02.10.2025 | 17:25
814
O‘ZIMIZNING “BEGONA”
Qatag‘on davrlarining mash’um manzarasi bu gal hikoya qilmoqchi bo‘lgan qahramonimizning achchiq taqdiri misolida yanada oydinlashadi, deb o‘ylaymiz.

Muhitdin Tursunxo‘jayev 1900-yili Toshkent shahridagi taniqli shifokor Abdurasul Xo‘ja xonadonida dunyoga keladi. U 1914-yili Toshkentdagi rus-tuzem maktabini tamomlaydi. Madrasa ta’limini ko‘rgan, shuning barobarida dunyoviy fanlarga ishtiyoqi baland bo‘lgan yosh Muhitdin o‘qishni davom ettirish maqsadida Toshkent real bilim yurtiga hujjat topshiradi. Biroq “begona” ekani bois o‘qishga qabul qilinmay, hujjatini o‘sha zahoti qo‘liga qaytarishadi. Shu tariqa qahramonimiz aksar tengqurlarining – mahalliy xalq yoshlarining ta’limdan shunchaki chetlatilayotganini o‘z ko‘zi bilan ko‘radi. Tabiiyki, bunday adolatsiz munosabatdan so‘ng uning qalbida jiddiy savol tug‘iladi: “Nega ilm olish huquqi barchaga teng emas?”
Ehtimol, Muhitdin Tursunxo‘jayevning hayoti mana shunday “nega”lar ustiga qurilgandir. Chunki qahramonimiz keyinchalik bunday “nega”larga har qadamda to‘qnash kelaverib, o‘zi sezib-sezmagan tarzda adolat istovchi kurashchan shaxsga aylanadi.
O‘qishdan rad javobini olgan Muhitdin 1915-yildan turli idoralarda xizmat qiladi. Davlat banki bo‘limida ish yurituvchi bo‘lib ishlaydi, so‘ngra notarial idorada xat tashuvchi, sarkor vazifasini bajaradi. Har kunlik yumush, xat-hujjat ishlarida puxta tajriba to‘playdi. Bu esa unga ko‘p jihatdan tizimning beqarorliklari, adolatsiz qarorlar qayerdan paydo bo‘layotganini kuzatish imkonini beradi.
1918-yilning boshlariga kelib, Muhitdin Tursunxo‘jayev “Maqsud” nomli kooperativda ish boshlaydi. Ko‘p o‘tmay, Eski shaharda istiqomat qiluvchi musulmon aholidan chiqqan xizmatchilar: xat tashuvchilar, mirzalar kasaba uyushmasini tashkil etishda faol qatnashadi. Ayni o‘sha yili so‘l eserlar partiyasiga a’zo bo‘ladi. Shu bilan birga, huquq-tartibot sohasida ham faoliyat yuritadi. 1918–1919-yillarda militsiya boshlig‘i bo‘lib ishlaydi. Qizig‘i, bunga qadar yo‘lni u Eski shaharda tungi qorovullikdan boshlab bosib o‘tadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, qahramonimiz xalq dardiga quloq tutadigan, oddiy odamlarga qayishadigan shaxs sifatida tanila boshlaydi.
1919-yilning fevralida Toshkent shahar sovetiga saylanib, ijtimoiy ta’minot bo‘limida kotib sifatida ish boshlaydi. Bu lavozim unga jamiyat bilan yanada yaqin muloqotda bo‘lishi uchun yo‘l ochadi. Sentyabrda Eski shahar partiya qo‘mitasi kotibi etib saylanadi.
Siyosiy va tashkiliy faoliyatda tajribasi kun sayin oshib borayotgan Muhitdin Tursunxo‘jayev 1920-yil 14-yanvarda Moskvaga yo‘l oladi. U yerda Sverdlov nomidagi Kommunistik universitetning Boshqaruv fakultetiga o‘qishga kiradi. Bu universitet o‘sha paytda kadrlar tayyorlaydigan nufuzli o‘quv muassasasi hisoblanardi. Muhitdin bu yerda turli o‘lkalardan kelgan yoshlar bilan fikr almashish orqali tafakkur doirasini kengaytiradi. Boshqacha aytganda, universitetdagi tahsili uning rahbarlik qobiliyatini o‘stiradi.
Muhitdin tahsilni muvaffaqiyatli yakunlab, yo‘llanma bilan Turkiston ASSR Ichki ishlar xalq komissarligida ish boshlaydi. So‘ngra Buxoro Xalq Sovet Respublikasiga xizmat safariga yuboriladi. Buxoroda Ichki ishlar noziri kotibi, keyinchalik uning o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritib, xavfsizlik va ma’muriy tizimda muhim vazifalarni o‘taydi.
1921-yilning o‘rtalariga kelib, Muhitdin Tursunxo‘jayev Farg‘onaga yuboriladi. U yerda viloyatdagi ichki ishlar tizimida vaqtincha militsiya boshlig‘i, ayni paytda Farg‘ona viloyat komsomol qo‘mitasida rasmiy vakil sifatida ham faoliyat olib boradi. Uning mintaqaviy darajadagi ushbu faoliyati sobiq markazda ham e’tirof etilib, o‘sha paytdagi eng nufuzli siyosiy anjumanlardan biri – RSFSR sovetlarining X syezdiga (1921-yil, dekabr) delegat sifatida, syezddan so‘ng respublika komsomol Markaziy Komiteti sekretari lavozimiga saylanadi.
1922-yilga kelib Muhitdin Tursunxo‘jayevning siyosiy faoliyati yangi bosqichga ko‘tariladi. U Samarqand viloyat komsomol qo‘mitasiga rahbar etib tayinlanadi. Bu lavozim, ayniqsa, o‘sha vaqtda yoshlar bilan ishlashda katta mas’uliyat talab qilardi. Bir muddatdan so‘ng Muhitdin Tursunxo‘jayev Moskvada bo‘lib o‘tgan IV Butunrossiya komsomollar syezdida delegat sifatida qatnashib qaytgach, Eski shahar ijroiya qo‘mitasining boshqarma mudiri lavozimiga tayinlanadi. Mahalliy boshqaruv organlarining samarali faoliyati uchun turtki beradigan tashkiliy chora-tadbirlar aynan uning rahbarligida amalga oshiriladi.
1923-yil oxirida u Sirdaryo viloyat partiya qo‘mitasining targ‘ibot va tashviqot bo‘limiga rahbar etib tayinlanadi. 1924-yili esa iqtisodiy sohaga jalb qilinadi – “Turkiston ipagi” aksiyadorlik jamiyati raisi vazifasida 1926-yilgacha faoliyat yuritib, bu borada ham o‘zini yetuk kadr sifatida namoyon etadi.
Muhitdin Tursunxo‘jayev ayni shu yillarda Revolyutsiya Kurashchilari xalqaro tashkilotining Farg‘ona, Marg‘ilon uyushmalarini tashkil etadi. Bu tashkilot siyosiy ta’qiblarga uchragan, mahkum qilingan insonlarga yordam ko‘rsatish, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida tuzilgan bo‘lib, bu ham qahramonimizning xalqparvar qiyofasini yorqinroq ochib beradi.
1929-yilga kelib, Muhitdin Tursunxo‘jayev O‘zbekiston SSR Ichki ishlar xalq komissari o‘rinbosari etib tayinlanadi. 1929-yil 6-noyabrda Moskvaga yuborilib, O‘zbekiston SSRning rasmiy vakili vazifasida ish boshlaydi. Bu lavozim uni markazdagi siyosiy jarayonlarga yaqinlashtiradi. Sovetlar syezdlariga delegat etib saylanadi, federal darajadagi Byudjet komissiyasida ishtirok etadi. Uning fikrlari va ma’ruzalari mahalliy imkoniyatlarni markazga yetkazishda muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi.
1932-yilda SSSR Fanlar akademiyasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan O‘zbekiston ishlab chiqaruvchi kuchlarini o‘rganishga bag‘ishlangan ilmiy konferensiyada faol ishtirok etadi. Konferensiya doirasidagi ma’ruzalarni nashrga tayyorlash jarayonida tahririyat a’zosi sifatida qatnashadi. Shu bilan birga, “O‘zbekistonning 10 yilligi” deb nomlangan ilmiy-ijtimoiy albomning mas’ul muharrirlaridan biri sifatida taniladi. Bularning barchasi qahramonimizning ilm-fan, iqtisod, siyosat – har bir sohada salohiyat doirasi keng bo‘lganini ko‘rsatadi.
…Bir qarashda hamma eshik ochiqday, mansab pillapoyasida o‘sish ham izchil davom etayotgandek ravon ko‘rinadi. Biroq siyosiy to‘fonlar, shubha va tuhmatlar avj olgan mash’um 1937-yil voqealari Muhitdin Tursunxo‘jayevni ham chetlab o‘tmaydi, u 13-avgust kuni Toshkentda, Baliqchi ko‘chasidagi uyida hibsga olinadi. Unga bir qator jiddiy ayblar qo‘yiladi. U go‘yo 1919-yildagi Osipov qo‘zg‘olonida sovet hokimiyatiga qarshi harakat qilgan, “bosmachi”larga yordam ko‘rsatgan, keyinchalik chet el razvedkasi bilan aloqa o‘rnatib, maxfiy ma’lumotlar uzatgan odamga aylanadi. “Milliy ittihod” tashkilotida ishtirok etgani, Germaniyada tahsil olgan Abduvahob Murodiyni ishga joylashtirgani, o‘zbeklarni Ukrainaga majburan ko‘chirishga qarshi chiqqan ma’ruzalari ham unga qarshi “dalil” sifatida keltiriladi. 1938-yil 4-oktyabr kuni Muhitdin Tursunxo‘jayev SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasining sayyor majlisida “xalq dushmani” sifatida oliy jazoga hukm etilib, o‘sha kunning o‘zidayoq otib tashlanadi.
Bugun tarix sahifalarini varaqlab, sovetlarning birinchi qatag‘ongacha bo‘lgan kadrlar siyosati nihoyatda ustamonlik bilan ishlab chiqilganini ko‘ramiz. Avvaliga xalq orasidan ilmiy salohiyati yuqori yoshlarni tanlab olib, ularga imkon beradi, mas’ul lavozimlarga tayinlaydi, til o‘rgatadi. Yosh kadrlarning uncha-muncha xatosini kechirgandek bo‘ladi, o‘z xalqiga qayishgan, vatandoshlarini himoya qilgan vaziyatlarga ham ko‘z yumadi go‘yo. Mahalliy mansabdorlar o‘z xalqi bilan tez til topisha olishi tabiiy edi. Ammo bu “milliy respublikalar huquqi o‘z qo‘lida” ekanini tasdiqlovchi Dekretga asosan emas, balki uzun tashlab qo‘yilgan arqon xiylasining uzviy bir qismi edi.
Nihoyat yosh sovet davlatining barcha tarmoqlari izga tushib, yo‘nalishlar qaddini rostlab olgach, mahalliy kadrlarga qarshi qilich yalang‘ochlanadi. Endi mintaqadagi salohiyatli kadrlarning payi qirqiladi. Aks holda, yuksak bilim va tajribaga ega fuqarolar xalqni ortidan ergashtirib ketishi, pirovardida, hurriyat talab qilib qolishi ham hech gap emasdi. Shunday qilib, kelajakda yirik davlat va jamoat arbobi bo‘lishi kutilayotgan istiqbolli kadrlarning boshi qatag‘on jodisiga tushadi…
Rustambek SHAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktori, professor
“Jadid” gazetasining 2025-yil 26-sentyabrdagi 39-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



