18.04.2024 | 16:41
1086
KUTUBXONA – KUTISH XONASIMI? yoxud kitobni qanday o‘qish va o‘qitish kerak?

MA’SUM GO‘DAKNING HAYRATLARI
Yaqinda besh yashar qizim va ikki yarim yashar o‘g‘limni olib Respublika bolalar kutubxonasiga bordim. To‘g‘risi, bunday dargohlarga qadam qo‘ymaganimga ancha bo‘lgan edi. Keyingi paytlarda faqat elektron kitoblar o‘qib, ish payti audiokitoblar tinglab, nari borsa yo‘lim tushganda kitob do‘konlaridan sotib olganlarim bilan qanoat qilib yurgan edim. Bu ancha qulay va ishga ham unchalik xalal bermaydi. Ammo, tan olish kerakki, yangi chiqqan kitoblarning hammasini ham sotib ololmayman, ularning elektron variantlari ham har doim topilmaydi. Kutubxona sari ketarkanman, har doimgidek tokchalarga bir xilda taxlangan jild-jild eski kitoblar, chang bosib yotgan javonlar va bitta kitobni topib berguncha 10-15 daqiqa kuttiradigan qo‘rs kutubxonachi xodimlar ko‘z oldimdan o‘tib, bolalarimni bekor olib boryapman-da, hali bular o‘qishni ham bilmaydi-ku, degan ming turli xayollar kechdi ko‘nglimdan. Ammo yaqindagina ta’mirlangan zamonaviy bino eshigidan kirishim bilan boyagi xavotirli o‘ylarim tumanday tarqab, ko‘nglimga ajib bir yorug‘lik yopirilib kirdi. Yakshanba kungi bozordan ham gavjum kutubxonada endigina esini tanigan yosh go‘daklardan tortib, nuroniy qariyalargacha kitob o‘qib o‘tiribdi. Kitoblar ham har bir yosh toifasi uchun alohida va juda qulay tarzda taxlanganki, ikki yarim yashar o‘g‘lim ham bemalol o‘zi uchun kitob tanlab, rasmlarini tomosha qilishni boshlab yubordi. Bolalarga atalgan kitoblar bizning davrimizdagidek og‘ir va katta-katta albomlardan iborat ertaklar emas, zamonaviy 3D o‘lchamdagi ovozli, animatsiyali, jumboqli dasturlar yordamida ishlab chiqilgan xorij kitoblari edi. Ularni har qanday yoshdagi bolaga ko‘rsatsangiz ham og‘zi ochilib, bir soat tomosha qiladi. Xullas, kutubxonani ortiqcha ta’riflab o‘tirish niyatim yo‘q. Ammo shundan beri deyarli har yakshanba boradigan bo‘lganim bu maskanda chiqargan bir nechta xulosalarimni aytib o‘tmoqchiman. Bolalar kitobga qiziqmaydi, telefon, kompyuter turganda qog‘ozlarga qaramaydi, degan gaplar yolg‘on, shunchaki biz ularni qiziqtira olmayapmiz. Har bir bolaning ko‘nglida kitoblarga, o‘qib-o‘rganishga intilish, qiziqish bor, faqat uni mana shunday maskanlarda kuchaytirish, rivojlantirish kerak. Bolalar kutubxonasini yanada kengaytirish va iloji bo‘lsa har bir viloyatda xuddi shunday shaklda filiallarini ochish lozim hamda mana shunday sog‘lom va erkin muhitni yaratish kerak. Bolalarga mo‘ljallangan kitoblar asosan rus va ingliz tillarida ekani va ularning sifati hamda saviyasi o‘zbek tilidagisidan ancha yaxshiligini tan olgan holda, biz ham kichkintoylar uchun o‘zbekcha zamonaviy nashrlarni ko‘paytirishimiz va xorijiy nashrlarni tarjima qilib boraverishimiz kerak. Kitob deganda biz faqat matn va rasmlardan iborat katta-katta albom yoki ensiklopediyalarni tasavvur qilishga ko‘nikib qolganmiz. Bu tushunchadan voz kechib, bog‘cha yoshidagi bolajonlar uchun alohida nashrlarni, rasmli, 3D o‘lchamli, animatsiyali kitoblarni chop etib, har bir bog‘chaga yetkazish va ularning ko‘rgazma javonlarida qolib ketmasligiga alohida e’tibor qaratishimiz kerak.
“O‘TKAN KUNLAR” OHANRABOSI
Bir necha oy oldin mashinada Surxondaryoga ketarkanman, gaz quyish shoxobchasida to‘xtadik. Men ham boshqa yo‘lovchilar qatori mashinadan tushib, bir chetda odamlarni kuzata boshladim. Shunda yo‘l chetida, aftidan maktab o‘quvchisi bo‘lsa kerak, bir yigit meva sotib o‘tirganiga ko‘zim tushdi. Mening e’tiborimni tortgan narsa uning qo‘lidagi kitob bo‘ldi. Yigit savdo qilish barobarida kitobdan ko‘zini uzmas, salgina qo‘li bo‘sh qoldi deguncha maroq bilan mutolaaga tushib ketardi. Bir-ikki daqiqa ham o‘qimasdan yana savdo qilishga majbur bo‘lardi. Ammo o‘sha bir-ikki daqiqa davomida uning yuzida ajib bir hissiyotlar mavj urardiki, unga beixtiyor havasim keldi. Yoniga yaqinlashib, kitobning muqovasiga razm soldim: “O‘tkan kunlar”. Kitob yarmidan oshib qolgan, demak, voqealar eng qizg‘in pallasiga kirgan. Balki, Zaynabning kundoshlik iztiroblari, Kumushning araz o‘yinlari yigitni o‘ziga shunchalik tortayotgandir. Yoki Otabekning haydalish kuyini tinglab, karvonsaroyda boshini changallab o‘tirgani ko‘z oldida jonlanayotgandir… Ammo bir satr bo‘lsin o‘qishga tutinayotgan o‘smirning bu damda tuyayotgan zavqini so‘z bilan ta’riflab bo‘lmasdi. Jizzaxning chekka bir joyida yo‘l yoqasida tinimsiz savdo-sotiq qilish davomida ham shunday rohatlanib mutolaa qilish mumkin ekan-da… Bu voqea sababli ko‘nglimda bir necha mulohazalar tug‘ildi. Yaxshi kitob qachon va qayerda bo‘lmasin o‘z o‘quvchisini topadi va kitobxonni o‘ziga shunday bog‘laydiki, unga mutolaa qilish uchun hech narsa xalal bera olmaydi. Hali ham kitobga ixlosmand, mutolaadan cheksiz zavq va shavq tuya oladigan yoshlarimiz bisyor, demakki kelajakdan umidimiz bor. Ana shunday jamoat joylarida ixcham kutubxonalarni tashkil etish va mutolaa uchun qulay sharoitlar yaratish boshqa yoshlarni ham kitobga qaytarishga ko‘mak berishi mumkin.
KUTUBXONACHINING KO‘Z YOSHLARI
O‘tgan yili Prezidentimiz tashabbusi bilan har bir mahallada kutubxona tashkil etilayotgani haqida o‘qib qoldim. Qanday ajoyib ish, har bir mahallaning o‘z kutubxonasi bo‘lsa!.. Shu asnoda o‘quvchilik davrimiz bilan bog‘liq xotiralar ko‘z oldimda jonlandi. Maktabni bitirar chog‘imizda qishlog‘imizdagi kattagina kutubxona buzilishga tushdi. Butun tumandagi kutubxonalar bitta joyga birlashtirilar ekan, degan gap-so‘zlar paydo bo‘ldi. Bundan bizning ko‘nglimiz-da allanechuk buzildi. Chunki har hafta kutubxonachi Ziyoda opaning tavsiyasi bilan bir nechta kitobni uyga olib ketib, o‘qib kelardik va mazmunini opaga gapirib berib, keyin boshqasini olardik. Agar ularning kitob bo‘yicha bergan savoliga javob bera olmasak, “boshqatdan o‘qib kel”, deb kitobni o‘zimizga qaytarib berardi. Agar yaxshi javob bersak, u bizni ko‘kka ko‘tarib maqtardi, undan-da qiziq kitoblarni tavsiya qilib, ko‘nglimizni chog‘ qilardi. O‘sha damlarni eslasam, oddiy kutubxonachining bunday fidoyiligi qanchadan qancha tengdoshlarimning, qishloq bolalarining mutolaa zavqini tuyishiga, badiiyat olamiga kirib, katta hayotni tanishiga qanchalik katta hissa qo‘shganini anglayman. Kutubxona buzilishi haqidagi xabarni eshitib, tengqurlarimiz bilan olgan kitoblarimizni ham o‘qib tamomlamasdan Ziyoda opaning oldiga shoshganimiz esimda. Opa bizning “Nega?”, “Bu kutubxonaning kimga zarari tegayotgan edi?”, “Endi biz qayerdan kitob olamiz?” kabi bolalarcha bergan savollarimizga javob berolmay, mehrli ko‘zlarini yerga tikib jim qotgan, so‘ng birdan yig‘lab yuborib bizni ham noqulay ahvolga solib qo‘ygan edi. Ularga bir yupanch so‘z topolmay, indamay ortimizga qaytganmiz. O‘qilmagan kitoblarimiz kutubxonachi opaning stolida qolib ketgan. Shundan so‘ng qishloq kutubxonalari birin-ketin yopilib ketdi, tuman markazidagi axborot-resurs markazi esa barcha kichik kutubxonalarni birlashtirib, boyish o‘rniga dastlab tuman xalq ta’limi bo‘limi binosiga, undan so‘ng tibbiyot kolleji axborot-resurs markaziga, keyinchalik yana boshqa joylarga ko‘chib-ko‘chib, bor fayzini ham, boyligini ham yo‘qotdi. Qancha kitoblar javonlarga sig‘masdan yerto‘laning zax xonalarida chirib, sichqonlarga yem bo‘ldi… Ana shunday xayollar bilan mahallamizdagi o‘yingoh yonida plastik materialdan qurilgan, tepasiga “KUTUBXONA” deb yozilgan kichik uychaga yaqinlashdim. Kutubxona deganda biz qator-qator javonlar, kitoblarni saqlash talablariga javob beradigan bir xil haroratda tutib turiladigan keng va yorug‘ xonalarni ko‘z oldimizga keltiramiz. Ammo mahallaning bu moʻjaz kutubxonasi “yuqori”ga hisobot uchun qurilgan bir “budkacha” edi, xolos. Kirmoqchi bo‘lib razm soldim, ammo eshigi berk. Oynali eshik va derazalardan ichkari mo‘raladim. Bir nechtagina stol va 5-6 ta stul qo‘yilgan. Devorga yopishtirilgan javonlarda asosan ijtimoiy-ma’rifiy adabiyotlar va bir tomonda bir necha qator terilgan kitoblar turibdi. Eshikni qayta-qayta tortib ko‘rdim. Ochilmadi. Shu yerdan o‘tib ketayotgan bir ayol meni ko‘rib, “JEK”ni izlayapsizmi, qo‘ng‘iroq qila qoling”, deb derazaga yozilgan telefon raqamiga ishora qildi. Men kutubxonaga kelganimni aytganimda u ensa qotirib kulimsiradi. “Kutubxonaga kiritishmaydi, bu yerda JEK xodimlari o‘tiradi. Hozir kim ham kitob o‘qirdi!” deb yana bir g‘alati qarash qildi-yu, nari ketdi. Xayolimdan turli o‘ylar kechdi. Mahalladagi kutubxonalar bunday bo‘lmasligi kerak, agar kattaroq bino ajratilib, zamonaviy, qiziqarli kitoblar bilan boyitilsa, o‘quvchilarni undan haydab ham chiqara olmaysiz, yo‘qsa u mana shunday qaysidir xususiy tashkilotning ofisiga aylanib qolaveradi. Yaqinda “Jadid” gazetasida bir taniqli olimning vaqtida jadid bobolarimiz tashkil qilgan tarixiy “Turon” kutubxonasini qayta barpo etish va kengaytirish haqidagi taklifini o‘qib qoldim. Mana shunday markazlashgan katta kutubxona, albatta, kerak. Shu bilan birga, ommaviy va mahalla kutubxonalarini barpo etishga ham jiddiy ahamiyat qaratishimiz kerak. Kutubxonachilikni rivojlantirish, mahallalardagi va ta’lim muassasalaridagi kutubxonachi xodimlarning mashaqqatli va sharafli mehnati uchun munosib haq to‘lash, malakali va fidoyi mutaxassislarning qadriga yetish kerak.
Har qanday davrda ham yoshlar yangi narsalarni o‘rganishga, yangiliklarni o‘zlashtirishga o‘ch bo‘ladi. Ularni qaysi tomonga yo‘naltirish esa, siz-u bizning qo‘limizda. Bugun Uchinchi Renessans haqida orzulayotgan ekanmiz, Imom Buxoriy hazratlari aytganidek, bu yo‘lda ilmdan o‘zga najot yo‘q va bo‘lmagay.
Bekzod IBRAGIMOV
“Jadid” gazetasi 2024-yil 29-mart 14-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
117
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
628
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
622



