Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


04.09.2025 | 12:21

img486

“O‘TLOVI UZOQ BO‘LSIN!”

Xorazmda birov yengil mashina olsa, qutlab borganda aytiladigan “O‘tlovi uzoq bo‘lsin!” iborasi mazmuni ulovning o‘ziga va egasiga uzoq umr tilamoqdir. Qadim bobolarimizga ot ham ulov, ham yo‘ldosh vazifasini bajargan bo‘lsa, texnika taraqqiyoti zamonasida uning o‘rnini yengil mashinalar egalladi. Inson bolasi borki, o‘ziga ulov olmoqni orzu qiladi. Imkoni bori ham, yo‘g‘i ham.

Yodimda, 1966-yili otam traktorchiligi uchun kolxoz beradigan ish haqini (aslida, aynan 1966-yil 1-iyuldan kolxozchilarga ish haqi pul bilan to‘langan, ungacha “ish kuni”ga bug‘doy tarqatishgan) ro‘zg‘orga zo‘rg‘a yetkazib yurgan bo‘lsa-da, tashlandiq yerlarni o‘zlashtirib, sholi ekib, gurunchini Buxoroga eltib sotib va yana bog‘imiz ortidagi jiydalarni terdirib, qo‘shnilardan ham bir necha tonna jiydani arzonroq olib Boku shahrida sal qimmatroq pullab, to‘plagan puliga “Ural” rusumli aravachali mototsikl xarid qilgan. Bu mototsiklni Bokudagi bir do‘kondan olganlar va bizga ikki haftadan so‘ng poyezd orqali yetib kelgan.

Otam salkam qirq uyli elatimizda birinchi bo‘lib ulov – mototsikl olgandi. Quvonchimizdan ko‘klarga uchib yurgan paytimizda to‘sat otamni prokuraturaga chaqirib qolishgan. Otam kechqurun mahzun qiyofada qaytgan va tergovchilar “Bu mototsiklni qaysi pulingga olding?” deb rosa ezishganini aytib bergandi.

Ikkinchi jahon urushi ishtirokchisi bo‘lgani uchun necha yil rayqo‘m va ijroqo‘mlarga qatnab, navbatga yozilib, va nihoyat, 1981-yili “Moskvich” mashinasi oldi. Mashinani rayqo‘m byurosi “mehnat ilg‘origa mukofot” sifatida berdi, garchi pulini to‘lagan bo‘lsak-da. Otam bu paytda ellik xonadonga yaqinlashib qolgan elatimizda yengil mashina olgan birinchi kishi bo‘ldi.

Keyinchalik kamina ham universitetni tugatib, avval tuman, so‘ng respublika matbuotida ishlab, nihoyat, 1989-yili navbat orqali “Moskvich” yengil mashinasi olish baxtiga muyassar bo‘ldim. Bu paytda elatimizda ikkitagina yengil mashina bor edi.

Kommunizm qurishni maqsad qilgan, har qadamda shunga monand chaqiriqlar ilingan sovet zamonida yengil mashina olish eng oliy baxt sanalardi. Garchi yengil mashinalar ishlab chiqarish sovet davlatida o‘tgan asrning o‘ttizinchi yillarida boshlangan bo‘lsa-da, toki bu davlat tarix sahnasidan tushib ketguncha bo‘lgan davrda aholisining besh foizini yengil mashina bilan ta’minlay oldi, xolos. SSSRda ishlab chiqarilgan yengil mashinalar rusumi, ot quvvati, xavfsizligi darajasi bo‘yicha dunyodagi avtomobilsoz davlatlar ishlab chiqargan mashinalar orasida eng oxirgi o‘rinlardan birini egallaganini ham qayd qilish kerak.

Yana bir ayanchli holat: SSSRda eng nufuzli yengil mashina “Volga” hisoblanib, u 9600 so‘m turardi. Bunday mashinani xarid qilishga imkoni borlar ham uni ololmasdi – nazorat organlari siquviga tushardi. Shu sabab, lotereyasiga “Volga” mashinasi chiqqan odamni topib, bir yarim-ikki hissa ortiqcha bahoda sotib olish majburiyatida qolishardi. Lotereya yutug‘iga chiqqan nimarsa nazoratdan tashqarida edi.

Esimda, to‘qqizinchi sinfda o‘qib yurgan kezlarimizda “Hazorasplik bir do‘konchi “Ford” mashinasi sotib olibdi” degan gaplar tarqaldi. Shu paytgacha “Ford” mashinasini chet el kinolarida ko‘rganmiz, xolos. Hazorasp bozoriga borganda o‘sha mashinani ko‘rgan bir qo‘shnimiz “Katta qayiqqa o‘xsharkan” degan va hatto uni ushlab ko‘rganini aytib maqtangan. Go‘yo ertakdagi kabi noyob mashinani ko‘rish uchun uch tengqur jo‘ra Hazoraspga borganmiz va darrov topganmiz. Negaki, do‘konlardan biri oldida tumonat odam to‘planib turishgandi. O‘sha yerga borsak, haqiqatan ham “Ford” mashinasi turibdi. Eskiligidan kuzovi yonlariga zang tushgan mashina diydoriga biror ellik odam to‘plangan ekan. Bizga mashina yoniga borish, uni ushlab ko‘rish nasib etmadi, egasi qandaydir ishi chiqqanini aytib, mashinani haydab ketdi…

Hozir yo‘llarda yurgan yengil mashinalarning rusumini sanab adog‘iga yetolmaysan.

Bolaligimda eng ko‘p eshitadigan so‘zlarimdan birisi “ko‘lik” so‘zi edi. Kimdir tuman markaziga yoki qo‘shni qishloqdan to‘yga aytishsa, masofa uzoqligi uchun to‘rt tomonga termilib, najot izlardi. Shu paytlarda “Ko‘lik topilsa boramiz”, “Ko‘lik bo‘lsaydi, ishim yengil kechardi” kabi gaplar tilga olinardi. Ko‘lik – ulov so‘zining yana bir ko‘rinishi.

…Yaqinda elatimizda bir yigit yangi rusumdagi qimmatbaho mashina olganida qutlab bordik. Uzoq yillar brigadir, fermer bo‘lib ishlagan, hozirda ko‘chaboshilik qilayotgan Qodir Jumaboyev davrada qiziq raqamni keltirdi: “Bugun elatimizga kirib kelgan oltmishinchi mashinani “yuvyapmiz”. Bu borishda yaqin besh yilda yuzinchi mashinani ham “yuvamiz”.

Elatimizda hozir sakson ikki xonadon bor.

Yodimda, o‘n yillar avval muharririmiz viloyatda jon boshiga eng ko‘p yengil mashina to‘g‘ri keladigan bir qishloq haqida maqola tayyorlash topshirig‘i bergach, viloyat davlat avtomobil nazorati idorasidan shu haqida ma’lumot oldim. Unda bizga shundoq qo‘shni – onam tug‘ilgan maskan – “Dehqonobod” qishlog‘i jon boshiga eng ko‘p yengil mashinasi borligi qayd qilingan, ya’ni har yuz xonadondan oltmish bittasida yengil mashina borligi aytilgandi. Bu qishloq ahli uzumchilikka ixtisoslashgan. Xonadonlar chorbog‘ida, qo‘shimcha tomorqasida mahalliy “Toifi” navli uzum ekib, hosilini kuzda chet ellarga eksport qilishadi. Bunda o‘zlari ovora bo‘lib, chegara oshib yurishmaydi – kuz boshlamasida yuk mashinalari qishloqni bosib ketadi. Uzumni sotgan odam pulini sanab charchamasa bo‘lgani. Aynan ushbu qishloqda uzumchilik rivoj topgani sabab hozir ham Bog‘ot tumani har yili chet ellarga o‘rtacha 15 million AQSh dollari miqdorida uzum eksport qilmoqda.

Qishloq beshta mahallaga bo‘lingan. Shulardan birisi – “Bog‘iston” mahallasida xolavachcham fuqarolar yig‘ini raisi bo‘lib ishladi. O‘tgan yili mahalladagi yengil mashinalar soni qanchaligi bilan qiziqdim. Rais taqdim qilgan ma’lumotnomada har yuzta xonadonga bir yuz beshta yengil mashina to‘g‘ri kelishi yozilgandi. Hatto ayrim xonadonlarda turli rusumdagi mashinalardan to‘rtta-beshtasi bor ekan.

…O‘tgan o‘ttiz yilning nari-berisida bizning kichik elatda yengil mashinalar soni 30 baravar oshgani nimadan?

Birinchidan, mustaqillik tufayli o‘zimizda turli rusumdagi yengil mashinalar ishlab chiqarila boshlagani va bu jarayon yildan yilga kengayayotgani bo‘lsa, ikkinchidan – asosiysi, odamlarning xarid quvvati oshgani, ya’ni ortiqcha daromad paydo bo‘lgani.

Yaqinda e’lon qilingan rasmiy ma’lumotda yurtimiz aholisi ilkida 4,6 million dona yengil avtomobil qayd qilingan. Bu esa har yuz xonadonga nisbatan olganda yengil mashinalar soni so‘nggi besh yilda uch hissa oshganini ko‘rsatadi.

Bu hisobga korxona-tashkilotlar, muassasalar, firmalarning xizmat mashinalari, shuningdek, yuk va boshqa xizmatlar uchun mo‘ljallangan turli rusumdagi ulovlar kirmaydi. Taxminimizcha, ularning soni ham milliontadan oshadi.

Mustaqillikning dastlabki yillarida e’lon qilingan bir ma’lumotda yurtimizda mavjud barcha yengil-u boshqa turdagi mashinalar soni 540 ming dona deb ko‘rsatilgandi. Demak, o‘tgan davrda ularning soni o‘n baravardan ko‘proqqa o‘sgan.

Yurtimizda aholining yarmiga yaqini shaharlarda yashashadi. Shaharda, ayniqsa, ko‘p qavatli turar joylarda yashovchi aholi yengil mashina olishga unchalik ehtiyoj sezmaydi. Chunki ishiga, bozorga va boshqa joylarga borishida jamoat transporti mukammal ishlayapti, bundan tashqari kecha-yu kunduzning yigirma to‘rt soati kirakashlar xizmatda.

Ijtimoiy tarmoqlarda “Falon yo‘lda megatirbandlik” mazmunidagi xabarlarga kunora ko‘zimiz tushadi. Buyam yengil mashinalar soni keskin ortgani bilan bog‘liq. Shaharlar va hatto qishloq tumanlaridagi yo‘llar sovet davrida yengil mashinalar soniga qarab loyihalashtirilgan. Mashinalar soni keskin oshgan hozirgi kunlarda bu yo‘llarni kengaytirish oson emas. Sababi, yo‘llarning har ikki chekkasidan aholiga imorat qurish uchun yer ajratilgan, boshqa binolar qurilgan. Ularni ko‘chirish uchun turar-joylar qurish va tovon puli to‘lash kerak…

Va yana ijtimoiy tarmoqlarda ba’zida mashinalarga benzin yoki metan quyish shoxobchalarida navbat vujudga kelganidan nolish kuzatiladi. Bozor siyosatida talab va ehtiyoj degan tushuncha bor. Mashinalar soni oshgani sari yoqilg‘i va yonilg‘iga bo‘lgan talab ham o‘sa boradi. 1985-yili o‘qishni tugatib, ishga kelganimda, tumanda faqat ikki joyda mashinalarga yoqilg‘i quyish shoxobchasi bor edi. Hozir ularning soni o‘ttizdan oshgan.

…Ushbu maqolani yozib tugallay deganimda derazadan mototsikl ovozi keldi. Qarasam, qo‘shni ayol zamonaviy mototsikl haydab ketyapti. E, dedim o‘zimga o‘zim, yengil mashinalar soni oshgani haqida gap sotib o‘tiribman, bu yoqda so‘nggi ikki-uch yilda deyarli har bir xonadonga tokda, benzinda yuradigan turli rusumdagi motorola, skuterlar kirib kelgani-chi?

…Ayrim noshukur bandalar “Mustaqillik bizga nima berdi?” degan piching gaplarni aytishdan uyalishmaydi. Bizga nima emas, nimalar bergani va berayotganini sanab o‘tirishga vaqtim yo‘q. Bittasini aytsam yetar: Istiqlolning o‘ttiz to‘rtinchi yiliga kelib poyi piyoda yuradigan odam deyarli qolmadi.

Qissadan hissa, shu kunlarga yetkazgan buyuk Mustaqilligimizning o‘tlovi uzoq bo‘laversin!

Ro‘zimboy HASAN,
“Do‘stlik” ordeni sovrindori

“Jadid” gazetasining 2025-yil 29-avgustdagi 35-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img606

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img604