Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


22.09.2025 | 10:46

img957

PAXTA – KECHAGI AZOB, BUGUNGI IMKONIYAT: OQ VA QORA

Paxta – o‘zbek xalqi uchun yaqin tariximizda faqatgina majburiy mehnat va azob ramzi bo‘lib kelgan ekin. Yuz yildan ortiq davom etgan bu zahmatdan endigina qutuldik. Ammo shuni anglash kerakki, paxtadan butunlay voz kechish emas, balki uni isloh qilish, innovatsion texnologiyalar yordamida hosildorlikni oshirish va chidamli navlarni ekish orqali yangi marralarga erishish zarur.

Joriy yilgi paxta mavsumida respublika bo‘yicha 280 ming gektar maydonga xorijiy, 395,6 ming gektarga mahalliy navlar ekildi. Bundan tashqari, Xitoyning Shinjon mintaqasi tajribasi asosida 76 santimetrli qo‘shqator sxemada 181,2 ming gektar yerga chigit qadaldi. Qolgan 694,4 ming gektar maydonda esa an’anaviy usul qo‘llandi. Ayniqsa, sohaga ilg‘or agrotexnologiyalar, ilm-fan va innovatsiya yutuqlari keng joriy etilayotgani ijobiy natija bermoqda. 2024-yili 100 ming gektar maydonda kasallik va zararkunandalarga chidamli serhosil g‘o‘za navlari ekilib, ulardan mo‘l hosil yetishtirilgani bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.

Vaholanki, so‘nggi yillarda global iqlim o‘zgarishlari, tabiiy ofatlar, yer va suv resurslari taqchilligi qishloq xo‘jaligi sohasida ham jiddiy muammolarni keltirib chiqarayotgani hech kimga sir emas. Ana shunday murakkab sharoitga qaramasdan, o‘tgan yili fermerlarning mashaqqatli mehnati bilan yurtimizda 9 million tonna don, 3 million tonnadan ortiq paxta, 16 million tonnadan ziyod sabzavot va poliz mahsulotlari, 5 million tonna meva va uzum, 4 million tonna kartoshka, 15 million tonnadan ko‘p go‘sht va sut, 30 ming tonna pilla yetishtirilgani – chinakam qahramonlik namunasi, desak to‘g‘ri bo‘ladi.

Albatta, bunday ulkan yutuqlarga erishishda keyingi yillarda qishloq xo‘jaligi rivojiga berilayotgan yuksak e’tibor, tarmoqda tub tarkibiy o‘zgarishlar amalga oshirilib, ishlab chiqarish munosabatlari zamon talablari asosida yo‘lga qo‘yilayotgani hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lmoqda.

Bugun paxta desa odamlarning yuragi zirillaydigan kunlar ortda qoldi. Mana, o‘quvchi-yu talabasiz, o‘qituvchi, byudjet tashkilotlari xodimlarisiz ham paxta nes-nobud qilinmasdan terib olinyapti. Buning sababi oddiy – paxtada manfaat bor. Dehqon mehnati qadr topmoqda. Ushbu manfaat va qadr esa paxtachilikda yaratilgan huquqiy asos tufayli ta’minlanyapti.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ham paxtachilikni majburiy mehnatdan xoli, serdaromad sohaga aylantirish, to‘qimachilik va qayta ishlash sanoatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiluvchi muhim hujjatlardan biri bo‘ldi.

Aslida, paxta bizga begona emas. Manbalarda keltirilishicha, paxtaning yurtimizdagi tarixi qariyb ikki asr quyiga borib taqaladi. Keyinchalik paxta sobiq ittifoq tarkibida bo‘lgan respublikaning asosiy ekini darajasiga ko‘tarilib, uni yetishtirish tartibi, narxi va boshqa jihatlari markazdan belgilab beriladigan bo‘ldi. Lekin uning samarasi-chi? Ushbu strategik ekin oddiy dehqonga, odamlarga, umuman, O‘zbekistonga qanchalik naf berdi?

Afsuski, bu savollarga ijobiy javob bera olmaymiz. Chunki yaqin o‘tmishimizdan ma’lum: oq paxta biz uchun faqat qora mehnat va mashaqqat keltirdi. Qancha-qancha odamlar, oilalar boshiga ana shu oppoq paxta tufayli qora kunlar tushdi. Hosilni yig‘ib olish uchun qimirlagan jon borki, dalaga safarbar qilindi. Odamlar hatto janozalardan paxta dalasiga haydab ketildi. To‘y-u marosimlarga paxta mavsumida qat’iy cheklovlar qo‘yildi. Hosilni terib olish ishlari qahraton qishgacha cho‘zilishi oddiy holga aylandi.

Katta avlod vakillari yaxshi eslashadi: paxta siyosati zulmga, o‘zbek xalqiga nisbatan qirg‘in quroliga aylangan. Tomorqalargacha majburlab paxta ektirishgan. “Kukuruz” deyiladigan samolyot g‘o‘zani emas, paxtakorlarni, erta-yu kech dalasidan beri kelmagan sodda dehqonni, eng yomoni, onalarni, xotin-qizlarni, bolalarni defolyatsiya qilardi. O‘quvchi va talabalar sentyabr oyining boshidan paxta dalasiga haydalar va Yangi yil bayrami arafasida qaytardi. Qishda atigi uch oy o‘qigandek bo‘lardi.

Esimda, 13-14 yoshimda qahraton dekabrda paxta terimiga olib chiqishgan. Dalada paxta qolibdimi? Qayoqda, qop-qora chanoqlar qorga burkangan. Paxtani terish emas, izlash kerak. Daladan chiqish yo‘q. Bu siyosatda sog‘lom aqlga to‘g‘ri keladigan mantiq bormidi? Buni hech kim o‘ylamasdi. O‘ylagandan naf yo‘q edi. Ammo minglab chaqirim naridagi “tepadagi”lar, aniqrog‘i, “shonli partiya” dohiylarining kirdikorlarini pardalash uchun terimchilarga, mahalliy rahbarlarga mukofotlar ulashilardi. Chunki o‘sha davrlar paxta ekish va terish siyosiy kampaniyaga aylangan, bu ishdan yoshu qari, ayol-u erkak, sog‘-u nosog‘lom – hech kim chetda qolishi mumkin emasdi. Respublikada “paxta ishi”, “o‘zbeklar ishi” degan katta tomoshalar bo‘lib o‘tgani hamon yodimizda. Qama-qama, ur-sur boshlandi. Ayrim rahbarlar o‘zini otdi, ayrimlari osdi, qolganlari uzoq yillarga qamaldi. Qamoqda ham sirli o‘limlar ko‘paydi.

Xullas, gapiraman desa, gap ko‘p. Paxta deb yetib kelgan joyimiz shu bo‘ldiki, sariq, kamqonlik, raxit, gipotrofiya, ichburug‘ kabi son-sanoqsiz kasalliklar bolalarning ma’sum dunyosiga ko‘p boshli ajdarhoday bostirib kirdi. Paxtaga ishlatilgan dorilar, uning qora mehnati haqida yozishga o‘sha vaqtlarda hech kimning haddi sig‘madi. Dalada zaharlangan, kasallik orttirgan xotin-qizlar ozmidi? Hech kimga dardini aytolmay, kasalligining na sababini, na davo yo‘llarini bilmay olamdan o‘tganlar qancha.

Istiqlolga erishganimizdan keyin ham, afsuski, 25 yil davomida paxta qutqusidan xalos bo‘la olmadik. Endi xalqaro jamoatchilik, ayniqsa, yirik fond birjalarining egalari bo‘lgan AQSH va Britaniya kabi davlatlar o‘zbek paxtasini, pilla bilan bir qatorda majburiy mehnat mahsuli bo‘lgan mahsulotlar ro‘yxatida qoldirdi. Xalqaro hamjamiyat O‘zbekistonga bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish yuzasidan bosim o‘tkazib keldi.

AQSH Mehnat vazirligi dunyo bo‘ylab “Bolalar mehnati va majburiy mehnat natijasida yetishtirilgan mahsulotlar ro‘yxati”ni tuzishni boshlagan 2009-yildan buyon O‘zbekiston ayni ro‘yxatdan o‘rin olib kelayotgandi. AQSH hukumati hisobotida yetti yashar maktab bolalarigacha muntazam ravishda paxta yig‘im-terimiga jalb qilib kelingani tinmay tanqid ostiga olinardi. Bolalar og‘ir sharoitlarda paxta terish va yashashga majburlangan, ularga haq to‘lanmagan yoki juda kam to‘langan yoxud ishlagan haqlari ovqat va yotoq uchun ushlab qolingan, degan haqli malomatlar yog‘dirildi. Paxtaga chiqmagan bolalar jazolangan, deyiladi hisobotlarda.

O‘zbekiston paxta sanoatida bolalar mehnatidan foydalanish ko‘lami 2016-yildan qisqara boshladi va 2017-yildan bolalarni paxtaga majburan olib chiqish holatlari bartaraf etildi. Xalqparvar rahbar Shavkat Mirziyoyevning sa’y-harakatlari bilan nafaqat bolalar majburiy mehnatiga, balki o‘qituvchi va shifokorlarni ommaviy paxta dalalariga haydash kampaniyasiga ham butkul chek qo‘yildi. AQSH Mehnat vazirligi O‘zbekistonning bolalar mehnatiga chek qo‘yish yuzasidan ko‘rgan choralarini e’tirof etdi. Prezidentimizning bu boradagi qat’iy harakatlarini butun dunyo olqishladi.

Yurtboshimiz tashabbusi bilan tatbiq etilayotgan yangi g‘oyalar, innovatsiya va nou-xaular agrar sektorni sanoatlashtirish, qishloq ahlining hayot darajasini yuksaltirishga xizmat qilayotgani bor gap. Xususan, amaliyotga klaster tizimi joriy etilib, qishloq xo‘jaligida mahsulot yetishtirish va chuqur qayta ishlashning “zanjirli usul”i yaratildi. Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, bu borada yuzaga kelayotgan tizimli muammolarni bartaraf etishga qaratilgan samarali mexanizm yuzaga keldi.

Klaster tizimidan ko‘zlangan birinchi maqsad – yerdan samarali foydalanish va chetga xomashyo emas, qo‘shimcha qiymatga ega tayyor mahsulotlar sotib, daromadni oshirish orqali dala mehnatkashlarining hayot darajasini ko‘tarishdir. Zero, agrar jabhadagi natijalar birgina hosildorlik ko‘rsatkichi bilan o‘lchanadigan davrlar o‘tib ketdi. Olinadigan daromad va sof foyda asosiy mezonga aylanishi kerak.

Oddiy misol, fermerlar tolaning bir kilosini 1,5 AQSH dollariga sotsa, klasterlar paxta xomashyosini bunday arzon bahoga sotmaydi. Ularda 1,5 dollarlik xomashyoni 25 dollar qiymatga aylantirish imkoniyati bor. Mana, klasterning asosiy ustunligi qayerda?!

Klasterning yana bir afzalligi aholi bandligini ta’minlashda ko‘zga tashlanmoqda. Chunki har 100 gektarda 15–25 nafar kishi doimiy ish bilan ta’minlanishi, ularga mehnat daftarchasi ochilib, oylik maosh berilishi kerak. Afsuski, fermer xo‘jaliklarida amalda buning uddasidan chiqilmagani oqibatida chekka hududlarda ishsizlik masalasi eng og‘riqli muammoga aylangandi. Klaster usuliga o‘tilgach, odamlar yil – o‘n ikki oy ish bilan ta’minlandi, mehnatiga yarasha haq olish imkoniga ega bo‘ldi. Bugun ular qishloq xo‘jaligidagi islohotlar samaralarini o‘z hayotida his qilmoqda.

Avvallari biz uchun turgan-bitgani zararga aylangan paxta oxirgi yetti yilda eng daromadli ekinga aylandi. Nima uchun? Masalan, bitta ko‘ylakning og‘irligi 85 gramm. Bir kilogramm toladan o‘nta yaxshi ko‘ylak chiqadi. Ularni besh dollardan sotadigan bo‘lsak, o‘nta ko‘ylak 50 dollar bo‘ladi. Endi e’tibor qiling, olaylik, bizda bir million tonna tola bor. Bu kamida 50 milliard dollar, degani. Agar, biz uni yanayam chuqur ishlaydigan bo‘lsak, paxtaning o‘zidan 100 milliard dollar daromad qilish mumkin. Vyetnam paxta ekmaydi, lekin har yili 50 milliard dollardan ko‘p paxta-to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qiladi. Bangladesh har yili taxminan 10–12 ming gektar yerda paxta yetishtirib, 40 milliard dollarlik mahsulotlarni eksport qiladi.

Shu bois, yurtimizda paxtani chuqur qayta ishlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Chuqur qayta ishlashni yo‘lga qo‘ysak, paxtachilikdan ko‘ra yaxshi daromad beradigan soha yo‘q. Lekin ishni tizimli, tartibli amalga oshirishimiz kerak. Birinchidan, yerlarimizni sozlash, ikkinchidan, suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llashimiz kerak. Uchinchidan, hamma paxta mashinada terib olinishi lozim. Bularning hammasi esa ilm, innovatsiyani talab etadi.

Tan olishimiz kerak, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi uzoq muddat eski qoliplarda qolib ketdi, sohaga yangicha yondashuvlar, nou-xaular deyarli tatbiq etilmadi. Imkoniyatlardan samarali foydalanmaslik oqibatida, yetishtirilgan mahsulotlarning sifat ko‘rsatkichlari tushib ketdi. Bozor subyektlari o‘rtasidagi o‘zaro huquqiy-iqtisodiy munosabatlarga, faoliyat samaradorligi va raqobatdoshlik ko‘rsatkichlariga jiddiy putur yetdi, fermerlarda yerga egalik hissi yo‘qoldi, qishloq mehnatkashlarining moddiy manfaatdorligi, kelajakka ishonchi pasaydi. Faqatgina keyingi yillarda sohaga yangi havo kirib, dehqon va sanoatchilarning manfaatlari mushtaraklashdi, yetishtirilayotgan xomashyoni chuqur qayta ishlash halqasi vujudga keldi.

Bugun odamlar tumanimiz, viloyatimiz yoki respublikamiz qachon “plan”ni to‘ldirar ekan, deb har kuni televizorda beriladigan hisobot-jadvalini intiqlik bilan kutayotgani yo‘q. Endi paxta qish kunlarigacha dalada qolib ketmaydi. Nega? Chunki xalqimiz paxta degan ekin boshga balo emasligini anglab yetdi, paxta siyosat emas, daromad ekiniga aylanib ulgurdi.

Jamoliddin BADALOV

“Jadid” gazetasining 2025-yil 19-sentyabrdagi 38-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600