Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


30.09.2025 | 16:20

img1638

“SENING BILAN ESKILAR YANGI…”

MUALLIM

Odamtog‘lar bordir, odamdaryolar –
Dunyoni yetaklab yurgan dunyolar.

Ilk hayot kitobin yozgan ulardir,
Maxluqdan Insonni tuzgan ulardir.

Ulardir ming yillik zulmat yo‘lidan
O‘tgan avlodlarning tutib qo‘lidan.

Ko‘z nurini berib ham berib jonin,
Ko‘zlarini ochgan so‘qir dunyoning.

Ilk harfda koinot kalitin topgan,
Ilk so‘z-la jaholat yo‘lini yopgan.

Yonidan kiborlar o‘tsa valaqlab,
Ular sukut qilgan kitob varaqlab.

Tuproqday xokisor, suvday hayotbaxsh,
Yo‘lsizlarga yo‘lbaxsh, elga murodbaxsh.

Olam o‘z nurini yo‘qotsa agar,
Muallim yuzidan topar muqarrar.

BAHOR. GʻOLIBLAR

Maysaga do‘q qilar momaqaldiroq,
Gʻunchaga chaqchayar g‘azabnok chaqmoq.

Qasirg‘a zabtidan qorayar dala,
Bulut yirtig‘idan to‘kilar jala.

Maysa parvo qilmay o‘saveradi,
Gʻuncha oq kulgular sochaveradi.

Xavf o‘tgach, nurlanib yorishar samo
Tabassum qilganday ularga Xudo.

MA’YUS GUL

Bir mehribon ayol bu ma’yus gulni
Halol manglay teri bilan o‘stirgan.

Yaproqlarin achchiq ko‘zyoshlar bilan
Har kun yuvib-tarab parvarish qilgan.

Bir hasratli ayol, mushtipar ayol
Faqat shu gulni deb yig‘lagan, kulgan.

Bir hokisor ayol bu ma’sum gulni
Qaqragan yillarda, qattiq kunlarda
Yurak qoni bilan suvlab o‘stirgan.

Bir ho‘kiz toptayotgan bu gulni…

DO‘ST

Mening eski do‘stim, navqiron do‘stim,
Farishta chehrali, farovon do‘stim.

Shahri izdihomda yolg‘iz sirdoshim,
Goho bobomdaysan, goho tengdoshim.

Sening huzuringda huzur topaman,
Yaxshi-yomonimga uzr topaman.

Hushimni, tushimni aytaman senga,
Har kun yurak bilan qaytaman senga,

Ko‘nglimga mendan-da jonday yaqin Suv,
Mening shoir do‘stim, katta oqin Suv.

APREL

Muncha chuldiraysan, muncha kulasan,
Suvlarday sharqirab, shoshib yelasan.
Oppoq bulutlarday kezasan yayrab,
Tongni uyg‘otasan qushlarday sayrab.

Shiddating toshqinli, ilhoming-da – sel,
Qishdan chiqqan bog‘day kulasan Aprel.

Men esa yilidan adashgan mehmon –
Qari dekabrday qoshingda hayron.

HOL

Jonda man naysondaman, xazondaman,
Tanda man insondaman, hayvondaman.

Shonda man nishondaman, beshondaman,
Onda man xush ondaman, pushmondaman.

Qonda man, qurbondaman, omondaman,
Ongda man, shaytondaman, imondaman.

Tongda man, xuftondaman, xo‘p tongdaman,
Kunda man karvondaman, zindondaman.

Bunda man har yondaman, hayrondaman,
Unda man qay ondaman, qay yondaman?

Bunda man hayrondaman, hayrondaman.

SARATONDA

Yam-yashil, keng dala boshida,
Bir ariq zilol suv qoshida
Besh-olti tol qur-davra qurgan,
Soyasida munkayib turgan

Bir chayla ko‘rib qoldim,
So‘ng xiyla turib qoldim.
Chaylada bir kelinchak,
Tebratadi belanchak.
Allasiga aldanib,
Go‘dak esnar erinchak.

Yuz qavatli ulkan binolar,
Ochko‘z, badbaxt, kibor dunyolar
Shu chaylaga salomga kelsa,
Baxt neligin anglasa – bilsa…

Jahonning yo‘qotgan baxtini,
Notinch dunyo tinchi naqdini,
Shu kichik chaylada ko‘rdim men,
O‘yga tolib uzoq turdim men:

Chaylada bir kelinchak,
Tebratadi belanchak,
Allasiga aldanib
Quyosh esnar erinchak.

* * *
Sen haqingda o‘ylasam,
kichrayadi dunyolar,
Nazarimga yo‘lolmas
fitna-fasod, ig‘volar.

Sen haqingda o‘ylasam,
ko‘nglim kengayib borar,
Iztirobim gullaydi,
sevgim ulg‘ayib borar.

Sen haqingda o‘ylasam,
ochib ko‘ngil ko‘zimni,
Xudoning huzurida
Inson sezgum o‘zimni.

TOG‘DA

Archazor oralab kelgan bir Shamol
Qoyalar ortida, ovloqda kezgan
Sohibjamol Xayol haqida kuylar…

Daralar oralab sharqiragan Suv
Hayqirib she’r aytar yosh shoir kabi.

Tunda tog‘ boshida yarqiragan Oy
Yetaklab borardi bolaligimni.

Shoshilib yuksakka ketayotgan Yo‘l
Ergashtirib o‘tdi horg‘in umrimni.

Xudo nafasiday musaffo Havo
Ilk sevgim totini esimga soldi.

Cho‘qqi boshidagi parcha oq Bulut
Birinchi maktubim singari toza.

Cho‘qqilardan enib kelayotgan Shom
Onam nigohiday g‘amgin, umidvor…

XIYONAT

To‘qayda duch keldim chiyabo‘riga
Qonsirab, hansirab topgani – xo‘rlik.
Hol so‘rsam, gap tashlab nari-beridan,
“Men ham odam edim”, – dedi u sho‘rlik.

Ko‘hna go‘rxonada ko‘rdim bir ilon,
O‘rmalar, sudralar, qiyshanglar turlik.
Hol so‘rsam, boshini ko‘tarib nolon:
“Men ham odam edim”, – dedi u sho‘rlik.

Vayronalar ichra boyo‘g‘li uchrar
Ulfati zulmatdir, a’moli – zo‘rlik.
Hol so‘rsam, ko‘zidan alanga sachrab,
“Men ham odam edim”, – dedi u sho‘rlik.

Odam imzosida manglayda xatlar,
Yuz burma vijdon-u diyonatlardan,
Paydo bo‘lar emish bunday badbaxtlar
Xudo va Insonga xiyonatlardan.

* * * 

Dilbar xayol, sharobingni tut,
Og‘irlashar ko‘hna iztirob…
Necha yilki, tuyg‘ular unut,
G‘ariblashgan yuragim xunob.

Dilbar xayol, hayotdan so‘yla,
Zerikarli o‘lim gurungi.
Sevgilarni o‘tganmiz bo‘ylab,
Sening bilan eskilar yangi.

Dilbar xayol, sharobingni tut.

ANDISHA

Munchalar ma’yussan singlim, Andisha,
G‘amgin ko‘zlaringda marjon-marjon yosh.
Lablaring pirpirab turar hamisha,
O‘ng yoningda tosh-u so‘l yoningda tosh.

Shamoldagi shamday titrab turasan,
Ma’suma ko‘nglingda otashin ohlar.
Bilmam, qay mehrobga boshing urasan,
Ortingda ta’qiblar, oldingda chohlar.

Tegrangda irillar tishlarin qayrab,
Zamon bo‘rilari, nafs tulkilari.
Boshingda yoyilar qarg‘aday sayrab
Razil kimsalarning ko‘r kulkilari.

Talotumlar ichra qalbga yo‘l olgan,
Qayg‘uli yo‘ldoshi Hayoning sensan.
So‘nggi ilinj kabi dunyoda qolgan,
Ma’yus farishtasi Xudoning sensan.

Ay, ko‘nglim singlisi, vijdon og‘rig‘i,
O‘zi himoyasiz himoyam sensan.
Qo‘lingda titraydi imon yorlig‘i,
Dunyo anglay olmas hikoyam sensan.

TO‘DA

Bu to‘da holidan kuyinma, jigar,
Darding uvol ketar, anglamas birov.
Nayni it oldiga tashlasang agar,
Suyak deb g‘ajishga tushadi darrov.

ESKI DARS       

It oldida tiz cho‘kkan
Norlar tilga kirganda,
Yozda boshlarga yoqqan
Qorlar tilga kirganda,
Birdan yo‘qqa aylangan
Borlar tilga kirganda,
Yordan yovga evrilgan
Zorlar tilga kirganda,
Jon tomirday uzilgan
Torlar tilga kirganda,
Ming yil g‘azna qo‘rigan
Morlar tilga kirganda,
Shamollar tutqun yotgan
G‘orlar tilga kirganda,
Atirgulday gullagan
Xorlar tilga kirganda,
Dunyo rost bo‘larmidi,
Yolg‘on oz bo‘larmidi,
Qarg‘a bitta dumalab,
Oppoq g‘oz bo‘larmidi?..

OYDIN NIGOH

Qahrim kelganida, qahrimni yoydim,
Mening zulmatimga boqarding oydin.

Zahrim kelganida, zahrimni yoydim,
Tag‘in g‘urbatimga qararding oydin.

Mehrim kelganida, mehrimni yoydim
Sen yana boqasan oydindan oydin.

Eshqobil SHUKUR

“Jadid” gazetasining 2025-yil 26-sentyabrdagi 39-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img605

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img603