Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


10.09.2025 | 17:15

img502

YOZISHGA EMAS… SANASHGA-DA ULGURMAYMIZ

Huv o‘sha zamonlarda – o‘tgan asrning 80-yillari adog‘ida uch yilcha tuman gazetasida ishlaganman. Bosh muharrir o‘rinbosari o‘laroq, har oy uchun reja tuzish zimmamda edi. Gazetaning doimiy ruknlaridan biri “Dolzarb qurilish inshootlarida” deb atalar va har oyda qaysidir qurilishning borishi to‘g‘risida lavha, reportaj tayyorlash majburiyati yuklangandi bizga.

Yodimda, o‘sha vaqtda tumanda shunday ikki inshoot: 640 o‘rinli maktab va yana biri 150 o‘rinli bolalar bog‘chasi qurilishi bo‘lib, har oyda shu joydan katta-yu kichik maqola tayyorlab, gazetada chop qilardik. Bu bevosita rayqo‘m nazoratida bo‘lgani uchun mavzu tasodifan unutilsa, javobgarligi qattiq bo‘lardi.

Gazetada ish boshlaganimda o‘sha maktab qurilishi boshlanganiga yarim, bog‘chaga esa bir yilcha bo‘lib qolgandi. Har ikkisi ham ikki qavatli bo‘lib, qurilishda tumandagi to‘rtta mexanizatsiyalashgan qurilish kolonnasining birisi butun tarkibi bilan “kecha-yu kunduzi javlon urishardi”.

Ikki marta shaxsan o‘zim borib shu “dolzarb qurilish”dan reportaj tayyorlaganman. Reportajga “Maktab Oktyabr inqilobining 70 yilligigacha o‘quvchilarga quchog‘ini ochadi” degan ko‘tarinki sarlavha qo‘yganman. Ammo negadir o‘sha maktab belgilangan muddatda “o‘quvchilarga quchog‘ini ochmadi” – bitishi ancha cho‘zildi.

Shu tariqa, o‘sha davrda katta-kichik qurilishlar boshlanganidan toki bitgunicha matbuotning doimiy mavzusi bo‘lardi. Avvalida “Falon qishloqda falon o‘rinli maktab, qishloq vrachlik punkti, hammom va hokazo qurilishi loyihalashtirildi” mazmunida xabar berilar, keyin qurilish boshlangani haqida salkam bir betlik maqola tayyorlanar, unda binoga ilk g‘isht qo‘yilishi jarayoni batafsil yoritilar, uch-to‘rtta surat ham ilova qilinardi.

O‘z davrida “Butunittifoq dolzarb qurilishi” maqomini olgan Tuyamo‘yin suv ombori qurilishida viloyat gazetalari va televideniyesining doimiy shtabi tuzilib, unda uch-to‘rt nafar muxbir doimiy ishlagan. Salkam o‘n yilda ishga tushgan suv omboridan vaqtli matbuot lofi bilan aytsak, mingdan ortiq xabar va lavhalar bergan bo‘lishi kerak.

…Uch yil oldin jiyanim Bog‘ot tumani markazidan kelin tushirdi. Kelinni olib kelish uchun borib, tuman markazining shundoq biqinida chinakam bir shaharcha qad rostlaganini ko‘rib, hayratga tushdim. Besh, yetti qavatli o‘ta shinam va chiroyli turarjoylar, ularning oralig‘idagi bolalar maydonchalari, qo‘shimcha xizmat shoxobchalari ikki yil ichida qurib bitkazilgan ekan-u… bexabar qolibmiz. Bu yoqda bizga qo‘shni qishloqda uchta ko‘pqavatli turarjoy binosi shundoq katta yo‘l yoqasida to‘rt oyda qurib bitkazilib, odamlar ko‘chib kirib yashayotganini tasodif bilib qoldim. Yoki tuman markaziga yondosh maskanda yetti va to‘qqiz qavatli turar joy binolari ko‘z o‘ngimizda go‘yo yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorinlardek paydo bo‘lganini birov bildi, birov bilmadi. Bu orada Qoraqum sahrosiga chegaradosh hududda paxta zavodi ish boshlaganidan ijtimoiy tarmoq orqali xabar topdim.

Qo‘shni Hazorasp tumanida yashaydigan inim Baxtiyor Shermatov fermer xo‘jaligi egasi edi. Keyin fermer xo‘jaligini topshirdi. Sababi, uning ilkidagi yerlar tuman markaziga tutash bo‘lib, markazni kengaytirish rejasi ishlab chiqilgan ekan.

O‘tgan yili tasodif Hazorasp bozoriga borayotib, markazga yondosh – bir vaqtlar Baxtiyor dehqonchilik qilgan o‘n besh gektarlik maydonga ko‘zim tushib, og‘zim ochilib qoldi. Bu yerda besh, yetti va to‘qqiz qavatli turar joy binolari go‘yo “bir kechada yerdan o‘sib chiqqandek” – aksari bitgan, qolganlarida qurilish ishlari ketayotgandi. Bir yil oldin shu yerdan o‘tganimda qiyg‘os ochilgan paxtalarni ko‘rganim bor edi…

Bularni nimaga yozyapman?

Mustaqilligimizning 34 yilligiga bag‘ishlab Urganch shahrida o‘tkazilgan bayram tadbirida viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov eldoshlarimizni ulug‘ bayram bilan tabriklar ekan, o‘n daqiqalik chiqishida quyidagi raqamlarni sanab o‘tdi, xolos. Viloyatda hozirda 433 ta loyiha amalga oshirilyapti. Mustaqillik bayrami arafasida ellikka yaqin maktab, maktabgacha ta’lim tashkiloti, sog‘liqni saqlash muassasalari foydalanishga topshirilibdi. Hozirda qiymati salkam bir yarim milliard AQSh dollariga teng yirik loyihalar ijrosi bo‘yicha qurilish-montaj ishlari yakunlanay deb qolibdi. Viloyat markaziga yondosh hududda Prezidentimiz tashabbusi bilan al-Xorazmiy shaharchasi so‘ngi ikki yilda paydo bo‘ldi-turdi.

Hokim o‘z tabrigida tadbirkorlar tomonidan bunyod qilinayotgan turli mahsulotlar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan zavod va fabrikalar, maishiy xizmat shoxobchalari haqida gapirmadi. Hatto sanab o‘tmadi ham. Sanasa, tomoshabinlarning kamida yarim soat vaqtini olgan bo‘lardi.

Bugun yurtimizning boshqa hududlarida bo‘lgani kabi Xorazm ham ulkan qurilish maydoniga aylangan. Yo‘llarda harakatlanayotgan mashinalarning teng yarmini qurilish materiallari yuklangan yoki beton qorishmasini tashiyotgan zamonaviy ulovlar tashkil qiladi.

Bayram arafasida viloyat hokimligi rasmiy saytida ishga tushirilgan bir nechta obyekt haqida qisqa xabar berildi, viloyat televideniyesi ishga tushirilgan yangi inshootlar, turar joylar haqida to‘liq xabarlar berishga ulgurmadi. Sababi, bunga efir vaqti ham yetmaydi.

…Arafada foydalanishga topshirilgan inshoot haqida lavha tayyorlab, o‘zim ishlayotgan respublika gazetasiga jo‘nataman. Bosh muharrir uzrini aytadi: “Berolmaymiz. Barcha viloyatlardan ham shunday xabarlar kelyapti, qaysi birini beraylik”.

“Dolzarb qurilishlar jabhasi” deb bong uriladigan huv o‘sha zamonlarda viloyatda to‘rtta qurilish tresti, tumanlarda ularning kamida bittadan qurilish-montaj bo‘limi yoki mexanizatsiyalashgan ko‘chma kolonna otliq tashkilotlari bo‘lardi. Bu tashkilotlarning har birida uch yuz-to‘rt yuz nafar quruvchi ishlar, texnikalari soni ham uch raqamlarda sanalardi. Ana shu tashkilotlar uch-to‘rt yilda bitta maktab qurib bitkazsa, buni ulkan yutuq hisoblab bong urishar va hatto ilg‘orlari davlat mukofotlari olishardi. Bugun birorta tumanda necha gektarlab yerni egallagan shunga o‘xshash qurilish tashkilotlari yo‘q, ammo qurilishlar sifati va miqdori o‘sha davrdagidan biror yuz martaga oshgan. Shu o‘rinda dono xalqimizning “Ish bilganga ming tanga” maqoli esga tushadi. Endi maqolni “Bugun bir quruvchi eski zamonning ming quruvchisi ishini qilyapti”, deb o‘zgartirsak-da, bo‘laveradi.

…Bu yoqda har bir qishloqda qurilish mollari bilan savdo qiladigan to‘rt-beshtadan do‘konlar tinimsiz ishlayapti. Aholi eski imoratlarini buzib, o‘rnida zamonaviy uslubdagi chiroyli, ikki va hatto uch qavatli uylar qurmoqda. Endi imorat qurmoqchi bo‘lgan odam do‘konma-do‘kon yurishi shart emas. Qurilish uchun zarur barcha materiallar do‘kondorlar tomonidan “etkazib berish xizmati” orqali muhayyo qilinayotir. Nima kerak, qancha kerak, qo‘ng‘iroq qilsangiz bo‘ldi – ko‘pi bilan yarim soatda yetkazib berishadi. Yuklash, tushirish xizmati ham do‘kondorlar zimmasida.

Bugun shaxsiy sektorda, ya’ni fuqarolar tomonidan qilinayotgan qurilishlar hajmi, miqdorini hech ikkilanmay o‘n raqamlik dollarda belgilasak-da, adashmaymiz. Bu qadim yurt ming yillik tarixida bu qadar sonsiz-sanoqsiz qurilishlarni ko‘rmagan. Bu ayni haqiqat!

…Sovet zamonida bir latifa yurardi. Sovet davlatiga kelgan yevropalik bir sayyoh shahar bo‘ylab olib borayotgan kirakashdan yo‘l yoqasidagi qurilishlarni ko‘rsatib, ularni qancha muddatda qurilganini so‘raydi. Kirakash to‘qqiz qavatli binoni ko‘rsatib, “Uch yilda qurildi” deydi. Sayyoh “Bunday binoni bizda bir yilda qurib bitkazishadi”, deydi. Navbatdagi o‘n ikki qavatli bino qancha muddatda qurilgani haqidagi savolga kirakash ensasi qotib “To‘rt yilda” desa, sayyoh bosh chayqagancha, “Bizda buni ikki yilda qurishadi”, deydi. Va nihoyat sayyohning nigohi o‘n olti qavatli binoga tushib yana shu savolni beradi. Kirakash o‘sha tomonga qarab, yelka qisgancha, “Kecha o‘tganimda yo‘q edi”. deydi.

O‘sha eskirgan latifadagi hazilni bugun yurtimizdagi qurilishlarga nisbatan chin ma’noda aytsak bo‘laveradi.

Ro‘zimboy HASAN

“Jadid” gazetasining 2025-yil 5-sentyabrdagi 36-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img599