12.09.2025 | 16:42
1824
UCH UCHRASHUV
1970-yil. Jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirolmagach, O‘shga qaytib, viloyat gazetasi tahririyatida musahhih bo‘lib ish boshladim. Shavkat Rahmon nomini dastlab o‘sha yerda eshitganman. Shoir, chamasi biron yil shu dargohda musahhih bo‘lib ishlabdi, bu orada yozgan she’rlarini ruschaga tarjima qildirib, Moskvaga yuborgan ekan, Oliy adabiyot kursidan o‘qishga qabul qilingani to‘g‘risida xat kelibdi – she’rlari shunchalik yaxshi ekan. Bilishimcha, Shavkat Rahmon o‘shlik ijodkorlar ichida o‘sha kursda o‘qigan birinchi odam edi. Tahririyat xodimlari uni juda yaxshi ko‘risharkan. Shunchalikki, Shavkat akaning ta’tildan keladigan vaqtini hisoblab yurishar, har kelishi jamoaning katta-yu kichigi uchun bayramday edi.

Shavkat Rahmon yetmish birinchi yilning erta yozida bizda amaliyot o‘tay boshladi. Bilasiz, 70-yillarda biz hali “rivojlangan sotsializm”ga yetib kelmagandik, demak, uni rivojlantirish lozim edi. Buning uchun shaharliklar ham pichan o‘rish, paxta terish va hokazolarga safarbar etilardi. Bahorning o‘rtalaridan to kech kuzgacha bosh muharrirdan tortib farrosh opagacha… dehqonchilik bilan mashg‘ul edik.
Men Shavkat akani ilk bor allaqaysi kolxozning dalasida, piyoz o‘tog‘iga chiqqanimizda ko‘rganman. O‘rtadan tikroq bo‘yli, bug‘doyrang, qotma gavdali yigit ekan. Ammo ko‘zi teran ma’noli, nigohi o‘ychan, nechundir ma’yus va ma’sum edi. Kamgaproq, sipo, ammo kulganida uchqun sochib turadigan ko‘zining jozibasi kishining dilini yorishtirib yuboradigan bir xislatga ega ekan. Egnida sarg‘ish ko‘ylak, moskovcha rusum bilan tikilgan qora katak shim, uchli tuflisini avaylab bosardi. Shoir bilan asosan redaksiyaning ulug‘ yoshli xodimlari gaplashar, biz odobli mullavachcha kabi chetroqda turardik.
Ammo yoshlik – yoshlik-da, o‘sha kuni tushlik mahali bolalar shoiri, hazilkashimiz Tursunboy Adashboyev bir o‘yin topdi: sho‘rva qaynayotgan huv o‘sha shiypongacha tuproq yo‘ldan kimo‘zarga poyga chopishamiz deb turib oldi. Bi-ir chopib ketdik, desangiz. Tursunboy aka hammamizni bolaga aylantirib qo‘ydiyov. U yoqda nozikkina shoira qizlar himarilib tomosha qilib turishgan bo‘lsa! Shoirlik kimning esiga keladi bunaqa paytda? Chang-to‘zon ichidan Go‘ro‘g‘li sultonday bo‘lib chiqib kelsak, hammaning tishlari yaraqlab ko‘rinadi – uch-to‘rt kundan beri dala oftobi, qolaversa, bu “poyga”ning chang-to‘zonida habashdekkina bo‘lib ketgan ekanmiz. Shavkat Rahmon bilan shu tariqa tanishib, yaqinlashib ketgandik.
Shavkat Rahmon har kelishida viloyat gazetasiga she’rlarini taqdim etar, ular shoirning qaytishiga qadar chop etilardi. O‘sha yillardagi gazeta taxlamlarini qarasangiz, Shavkat Rahmonning birtalay dilbar she’rlariga duch kelasiz.
Men buni alohida ta’kidlab aytayotganimning sababi bor. Gap shundaki, shoir sifatida Shavkat Rahmonning ijodiy yo‘lida o‘ziga xos uch davr – uch bosqich borday, nazarimda. Bulardan birinchisini shartli ravishda O‘sh, ikkinchisini Moskva, uchinchisini esa Toshkent davri deb atasa bo‘lar, ehtimol. O‘qishning dastlabki yillarida Shavkat Rahmonning she’rlarida hali O‘sh ruhi – sodda va samimiy bir ifor taralib turganday edi.
Oradan yillar o‘tdi, bu vaqt ichida men Toshkentga o‘qishga kirdim, Shavkat aka esa adabiyot kursini tamomlab, Toshkentda, nashriyotda ishlay boshladi. Bu yillarda Shavkat Rahmon, garchi jo‘shqin bir shoir sifatida adabiy davralarning markazida turgan bo‘lsa-da, izlanishda edi – o‘z ruhiga mos keladigan adabiy olamni topish, undan o‘rganish, yanada o‘sish, yangicha tuyg‘u va kayfiyatga oshno bo‘lish va bularni she’riyatga olib kirish niyatida edi. U Lorkaning she’riy dunyosiga shu zaylda kirib bordi. Ispan shoirining qizg‘in va otashin muhibiga aylandi. Kutilmagan tashbehlarga boy, shaklan butunlay o‘zgacha, an’anaviy o‘zbek she’riyatidagi qoliplarga sig‘avermaydigan stixiyani anglab, she’riy tafakkur prizmasidan o‘tkazish, Lorka badiiyatini o‘zbek tilida ifodalash Shavkat Rahmonning ko‘p yillarini oldi.
Tabiiyki, Lorka bilan “o‘rtoq tutinish” shoir ijodida izsiz ketmadi. Bu izlanishlar samarasi o‘laroq, Shavkat Rahmon she’rlarida keskin bir shiddat, Lorka she’rlarida ko‘p uchraydigan “mahalliy” manzaralar tasviri, dali-g‘uli soddalik, to‘satdan yopiriladigan tuyg‘ular paydo bo‘ldi. Va aynan mana shular keyinchalik shoir ijodidagi yetakchi o‘ziga xosliklardan bo‘lib qoldi. Ammo boya aytganim – dastlabki yillar ijodiga xos bo‘lgan mungli, ma’sum she’rlar asosan O‘sh gazeti sahifalarida qolib ketdi.
Moskvada yozgan bir she’rida Shavkat Rahmon shu paytga qadar yozgan she’rlari jamlangan daftarni yoqib yuborgani, she’rlar chirs-chirs yonib olovga aylanayotganida zarracha ham achinmay qarab turganini tasvirlagandi. Menimcha, bu shunchaki badiiy xayol emas, bor gap, shekilli. Agar shunday bo‘lsa, bu betakror qalam sohibining havaskorlik chog‘idagi she’rlarini endi ana shu gazeta taxlamlari orasidan topib, tiklash mumkin bo‘ladi, xolos. Bu juda zarur. Zero, Shavkat Rahmonning ana shu ilk she’rlari uning ijodidagi o‘ziga xosliklarni yanada teranroq aks ettiradi. Dastlabki yillardagi ma’sum soddalik, samimiylik Lorka ruhiga xos ajabtovur tashbehlarga omixta bo‘lib, Shavkat Rahmon ijodining uchinchi bosqichini belgilab berdi. Bu davr she’rlarida u tuyg‘ularning achchig‘ini, iztirobga soladiganini eng teran milliy ifodalar bilan tasvirladi.
…Orada Shavkat Rahmon bilan ko‘rishib turdik. Biroq u kishi badiiy ijodda, biz esa ilmiy sohada faoliyat yuritganimiz sabab uchrashib qolgan chog‘larimiz asosan salom-alik, hol-ahvol so‘rashish bilan cheklanardik. Bu orada yodimda qolgani shuki, O‘zFA Til va adabiyot instituti direktori rahmatli Matyoqub Qo‘shjonov adabiyotshunos olimlar ijodkorlar bilan bevosita muloqotda bo‘lishsin, deya yozuvchi va shoirlarni institutga tez-tez chaqirib, uchrashuvlar uyushtirib turardi – shunaqa yaxshi odati bor edi.
80-yillarning oxirrog‘i edi, shekilli, Shavkat Rahmon, Xurshid Davron, Usmon Azim va hokazo bir necha yosh, peshqadam shoirlar institutimizga kelishdi. Taajjubki, bu yosh shoirlarning ba’zisi davra to‘rida o‘tirgan ko‘yi, allaqanday taltayish-u kekkayish bilan davradagi taniqli allomalar qarshisida kresloga deyarli yotib olishgan, chalkashtirgan oyoqlari olimlar tomon bepisand uzatilgan edi. Dahosifat gaplari, oliftanamo sigaret tutatishlari ham allaqanday o‘xshovsiz tuyulardi. Holbuki, davrada Izzat Sulton-u Homil Yoqubovday zotlar ham bor edi. O‘shanda men Shavkat Rahmonning bir fazilatini kashf etdim: u juda kamtar, oddiy va samimiy inson ekan. Biroz bo‘g‘iq, ammo hayajonli ovoz bilan she’r o‘qidi, ijodiga doir savollarga javob qaytardi, tinglovchilarga rahmat aytib, joyiga o‘tirdi.
…1990-yilda qirg‘iz adabiyotining oqsoqoli To‘qtag‘ul tavalludining 125 yilligi Qirg‘izistonda bir hafta bayram qilib nishonlandi. To‘ymisan to‘y bo‘ldi. O‘sha paytdagi davlat rahbarlaridan birining: “Qirg‘izistonda To‘qtag‘ul to‘yidan kattaroq tantana bo‘lishi mumkin emas”, degan so‘zidanoq ushbu bayram shukuhini tasavvur qilsa bo‘ladi.
Bu anjumanga O‘zbekistondan o‘n kishi mehmon bo‘lib qatnashgan edik. Bayramning tantanali ochilishi va ikki kunlik xalqaro ilmiy konferensiyadan so‘ng bizga muntazir bo‘lib turgan 50 ta avtobusga o‘tirib, Qirg‘iziston janubiga – To‘qtag‘ul tug‘ilib o‘sgan Ketmontepaga yo‘l oldik. Dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan mehmonlar bayramga o‘zgacha bir fayz bag‘ishlar edi. Yo‘l bo‘yi hazil-huzullar, ilmiy bahslar, o‘zaro tanishuvlar, har bir mehmon yo mezbonning o‘z ona tilida she’r o‘qishi yo ashula aytishi, deganday…
Har bir avtobusning yarmida odamlar bo‘lsa (yo‘l juda baland, vahimali Tuyaoshuv dovonidan o‘tadi axir), yarmi qirg‘izlar “yo‘loziq” deb ataydigan noz-ne’matlar bilan to‘la. Qirg‘iz mezbonning qo‘lini qaytarib kim baraka topibdi? Nihoyat, dunyoning eng baland suvayirg‘ichlaridan biri – qirg‘izlar “oq qor-u ko‘k muz” deb ataydigan Olatov o‘rkachidagi yarim soatlik hordiq chiqarish paytida Shavkat aka bilan yo‘liqib qoldik. Ularning avtobusi shoirlarniki, biz minganimiz olimlarniki bo‘lganidan, kechagi kundan beri endi ko‘rishishimiz edi.
Nima uchundir, Shavkat Rahmonning mashqi pastroq, kayfiyati ham lanj edi.
– Ha, Shavkat aka, nima bo‘ldi, – deb so‘radim. – Mazangiz yo‘qmi?
– E, ko‘rmaysizmi, – shoir o‘zi tushib kelgan avtobusga ishora qildi. – Bularning hammasi ichar ekan, kayf bilan kelishyapti. Gaplashib o‘tirishga odam yo‘q.
Men shoirning ichmasligini bilmas ekanman. Purviqor, ulug‘ tog‘lar oralab ixlos bilan o‘tib kelayotgan pokiza shoirga hurmatim yanada oshdi.
Shavkat aka meni o‘z avtobuslarida birga gaplashib ketishga taklif etdi, yonidagi joy bo‘shligini aytdi. Ammo men allanimalarni bahona qildim, biznikilar meni yo‘qotib qo‘yishsa xavotirlanishadi, dedim, xullas, six ham, kabob ham kuymaydigan tarzda, dilini og‘ritmaslikka harakat qilib rad etdim. Asl sabab esa boshqa yoqda edi: ko‘ngil o‘lgur bo‘shroq, mezbonlar astoydil “so‘ranib” turib olgan chog‘da, noiloj… degan andishada… Holbuki, agar men o‘shanda dovondan to To‘qtag‘ul shahriga qadar Shavkat Rahmon bilan birga ketsam, bu mening shoir bilan qurgan eng uzoq va chin ma’nodagi suhbatim bo‘lar ekan. Endi bilsam, o‘shanda shoir zo‘r hayajonda ekan, qardosh xalq so‘z san’atkorining tavallud kunlari, uning turbatiga ketayotgan bir ijodkor sifatida To‘qtag‘ul asarlari, ulardagi sodda xalqona ifodalarini o‘zbek tilida qanday aks ettirishni o‘ylab ketayotgan ekan. Shu safardan keyin u To‘qtag‘ulning o‘ndan ortiq she’rini o‘zbek tiliga tarjima qildi.
Endi menga shunday tuyuladiki, Shavkat Rahmon umrining juda qisqa ekanini botinan payqaganday, ichkilik ichib, vaqtixushlik qilishga ham vaqti yo‘qligini bilganday… Darhaqiqat, o‘qigan odam biladi, uning she’rlari – juda hushyor, tiyrak she’rlar, nazarimda, ular sarmast aljirayotgan odamni ham o‘ziga keltirguday darajada hushyor bo‘lib tuyuladi.
Ozgina, unda-bunda ko‘rishib qolgan chog‘larimizdan bilganim, Shavkat aka avvalo mard odam edi. Bir so‘zli, o‘ta prinsipial, prinsip uchun biron kishiga, hattoki vaqtincha, loaqal murosayi madora uchun ham… aslo yon bermaydigan hassos shaxs edi. Qo‘rqmas, dangalchi, dadil. Albatta, bu gaplarning zaminida ham bir talay voqealar turibdi, biroq ba’zi sabablarga ko‘ra ularni bu o‘rinda keltirishim durust emasday…
Yana bir o‘ziga xosligi – ona shahri O‘shga ayricha muhabbat qo‘ygan edi, unga ming-ming rishtalar bilan bog‘langandi. O‘shliklar orasida uni tanimaydigan, yo otini eshitmagan odamlar bo‘lmagani kabi, o‘zi ham behisob o‘shliklarni, uning tevaragidagi yuzlab odamlarni tanir, ular bilan qadrdon edi. Shavkat Rahmonni o‘shliklar bu qadar ehtirom qilishining sababi – uning zo‘r shoirligigina emas, nazarimda. 80–90-yillarda uning Toshkentdagi kamtarona kvartirasi O‘shdan keladigan shoir-yozuvchilar, jamoat arboblari uchun ma’lum ma’noda qarorgoh bo‘lib qolgan edi. Toshkentda turib, Shavkat Rahmon ona shahridagi ijtimoiy-ma’naviy muhitga, adabiy hayotga faol aralashar, unga qo‘lidan kelgancha yordam berar edi. Xuddi shu sabab, mash’um O‘sh voqealari uning yuragiga beadad iztirob soldi, talay vaqt u beomon va vahshiyona taloto‘plardan o‘ziga kelolmay yurganini ko‘rgan edim. Oradan birmuncha vaqt o‘tib, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida Shavkat Rahmonning “MA(x)FIYa” degan mashhur maqolasi bosilib chiqdi. Unda shoir ajib bir xolislik bilan ana shu voqealar negiziga nazar tashlagan va uni chet kuchlar palid niyatlarini amalga oshirish uchun uyushtirganini dalillab ko‘rsatib bergan edi…
Yana she’riyatga qaytsak. Shavkat Rahmon ijodi haqida mening fikrim shuki, XX asr o‘zbek she’riyatini bir kitob desak, uning muhim sahifalari Shavkat Rahmon va uning tengdoshlari ijodidan tashkil topgan. Mustaqillik arafasidagi va hurriyat davri o‘zbek she’riyatining asosiy ruhi – Shavkat Rahmon she’rlari ruhi bilan uzviy payvasta. Binobarin, keyingi asr so‘z san’ati uchun u o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘taydi. Demak, Shavkat Rahmon va uning hamnafas do‘stlari ijodini teran tadqiq etish hozirgi adabiyot ilmi oldida turgan dolzarb vazifalardan biridir.
Zuhriddin ISOMIDDINOV
“Jadid” gazetasining 2025-yil 12-sentyabrdagi 37-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
68
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
587
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
584



