24.03.2026 | 17:38
1543
KITOBXONLIK SHAXSIY MASALA EMAS
Prezidentimizning 2026-yil 15-yanvardagi “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimizda ma’naviy taraqqiyot va fikrlash madaniyatini mustahkamlash yo‘lida muhim siyosiy yo‘nalishni, tashkiliy va huquqiy mexanizmlarni belgilab berdi.
Bu vazifalarni bajarish jarayonida kitob targ‘ibotini qanday shaklda amalga oshirish masalasi alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki kitobxonlikni rivojlantirish uchun qaror qabul qilishning o‘zi yetarli emas. Uning ijrosini sifatli va to‘g‘ri mexanizm bilan ta’minlash kerak. Qarorning har bitta bandida bajarilajak vazifalar, kelgusi rejalar aniq va puxta ko‘rsatib o‘tilgan.

MUTOLAA VA MARKETING
Bugun “kitob o‘qing”, “mutolaa hamma uchun kerak” kabi umumiy chaqiriq yoki shiorlar bilan maqsadga yetib bo‘lmasligini ko‘rib, bilib turibmiz. Gadjet yoki kitob degan tanlov o‘rtaga tashlansa, aksariyat yoshlar gadjetni tanlashi aniq.
Ijtimoiy tarmoqlar, videokontentlar, seriallar, turli o‘yinlar bilan bir muhitda raqobat qilish – kitob uchun og‘ir. Bu jarayonda kitobxonlikning yutqazib qo‘yish ehtimoli ko‘proq. Demak, qarorda belgilangan vazifalarni amalga oshirishda marketing usullaridan foydalanish zarurati paydo bo‘ladi. Ya’ni kitobni muayyan ma’noda “mahsulot”, kitobxonni “auditoriya”, kitobxonlikni esa muhim ijtimoiy muhit sifatida ommalashtirish lozim.
“Agar kitobxonlikka marketing tatbiq qilinsa, u asl adabiyot bilan yengil o‘qiladigan, ya’ni vaqtni oladigan kitoblarni bir xil darajada targ‘ib qilib qo‘ymaydimi?” degan haqli savol tug‘iladi. Aynan shuning uchun ham qaror ijrosi borasida tezkorlik yoki rasmiyatchilik emas, to‘g‘ri yondashuv muhim.
Marketing – mahsulot yoki xizmatni sotish jarayoni. Asl adabiyot uchun marketingning asosiy vazifasi asarni emas, kitobxonni tayyorlashdan iborat. Ommaviy adabiyotda “eng ko‘p o‘qilgan”, “trenddagi”, “ko‘p layk olgan” kabi ko‘rsatkichlar asosiy o‘rin egallashi ayon. Asl adabiyotning mezonlari esa boshqacharoq: qayta-qayta o‘qilishi, vaqt o‘tishi bilan qadri yanada oshishi, fikrni o‘zgartirishi kabi omillar bor. Asl adabiyot marketingida yolg‘on va bo‘rttirishga yo‘l qo‘yilmaydi. “Hayotingizni o‘zgartirib yuboradigan kitob”, “Hamma o‘qishi shart” kabi shiorlarni bunday kitoblarga tatbiq qilib bo‘lmaydi.
Qarorda nazarda tutilgan kitobxonlikni rag‘batlantirish tadbirlari ham faqat son ko‘rsatkichlariga emas, sifat mezonlariga tayanishni talab qiladi. Demak, kitobxonlikni ommaviylashtirish ommaviy kitoblarni targ‘ib qilish degani emas. Ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatishdagi marketing bilan kitobxonlik marketingi orasidagi farq shunda: asl adabiyot uchun marketingning oliy vazifasi uni asrashdir. Qarorning strategik maqsadi ham kitobni jamiyat ma’naviy hayotining doimiy qismiga aylantirish, to‘g‘ri auditoriyaga to‘g‘ri shaklda yetkazishdir.
ENG YAXSHI ILMIY KITOBLAR O‘ZBEK TILIDA
Qarorga ko‘ra, endi barcha vazirlik, idora va korxonalarda kasbiy faoliyatga oid xorijiy adabiyotlarni mahalliy nashriyotlar orqali o‘zbek tiliga tarjima qilib, malakali mutaxassislar ishtirokida izohlar, lug‘at va misollar bilan boyitish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Aniq eslayman: bolaligimda uyimiz chordog‘ida g‘isht-tosh, gaz, qurilish bilan bog‘liq ko‘p kitoblar bo‘lib, aksariyati rus tilida edi. Otam shu sohada ishlagani uchun bu kitoblar uyimizda bo‘lgani tabiiy. Keyinchalik gazeta tahririyati, televideniyeda ishlab yurganimda ko‘p tashkilotlarning kutubxonasida ham bu holatni – boshqa tillardagi kitoblarni ko‘rganman. Hammasi sohaga oid eng kerakli manbalar, lug‘atlar, ammo ularning aksariyati rus, ingliz, nemis yoki boshqa tillarda. To‘g‘ri-da, o‘zbek tilida o‘sha sohadagi adabiyotlar yetarli bo‘lmagach, chet tilidagi kitoblardan foydalaniladi. Bu tabiiy hol. O‘sha kitoblarni tarjima qilish uchun esa qancha vaqt, pul, energiya, va asosiysi, mutaxassis kerakligini loaqal tasavvur qila olamiz.
Endi bu ishlar tizimli bajariladi. Qarorda tarjima ishlari “har yili kamida 3 tadan” deb belgilangan. Ammo hech qaysi soha mutaxassislari uchta adabiyot bilan cheklanib qolmasligi, to‘g‘rirog‘i, qanoatlanmasligi ham aniq. Biroq mazkur yo‘nalishda ba’zi nozik nuqtalar borki, buni, albatta, inobatga olish lozim. Hozirgacha tarjima qilingan ko‘p ilmiy kitoblar, lug‘atlarda aksariyat atamalar boshqa tillarda qolib ketgan. Vaholanki, o‘sha atamalarning aksariyati uchun o‘zbek tilida, qolaversa, turkiy tillarda muqobil so‘zlar mavjud.
Men hozir “telefon”, “kompyuter”, “internet” kabi hamma uchun tushunarli, tarjima qilish shart bo‘lmagan o‘zlashgan so‘zlar haqida gapirmayapman. Sohalarda shunday so‘zlar borki, ularning muqobili o‘zimizning imlo yoki izohli lug‘atlarimizda, badiiy asarlarimizda shundoqqina turibdi. Bu borada o‘zbek tili bo‘yicha mutaxassislardan maslahat so‘rash, kerak bo‘lsa, ularni jalb qilish juda yaxshi natija beradi.
FAOL KITOBXON UCHUN RAG‘BAT
Qarorning yana bir ahamiyatli jihati – barcha vazirlik, idora va korxonalarda “Kitob burchagi” tashkil etilishi, xodimlar uchun har oyda “Kitob o‘qish soati” yo‘lga qo‘yilishi va ushbu faoliyat bo‘yicha ichki reyting tizimi joriy etilishidir. Klassik kutubxonadan farqli ravishda jamiyatga mos, ochiq, ijodiy muloqot va fikr almashish maydoni sifatida tashkil etiladigan “Kitob burchagi”da xodimlar kitob bilan bog‘liq muhokama, loyihalar va muloqotlarda ishtirok etishi mumkin. Har oyda o‘tkaziladigan “Kitob o‘qish soati” kitobxonlikni tizimli madaniyat va odat sifatida shakllantirishga qaratilgan mexanizmdir. Ichki reyting tizimi orqali eng ko‘p kitob o‘qigan xodimni rag‘batlantirish ham katta ahamiyatga ega.
Qarorda eng ko‘p kitob o‘qigan xodimga bir oylik ish haqi miqdorida pul mukofoti berilishi belgilab qo‘yilgan. Endi loyihaning yangi bosqichga chiqishi, eng ko‘p kitob o‘qigan xodimlarning oylik maoshi barobarida rag‘batlantirilishi hamkasblarimizni ham mamnun etadi.
Bugun barcha tashkilotda tasvirga olish imkoni mavjud. Eng kamida sifatli video olish mumkin bo‘lgan telefonlar bor. Ijtimoiy tarmoqlarda tashkilot xodimlari uchun ichki guruhlar, sahifalar yuritiladi. “Kitob burchagi” va “Kitob o‘qish soati”ni ana shu imkoniyatlarga bog‘lash ham yaxshi natija beradi, deb o‘ylayman. Har oy eng ko‘p kitob o‘qigan xodim bilan podkast yoki suhbat uyushtirib, uni ichki tarmoqlarda joylashni tasavvur qiling. Bu kitobxonlikning eng arzon va eng ta’sirli mexanizmlaridan. Chunki bu usul kitobni ochiq muhitga olib chiqadi.
Hayotda ko‘pchilik kitob o‘qiydi, lekin bu haqda hamma ham gapiravermaydi. Suhbat va podkastlar esa boshqalarni ham o‘qish, fikrlarini yon-atrofdagilar bilan o‘rtoqlashishga undaydi. Har oyda bir xodim oddiy tilda, hayotiy qarashlari bilan o‘qigan kitobi haqida gapirsa, boshqalarda “buni men ham qila olaman” degan ishonch paydo bo‘ladi. Axir, kim ham jamoasida e’tiborli, qadrli bo‘lishni istamaydi?!
MAHALLAGA KUTUBXONA QAYTMOQDA
Mahalla kutubxonalarini qayta tiklash masalasi zarur tashabbuslardan bo‘ldi. Ha, aynan qayta tiklash. Bir paytlar deyarli har bir mahallada kichik kutubxonalar bo‘lardi. O‘zim ham bolaligimda ko‘p kitoblarni aynan qishloq kutubxonasidan olib o‘qiganman. Avval bolalar bog‘chasi binosida joylashgan kutubxona keyinchalik mahalla idorasi binosiga ko‘chdi. Shundan so‘ng tuman axborot-resurs markaziga birlashdimi, bilmayman, xullas, qishlog‘imizda kutubxona ishlamay qo‘ydi.
Hozir esa kitobxonlik madaniyatini tiklash haqida gap ketar ekan, mahalla kutubxonasini qayta jonlantirish masalasi tabiiy ravishda kun tartibiga chiqdi. Prezident qarori asosida boshlanayotgani bu ishning rasmiy va tizimli tus olayotganini, unga, albatta, mas’uliyat bilan yondashish lozimligini ko‘rsatadi. Kutubxona chet omborxona yoki vaqtinchalik xonada emas, balki odamlar ko‘ziga ko‘rinadigan, kirib-chiqish oson bo‘lgan joyda bo‘lishi kerak. Mahalla fuqarolar yig‘ini binosi, mahalla markazlari, madaniyat yoki yoshlar maskanlari – buning uchun eng qulay joylardir. Lekin faqat joylashtirish bilan ish bitmaydi. Uning yuridik maqomi, to‘g‘rirog‘i, barcha tashkiliy jihati aniq bo‘lishi kerak.
Eng to‘g‘ri yo‘l shuki, kutubxona mahallada joylashgan bo‘lsa-da, huquqiy jihatdan tuman yoki shahar axborot-kutubxona markazi hisobida turishi lozim. Chunki kitob fondini hisobga olish, statistikasini yuritish, metodik rahbarlik qilish mahalla darajasida emas, kasbiy tuzilma orqali amalga oshirilgani ma’qul.
Navbatdagi eng katta muammo – kitob ta’minoti masalasidir. Hozir nashr etilayotgan kitoblar soni kam, ularning ko‘pi bozorga chiqadi yoki katta kutubxonalarga taqsimlanadi. Shu holatda mahalla kutubxonasi oxirgi navbatga tushib qolmasligi uchun bunga ham alohida tartib kerak.
Eng kerakli adabiyotlar ro‘yxatini tuzib, nashriyotlarga buyurtma berish, nisbatan arzon qog‘ozda, oddiy muqovada bo‘lsa ham, barcha kutubxonalarni ta’minlash lozim. Yangi chiqqan, ijtimoiy ahamiyatga ega kitoblarga mo‘ljallangan “Mahalla kutubxonasi uchun” degan tizim joriy etilishi mumkin: har bir nashrning muayyan qismi majburiy tarzda mahalla kutubxonalariga yo‘naltiriladi. Bu bir taklif.
Bundan tashqari, maxsus “Mahalla mutolaasi” yoki “Oila uchun kitob” kabi mazmunli va tushunarli asarlar turkumini joriy etish ham maqsadga muvofiq.
O‘QIGAN INSON FIKRLI INSONDIR
Shu asno bir savol o‘rtaga chiqadi: nega kitobxonlikni faqat bozor qonuniyatlariga yoki shaxsiy tashabbusga qoldirmay, davlatning o‘zi bu bilan bevosita shug‘ullanishi kerak? Javobi oddiy: kitobxonlik – shaxsiy masala emas, u jamoat, jamiyat manfaati. Kitob o‘qigan inson yaxshiroq fikrlaydi, o‘z huquq va majburiyatlarini tushunadi, tanqidiy fikrga ega bo‘ladi, radikal g‘oyalarga kamroq beriladi. Bu esa faqat bir insonning emas, butun jamiyat foydasiga xizmat qiladi. Shuning uchun ham, davlatning bu sohaga sarmoya kiritishi, tizimlashtirishi tabiiy jarayon. Bu kelajakka investitsiya kiritishning bir ko‘rinishidir.
Kitob o‘qilmaydigan yoki kam o‘qiladigan jamiyatni manipulyatsiya qilish ancha oson. Bu yerda yolg‘on axborot tez tarqaladi va populizm kuchayadi. Shu bois, davlat fikrlaydigan fuqarolar ko‘payishidan manfaatdor.
Endi kitob nashr etish ishlari bozor qonuniyatlariga to‘lig‘icha tashlab qo‘yilmasligi haqida ham to‘xtalsak. Bozor hammaga ham teng imkoniyat bermasligini yaxshi bilamiz. Agar kitob va kitobxonlik faqat bozor qonuniyatlariga bo‘ysundirilsa, tenglik buziladi. Bu – puli bor odam kitob o‘qiydi, chekka hudud va qishloqlarda kutubxona yoki kitob do‘koni bo‘lmasligi mumkin, degani. Davlat esa aynan shu yerda teng imkoniyat yaratish vazifasini bajaradi. Kitobxonlik, kitob nashr qilish tez foyda keltiradigan soha emas. Bu yo‘nalish biznes uchun har doim ham qiziq emasligini bilamiz. Shu bois, jamiyat rivoji, taraqqiyot asosi sifatida davlat kitobxonlikni turli shakllarda qo‘llab-quvvatlaydi. Deyarli barcha davlatda shu yondashuv ustuvordir.
Dadaxon MUHAMMADIYEV,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori
“Jadid” gazetasining 2026-yil 13-martdagi 11-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
78
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
595
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
593



