24.09.2024 | 11:24
551
“QARS IKKI QO‘LDAN… QARZ-CHI?”
Yoxud qarmoqni ham ishtiyoqmand ovchiga berish kerak
…Tog‘amning o‘g‘li harbiy xizmatdan keyin ma’lum muddat yo‘l qurilishi idorasida ishladi, ammo qatnab ishlash joniga tegdimi bir kunda bo‘shadi. Mana o‘n besh yillar bo‘ldi, biror korxona yoki tashkilotda ishlamaydi.

Yaqinda kelin tushirdi, el qatori to‘y berdi. Besh yil oldin yangi rusumdagi yengil mashina ham olgandi. Yana uch nafar farzandi ham bor. To‘y-u yengil mashina… va ro‘zg‘or qozoni nima hisobdan, degan haqli savol tug‘iladi. Ayrimlarning xayoliga chetda ishlayotgandir degan o‘y kelgandir. Yo‘q, u qirq besh yoshga kiribdiki, hali yurtimizdan chetga chiqib ko‘rgani yo‘q.
Besh yil oldin ishdan qaytayotganimda avtobusda gurunglashib keldik. Nima ishlar boshida ekani bilan qiziqdim. “Ertalab Hazorasp tumani markazidagi “mardikor bozori”ga boraman. Xudoga shukr, har kuni biror yumush topiladi. Kuniga yuz ellik-ikki yuz ming so‘mcha ishlab topaman. Yana ikki mahal issiq ovqati ish beruvchi tomonidan”.
Bu yoqda ayoli bir bosh sog‘in sigir va ikki bosh novvos boqadi. Tomorqasida ro‘zg‘or qozoniga tushadigan oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishadi. Yana, bir mavsumda ikki marta hosil ko‘tarishadi ham.
Uning oilasi turli-tuman atamali daftarlarda qayd qilinmagan. Garchi oilasida hech kim biror joyda ishlamasa-da. Mahalla raisi – ammasining o‘g‘li tanish-bilishlik qilib, o‘sha daftarlarning birortasiga tirkamagan. Sababi, el qatori ko‘rkamgina imorati, yana yangi yengil mashinasi bor. Yilda bir marta yengil mashinasida oila a’zolarini vodiy tomonlarga sayohat-u ziyoratga olib borishga vaqt, imkon, mablag‘ topadi ham.
Tog‘amning mehnatkash o‘g‘lini ko‘plarga ibrat sifatida ko‘rsataman. Axir “Harakatda – barakat”, “Qimirlagan qir oshar” degan otaso‘zlarimiz bor! Mardikorlik ayrimlar nazdidagidek uyatli yumush emas – mardning kori mazmuniga bir boqing!
Ammo yana afsuski, “Bersang – yeyman, ursang – o‘laman” degan otaso‘zi ham bizlarga tegishli. “Osmondan chalpak yog‘ishini kutish…” qabilidagi kinoyali iboralarni ham qachonlardir bobolarimiz o‘ylab topishgan.
Bu otaso‘zi va ibora ayrim qatlam vakillariga tekkizib aytiladi – yetti muchasi sog‘, ammo birovlardan (davlatdan desak to‘g‘ri) ehson-u (shu qatlamga ehson so‘zi yopishmaydi-da) yordam kutadigan ishyoqmas, boqimandalarga.
…Tuman hokimining sayyor qabulida qatnashishimga to‘g‘ri keldi. Bo‘yi naqd ikki metr keladigan alpqomat bir yigit “Ro‘zg‘orimda yetishmovchilik, moddiy yordam bersangiz”, deganida hayratdan yoqa ushladim. Hali hokim savol bermasidan oldin o‘zimni tuta olmay “Biror joyda ishlasangiz bo‘lmaydimi?” deb yubordim. Yigit menga o‘qrayib qaradi: “Buning sizga aloqasi yo‘q! Men hokimga murojaat qilyapman!” Hokim ham unga ayni shu savolni berdi. “Oldin yuborgan ishxonangizning maoshi oz ekan”, deb ming‘irladi u. “Turmush o‘rtog‘ingizni to‘quvchilik sexiga ishga qo‘ygandik, ammo bir oy ishlamay tashlab ketibdi. Sababi ne?” deb so‘radi hokim. Yigit bunga ham e’tiroz aytdi: “Ish vaqti to‘g‘ri kelmadi…” “Hammaga to‘g‘ri kelgan ish vaqti nega to‘g‘ri kelmaydi. Sog‘ligi joyidami?”
Yigit yana qandaydir e’tirozlarini ayta boshladi. Men shu o‘rinda tog‘amning o‘g‘lining tirikchiligi haqida gapirishga majbur bo‘ldim, gap orasida “Tog‘amning o‘g‘lining bo‘yi 1 metr-u 65 santimetr, vazni 65 kilogramm” deb atay qistirib ketdim…
Yuqoridagi holatlarni nimaga esladim?
Yaqinda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida Yurtboshimiz ma’ruzalarida keltirilgan raqam va faktlarga e’tibor qaratar ekanman, Bosh qomusimizda kafolatlangan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yurtimizda so‘nggi yillarda juda ko‘p xayrli ishlar amalga oshirilgani va bu tizim muvaffaqiyatli ishlayotganiga guvoh bo‘ldim. Prezidentimiz kambag‘allikni qisqartirish borasida ishlar yaxshi yo‘lga qo‘yilgan tumanlar qatorida Xorazmdan Xonqa tumanini tilga oldilar. Afsuski, bu borada ishlar o‘lda-jo‘lda bo‘lgan tumanlar qatorida Tuproqqal’a tumani eslab o‘tildi.
Xonqa viloyatdagi aholi soni bo‘yicha oldingi o‘rinlardagi tuman. Bugun tumanda salkam ikki yuz ming aholi istiqomat qiladi. Aholi zich, yer maydonlari cheklangan. Tumanda uch yil oldin kambag‘al oilalar soni umumaholi sonining 23 foizini tashkil qilgan bo‘lsa, bugunda bu ko‘rsatkich 14 foizga tushgan. Yil oxirigacha ko‘rsatkichni 6,2 foizga tushirish uchun bir qator loyihalar amaliyotga aylantirilyapti.
Xo‘sh, nima evaziga bu qadar katta siljishga erishilgan?
Tumandagi 44 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarida amaldagi yilning o‘tgan davrida “Sayxunobod tajribasi” bo‘yicha har bir mahallada 10 tadan mikroloyiha tashkil qilinib, bunga 29 milliard so‘m sarflangan. Shu hisobdan 1130 ish o‘rni yaratilgan. Yil yakunigacha yana har mahallada
30 tadan mikroloyiha amaliyotga aylantirilishi uchun ishlar ketyapti. Shu hisobdan tag‘in 2431 ishchi o‘rni yaratilishi kerak. Buning uchun jami 98 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zlangan.
Yoki “Uychi tajribasi” bo‘yicha 3750, “Gʻijduvon tajribasi” bo‘yicha 440 ta ish o‘rni yaratilgan. So‘nggi tajriba doirasida 4 ta mahalladagi 60 ta sanoat binosi yakka tadbirkorlik qiluvchilar ixtiyoriga berilgan. Shuningdek, “Zarbdor tajribasi” bo‘yicha 8 ta “drayver” loyihasi ishlab chiqilib, bunga salkam 155 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.
Umuman aytganda, yilning o‘tgan davrida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, “Biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” hamda “Biznesga birinchi qadam” dasturlari bo‘yicha 2199 subyektga 71 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratilib, shu hisobdan salkam uch ming kishining bandligini ta’minlashga erishilgan. Yil oxirigacha ayni shu dastur doirasida yana 1600 ta ishchi o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.
Yilning o‘tgan davrida tumandagi muqim ishga ega bo‘lmagan 24 ming nafar fuqaroni doimiy yoki mavsumiy ishlarda bandligini ta’minlashga e’tibor qaratilib, hozirgacha ularning 17 ming nafardan ko‘prog‘i bandligi ta’minlangan.
Yuqorida raqamlarni qatorlashtirib tashladik. Raqamlar ortida esa hayot haqiqati yotibdi. Masalan, tumanda yilning shu davrigacha 3 trillion 307 milliard so‘mlik qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirilgan. Bu har jon boshiga 16 million so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilganini bildiradi. Kuz fasli endi boshlangani, asosiy hosil dalalardan endi yig‘ishtirib olinayotganini eslasak, yil yakunida bu ko‘rsatkich ikki hissaga oshadi. Prezidentimiz mazkur yig‘ilishda aholiga bo‘lib berilgan yerlar bo‘yicha 16 ta tumanda 2-3 martadan hosil olish evaziga kambag‘allik ikki hissa qisqarganini eslatar ekan, Xonqa tumanini ham sanab o‘tdi.
Shu o‘rinda xonqaliklar azaldan dehqonchilik bo‘yicha vohada eng tajribali ekanligi, bir mavsumda bir daladan uch marta hosil ko‘tarish amaliyoti shu yerda yaratilganini yoki el kishilari qadimdan xalq hunarmandchiligi bo‘yicha dong taratishgani, bugun vohada tayyorlanayotgan turli mebel mahsulotlarining deyarli yarmi xonqaliklar tomonidan ishlab chiqarilayotganini eslatib ketish joiz. Bu jarayonda davlat moddiy tomondan qo‘llab-quvvatlovchi bo‘lib imtiyozli kredit ajratayotgani aholining kambag‘al qatlami vakillariga katta imkon va sharoit yaratmoqdaki, kuni kecha mahalla idoralari eshigida moddiy yordam so‘rab yurgan ayrim ehtiyojmand oilalar bugun o‘z biznesi, o‘z daromad manbayiga ega bo‘lib, endilikda sobiq safdoshlariga homiylik qilishyapti.
To‘g‘ri, bu kabi loyihalar barcha tumanlarda bor. Davlat bu borada adolatli siyosat olib bormoqda. Ammo, nega ayrim tumanlarda loyihalar samara bermayapti, degan savol tug‘iladi. Buni mas’ullar loqaydligiga bog‘lash hamisha to‘g‘ri kelavermaydi va “Qars ikki qo‘ldan” degan otaso‘zimiz shu o‘rinda maydonga chiqadi.
Tuproqqal’a viloyatda eng kenja, ammo yer maydoni bo‘yicha oldingi o‘rindagi tuman hisoblanadi. Tumanda viloyat sanoat mahsulotining aksar qismi ishlab chiqarilishi sababi “Damas” yengil avtomobillari ishlab chiqaradigan korxona shu hududdaligi bilan izohlanadi. Ammo, salkam 60 ming aholisi bo‘lgan tumanda nega kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ishlar ko‘ngildagidek emas.
To‘g‘ri, tuman yer maydonining katta qismi ekin ekishga yaroqsiz – qumlik va suvsiz bo‘z yerlardan iborat. Ammo, viloyatda asosan qo‘y boqiladigan hudud ham shu. Qumli yaylovlarda cho‘ponlar yilning to‘qqiz oyida qo‘y boqishadi. Cho‘ponlarning ko‘pchiligi vohaning boshqa tumanlaridan keladi. Xo‘sh, shu joyning tub aholisi nima bilan shug‘ullanadi?
Gap shunda!
Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek “Kambag‘allikni faqat pul tarqatish bilan hal qilib bo‘lmaydi!”
Pul tarqatish aksar hollarda boqimandalik kayfiyatini keltirib chiqaradi. Guvoh bo‘lamizki, ko‘pgina sayyor qabullarda “kunda-shunda” bir qatlam allaqachon shakllanib ulgurgan. Ish taklif qilishsa bo‘yni yor bermaydigan bu odamlar o‘zlari ham harakat qilishlari kerakligini tamomila unutganlar. Eng yomon tomoni, “Qo‘ldan berganiga qush to‘ymas” matalini bilmaganlar moddiy yordam olishga mazaxo‘rak bo‘lib qolishlari, bu boshqa oilalarni ham shu yo‘lni tanlashga odatlantirishi mumkinligida.
Kasalmand yoki oilasida nogironligi bo‘lgan shaxslar qarovi bilan bandligi sabab ishlay olmaydigan fuqarolarni tushunish mumkin, lekin sog‘ligi joyida, qo‘lida hunari borlarning boqimandalik balosiga ruju qo‘yishganini hazm qilib bo‘lmaydi.
…Yon qo‘shnimiz – oltmish yashar inson birinchi guruh nogironi, doimo qarovga muhtoj. “Temir daftar”da turadigan bu oila a’zolari davlatning qo‘liga qarab o‘tirishgani yo‘q. Ayoli tomorqasi va qo‘shimcha bog‘chasidan yaxshi hosil ko‘taradi. Erkak qo‘li bajaradigan ishlar uchun odam yollaydi. Yana har ikki yilda bir bosh ho‘kizni bozorga chiqaradi. Katta qizi maktabni tugatishi bilan tuman markazidagi oshxonaga kunbay ishladi – har kuni oilasiga pul keltirdi. Kichik qizi ro‘zg‘or-u dala ishlarida onasining o‘ng qo‘li.
O‘tgan yili oila to‘ng‘ich qizini qo‘shni qishloqqa turmushga uzatdi. Elga osh berdi. Kunda yoki kunaro o‘sha qizi ko‘chamizdan shoshib o‘tadi. “Yo‘l bo‘lsin”, deb so‘rasam “Otamning holidan xabar olaman, yana onam sabzini o‘toq qilishga ko‘maklash degandilar, shunga kelyapman”, deydi u yo‘l-yo‘lakay salomlashayotib. Yigirma ikki yashar bu qiz o‘zi tushgan xonadonda ham, ota uyida ham shu taxlit tinim bilmaydi. Bu yoqda emizikli bolasi parvarishiga ham vaqt topadi.
Gap tarqadiki, o‘sha qiz onasiga “Mahalla raisiga ayting, “Temir daftar”dan chiqarsinlar, yugurib-yelib ro‘zg‘orimizni oyoqqa qo‘ydik. Bizdan ham muhtoj oilalar bor-ku!” debdi.
Mana oriyat! Mana g‘urur! Mana odamiylik!
…Kamina qishloq joylardagi ahvol – kambag‘allikdan o‘z kuchi, o‘z salohiyati bilan chiqqan, o‘rtahol oilalar qatoriga qo‘shilganlar haqida bir necha misol keltiryapman, xolos.
Prezidentimiz yig‘ilishda kambag‘al oilalarning 83 foizida kattagina tomorqa borligini eslatdi.
Tomorqa – koni foyda. Tomorqa – oila g‘aznasi. Qachonki undan unum bilan foydalana olinsagina. Axir, afsuslar bo‘lsin, “davlat yordam beryapti”, deb tomorqasiga qaramaydiganlar ham bor…
“Ehtiyojmand odamlarga baliq emas, qarmoq berish kerak”, degan tamoyil islohotlarning so‘nggi bosqichida amaliyotga aylantirildi. Bu aynan boqimandalik kayfiyatiga berilgan kishilarning o‘zlari ham harakat qilishlari kerakligiga undovchi shior edi.
O‘sha “qarmoq” haqiqiy, ishtiyoqmand “ovchi” – fuqaro qo‘liga tushgandagina samara beradi. Aks holda “qarmoqni sotib”, bir kunlik maishatiga ishlatib yuboradiganlar paydo bo‘laveradi.
Yurtboshimiz hozirda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha keyingi yillar uchun juda katta “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi tayyorlanayotgani, unda yettita imkoniyat va mas’uliyat tamoyili asosida yangicha yondashuvlar belgilab berilishi, bundan buyon kambag‘allikni qisqartirish umummilliy harakatga aylanishini aytdi. Buning uchun mutasaddilarga har bir mahallani to‘liq xatlovdan o‘tkazib, ulardagi “kambag‘al oilalar portreti”ni ishlab chiqish topshirildi.
…Yuqoridagi mulohazalarim o‘zim guvoh bo‘lgan muqaddam kambag‘al toifasida ro‘yxatga olingan “oilalar portret”lari. Ular allaqachon bu “portret” jildidan tashqariga chiqishganki, bu boshqalarga o‘rnak bo‘lmog‘i kerak!
Ro‘zimboy HASAN,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
“Jadid” gazetasining 2024-yil 20-sentyabrdagi 39-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
87
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



