08.09.2025 | 16:16
639
ALLOMANING BOQIY TIMSOLI
Turkistonda bir necha yillar davomida sovet bolsheviklari tomonidan “Bosmachilik harakati” deb atalgan, aslida esa milliy istiqlolchilik ruhidagi harakatlar hamda “Milliy ittihod” deb nomlangan ayblov ishlari natijasida – 1917–1924 yillar oralig‘ida Usmon Xo‘ja (1878–1968), Sadriddinxon Mufti Sharifxo‘jayev (1878–1946), Zakiy Validiy To‘g‘on (1890–1970), Tohir Chig‘atoy (1902–1987), Abdulvahob O‘qtoy (1904–1962) va boshqa ziyolilar vatanni tark etib, xorijda ham ijtimoiy-siyosiy faoliyat olib borishga majbur bo‘ldilar.

Ular Turkiston xalqining mustaqillikka oid talablarini jahon jamoatchiligiga yetkazish, dunyo bo‘ylab tarqalib ketgan muhojirlarni umumiy fikr va maqsad atrofida birlashtirish yo‘lida katta sa’y-harakatlar qilib, ezgu maqsadlarini amalga oshirishda muayyan yutuqlarga erishdilar.
Bu yo‘lda “Yangi Turkiston”, “Yosh Turkiston”, “Milliy Turkiston”, “Turkiston sasi”, “Sadoyi muhojirin” kabi ko‘plab jurnal nashr etildi. Ularda Mahmudxo‘ja Behbudiyning hayoti va faoliyati haqida qimmatli ma’lumotlar va mulohazalar ham muntazam e’lon qilib borildi.
Xususan, Munavvar qorining Toshkentdagi “Namuna” maktabida tahsil olgan Abdulvahob O‘qtoy o‘zining “Yosh Turkiston” jurnalida chop etilgan “Turk gazetachilig‘i” nomli maqolasida Behbudiyning matbuotchilik faoliyati xususida quyidagilarni yozadi: “Qozoq”dan so‘ngra chiqarilg‘on gazeta “Samarqand”dir va Samarqandda chiqarilmishdir. Bu gazetani chiqarg‘on zot Turkiston jadidlik harakatida o‘ziga xos o‘rin tutg‘on islohotchilarimizdan marhum muftiy Mahmudxo‘ja Behbudiy afandidir. “Samarqand” gazetasi o‘z so‘zlari ila aytganda “Mahalliy turkiy va forsiy o‘rta shevada ilm, fan, adabiyot, tijorat, hunar va ziroatdan, Rusiya ahvoli va madaniyati va xorijiya mamlakatlari holidan va olami islom tirikligindan yozg‘uvchi musavviri jarida” edi. Mamlakatdagi siyosiy vaziyatni ko‘p yaxshi anglag‘on va gazetachilik ishlarida anchag‘ina tajribaga ega bo‘lg‘on Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘z gazetasini senzura balosig‘a uchratmaslik uchun siyosiy masalalarga oz murojaat etmishdir. Murojaat etganda ham e’tidol va ehtiyot bo‘lgan holda qilgan. “Samarqand” gazetasi eng ko‘p madaniy, iqtisodiy va tirikchilik ishlariga oid masalalar ila mashg‘ul bo‘lib, haftada ikki marotaba chiqmishdir. Biroq bora-bora moddiy jihatdan siqilib 45-soni dunyo yuziga chiqqondan so‘ng o‘z-o‘zidan to‘xtashga majbur bo‘lmishdir. Muftiy Mahmudxo‘ja Behbudiyning bosh muharrirligi ostida chiqqon bu gazetaga Sayyid Rizo, Hoji Muin, Rojiy, Siddiqiy, Nurmuhammadbek, Nusratulloh Mullo, Mulla Ibrohim Sayyid Kamol o‘g‘li va boshqalar qatnashg‘onlar”.
“Milliy Turkiston”da chop etilgan Boymirza Hayitning “Milliy huquq va Turkistonda sovet davlati apparati” nomli maqolasi ham dolzarbligi bilan alohida ajralib turadi. Muallif maqolaning kirish qismida Chor Rusiyasi Turkiston xalqini istaganicha ekspluatatsiya qilish uchun barcha yo‘llarni qidirganligini, u xalqimiz ustidan o‘zining harbiy diktaturasini o‘rnatib, kolonial-imperialistik siyosatini ochiqdan ochiq yuritganligini, Chor Rusiyasi o‘ruslarning ustunligini boshqa xalqlar ustida o‘rnashtirish uchun barcha diqqat-e’tiborini bu ishga qaratganligini, garchi keyinchalik Chor hukumati ag‘darilgan bo‘lsa-da, uning o‘rniga “bolshevizm” degan ikkinchi bir balo Turkistonga olib kelinganligini, biroq bu bilan hech nima o‘zgarmasdan, o‘tmishdagi kolonial siyosat ilgarigidan ham keskinroq tus olganligini yozadi.
Boymirza Hayit ushbu maqolasida xuddi Mahmudxo‘ja Behbudiy singari sovet sotsializmining asl yuzi va qiyofasi xususida o‘tkir mulohazalar yuritgan holda, bolsheviklar “dohiysi” Lenin tomonidan ilgari surilgan “shov-shuv”ga boy bo‘lgan ta’limotlarning tagi puch ekani, bu haqda o‘z paytida bolsheviklar hali hokimiyatni egallamaslaridan avval Behbudiy ham ogohlantirganligini qayd etib, bolsheviklar tomonidan ilgari surilayotgan g‘oya va takliflar Turkiston xalqining milliy qadriyat va urf-odatlariga mutlaqo zid ekanligini ochib tashlaydi.
Jumladan, muallif quyidagilarni yozadi: “Lenin: “Biz milliy o‘z-o‘zini belgilash huquqini, ya’ni millatlarning mustaqil bo‘lishligini istaymiz, biroq mayda bo‘lib yoki kichik davlat qurishni emas, balkim biz ulkan davlat va haqiqiy demokratik va internatsionalchilik prinsipidagi millatlar huquqini istaymiz”, deydir. Leninning bu so‘zlari marksizmning millat masalasidagi basharasini [ochiq] ko‘rsatib turmoqda: Agar millat o‘z huquqiga, qonuniga, erkinligiga o‘zi ega bo‘lmasa, uning nima foydasi borki, “millatni o‘zini o‘zi belgilash huquqi va uning mustaqil bo‘lishligi” haqida so‘z yuritadir? Buning biz uchun hech bir foydasi yo‘qdir. Millat o‘zining huquqini, erkinligini internatsionallikdan yoki demokratizmdan izlab topa olmaydi. Millatning milliy huquqi yoki mustaqil bo‘lib yashashi bularga bog‘liq emasdir. Leninning fikricha, millatning mustaqil bo‘lib chiqishi katta bir davlat qurishlikdan iboratdir. Xuddi mana shunday prinsip asosida SSSR qurilgan – tashkil etilgandir”.
“Milliy Turkiston” jurnalining 1950-yil 66-sonida “Erturk” taxallusi ostida e’lon qilingan “Mahmudxo‘ja Behbudiy” maqolasi ham katta ahamiyatga ega bo‘lgan ilmiy materiallardan biridir. “Erturk” o‘z maqolasida Behbudiyning faoliyatiga doir yangi va qiziqarli ma’lumotlarni keltirib o‘tadi. Uning yozishicha, Behbudiy Samarqand shahrining buyuk bir diniy oilasida tug‘ilib, ul birinchi tahsilni Samarqandda, yuqori tahsilni esa Buxoro madrasasida ko‘rgan edi. Ul o‘zining madrasa o‘quvi davrida Turkiston “qorong‘u kechalarining yorug‘ yulduzi bo‘lgan” Ahmad Ma’zum (1816–1896)ning qo‘lyozmalarini ko‘proq mutolaa qilar edi. Bundan tashqari, u Buxoro ulamolaridan Ikrom Domlaning taraqqiyparvar tushunchalariga tarafdor bo‘lgan. Shuning uchun ham Behbudiyda 1910-yildayoq Turkistonda o‘sayotgan jadidlik harakatiga qiziqish boshlangan. Shu boisdan u shu yilning o‘zida “Buxoro maorif jamiyati”ga borib qo‘shilgan.
Shu bilan birga maqolada Behbudiyning rus tilini yaxshi bilganligi sababli Abdurauf Fitratning Istanbulda 1911-yilda fors tilida yozilib chop etilgan “Sayyohi hindi” nomli asarini 1912-yilda ruschaga tarjima qilgani, 1913-yilda “Samarqand”, 1913–1915-yillarda “Oyina” nashrlarini chop ettirganligi, Ubaydullaxo‘ja tomonidan asos solingan “Sadoyi Turkiston” gazetasi sahifalarida ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirib borganligi qayd etib o‘tilgan.
Maqolada Behbudiy eng oldingi saflarda turib Turkiston xalqi haq-huquqlarini talab qilgan fidoyi va xalqparvar inson, zulmga qarshi tog‘dek turib bergan alpqomat shaxsiyat, Turkiston Muxtoriyatini eng ko‘p targ‘ibot qilgan jurnalist, milliy istiqlolchilik harakatining siyosiy va ma’naviy yo‘lboshchisi sifatida tasvirlangan.
Muallifning yozishicha, Turkistonda boshlangan milliy istiqlolchilik harakatining bosh lideri Mahmudxo‘ja Behbudiy edi. Jumladan, maqolada quyidagilar keltiriladi: “Turkistonda “Beklar” harakati (bosmachilik)ning boshlanishi Behbudiy uchun ruhiy ozuq berdi. U qurolli kuchlar bilan mamlakatimizning ozod bo‘lishiga ishonch hosil qildi. Behbudiy 1919-yil 10-yanvar kuni Toshkentda bo‘lajak qo‘zg‘olonga Turkiston yigitlarini Chotqol tog‘ida bo‘lgan bir bo‘lagini yordamga kelishini uyushtirish vazifasini olgan edi. Biroq qurolli kuchlar yetib kelmasdan avval qo‘zg‘olon boshlandi va tez orada yengildi. Chotqoldagi Turkiston qurolli kuchlari Behbudiyning istagi bo‘yicha o‘z yurishlarini to‘xtatdilar”.
Ayniqsa, “Erturk” Behbudiyning o‘ldirilishi tarixiga to‘xtalar ekan, juda qiziq faktlarni keltirib o‘tadi. Jumladan, shunday yozadi: “Behbudiy Qarshi shahrida o‘z oldiga qo‘ygan vazifalarini bajarishga urinar ekan, qizil Rusiyaning Buxoro elchixona xizmatchisi Utkin vositasi ila amir tomonidan tutildi. Behbudiy amirning Qarshi shahridagi voliysi Nuriddin Og‘aliq tomonidan 1919-yilning 25-martida vahshiyona o‘ldirildi. Bul esa bir niqob edi, xolos. Haqiqatda esa Behbudiyni amir vositasi ila o‘ldirish rus bolsheviklarining sovet komissariyati tomonidan uyushtirilganligi aniqlandi. Buni sobiq Turkiston Sho‘ro Jumhuriyatining harbiy vaziri Osipov 1919-yil Buxoroga kelgan vaqtida “Yosh buxoroliklar jamiyati”ga bergan bayonnomasida bildirgan edi”.
Behbudiyning obro‘-e’tibori shu darajada baland ediki, keyinchalik bolsheviklar uning nomidan bir necha yillar mobaynida o‘zlarining chirkin maqsadlarini amalga oshirish yo‘lida foydalanadi. “Erturk” maqolasida bu to‘g‘rida ham ma’lumotlar keltirar ekan, yozadi: “Bolsheviklar Behbudiy nomidan g‘ayri uzviy ravishda foydalanib keldilar. Ular 1934-1935-yillargacha Behbudiyni Turkistonda “Kommunizm mafkurasining boshlang‘ich xodimi” deb ko‘rsatib keldilar. Hatto uning adabiy faoliyatini maktablarda o‘z ko‘z qarashlari bo‘yicha o‘rgatishga ham yo‘l qo‘yib berdilar. Xalqni Sovetga tamoman xayrixoh qilib bog‘lab olishlik uchun Qarshi shahrini Behbudiy deb o‘zgartirishgacha yetib bordilar. Shunday qilib Behbudiy nomi 1935-yilgacha bolsheviklarning og‘izlarida har kuni zikr qilinib kelindi. Qachonki bolsheviklar mafkura maydonida yengib chiqqan kuch bo‘lib o‘rtaga chiqqanidan keyingina Behbudiy nomini so‘zlashlikdan voz kechdilar. Agar u haqida gapirsalar ham uni “sovet dushmani”, “burjua millatchilar mafkurachisi va namoyondasi”, “Angliya imperializmining agenti” deb so‘zlaydigan bo‘ldilar. Biroq Mahmudxo‘ja Behbudiyning yosh avlodga qoldirgan nasihatlari millatimizning qalbida shon va sharaf-la har doim saqlanib qolajakdir”.
Xulosa o‘rnida ta’kidlaganda, Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti va faoliyati zulm va istibdod natijasida Turkistonni tark etgan muhojir jadidlar uchun ibratli hayot maktabi o‘laroq xizmat qildi. Bu ulug‘ siymoning bosib o‘tgan sharafli yo‘li muhojirotda yashab, vatan ozodligi yo‘lida kurashayotgan minglab turkistonliklarning qalbiga nur va shukuh solib turdi. Muhojir ziyolilar matbuotida chop etilgan o‘nlab maqolalar ham shundan guvohlik bermoqda.
Muslimbek ALIJONOV,
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti o‘qituvchisi
“Jadid” gazetasining 2025-yil 29-avgustdagi 35-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



