24.09.2025 | 12:27
994
YOZUVCHI YON DAFTARIDAN
Adabiyot atomdan kuchli, lekin uning kuchini o‘tin yorishga sarf qilish kerak emas.
* * *
Agar yozuvchining axloq kodeksi tuziladigan bo‘lsa, men halollik bilan shijoatni birinchi modda qilib qo‘yar edim, chunki yozuvchining boshqa hamma xislatlari uning qay darajada halol, naqadar shijoatli zehniga bog‘liqdir.

* * *
Yaxshi yozolmaganligingni kechirish mumkin, lekin yaxshi yozishni istamaganingni kechirish mumkin emas.
* * *
Adabiy asar yozish uchun, hech shubhasiz, talant kerak. Lekin yozilgan narsani o‘chirish, kitobxonga zarur gaplarnigina qoldirish uchun talantning o‘zigina kifoya qilmaydi, insof ham kerak.
* * *
Boshqa ishga yaramay, adabiyotda tanqidchilik qilib kun ko‘rib yurgan tanqidchi, qo‘rqoq qorovulday har sharpadan cho‘chib, shaqildoq chalaveradi.
* * *
Gurjistonda madaniyat tarixiga oid bo‘lsa, o‘lgan otning taqasini ham baxmalga qadab osib qo‘yishar ekan.
* * *
Bu odam yozuvchilik mehnatini faqat yozishdan iborat, deb o‘ylaydi.
* * *
Kattalar uchun yozilgan kitobda yo‘l qo‘yilgan xatoni tuzatish mumkin, lekin bolalar uchun yozilgan kitobda ketgan xatoni tuzatib bo‘lmaydi, bu xatodan bola ogohlantirilsa, xato uning zehniga chuqurroq o‘rnashadi.
* * *
Bolalar uchun kitob yozadigan kishi g‘oyat usta san’atkor, katta tajribali pedagog, tilning zarshunosi bo‘lmog‘i kerak.
***
Hammadan bir ayb topib ottirib yuborsa-yu, yonib ketgan uyning mo‘risiday bo‘lib adabiyotda bitta o‘zi so‘ppayib qolsa.
* * *
Don Kixotning bo‘yi, bo‘yni, yuzi, burni – hammasi uzun, faqat aqli qisqa, xolos.
* * *
Mening bir qarindoshim bor, yozuvchi bo‘lish uchun ilmi ham, layoqati ham bo‘lmagani holda, yozuvchilikka havas qiladi; ilmi borligini, boshqa odamlarga qaraganda adabiyotga yaqin ekanini ko‘rsatish uchun hamma yerda “P” o‘rniga “F” ishlatadi.
* * *
Adabiyot hunar, uni kasbga aylantirib olgan yozuvchi olmaga tushgan qurtdan farq qilmaydi.
* * *
Men bu kitobni ne mashaqqat bilan do‘ppimni hidlab-hidlab o‘qidim.
* * *
Zuhra dunyoda hech narsaga, hech kimning so‘ziga ishonmas, faqat “sen chiroylisan” degan tovushgagina ishonar, lekin bu tovush qayoqdan, kimdan chiqqaniga qaramas edi.
* * *
Yozuvchi biron narsa yozish uchun qo‘liga qalam olganida hammadan burun ko‘z oldiga shu narsani o‘qiyotgan o‘quvchini keltirsin, asarning har bir satri ko‘z oldidan o‘tganida uning chehrasida bo‘ladigan o‘zgarishni ko‘rib tursin. Yozuvchi o‘zini kattakon bilimdon, yuksak did egasi bo‘lgan kishi oldida imtihon berayotganday sezsin.
* * *
His qilmasdan asarni tuzatish dutorni ikki kishi chalganday gap: parda bosgan kishi ham, zarb bergan kishi ham hech narsani his qilolmaydi, bunday mashqdan hech kim lazzat olmaydi.
* * *
Men “Anor” degan hikoyani yozganimda boshqorong‘i xotinning holatini shu kunlarda mushohada qilganim yo‘q. Boshqorong‘i xotinning holati mening yon daftarimda bor edi. Buni men bir vaqtlar daftarga shunday qayd qilib qo‘ygan ekanman: “Er xotiniga jannatning ta’rifini qiladi. Xotinning ko‘ziga hovzikavsar va unda suzib yurgan baliqdan boshqa hech narsa ko‘rinmaydi. Xotin baliqqa boshqorong‘i”.
* * *
Chiroyli lof-qofdan xunuk haqiqat yaxshi.
* * *
Men adabiyotga qadam qo‘ygandan beri adabiyotga kirib chiqqan odamlarning soni bor-u, sanog‘i yo‘q. Bularning bir qismi yozish-chizishga bo‘lgan havasini talant deb o‘ylagan, shuning uchun adabiyotga yanglish kirgan odamlar-da.
* * *
Asar ilhom bilan yozilsa, obrazlar o‘z-o‘zidan gavdalanadi, hatto o‘zining qiladigan ishini, aytadigan gapini yozuvchiga aytib, luqma solib turadi. Ilhom yozuvchini hamma qiyinchiliklardan qutqaradi.
* * *
Havas hammada ham bo‘lishi mumkin, lekin havasning o‘zi kishini hech qayoqqa eltmaydi. Men, masalan, tanbur chertib hammani qoyil qilgim keladi, lekin nachoraki, dard bor-u, darmon yo‘q.
* * *
Yomon xotin to‘g‘risida yozish, har narsa yozish mumkin. Lekin yozgan vaqtda yozishdan maqsad nima ekanini, onamiz ham, oilamiz ham xotin jinsidan ekanini esimizdan chiqarmasligimiz kerak.
* * *
Yozuvchi o‘z ijodiy ishidan hech qachon qanoat hosil qilmaydi, qanoat hosil qilgan kuni, menimcha, yomon qarigan laqma cholga aylanadi.
* * *
Qorong‘i kechada otilgan mushak ham go‘zal, quyoshga qarab xandon tashlab turgan gul ham go‘zal. Osmonda sochilib ketgan rang-barang olov va oqish izlar go‘zalligi ko‘zni qamashtirsa ham puch go‘zallik, shuning uchun bebaqodir. Gulning go‘zalligi esa to‘q go‘zallik, chunki uning bag‘rida hayot bor, shuning uchun abadiy go‘zallikdir. G‘uncha guldan ham go‘zalroq, chunki uning bag‘rida ikki hayot – o‘z hayoti va yana gul hayoti bor.
* * *
Qadim zamonda “Tabiat bo‘shliqdan qo‘rqadi”, deyishar ekan. Haqiqatan, yaxshi narsa bo‘lmagan joyga yomon narsa suqilib kirib oladi.
* * *
Feruz kim o‘zi?
Feruz mashhur lirik shoir, musiqashunos, kompozitor, yaxshi tarjimon, Umarxon singari o‘z zamonasining shoirlarini o‘rdasiga yiqqan, 1873-yilda bosmaxona sotib olib Xorazmda birinchi kitob bostirgan odam. Shu odamni yuz yildan keyin qora kursiga o‘tqazib, sovet qonuni bilan sud qilishdan nima murod hosil bo‘ladi?
* * *
Oddiy kamonchi, g‘ijjakchining qo‘lida oddiy yog‘och qutidan alomat sadolar chiqadi.
* * *
Uyat faqat insonga xos tuyg‘udir. Hayvon uyat paydo qilolmagani uchun insonga yaqinlasholmaydi, lekin inson uyatni yo‘qotib hayvonga yaqinlashib qolishi mumkin.
* * *
Bir donishmand uyatni “vijdonning sirtqi ko‘rinishi” debdi. Demak, uyatsizlik bilan beadablik, beadablik bilan axloqsizlik, axloqsizlik bilan jinoyatkorlik orasida qalin devor yo‘q, bularning har biri vijdonsizlikning turli bosqichidir.
* * *
Biz ko‘pincha “yoshlarimizning tarbiyasi buzilayotipti” deymiz, holbuki, buzuq tarbiya osmondan tushayotgani yo‘q.
* * *
Har qanday qonunga ham chap berish mumkin, lekin uyatga chap berib bo‘lmaydi, chunki qonun odamdan tashqarida, uyat esa odamning ko‘ksida bo‘ladi.
* * *
Urushda vayron bo‘lgan imoratni tiklash oson, lekin mustamlakachilik qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, taqdir hukmiga topshirgan odamni bu falokatdan xalos qilish qiyinroq!
* * *
Yozuvchi birinchi qadamini ilhom bilan qo‘yadi, ikkinchi qadamini qo‘ygani esa hali ilhom kelgani yo‘q, ilhomsiz qadam qo‘yilganda tizza qaltiraydi.
* * *
Ikkinchi kitob hamma yoshlar uchun jiddiy sinovdir.
Abdulla QAHHOR
“Jadid” gazetasining 2025-yil 19-sentyabrdagi 38-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



