18.04.2024 | 10:10
450
O‘ZBEK KUYLARINI QANDAY SAQLASH MUMKIN?

XX asrning 20-yillarida Moskva Davlat teatr san’ati institutida o‘qigan Qori Yoqubiy (Muhiddin Qori Yoqubov)ning mazkur maqolasida o‘zbek kuylarini kelajak uchun saqlab qolish, xususan, ularni notaga solishda fonograf – ovoz yozish uskunasidan foydalanish zarurati aytiladi. Gʻarb san’atidan farqli o‘laroq, Sharq musiqasi tabiatiga ko‘ra alohida yondashuvni talab etadi. Maqolada tilga olingan ayrim masalalar va tarixiy shaxslar bugungi kunda o‘zbek musiqashunosligi o‘tmishini o‘rganish uchun muhim sanaladi.
TAHRIRIYAT
Uzoq yillardan beri xalq bastakorlari va shoirlarimiz tomonidan yozilib, xalq shoirlari og‘zidan aytilib kelingan, ota-bobolarimizdan meros qolayotgan qimmatlik, boy o‘zbekcha kuylar zamonning o‘tishi bilan yo‘qolish darajasiga kelib qolmoqdalar. Zamon o‘tkan sari turmush o‘zgarib va bunga qarab xalqning fikri, hissiyoti o‘zgarganidek, xalq shoirlarining ijodiyotida ham bir qancha yangiliklar yaratilmoqdadir. Ilgari borg‘on sari eski kuylar uzoq burchaklarda, eski xalq shoirlaridag‘ina qolmoqdadir.
Bu ketishda bir necha yil o‘tmasdan eski o‘zbek kuylari oramizdan yo‘qoladir. Yangi bir asar yaratmoqda eskilar ancha yordam beradir, eskini bilganda yangilar ancha mukammal bo‘ladir.
Mana buning uchun eski kuylarimizni saqlash chorasini hozirdan ko‘rishimiz kerak.
Ovrupo musiqasiga, kuylariga nazar solsaq, har bir kuyni notaga solish bilan saqlab kelmakda ekanligini ko‘ramiz. Bizda nota yo‘q. Nota bo‘lg‘onda biz ham kuylarimizni saqlab qolg‘on bo‘lar edik. Bu kuylarning yo‘li, maqomi, tuzilishi va xalqqa bo‘lg‘on ta’siroti bilan yangi nasllarimiz ham oshno bo‘lib, shuning orqasida o‘zbek musiqasida o‘zbek tarixi taraqqiyotini yo‘qotmasliqqa ega bo‘lar edi.
“Ajabo, biz ham kuylarimizni Ovrupo notasiga olib, doim saqlab kelsak bo‘lmaydirmi?” degan bir fikr maydonga chiqishi mumkin. Bu juda yaxshi fikr. Faqat o‘zbek kuylarining notaga olinishini o‘ylag‘onimizda yana shunday bir masala kelib chiqadirki, o‘zbek kuylarini hozir notaga olamizmi, yo‘qmi? Basharti oling‘onda bizda nota yo‘q, albatta, Ovrupo notasiga olinadir. Menimcha, Ovrupo notasiga olish mumkin emas. Bizning o‘zbek kuylarining ko‘pida chorak va nimchorak tovushlar bor. Mana bu tovushlarni olmoq uchun Ovrupo notasi yetishmaydir, bularsiz bizning kuylarni notaga olib bo‘lmaydir. Men buni o‘z tajribam bilan ko‘rdim. 1923-yilda Moskovda tahsilda vaqtimda musiqiyshunos o‘rtoq Mirunov bilan birlikda ko‘p harakatlar orqasida bir necha o‘zbek kuylarini notaga oldirib, bostirib chiqardiq, shuningdek, o‘rtoq Uspenskiy tarafidan “Shashmaqom” va boshqa kuylar notaga olindi.
Endi bu Ovrupo notalari bilan yig‘ilg‘on o‘zbek kuylarini chaldirib o‘qutib ko‘rsak, ajabo, asl kuyni eshita olamizmi? Shunga qanoatlanamizmi? Albatta, yo‘q.
Men hali aytib o‘tkan notani bosdirib chiqarg‘onda ancha muvaffaqiyat qozondiq, degan edim. Lekin hozir tekshirib ko‘rsam, butunlay yanglish ekan. Haligidek chorak, nimchorak tovushlar bo‘lmag‘ondan kuyni aynan ifoda etmas ekan. Hozir o‘shal notalarga o‘zim hech bir qiymat bermayman. Albatta, boshqalari ham shunday. So‘ngra men Rusiya va g‘arbiy Ovrupoga qilg‘on sayohatimda ularning ko‘p musiqiyshunoslari bilan so‘zlashdim. Ular Sharq kuylarini saqlash uchun Ovrupo cholg‘u asboblaridan boshqa Sharq uchun alohida bir uskuna yasab, shuning vositasi bilan ish ko‘rishni ma’qul topadirlar. Sharq uchun ayrim yo‘l tutilishini, ayniqsa, ovrupolik mashhur musiqiyshunos professor Shumman juda to‘g‘ri topadir va o‘zi-da shu yo‘lda ortiq darajada ishlagandir. Chunonchi professor Shumman “funug‘rof” uskunasi vositasi bilan Sharq kuylaridan o‘n besh mingga yaqinini to‘plag‘on va bu kuylarni notaga solish chorasini izlab, natijada o‘zi Sharq kuylari uchun piyoninuga o‘xshash bir cholg‘u ixtiro etkan. Bu haligi chorak, nimchorak tovushlarni bera oladir. Professor Shumman Sharq kuylarini chalib, notaga solish mumkin ekanini bildiradir. Faqat bir achinarli hol borki, Shumman bu cholg‘uni o‘zi chiqorg‘on bo‘lsa ham chala olmaydir. Boshqalarning ham qo‘lidan kelmaydir. Faqat u cholg‘uda ul tovushlarni tayin eta oladir. Endi nima qilish kerak? Shunday keta beramizmi?
Kuylarni to‘plash uchun Ovrupoda, xususan, Germaniyada “funug‘rof” degan uskuna bor. Uni harakatga ketirib turib kuylagan vaqtda, grammofunga o‘xshab butun ovozni o‘ziga yig‘ib oladir. Ikkinchi qaytarib harakatga ketirsangiz, haligi aytkan kuyingizni aynan, hatto o‘z ovozingiz bilan o‘zingizga aytib beradir. Biz hozircha shu uskunadangina foydalana olamiz. Bu uskuna bilan to‘plag‘on kuyni 30-40 yil saqlash ham mumkindir (Komissarlar sho‘rosining raisi Fayzulla Xo‘jayev oldirmoq uchun Germaniyaga sporish berdi, tezda kelib qolsa kerak).
Ovrupo notasiga o‘zbek kuylarini hech olib bo‘lmaydir emas, bo‘ladir. Faqat hammasini emas, ba’zi bir kichik kuylar Ovrupo notasiga juda yopishib keladir. Ammo haligidek chorak va nimchorak tovushliq kuylar yana eski holida qoladir. Bularni yuqorida aytilgan uskuna vositasida olmoqdan boshqa chora yo‘q.
Bu to‘g‘rida musiqa havaskorlaridan o‘z fikrlarini matbuot orqali aytib o‘tishlarini va maslahat berishlarini kutib qolamiz.
Qori YOQUBIY,
O‘zbekiston xalq ashulachisi
“Yer yuzi”, 1926-yil 11-son.
Nilufar NAMOZOVA,
Zabarjad BOBOJONOVA nashrga tayyorladi.
“Jadid” gazetasining 2024-yil 29-mart 14-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
105
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
616
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
612



