xarajatlari ham ortib boryapti. Shuning uchun narxlar biroz oshdi.

Suv yoqalab

Xonadonimizgacha pokiza holda yetib keladigan obi hayotning necha dumalab toza bo‘lishini bilish uchun ijodiy jamoamiz bilan suv boshiga, ya’ni Qibray tumani “Qodiriya” suv inshootiga bordik.

Mazkur majmua viloyatning Qibray, Toshkent va Zangiota tumanlari aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlashga xizmat qiladi. Kunlik quvvati 100 ming metr kub bo‘lib, 350 ming aholini toza ichimlik suvi bilan uzluksiz ta’minlaydi. Bu yerning rahbari Elmurod Beysinovning aytishicha, Bo‘zsuv kanalidan nasoslar orqali tortilgan suv 4,8 metr balandlikdagi, 2 ming 700 kub metrli hovuzga quyiladi va shu yerda tozalash boshlanadi.

Avvalo, unga chiqindilarni cho‘ktiruvchi regitniy moddasi qo‘shiladi. Biroz tindirilgach, yonidagi 34 ming kublik hovuzga, ya’ni ikkinchi bosqichga o‘tkaziladi. Undan so‘ng filtrlanadi. Nihoyat, 12 ta filtr apparatdan eson-omon o‘tgan toza ichimlik suvi yig‘ish havzasiga kelib tushadi. Jarayon oxirida suvga osh tuzidan olinadigan gipoxlorid natriy eritmasi qo‘shiladi.

Laboratoriyada aholiga yuboriladigan suvdan har soatda namunalar olib, maxsus tekshiruvdan o‘tkazib turiladi.

Navbatdagi manzil Toshkent tumani aholisiga ichimlik suvi yetkazib berish, to‘plash va tarqatishga ixtisoslashgan “Keles” suv inshooti bo‘ldi. Uning faoliyati bilan qisqacha tanishtirgan “Toshkent viloyati suv ta’minoti” AJ direktori o‘rinbosari Ahmad Eshpo‘latov, avvalo, o‘tgan davrda Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi loyihalar yordamida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari haqida gapirdi:

– Bundan oldin Toshkent tumani aholisining 78,9 foizi jadval asosida ichimlik suvi bilan ta’minlangan bo‘lsa, tizimli ishlardan so‘ng 90,8 foiz aholi doimiy ravishda ichimlik suviga ega bo‘ldi. Shundan 2 ming 443 ta xonadon ilk bor ichimlik suv tarmog‘iga ulandi. Barcha suv ko‘tarish inshootlarida Germaniyaning aqlli hisoblagichlari, zamonaviy elektr tejamkor nasos agregatlari o‘rnatilgan. Bu esa toza ichimlik suvini belgilangan tartibda aholi xonadonlariga yetkazib berishga xizmat qiladi.

Ta’kidlanishicha, 1979-yilda qurilgan mazkur inshoot 13 ming kishiga ichimlik suvi yetkazib berish quvvatiga ega bo‘lgan. Keyinchalik ehtiyoj ortgani sababli ko‘plab muammolar yuzaga kela boshlagan. Hatto, Qozog‘iston bilan chegaradosh qishloqlarda umuman ichimlik suvi bo‘lmagan. Mahalliy aholi suvni tashib kelish, quduqlarda saqlash orqali foydalangan. Mazkur suv inshooti bilan tanishgach, bir paytlari tarmoqlarda yoyilgan “Kelesga borsang, yomg‘ir suviniyam qadriga yetasan” kabi pisanda aralash hazillarning davri o‘tganiga amin bo‘ldik.

Qaydan kelib, qayga ketar?

Mana, ichimlik suvining qaydan kelishini bildik, ammo qayga ketadi ishlatilgani? Savollarimiz bizni “Salar” oqava suv tozalash inshootiga boshladi. Toshkent shahar “Suvta’minot” AJ matbuot kotibi Ravshan Yoqubjonov kanalizatsiya tarmoqlari qamrovi, shuningdek, sohadagi mavjud muammo va yutuqlar haqida ma’lumot berdi.

– Ayni paytda respublika bo‘yicha kanalizatsiya xizmatlari bilan ta’minlanganlik darajasi 22 foizni tashkil etsa, poytaxtimizda bu ko‘rsatkich 95 foizga yetgan. Yaqin kelajakda ushbu ko‘rsatkich yana ko‘tariladi. “Salar” inshootiga kelsak, u avvalo, hammom, oshxona va hojatxonadan chiqadigan oqava suvlarni tozalash uchun mo‘ljallangan. So‘nggi yillarda tadbirkorlik va ishlab chiqarish hajmining ortishi, shuningdek, aholining kanalizatsiyadan noto‘g‘ri foydalanishi tizimning izdan chiqishiga sabab bo‘lyapti. Ayrim korxonalarda qoidada belgilangan birlamchi tozalash tizimi o‘rnatilmagani sababli sanoat chiqindilari to‘g‘ridan to‘g‘ri kanalizatsiya tarmoqlariga uzatilyapti. Bu holat inshootlarimizning texnik jihatdan zararlanishiga va quvurlar ish qobiliyatining pasayishiga sabab bo‘lyapti.

Shuningdek, aholi tomonidan kanalizatsiyaga tashlanayotgan yirik hajmdagi chiqindilar, gigiyena vositalari va turli buyumlar nasos stansiyalari hamda qimmatbaho filtr uskunalarining ishdan chiqishiga olib kelyapti. Mavjud muammolarni bartaraf etish maqsadida yangi texnologiyalar joriy etilishi, qo‘shimcha uskunalar o‘rnatilishi va filtr to‘rlari qo‘yilishi bo‘yicha ishlar amalga oshirilyapti.

Toshkent shahrining kengayishi, aholi sonining o‘sishi va ishlab chiqarish hajmining ko‘payishi mamlakat taraqqiyoti uchun muhim omillar hisoblanadi. Biroq sanitariya va ekologiya talablariga zid holda rivojlanishga yo‘l qo‘yilmasligi shart.

Xulosa qilib aytganda…

Koinotga chiqarilgan fazo tadqiqot kemalari yangi sayyoralarda birinchi o‘rinda suv bor-yo‘qligini aniqlashga harakat qiladi. Chunki suv  nafaqat inson hayotining asosi, balki davlatlar taraqqiyoti uchun ham eng muhim resursdir. Ajdodlarimizdan meros bo‘lgan bu ulug‘ ne’matni kelajak avlodlarga ham toza yetkazish har birimizning insoniy burchimizdir.

Vasila HABIBULLAYEVA, Shahriyor IBROHIMOV

“Jadid” gazetasining 2025-yil 22-avgustdagi 34-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img79

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img595

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img593