12.09.2024 | 16:12
292
OQ VA QORA E’TIQOD SALTANATI
Dunyo adabiyotida Andrey Platonov “falsafiy masallar ustasi” sifatida e’tirof etiladi. “Akademnashr” nashriyotida uning o‘zbek tiliga yangi tarjima qilingan ikki asari chop etildi. Adibning “Jon” qissasini “Baxt izlash afsonasi” deb aytish mumkin. Asar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan, bo‘rttirilgandek ko‘rinsa-da, favqulodda ajoyib. Butun bir xalq qanday qilib shunchalik qashshoqlikka duchor bo‘lishi, ibtidoiy jamiyatga tushib qolishi mumkin? Ular xuddi kimsasiz orolga tushib qolgan baxtiqaro insonlar kabi o‘zlarini yopiq dunyoda yashashga mahkum etgandek tuyuladi. Ulardan shahardagi har qanday tilanchi ham nisbatan yaxshiroq, to‘kisroq, mazmunliroq hayot kechiradi. To‘satdan kimdir shu baxtiqaro odamlarning oldiga kelib, “men sizga baxt beraman” deb ularga baxt taklif qilsa…
Ammo bu g‘alati qavm unga ishonmaydi. Ular Chig‘atoyevni yolg‘onchi deb o‘ylaganlari uchun emas, aksincha, baxt nimaligini allaqachon unutganlari uchun shunday qilishadi.

Ammo bu yerda g‘alati tuyulsa-da, favqulodda yashash istagi bor. Aftidan, bu qavm allaqachon o‘limni bo‘yniga olgan, ajal ular uchun qo‘rqinchli emas. Ammo yashash istagi ham ularga begonamas. Ular buni o‘zlari istab-istamay amalga oshirishadi. Chig‘atoyevda esa yashash ishtiyoqi kuchli. U bu yerda vahshiylikni ko‘radi. Odamlar cho‘lda bir necha kunlab qo‘ylarning orqasidan yugurishga, jonivorlarning so‘yilgan tomog‘idan iliq qon ichishga va xom go‘shtni pishirmasdan iste’mol qilishga tayyor. Har qanday zamon va makonda ham, har qanday sharoitda ham yashab qolishga intilish odamning refleksidir, balki. Asarning bizga bog‘liq jihati, voqealar bizning o‘lkamizda – Xiva xonligi hududida yuz beradi. Bu qavm ichida turkman ham, qirg‘iz ham, o‘zbek ham, qozoq ham bor. Lekin ular “jon” deb ataladi. Bu yerda ma’lum bir simvolik ishoralar bor. Ehtimol, yozuvchi beshga bo‘lib yuborilgan qardosh xalqlarning zavolidan xavotir olgandir.
“Jon” asarini o‘qish davomida kitobxon mualliflik filmlarini tomosha qilganday bo‘ladi. Qandaydir mavhumlik bor, go‘yo hech narsani tushunmaysiz, lekin shu bilan birga syujet ko‘ksingizni g‘ijimlab, nafas olishingizga yo‘l qo‘ymaydi, tanangizdagi eng nozik asab tolalarini uzib yuborgandek bo‘ladi. Bu kitobni o‘qish kitobxon uchun qiyin – asarning ichiga kirib o‘qisangiz, o‘pkangizga qum tiqilib qolganday bo‘ladi, qulog‘ingiz ostida bo‘g‘izlangan odamning nochor xirillashi eshitilib turadi. Yolg‘izlik. Vayronagarchilik. Umid yo‘q. Ammo ma’no chuqur. Teran metafora yaqqol ko‘rinib turadi – jon qavmi saodat izlab sahro bo‘ylab sarson-sargardon kezadi, odamlar adashgan qo‘ylardek chor tarafga tarqalib ketadi, birov holsizlanib yiqiladi, birov o‘ladi… Omon qolish uchun qon kerak – u suv o‘rnini bosadi. Bitikni tiriklikning rangli surati deb atash mumkin. Asar ruhiyatiga kirish uchun kitobxonga jasorat kerak.
Andrey Platonovning “Xandaq” qissasi ham o‘zbek tilida chop qilindi. Bu asarni mutolaa qilish ham kitobxon uchun oson bo‘lmaydi. Avvalo, yozuvchining murakkab uslubi, qolaversa, tarjimon Sharifjon Ahmedovning ham zargarona, ham zich tarjimasi o‘quvchining miyasini zo‘riqib ishlashga majburlaydi. “Xandaq” – falsafiy asar. Unda “Jon” asariga hamohang motivlar ham bor. Yozuvchining yuksak badiiy tafakkuri va chuqur mushohadalari kitobni shunchaki mutolaa qilishga yo‘l bermaydi. Asar ko‘p qatlamli, unda antiutopiya va satira elementlarini ilg‘ash mumkin.
Qahramonlar bir-biriga o‘xshaydi. Tushkun, allaqachon ertangi kunidan umidini uzgan bu insonlar o‘zlarining baxtsiz hayoti kelgusi avlodlar uchun yorug‘ kelajak olib keladi, deb ishonishadi. Xandaq detali – ularning o‘y-fikrlari, ruhiy holatini ifodalaydigan badiiy timsol. Voshchev, Jachev, Kozlov, Chiklin va Safronov obrazlari xarakteridagi ba’zi o‘xshashliklarni aytmaganda, ular bir obrazning turli soyalaridek taassurot qoldiradi. Asarda nisbatan optimistroq, shu bilan birga ancha to‘kis yashaydigan obraz – Pashkin. Prushevskiy esa garchi mayda amaldor bo‘lsa-da, o‘z armonlari va qayg‘usi ichida yemirilib borayotgan odam. Aynan Prushevskiy obrazi menga ko‘proq ma’qul bo‘ldi.
Qahramonlar kapitalizmni qora, kommunizmni oq deb bilishadi. Ular endigina barpo bo‘lgan “qizil saltanat” va kommunizmning istiqboliga ishonishadi. Ammo ularning orzulari o‘zlari qaziyotgan xandaq kabi tobora chuqurlashib, pastga qarab “o‘sib” boraveradi. Ular nihoyatda tushkun, biroq o‘ta mulohazakor. Bu holatni Platonov paradoksi deyish mumkin: zohiran chuqurlikdagi voqelik va yuksaklikdagi mohiyat. Muallifning falsafiy qarashlari qahramonlarga teng taqsimlangan, ya’ni ular o‘z nutqida muallifning badiiy g‘oyasini to‘la-to‘kis ifoda etishadi.
Asarda aynan bir makon va zamon kishilari tamsil etilgan, deyish qiyin. Unda har qanday usti yaltiroq, ichi qaltiroq tuzum oxir-oqibat zavolga mahkum ekanligi eslatiladi. Inson ertasidan umid qilmasa, o‘z hayotining ma’nisizligidan ezila boshlasa, beixtiyor xandaq qaziy boshlaydi. Bu xandaq qazuvchini o‘zi bilan yerga olib ketadi, lekin uning o‘rnida mustahkam bino barpo bo‘lishi mumkin. Ha, faqat mumkin. Reallikda esa bu xandaq Platonov qahramonlari qazigan xandaq kabi behuda mehnatning uvoli bo‘lmasligiga kafolat yo‘q.
Platonovning tili murakkab. Iosif Brodskiy bu asarni boshqa tilga o‘girib bo‘lmaydi, deb yozgan ekan. Biroq Sharifjon Ahmedov o‘zbek tilining boy imkoniyatlarini ishga solib, asarni mohirona tarjima qilishni uddalabdi. Hatto mutolaa boshida ba’zi jumlalar g‘aliz ko‘rinadi. So‘zlarni bir-biriga ulay olmaydi kishi. Ammo o‘ziga xos jumlalar, ko‘zga notanish birikmalarning “mazasi” asta-sekin chiqib boraveradi. E’tiborlisi, tarjimon juda ko‘p “chalajon” so‘zlarga yangi nafas berib, ularni “tiriltirgan”. Buning ortida, shubhasiz, har qanday olqish va e’tirofga munosib katta mehnat yotibdi.
Xurshid ABDURASHID
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
88
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



