27.05.2024 | 12:50
338
TEKIN BO‘LSA… GULMIX YUTAMIZMI?

Taxminan bir oy oldin ijtimoiy tarmoqlarda qardosh qozoq yigiti o‘zbek xalqining olijanob va mardligi chegara hududlarimizni suv bosgan chog‘i ko‘rsatgan amaliy ko‘magida yaqqol bilindi, degan e’tirofidan faxr-iftixor tuyg‘ularini tuygan edik…
Ammo, misqollab yig‘ib, botmonlab sochasan, deganlaridek bag‘rikeng elimizning ana shunday insoniy fazilati baxsh etgan sururni kuni kecha bir to‘da lattaparast xotinlar olomoni ko‘rsatgan tomosha seldek yuvib ketdi. Axir, internet, ijtimoiy tarmoqlar dunyoning chekka bir burchagida ro‘y bergan har qanday hodisani o‘zining manfaati nuqtai nazaridan butun afkor ommaga kaftdek ko‘rsatadigan vosita bo‘lsa…
O‘zbek tiliga “Xarid vasvasasi” deb tarjima qilingan “Shopogolik” filmida qahramon qiz xarid qilishga mukkasidan ketib, hatto bank krediti evaziga bo‘lsa ham kiyim-kechak sotib olishdan o‘zini to‘xtatolmay qoladi. Natijada qarzga botib, nochor ahvolga tushadi. Shifokorlar unga “shopogolizm” tashxisini qo‘yishadi. Psixologlarning ta’kidlashicha, bu dardi bedavo yolg‘izlik va depressiya paytida o‘zini yupatish, taskin berish uchun qilinadigan harakat ekan.
Kuni-kecha ijtimoiy tarmoqlarda chegirma e’lon qilingan kiyim do‘konida xotin-qizlar ishtirokida odam uyaladigan darajada ur-yiqit yuzaga kelgani tasvirlangan video tarqaldi. To‘s-to‘polonda jon-jahdi bilan talvasada o‘zini “Umika shop” do‘koni ichkarisiga urayotgan o‘zbek ayollarini ko‘rib hayratdan yoqa ushlaysiz. Kishining bu qadar vasvasaga tushishiga nima sabab bo‘lishi mumkin? Yo‘qchilikmi? Ongsizlikmi? Ko‘zi ochlikmi? Nima?!
Bu “ko‘pkari”da yoshi ulug‘ ayollarning borligi o‘ta achinarli hol. Balki ularga “shopogolizm” tashxisi qo‘yilmagandir… Ehtimol, ular muhtojlikda kun kechirishmas ham. Biroq bu darajada pastlik, pastkashlik qalbning, e’tiqodning xastaligidan darak emasmi? Nahotki, ularning boshpanohi, otasi, aka-ukalari, o‘g‘illari, oriyatli kishisi bo‘lmasa?! Tasvir ostida qoldirilgan izohlarning aksariyatida ayollarning o‘rangani, taqvoli ekaniga urg‘u berilgan. Ularning bu qilmishi ikki hissa isnodga sabab emasmi? Qolaversa, hech kimdan hayo qilmagan, tortinmagan taqdirda ham inson avvalo, o‘zidan, O‘zidan uyalmaydimi? Uyatini yo‘qotgan kishining qalbida e’tiqod, iymon bo‘lishi mumkinmi?!
Ajablanarlisi, izohlar orasida: “Nima bo‘libdi, shunga shunchami” qabilida fikrlar ham bor. Boshqa bir kuzatuvchi esa: Ayolim “bunday sharmandalikdan ko‘ra kiyimsiz o‘tirganim afzal dedi”, deya kuyunchaklik bilan munosabat bildirgan. Rostdan, “latta jangi”da eshig-u ilgich, kamera-yu kompyuter pachoq bo‘lganiga qarab, bu tolei past, manglayi qora poshikastalar do‘konga otlanarkan, azbaroyi yupunlik vajhidan biror boyvuchcha qo‘shnisidan “abaya”larini ijaraga olganmi, degan ishtiboh ham yo‘q emas.
Xo‘sh, taniqli insonlar shaxsiy hayotining ikir-chikirigacha erinmay muhokama qiladigan, yarim kechasi shirin uyqusidan kechib, “falonchi falonchining zurriyodi, aldasam Xudo ursin!” degan qasam aralash post qo‘yadigan bedor, jonsarak analitiklar nega jim? O‘zini xalqparvar, millatparvar ko‘rsatishga mohir jigarso‘xta blogerlar qaysi oshiyoni balandda nimaning chamasida ekan?!
Bu kabi sharmandalikka ziyolilar qarshi turib, qat’iy e’tiroz bildirmasa, mahalla oyoqqa turmasa, bundan ham battarroq tomoshalar bo‘lmaydimi? Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita vakillari bu holatga nega munosabat bildirmayapti?
“Umika shop” do‘konining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida aytilishicha, savob olish niyatida narxlar o‘n karra pasaytirilganmish… Agar niyatlari ezgu va xolis bo‘lsa, narx-navo doim arzon tutib turilsa bo‘lmaydimi?
Yana bir savol. Bu kabi holatlarni tasvirga olib, tarqatishdan savobtalab do‘kondor qanday manfaat ko‘radi? Chegirma ham, to‘s-to‘polon ham qora piar uchunmi?
O‘tgan yillar davomida doshqozonda pishgan tekin oshni, avtosalonda anqoga shafe shartnomani, bozordagi “Elga xizmat” rastasidagi arzon kartoshka-piyozni, covid mavsumida sarimsoqpiyozni talagan olomon qachondir kitob talasharmikan? Menimcha, bizga faqat ana shunday talomon yarashadi!!!
Muyassar IBROHIMOVA,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori
“Jadid” gazetasi 2024-yil 24-may 22-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



