15.09.2025 | 08:55
529
XO‘SH, O‘ZIMIZ-CHI?..
Inson o‘z fe’lidan ko‘rmaydi-da, hayotning beshafqatligidan noliydi, o‘z dangasaligi, uquvsizligini hisobga olmaydi-da, tuzumdan, tizimdan shikoyat qiladi. O‘zining xudbinligidan qutulish xususida bosh qotirmaydi-da, omad kulib boqmayotganidan, quyosh uning yelkasiga ko‘proq nur yog‘dirmayotganidan o‘kinadi. O‘zgalarga mehr qo‘yish, naf yetkazish borasida qayg‘urmaydi-da, unga iltifot-u muruvvat ko‘rsatishmayotganidan g‘ijinadi. Yo shunday emasmi?..

Ha, hasratga, nolishga, zorlanishga, domangirlikka moyillik aksariyat kishilarga xos xususiyat. Albatta, bunday iddaolarning hammasini ham asossiz deb bo‘lmaydi, ular orasida zamonga, makonga qarab e’tibor berilishi, chora ko‘rilishi zarur mulohazalar, tanqidiy fikrlar bo‘lishi tabiiy. Lekin “Allohniyam, tavbaniyam ayt”, deganlariday, talab qo‘yayotgan odam adolat-u insof yuzasidan: “Xo‘sh, o‘zim-chi, ana shu iddaolarimga munosibmanmi, shunday talablar qo‘yishga ma’naviy haqqim bormi, yuz berayotgan nosozlik, noqisliklar, yo‘l qo‘yilayotgan nomatlub ishlarda mening ham hissam yo‘qmi?” deb o‘ziga savol berib ko‘rishi ham kerak.
Gapni uzoqdan boshlashga sabab shuki, bir necha oydan beri Andijon shahridagi Alisher Navoiy nomidagi markaziy madaniyat va istirohat bog‘i to‘g‘risida har turli mish-mishlar urchimoqda. Birov bog‘ bo‘linib, tadbirkorlarga berib yuborilibdi, desa, birov dov-daraxtlar kesilib, ko‘l, amfiteatr-u boshqa inshootlar buzilib, tekislanib, o‘rniga ko‘p qavatli uy-joylar qurilarmish, deb ko‘ngilga g‘ulg‘ula soladi…
Manbalarga ko‘ra, bog‘ o‘tgan asrning 30-yillari boshida hashar asosida barpo etilgan bo‘lib, masalan, 1931-yil bahor kunlarining birida qurilishda 2500 dan ortiq kishi qatnashgan ekan.
Men bu yerni 50-yillarning oxirlaridan beri bilaman. Yam-yashil butazor-u anvoyi gulzorlarga burkangan bog‘da bahordan kech kuzgacha hamisha dam oluvchilar, ziyoratchilar gavjum bo‘lib, kurash va boshqa musobaqalar, sayillar, askiyabozliklar, turli-tuman madaniy-ma’rifiy tadbirlar ko‘p, juda ko‘p o‘tkazilardi. Bog‘ chekkalaridagi qator choyxonalarda nuroniy oqsoqollar-u o‘rta yoshlilar oshxo‘rlik qilib, miriqib suhbat qurishar, bog‘ o‘rtasidagi kattagina ko‘lda yoshlar motorli, motorsiz qayiqlarda suzib, ko‘ngil hushlashardi. Halinchaklar yonida yosh-u bo‘y qizlar, har turli o‘yin maydonlari oldida aksariyat bolalar, o‘smirlar uymalashib, chug‘urlashib, navbat kutib turishardi. Halinchak uchayotganlar, attraksionlarda o‘ynayotganlarning shodon qiy-chuvlari osmonga o‘rlardi. Baxtiyor yigit-qizlarning quvnoq kayfiyati, yosh ota-onalarning chiroyli kiyingan o‘g‘il yo qizchasini o‘rtaga olib, ikki qo‘lidan tutgancha bog‘ ichida masrur aylanib yurishlari nihoyatda zavqli, ibratli, havasli manzara-holatlar edi. Yemak-ichmakxona borasida muammo yo‘q edi.
Bog‘ etagida viloyat teatrining usti ochiq yozgi binosi bo‘lib, har oqshom “Layli va Majnun”, “Farhod va Shirin”, “Tohir va Zuhra”, “Boy ila xizmatchi”, “Maysaraning ishi”, “Xolisxon”, “Rustam”, “Ishq bilan o‘ynashma” kabi spektakllar namoyish etilar, taniqli san’atkorlar ishtirokida katta konsertlar qo‘yilar, tomoshaga kirish uchun chipta topish mahol edi. Xullas, yarim tungacha bog‘dan odam arimasdi.
2000-yili ko‘lning o‘ng – kun chiqish tomoniga bayram tantanalari va boshqa tomoshalar o‘tkaziladigan salobatli, minglab tomoshabinga mo‘ljallangan Amfiteatr qurilgach, bog‘ning qiyofasi yanada zamonaviylashib, ijtimoiy vazifasi ortdi, ko‘rkiga ko‘rk, fayziga fayz qo‘shildi.
Bog‘ning asosiy boyligi, o‘ziga xos “jihoz”i va har qanday kishi diqqat-e’tiborini o‘ziga darhol jalb etadigan “eksponat”i ko‘lning chap tarafida qanotlarini yozib turgan, kitob va ommaviy axborot vositalarida “Burgut”, “Ramziy burgut”, xalq orasida esa “Semurg‘” deb yuritiladigan (men ham uni o‘sha afsonaviy Semurg‘ timsoli degan bo‘lardim) bir necha tonna hajmdagi mahobatli yodgorlik – ulkan qush haykalidir. Menimcha, mamlakatdagi bironta madaniyat va istirohat bog‘ida qush zotiga o‘rnatilgan bu darajadagi bahaybat va g‘aroyib obida bo‘lmasa kerak. Burgut (Semurg‘) go‘yo uzoq o‘lkalardan, tog‘-u toshlardan uchib kelib, chanqog‘ini qondirish uchun tumshug‘ini ko‘lga cho‘zib turgan holatda tasvirlangan. Qushning bir necha metrli uzun qanotlari osti qahvaxona bo‘lib, dam oluvchilar ko‘ldan esadigan mayin shabadada muzqaymoqxo‘rlik qilishardi. Aslida, bog‘ ana shu yodgorlikni ko‘rish, miriqib tomosha qilish va hayratlanish uchun ham kirishga arziydi. Zero, o‘zbek xalq ertaklari va afsonalarida ijobiy qahramonlar, yaxshi insonlarning sadoqatli do‘sti, himoyachisi, eng og‘ir vaziyatlarda ularni xalos etuvchi oliyjanob qush – Semurg‘ obrazi mehmonlar-u mezbonlar uchun eng qiziqarli va zavqbaxsh tomosha edi…
Bog‘ ostonasida mehmonlar-u dam oluvchilarni buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning bronzadan ishlangan ulug‘vor siymosi xush takallum ila qarshi olardi. Mabodo, bog‘ning mazmuni, vazifasi o‘zgarib ketguday bo‘lsa, hazrat Navoiyning holi nima kechadi, degan savol ham aholida ancha-muncha sarosima uyg‘otgani bor gap…
Xullas, ana shu bog‘ taqdiri ayanchli yakun topayotgani to‘g‘risidagi gaplar ko‘plarni, asosan, ziyolilar qatlamini xavotirga, tashvishga solgani rost. Negaki, odamlar qatnovi kamayib, fayzi qochgani bois, bog‘ faoliyati ancha vaqtdan beri to‘xtab qolgan, hudud egalari ko‘chib ketgan hovli misol huvillab yotar edi. Balki shunday sabablarga ko‘ra bog‘ni foydali, samarali maskanga aylantirish borasida har xil fikrlar, mushohadalar tug‘ilsa-tug‘ilgandir, turli takliflar, tavsiya va maslahatlar o‘rtaga tashlangandir…
Darvoqe, oromgoh-bog‘larning kimsasiz, e’tiborsiz, qarovsiz qolishi Andijon shahrida yagona hodisa emas. Bir zamonlar Eski shahar hududiga qarashli ko‘lli oromgoh ham dam oluvchilar nazaridan chetda qolgach, o‘ttiz yil avval Nodirabegim tavalludining 200 yilligi munosabati bilan qayta loyiha qilinib, ta’mirlanib, sayilgohga aylantirilgan edi. Dastlab bog‘ga odamlar qaytganday bo‘ldi, keyingi paytlarda bu hudud yana deyarli kimsasiz qoldi. Hozir bu bog‘ning taqdiri ham muallaq bo‘lib turibdi.
Yana bir misol. Xalqimizning ardoqli farzandi Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon ijodi va nomi batamom oqlangach, u tug‘ilib-o‘sgan shaharning Soy mavzesida viloyat va Andijon shahar hokimliklari bosh-qoshligida Cho‘lpon nomidagi yangi bog‘ barpo etilib, manzarali daraxtlar, anvoyi gullar ekildi. Bolalar uchun attraksion o‘yinlar o‘rnatildi, bog‘ chekkalarida choyxonalar tashkil etildi. Eng asosiysi, bog‘ning kiraverishiga zamonaviy, maxsus binolar qurildi, Cho‘lpon muzeyi barpo etildi. Muzey ko‘p izlanish va zahmatlar bilan shoir hayoti va ijodiy faoliyatini aks ettiruvchi eksponatlar – kitob va qo‘lyozmalar, suratlar, kiyim-bosh, uy-ro‘zg‘or buyumlari, boshqa ashyolar bilan jihozlandi. Andijonning ma’rifatparvar farzandi Zokirjon Mashrabov va boshqa fidoyi xayrixohlar tashabbusi va tashkilotchiligida Toshkent shahridagi 30-yillarda qatag‘onga uchraganlar otilgan Bo‘zsuv qirg‘og‘idan – qancha begunohlar qatliga guvoh bo‘lgan makondan tuproq olib kelinib, mazkur bog‘da Cho‘lponning ramziy qabri bunyod etildi, bog‘ markaziga esa shoirning salobatli haykali o‘rnatildi.
O‘shanda biz – ijodkor-ziyolilar, Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lponning vorislari haq joyida qaror topganidan, yana bir ulug‘, mo‘tabar yurtdoshimiz o‘zining haqli izzat-ikromiga erishganidan boshimiz ko‘kka yetguday suyungan edik. O‘ylagandikki, ishongandikki, bu bog‘ andijonliklarning, shahrimiz mehmonlarining suyukli oromgohi, muzey esa gavjum va qadrli ziyoratgoh bo‘lajak.
Dastlab biz kutganchalik bo‘lmasa-da, har qalay, uzoq-yaqindan Cho‘lponning ixlosmandlari, ma’rifatsevar kishilar kelib muzeyni ziyorat qila boshladilar, bog‘ga odamlar kirib, o‘yin maydonlarida bolalarning qiyqiriqlari yangrab turdi, choyxonalar ham ishladi. Lekin, hayhotki, bunday gavjumlik, tashriflar uzoqqa cho‘zilmadi, yildan yilga keluvchilar qadami siyraklasha bordi va… to‘xtadi. Ramziy qabr ham, haykal ham mung‘ayib, g‘aribona tusga kirdi. Muzey xodimlarining ko‘zlari eshikda, yo‘lda qoldi…
Viloyat-u shahar rahbarlarining yana boshi qotdi. Odamlarga nima bo‘lyapti o‘zi? Katta yo‘ldan nari borsa yuz qadam ichkariga kirishga ham erinyaptimikin? Chora topildi: asosiy ko‘cha bilan bog‘ oralig‘ida kattagina xiyobon yaratildi va Cho‘lponning haykali viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov tashkilotchiligida, shahar nuroniylari, ziyolilar va boshqa soha vakillari ishtirokida ana shu xiyobonning aylana yo‘lga yaqinroq joyiga tantana bilan ko‘chirildi – odamlar loaqal ko‘chadan piyodami, ulovlardami nazar solib o‘tishar, degan niyatda.
Xo‘sh, odamlar astoydil qarab, loaqal ko‘z tashlab, mana shunday ajdodlarimiz, ulug‘larimiz bor-a, deya faxrlanib, bu jasoratli va fidoyi adib to‘g‘risida o‘g‘il-qizlari, nabiralariga so‘zlab, ibrat qilib ko‘rsatib o‘tishyaptimi – aniq bir narsa deyish qiyin…
Aytganday, madaniyat, san’at dargohlari – viloyat teatri, adabiyot va san’at muzeyi, o‘lkashunoslik va tarix moziygohiga qatnovlar haqida ham faqat taajjub va taassuf bildirish mumkin.
Xo‘sh, nega shunday bo‘ldi va bo‘lyapti? Aniqrog‘i, nega shundaymiz? Chunki kitob, badiiy asar o‘qishdan, teatrga tushib spektakl ko‘rishdan, ommaviy ko‘ngilochar sayillardan uzoqlashib, qay birimiz faqat televizor kanallaridagi bachkana, tor maishiy mavzudagi seriallar bilan andarmon bo‘lib qoldik: qay birimiz kecha chiqqan estrada artistlarining gala-gala konserti, bachkana qo‘shiqlari bo‘lsa, o‘zini tomdan tashlaydigan, qiy-chuvdan, baqir-chaqirdan, qarsakbozlig-u yer tepishdan yayraydigan toifaga aylandik. Ijtimoiy tarmoqlar degan, ziyoni foydasini mudom toptab turadigan bir baloyi azim erkag-u ayolning, o‘smirlar-u bolalarning, umuman, hammaning aql-u xushini oldi – odamzod bu mitti qutining jodusiga osongina rom bo‘lib, domiga ilina qoldi (har qalay, boshqa asos, dastak topish qiyin).
Kitob o‘qimaslik, bog‘ga kirmaslik, teatrga tushmaslik, farzand-u nabiralarning o‘qimishli, ilmli, ijodkor, ixtirochi, kashfiyotchi, umuman, el-yurt koriga yaraydigan, jamiyatga nafi tegadigan shaxs bo‘lishlari uchun jon koyitmaslikda, ayniqsa, loqaydlikning hissasi kattadir. Taniqli davlat va jamoat arbobi, yozuvchi Sharof Rashidov bejiz shunday deb kuyunmagan: “Dushmanlaringdan qo‘rqma, ular nari borsa, seni o‘ldirishlari mumkin, do‘stlaringdan qo‘rqma, ular nari borsa, seni sotishlari mumkin, loqaydlardan qo‘rq…”
Ha, aybni o‘zimizdan emas, o‘zgalardan izlaymiz, kattalardan yozg‘iramiz. Minnatdorlikni, rozi bo‘lishni, shukr qilishni, rahmat aytishni, qanoatni, uzr so‘rashni unutib qo‘yamiz, ammo yozg‘irishni, ta’na qilishni, talab etishni aslo unutmaymiz. Aksincha, o‘zimizga bog‘liq, o‘zimiz sodir etadigan nosozliklarni ham o‘zgalar gardaniga ag‘darish payida bo‘lamiz.
Darvoqe, yaqinda Navoiy bog‘ida o‘tkazilgan viloyat ziyolilari vakillari ishtirokidagi maxsus yig‘ilishda bog‘ taqdiri muhokama qilinibdi. Viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov bog‘ni tadbirkorlarga ham, boshqalarga ham berish yoki ko‘p qavatli uy-joylar qurish haqida hech qanday reja yo‘qligini, balki uni qayta ta’mirlab, chinakam oromgohga aylantirishga tayyorgarlik ko‘rilayotganini aytgach, ziyolilar va boshqalarning ko‘ngliga yorug‘lik tushibdi. Demak, endi hamma gap oddiy xalq vakillarida – ular o‘zlariga yaratilgan qulayliklar, imkoniyatlar-u shart-sharoitlardan qanday foydalanishlarida. Zero, oromgohlar-u sayilgohlarni obod-gavjum, fayzli qiladigan, ziyoratgohga aylantiradigan ham xalq, kirmay, befayz qiladigan ham aslida, xalq, odamlar-ku!..
Qamchibek KENJA,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi
“Jadid” gazetasining 2025-yil 5-sentyabrdagi 36-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



