Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 12°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


23.04.2026 | 11:16

img1290

VATAN OMON BO‘LSIN, VATAN TINCH BO‘LSIN!

“Yangi O‘zbekiston” va “Правда Востока” gazetalari bosh muharriri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Salim DONIYOROV bilan suhbat

– Salim Musurmonovich, yangi avlod taniqli jurnalist ham bir vaqtlar yosh bo‘lganini, bugungi mahorat va salohiyatga yillar davomidagi zahmat, o‘qib-o‘rganish orqali erishganini esdan chiqarib qo‘yadi. Ular faqat manzildagi odamni ko‘radi, bosib o‘tilgan yo‘l esa panada qoladi. Savolim siyqaroq chiqsa, uzr: suhbatni jфurnalistikaga kirib kelishingiz, ilk maqolangiz yozilishi tarixidan boshlasak.

– Faoliyatimni “Xalq so‘zi” gazetasida muxbirlikdan boshlaganman. Bir kuni bosh muharririmiz Abbosxon aka Usmonov topshiriq berdi. “Jurnalist kasbini o‘zgartiradi” degan ruknga Siz ham material tayyorlang. Bir kasb-hunarni tanlab, o‘sha bilan yashang, qancha kerak bo‘lsa shuncha vaqt. O‘sha kasb egasining ichki hissiyotlarini, dunyosini, armonlari, maqsadlari, orzularini o‘rganing”.

Hamkasblarimdan biri sotuvchilikni tanladi. Menga arava tortish tushdi. Chilonzor buyum bozoriga borganman. Pasportimni garovga qo‘yib, kunlik arava oldim. Majburiyatdan boshlangan ish qiziqishga aylanib ketdi.

Dastlabki kunlar aravakashlarga o‘xshab kiyinib, ularning yurish-turishini o‘zlashtirdim, “kasbiy atamalar”ini o‘rgandim. Bir necha kun arava tortdim, hammollik ham qildim. Birinchi kun yelkalarim zirqirab og‘ridi, keyin bo‘g‘imlarga o‘tdi. Kaftim qavarib ketadi, suvlanib achishadi, qadoqlar o‘rni yaraga aylanib, sekin tuzaladi. Ammo ish kutib turmaydi, joningiz og‘risa ham tirikchilik aravasini tortishga majbursiz.

Meni birinchi hayron qoldirgan narsa, u yerda na ism bor, na familiya. Ko‘ngilga nashtarday sanchilgan narsa yoshingizdan qat’i nazar sizni “Ey, arava!” deb chaqirishadi. Hatto, “Ey, aravakash!” ham deyishmas ekan. Odamga qanchalik og‘ir… Axir, insonning shaxsi bor. Shu o‘rinda aytib ketishim kerak: kim bo‘lishidan qat’i nazar, odamga odamiy muomala qilish kerak.

Xullas, ish jarayonini boshdan o‘tkazgach, aravakashlarning ichki dunyosini o‘rganishga o‘tdim. Aravalar turadigan maydonchalar bo‘lardi, u yerda ular bilan gaplashib, sirini ola boshladim. Biri yaxshigina rubob chalar ekan-u, oilaviy sharoiti bo‘lmay shu yerga kelib qolgan. Biri abituriyent, kunduzi pul topib, kechqurun imtihonga tayyorlanadi. “Onamning mazasi yo‘q, operatsiya qildirishim kerak”, deydi biri.

Yoshi kattalari taqdirga tan bergan. Ammo yoshlarning ko‘zida umid uchquni porlaydi. Ular uchun arava tortish chorasizning chorasi, xolos. Bu endi chorak asr avvalgi gap.

– Eng muhimi, ular halol yo‘lni tanlagan. Birovning moliga chang solmagan, aldamagan yoki tushkunlikka tushib, illatlar domiga tortilib ketmagan.

– Juda ham to‘g‘ri aytdingiz. Og‘ir ish bo‘lsa ham, lekin halolligini, insonligini saqlab qolgan.

Material yig‘ish vaqti tugagach, bir necha hafta karaxt bo‘lib yurganman. Chunki ongim qarama-qarshi fikrlar jangiga, qalbim hissiyotlarning kuchli bo‘roni markaziga aylanib qolgandi. O‘shanda dunyoqarashimda katta evrilish sodir bo‘ldi. Hayotga real ko‘z bilan qarash, odamlarning orzu-armonlarini quyidan turib o‘rganish kerakligini tushundim. Salqin kabinetdan chiqmay qog‘oz qoralash jurnalistika emasligiga aqlim yetdi.

Maqolani qog‘ozga tushirish chog‘ida diqqatimni jamlash ham oson bo‘lmagan: ijara uy tashvishlari, yosh bolalarning yig‘isi, ochig‘i, bundoq o‘tirib yozgulik sharoit yo‘q. Oxiri, qog‘oz-qalamni ko‘tarib, ko‘p qavatli uy toloriga chiqdim. Zinaga o‘tirgancha bir nimalarni qoralashga harakat qildim. Ertalabki to‘rt bo‘ldi, lekin yoza olmayapman. Miyada bir o‘y: “Hozir tong otadi, muharrirga maqolani topshirmasam, keyin nima bo‘ladi? Boshqalar allaqachon vazifani bajarib, odatdagi mehnat postiga qaytdi. Bugun ham topshirmasam, xizmat safarim borib turgan sayoqlik deb baho olishi aniq”. Ijara uy ham omonatga o‘xshab qoldi. Ishqilib, o‘yindan o‘t chiqmasin: yanagi ish topguncha bozordagi qadrdonlarim safiga qaytaman shekilli… Keyin birdan yoza boshladim, xuddi ichimdan vulqon otilyapti. Bir vaqt soatga qarasam, sakkizga yaqinlashibdi. Zina pillapoyalarida 15–20 qog‘oz qoralama sochilib yotibdi…

O‘sha kuniyoq Bosh muharrir xonasiga chaqirdi: “Juda zo‘r narsa yozibsan. Buni qanday yozding? O‘zing yozdingmi axir?”, dedi. “Shunaqa desa ham bo‘ladi. O‘zim yozdim-u, lekin his-tuyg‘ular, fikrlar aravakash do‘stlarimniki. Hali hammasini qog‘ozga tushira olmadim”, dedim. “Qolgani sen uchun zaxira, kelgusi faoliyatingda kerak bo‘ladi”, dedi rahbar va rag‘batlantirdi.

Mana shu maqola men uchun jurnalistikada bir yo‘l ochib bergan. Keyin ham bir necha marta “kasbimni o‘zgartirdim”. Ana shunda Indira Gandining so‘zlari naqadar hayotiy ekaniga amin bo‘ldim: “Ahamiyatsiz kasb, kichkina odam yo‘q! Erkak yo ayol bo‘lishidan qat’i nazar, hamma o‘z ishini yaxshi bajarsa, butun mamlakat gullab-yashnaydi”.

– Jurnalistikaga yangi avlod kirib kelmoqda. Endi zamon ularning oldiga Siz va sizning avloddan farqli masalalarni qo‘yyapti. Zamonaviy jurnalistlarning yutuq va kamchiliklariga qarashingizni bilmoqchi edik.

– Jurnalistda ham shoir, rassom yo qo‘shiqchi kabi Xudo yuqtirgan iste’dod bo‘lishi kerak. Hozirgi jurnalistlarning kamchiliklarini aytish mumkin, lekin yutuqlari ham kam emas. Ulardagi shiddat, shijoatga havas qilaman. Yoshlarda qo‘rquv yo‘q, ko‘zi porlab turadi va so‘zini erkin ayta oladi. Vaholanki, ko‘p yillar so‘z erkinligi faqat so‘z bo‘lib keldi.

Oxirgi to‘qqiz-o‘n yillikda holat ijobiy tomonga keskin o‘zgardi. Buni ustoz jurnalistlar ham, xalqaro ekspertlar ham yozmoqda. Mana shu imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanayotgan, qadriga yetayotgan yoshlarimizni olqishlaymiz. Zarur o‘rinlarda nazariy va amaliy yordamga tayyormiz.

Biroq jurnalistikani kasb emas, ko‘ngilxushi, havas biladigan toifalar ham bor. Ular na ilm oladi, na kasb etikasiga rioya qiladi, eng achinarlisi, qonunchilik bilan tanishmaydi. Bundaylar hamma sohada hamma zamonda uchragan. Ularni hayotning, amaliyotning o‘zi saralab beradi.

Havas qilsa arzigulik muhit bor ekan, uni asrash, kadrlarni tarbiyalash, malakasini oshirish, milliy jurnalistikani yangi bosqichga ko‘tarishga hammamiz mas’ulmiz. Ayniqsa, yoshlar masalasida muharrirlar, pedagoglarga ko‘proq yuk tushadi.

– Fanda ham, ijodda ham taqqoslash, qiyoslash metodidan unumli foydalaniladi. Xorij va o‘zbek jurnalistikasining o‘ziga xos jihatlari nimada ko‘rinadi?

– Bizda milliy mentalitet jurnalistikada ham o‘z aksini topgan. Xorijlik hamkasblarimizning ham o‘z uslublari bor.

Bizda “xorij jurnalistikasi” deyilsa, negadir faqat G‘arb jurnalistikasi tushuniladi. Holbuki, Yevropa yo Amerikadan boshqa, deylik yapon, hind, xitoy, arab jurnalistikasi ham bor. G‘arb jurnalistlari ochiq gapiradi, shunday o‘rinlari borki, bizning auditoriya uchun bu pardasiz kontent hisoblanadi. Xitoy jurnalistlarida baribir sharqona andisha va obrazli tafakkur elementlari seziladi. Tanqidiy mavzularni ko‘tarishda ochiqchasiga gapirmaydi, o‘ziga xos uslub va ifodalarni qo‘llaydi, bu muammoni shunchaki bildirib qo‘ymay, yechimiga nisbatan ta’sirchanlikni oshiradi. Bu jur’atsizlik emas, bu Sharq.

O‘zbek jurnalistikasining ildizlari asrlar davomida rivojlangan, tarixiy ildizlariga ega. Bugun biz tushunadigan jurnalistikani jadid bobolarimiz boshlab bergan bo‘lsa-da, ungacha bo‘lgan davrda ham axborot olish va uzatish, mavjud muammolarni hukmdorlarga, saroy chiqargan qarorlarni xalqqa yetkazish bo‘yicha murakkab sxema ishlagan mintaqamizda. Mahmudxo‘ja Behbudiy, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy publitsistikasini o‘qisangiz, ular boshidanoq tezkorlik, xolislik, aniqlik, mas’uliyat bilan birga milliylikni ham tamoyil sifatida qo‘llagan.

Gap kelganda aytib qo‘yish kerak: hamma zamonlarda ham axborot oqimini to‘g‘ri boshqara olgan hukmdorlar buyuk davlat qura olgan. Amir Temur davrida Yer yuzida bobomiz kabi xabardor va ogoh zot bo‘lmagan. Sohibqiron saltanatida axborot olish va tarqatishning mukammal tizimini yo‘lga qo‘ya olgani uchun ham 30 ga yaqin davlatni birlashtirgan imperiyani bunyod etgan, saqlab turgan.

– Bugun “Yangi O‘zbekiston” gazetasi mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining ko‘zgusi hisoblanadi. Shu bilan birga yangiliklar taqdim etishdan to‘xtagani yo‘q. Xususan, gazetada “Tamaddun tafakkuri” ilovasining berilayotgani so‘zimiz isbotidir.

– Darhaqiqat, gazetamiz respublika miqyosidagi eng yosh ijtimoiy-siyosiy gazeta. Ushbu tahririyat tarkibidagi “Pravda Vostoka” gazetasi esa respublika miqyosidagi eng “otaxon” nashr hisoblanadi. Ikkinchi aprel kuni 109 yilligini nishonladik. Bizda keksalikning tajribasi, yoshlikning g‘ayrati birlashgan.

Aytishim mumkinki, biz yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli tarixiy islohotlarni to‘liq yoritib ulgurmayapmiz. Qarang, har kuni chop etilsak ham o‘zgarishlar shu qadar keng qanot yozdiki, sahifalarimiz qulochi yetmay qoldi. Ayni shu sabab media olamiga ham kirib boryapmiz.

Savolga qaytsak, O‘zbekistondagi Islom  sivilizatsiyasi markazining ochilishi bitta mavzu emas. Uning har bir qarichi, har bir eksponati, har bir naqshi bir yangilik, bir tarix. Nafaqat respublika, balki jahon miqyosida e’tirof etilayotgan markaz bilan xalqimizni yaqindan tanishtirish uchun amaldagi gazeta imkoniyati yetarli bo‘lmay qoldi. Shuning uchun ham siz eslagan loyihani yo‘lga qo‘ydik.

Jamoamiz bilan sayohatga borar ekanmiz, bir necha kun o‘zimizga kela olmadik. Har bir ijodkorda Markaz haqida aytadigan so‘zi, odamlarga yetkazish zarur deb hisoblagan topilmasi bor. Ularni gazetaning reja-dasturi to‘liq rag‘batlantira olmasdi. Shuning uchun gazeta ichida gazeta bo‘lgan “Tamaddun tafakkuri” ilovasini chiqara boshladik. Har juma kuni ushbu ilovani o‘qishlari mumkin mushtariylarimiz.

– Bularning barchasi bevosita ilmga bog‘liq. So‘nggi yillarda adiblar, shoirlar, jurnalistlarning ilmiy darajaga erishish ko‘rsatkichi ortib bormoqda. Siz ham filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktorisiz. Izlanishingiz qaysi mavzuda edi?

– Ilmiy ishimni 15 yil ilgari boshlagandim. O‘sha paytlar hozirgidek “Matbuot o‘ladi! Gazeta-jurnallarning umri tugadi!” degan iddaolar bahslarda o‘rtaga tashlanardi. Matbuotga televizionni qarshi qo‘yishardi. Bugun teleradioga Internetni zidlashtirishyapti. Umuman, ommaviy axborot vositalarini qaysidiri yo‘qolib ketadi, qaysidiri kuchli, qaysidiri kuchsiz deb bir-biriga qarshi qo‘yishning o‘zi juda noto‘g‘ri ish. Biz yo‘qotish emas, rivojlantirish haqida o‘ylashimiz kerak.

Shundan kelib chiqib, respublikamizda, keyin bilsam birinchi ekan, media konvergensiya mavzusini dissertatsiya mavzusi qilib oldim. Bu bosma nashrlarning zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘un rivojlanishi.

Masalan, gazetalar endi faqat qog‘oz shakli bilan cheklanishi kerakmas. Mobil ilovasini yaratish, saytini ochish, ijtimoiy tarmoqlarda sahifalarini yuritish kerak. Ana shunda auditoriya ham kengayadi, bosma nashr sifatidagi yashovchanligi ham oshadi. Bu masala Amerika Qo‘shma Shtatlari, Xitoy, Rossiya, Yevropa davlatlari tajribasida qanday yechim topgani bilan qiziqdim. Keyin bizda ham buni joriy qilish va samarali amalga oshirish mumkin degan qarorga keldim. Buni ilmiy tadqiqot orqali o‘rganib, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori dissertatsiyasini yoqladim.

Biz “Yangi O‘zbekiston”, “Pravda Vostoka” gazetasini o‘qiydigan odamlarni juda yaxshi ko‘ramiz. Ba’zan rasmiy nashr maqomida bo‘lgani uchun uslubi o‘ta rasmiy va quruq deyishadi. Aytamanki, avval bir o‘qib ko‘ring, biz materiallarni xalq ruhi va tiliga imkon qadar uyg‘un berishga harakat qilamiz. Tezkor axborotlarni mediamakonda ulashib boramiz, gazetada asosiy urg‘uni tahlilga qaratganmiz.

Har bir sonimizda maqolaning yakuniga QR-kodlar qo‘yamiz. Bu orqali yozmani bevosita mobil qurilmangizga yuklab olib, o‘zbek va qoraqalpoq tilida o‘qiysiz. Aytish joizki, birinchilar qatorida bizning tahririyat qoraqalpoq tilida ham material berishga o‘tdi. Saytimiz esa o‘zbek, rus, ingliz, qoraqalpoq, qozoq va tojik tillarida yuritiladi. Hozir yana boshqa tillar ustida ishlayapmiz. Shu sabab bizni jahon maydonida ham kuzatib borishadi.

Ko‘ryapsizmi, gazetaning umri o‘tdi deb, shoshilinch hukm o‘qimaslik kerak. U ham taraqqiy etmoqda.

– Yaqinda chop etilgan “Yangi O‘zbekiston orzusi” kitobingiz ziyolilar va o‘quvchilar tomonidan iliq qarshi olindi. Kitobning yaratilish tarixi bilan o‘rtoqlashsangiz.

– Kitob O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kamina xodimingiz bergan savollarga javobi aks etgan “Yangi O‘zbekiston demokratik o‘zgarishlar, keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylanmoqda” sarlavhali intervyu bilan ochilgan.

Shuningdek, kitobdan rang-barang mavzulardagi suhbat va maqolalar o‘rin olgan. Suhbatlarimiz qaysi mavzuda bo‘lmasin, aynan soha egalarining, mas’ullarning fikr-mulohazalarini o‘zida jamlagan.

Maqsad: muhtaram Prezidentimiz Yangi O‘zbekiston g‘oyasini e’lon qilganlaridan keyin yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayoni, ularning samaradorligi, shu bilan birga turli jabhalardagi yangilanishlarni bevosita kuzatib, shuni publitsistik asarlar orqali muhrlash.

Yaqinda talabalar kelib, “Kitobingizni o‘qib-o‘rgandik. Bu bizga o‘quv qo‘llanma sifatida ham kerak bo‘lar ekan”, deyishdi. Xursand bo‘ldim. Chunki, albatta, bu yerda muallifning mahorati bir tomondir, lekin u yerdagi faktlar, dalillar, tahlillar juda katta ahamiyatga ega. Ayniqsa, ularni o‘zining tajribasini orttirishda, professional salohiyatining yuksalishida katta ahamiyat kasb etadi, deb o‘ylayman.

– Yaxshi kitob yozish uchun yaxshi asarlarni o‘qish kerak degan gap bor. Shu kunlarda nimani mutolaa qilyapsiz?

– Abdurauf Fitratning “Sharq siyosati” maqolasini o‘qiyapman. 1919-yilda yozilgan maqola bir risola, kitobning zalvoriga ega. Bunda jamiyatning rivojlanish tendensiyalari qanday bo‘lishi va uni qanday bo‘hronlar chayqatishi, mamlakat rivojlanishi qanday kechishi go‘zal ifodalab berilgan. O‘qishga kirishdim-u, xuddi Abdurauf Fitrat bugungi dunyo manzarasini ko‘rib, bilib yozganday taassurot uyg‘ondi.

Chunki davrlar o‘zgaradi, texnologiyalar o‘zgaradi. Lekin jamiyatning rivojlanish tendensiyalari va muammolari dolzarbligicha qolaveradi. Shuning uchun tarixni qanchalik yaxshi o‘rgansak, shunchalik foyda ekanligiga o‘zimiz amin bo‘lyapmiz.

– Ustoz, erkin va samimiy muloqot uchun rahmat! Mushtariylarimizga dilso‘zlaringiz bo‘lsa, marhamat.

– Eng toza tilagim – Vatan omon bo‘lsin, Vatan tinch bo‘lsin! Biz uchun tinchlik quyosh chiqishi, fasllar almashishi kabi tabiiy jarayon bo‘lib tuyuladi. Ammo uning ortida adoqsiz mehnat-mashaqqatlar turganini har doim ham anglamaymiz. Shu ma’noda Davlat rahbari zimmasiga qanchalik buyuk yuk tushayotganini tasavvur qilyapsizmi?! Ayniqsa, Prezidentimiz O‘zbekistonda doimiy tinchlik, osoyishtalik bo‘lishi uchun katta e’tibor qaratayotganlari va bu yo‘ldagi muvaffaqiyatlaridan hammamizning ko‘nglimiz to‘q. Lekin buni asrab-avaylash har birimizning burchimizdir.

Shuning uchun, albatta, xalqimizga, yurtimizga tinchlik, omonlik, shu ma’noda yuksalish va har birimizning xonadonimizga fayz-u barokat, baxt-u saodat tilayman.

Suhbatdosh: Zarnigor IBROHIMOVA

“Jadid” gazetasining 2026-yil 17-apreldagi 16-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img80

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img596

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img594